Ish vaqti
Ish vaqti — xodimning ijtimoiy tashkil etilgan mehnatda ishtiroki davomiyligi meʼyori; xodim
bevosita oʻz mehnat vazifalarini bajarishi uchun lozim boʻlgan, qonun bilan yoki qonun asosida
belgilangan
vaqt
.
Tabelda belgilangan, yaʼni ish vaqtida ish joyida boʻlganlikni hisobga olish hujjatida qayd qilingan
real vaqt ish vaqti hisoblanadi. Ish vaqti ishlab chiqarish uchun ketgan mehnat sarfi va mehnat
harajatlari hajmini ifodalaydi, yaʼni mehnatning oʻlchovi hisoblanadi. Ish vaqtini oʻlchashning
asosiy birliklari kishi-kun, kishi-soat, kishi-minut (xronometraj, ish vaqti fotografiyasi va lahzaviy
kuzatishlar oʻtkazish), kishi-oy, kishi-chorak, kishi-yil kabilardan iborat. Tabel hisobi kishi-kunda
hisoblanadigan ish vaqti haqidagi maʼlumotlarning asosiy manbadir.
Xodimlar uchun ish vaqtining meʼyori muddati haftasiga 40 soatdan ortiq boʻlmasligi, 6 kunlik ish
haftasida har kungi ishning muddati — 7 soatdan, 5 kunlik ish haftasida — 8 soatdan ortib
ketmasligi shart. Ayrim toifadagi xodimlar uchun ular yoshi, sogʻligʻi, mehnat shartlari, mehnat
vazifalarining oʻziga xos xususiyatlari va oʻzga holatlarni inobatga olib, mehnat toʻgʻrisidagi
qonunlar va boshqa meʼyoriy hujjatlarga, shuningdek, mehnat shartnomasi shartlariga binoan
mehnat haqini kamaytirmasdan, ish vaqtining qisqartirilgan muddatlari belgilanadi. Mazkur
ishlarning roʻyxati va ish vaqtining aniq muddati Oʻzbekiston Respublikasi hukumati tomonidan
belgilanadi. Bayram kunlari arafasida kundalik ish (smena) muddati barcha xodimlar uchun
kamida 1 soatga qisqartiriladi. Xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga binoan, ishga
qabul qilish chogʻida va keyinchalik ham toʻliqsiz ish kuni yoki toʻliqsiz ish haftasi belgilab
qoʻyilishi mumkin. Toʻliqsiz ish vaqti sharti bilan ishlash xodimning yillik asosiy mehnat taʼtili
muddatini, mehnat stajini hisoblash va boshqa mehnatga oid huquqlarni biron-bir tarzda
cheklashga asos boʻla olmaydi, bunda ishlangan vaqtga yoki ishlab chiqarilgan mahsulotga
mutanosib ravishda haq toʻlanadi.
Korxona va muassasalarda mehnat rejimlarini ratsional oʻrnatish, ish grafiklarini, ish kuni
davomida ishlash va dam olish rejimlarini tuzish, asbob-uskunalar va ishchilarning bekor turish
vaqtini hamda ish vaqtini unumsiz sarflashini tugatish tadbirlari ishlab chiqiladi. Mehnat rejimi ish
boshlanishi va tugashi, ovqatlanish uchun tanaffus vaqti hamda korxona xodimlarining oʻz
vazifalarini bajarayotgan vaqtdagi axloq qoidalarini, huquq va burchlarini aniqlashni koʻzda tutadi.
Ish va dam olish kunlarining almashinuvini, smenalarning davom etish vaqtini, ishchilarini bir
smenadan ikkinchisiga oʻtish tartiblarini belgilash uchun ish grafiklari tuziladi.
Xalqaro mehnat statistikasi 8-konferensiyasi (1962 y.) hujjatlarida ish vaqtini meʼyordagi ish
vaqti (qonun hamda qoidalar bilan yoki ularga muvofiq, shuningdek, jamoa shartnomalari va
arbitraj qarorlari bilan belgilangan vaqt), haqiqiy ish vaqti (jumladan, meʼyordagi vaqt oraligʻida
haqiqiy ishlangan soatlar, ish oʻrnida ishga tayyorlanish uchun ketadigan vaqt, ish joyida ishsiz
oʻtkaziladigan, ammo mehnat shartnomasida haq toʻlash kafolatlab qoʻyilgan vaqt, ish oʻrnida
odam olishga sarf boʻladigan qisqa vaqtlar) va haq toʻlanadigan ish vaqtiga ajratish tavsiya
etiladi.
[1]
1.
OʻzME
. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqola
chaladir
. Siz uni
boyitib, (https://uz.wikipedia.org/w/index.php?title=Ish_va
qti&action=edit)
Vikipediyaga
yordam berishingiz mumkin.
Bu andozani
aniqrogʻiga
almashtirish kerak.
"
https://uz.wikipedia.org/w/index
.php?
title=Ish_vaqti&oldid=1439334
"
dan olindi
Manbalar
Soʻnggi tahrir 8 yillar avval Casual tomonidan amalga oshirildi
Matndan CC BY-SA 3.0 litsenziyasi boʻyicha
foydalanish mumkin (agar aksi koʻrsatilmagan
boʻlsa).