XVI-XVII asrlar
–
ilmiy inqilob
davri bo’lib, u klassik fan davri deb
nomlanadi.
U Kopernik va Galiley tadqiqotlaridan boshlanib, Nyuton va
Leybnisning fizika va matematika sohasidagi fundamental asarlari bilan o’z
cho’qqisiga ko’tarilgan. Galiley vafoti (1642 yil 8 yanvar)dan so’ng oradan bir yil
o’tgach Nyuton tug’ilgani (1643 yil 4 yanvar) ramziydir. Fanning bu buyuk
ijodkorlari yashagan davr – novatorlik kashfiyotlari hamda yangi ilmiy
g’oyalarning mualliflari sxolastika va diniy dunyoqarash dogmatizmiga qarshi
qattiq kurash olib borgan romantik davrdir.
Bu davrda hozirgi zamon tabiatshunosligining asoslari yaratilgan.
Hunarmandlar, tabiblar, alximiklar tomonidan qo’lga kiritilgan ayrim dalillar
tizimli tahlil qilinib, umumlashtirila boshlagan. Ilmiy bilim tuzishning tabiat
qonunlarini matematik ta’riflash, nazariyalarni tajribada sinash, tajribada
asoslanmagan diniy va naturfalsafiy dogmalarga tanqidiy qarash bilan bog’liq
bo’lgan yangi me’yorlari va ideallari vujudga kelgan. Fan o’z metodologiyasini
yaratgan va amaliy faoliyat ehtiyojlari bilan bog’liq bo’lgan masalalarni yechishga
tobora faolroq yo’naltirilgan.
Biroq fan o’zining yangi metodologiyasini yaratib, amaliyot ruhi bilan
sug’orilgani sari u o’z tarixiy vatani – falsafa qirg’oqlaridan uzoqlasha boshlaydi.
Ko’rib chiqilayotgan davr oxiriga kelib u falsafiy, diniy, teologik aqidalardan
qat’iy nazar rivojlanishi mumkin bo’lgan bilimlar tizimi sifatida tushunila
boshlaydi. Natijada fan faoliyatning alohida, mustaqil sohasiga aylanadi.
Professional olimlar paydo bo’ladi, ularni tayyorlash amalga oshiriluvchi
universitet ta’limi tizimi rivojlanadi. O’z faoliyati, muloqot va axborot
ayirboshlashning alohida shakllari va qoidalariga ega bo’lgan ilmiy hamjamiyat
vujud keladi.
XVII asrda dastlabki ilmiy akademiyalar: London qirollik jamiyati (1660),
Parij Fanlar akademiyasi (1666) tashkil topadi. Keyinroq Berlinda (1700), Sankt-
Peterburgda (1724), Stokgolmda (1739) va Yevropaning boshqa poytaxt
shaharlarida ilmiy akademiyalar ta’sis etiladi. Bu akademiyalarning eng yirigi -
London qirollik jamiyati bo’lib, u tashkil etilgan paytda 55 a’zodan iborat bo’lgan.
Parij Fanlar akademiyasi 21 kishidan iborat tarkibda ish boshlagan. Sankt-
Peterburg akademiyasining a’zolar shtatida dastlab 11 kishi belgilangan. Ammo
Yevropa mamlakatlarida XVIII asr boshiga kelib olimlar soni bir necha ming
kishiga yetgan bo’lsa kerak, chunki ilmiy jurnallarning (bu davrda bir necha o’n
ilmiy jurnallar nashr etilgan) tirajlari ming nusxagacha borgan.
3.
Do'stlaringiz bilan baham: |