Missionerlik ruhidagi adabiyotlarning respublikamizga olib kirilishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahririda diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organlari diniy maqsadlarga mo‘ljallangan buyumlar, diniy adabiyotlar va diniy mazmundagi boshqa axborot materiallarini respublikamiz qonunlarida belgilangan tartibda ishlab chiqarishga, eksport va import qilishga hamda tarqatishga haqli ekani belgilab qo‘yilgan. CHet elda nashr etilgan diniy adabiyotlarni olib kelish va tarqatish esa ularning mazmuni tegishli ekspertizadan o‘tkazilgandan keyin amalga oshirilishi mumkin. Diniy mazmundagi adabiyot, audio va video mahsulotlarni ekspertizadan o‘tkazish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga yuklatilgan.
Bugungi kunda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xodimlari tomonidan respublikamizda nashr etilayotgan va xorijdan olib kirilayotgan diniy mavzudagi adabiyot va boshqa mahsulotlarni ekspertizadan o‘tkazish, ular saviyasini nazorat qilish bo‘yicha ishlar tizimli olib borilmoqda. Jumladan, 2006 yil va 2007 yilning birinchi choragida noislomiy diniy konfessiyalarga taalluqli 710 nomdagi diniy materiallar o‘rganib chiqilib, shundan 359 nomdagi materialdan missionerlik yo‘lida foydalanish mumkinligi sababli, ularning respublikamiz hududiga olib kirilishi maqsadga muvofiq emas, deb topildi.
Navoiy shahar “Xristian baptistlar cherkovi” mutasaddilari tomonidan viloyatga noqonuniy ravishda diniy adabiyotlarni olib kirish yo‘lidagi bir necha harakatlarning oldi olingani ham mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarga misol bo‘la oladi.
Missionerlik bilan shug‘ullanayotgan tashkilotlarga nisbatan qanday choralar ko‘rilmoqda?
Diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi hamda viloyatlar va Toshkent shahar Adliya boshqarmalari tarafidan amalga oshiriladi. Bu o‘z navbatida diniy tashkilotlarning respublikamizda qabul qilingan qonun hujjatlari asosida faoliyat yuritishini tartibga soladi.
SHunday bo‘lsa-da, O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunining yangi tahririda diniy tashkilotlar tomonidan missionerlik harakatlari sodir etilishi mumkinligi inobatga olinib, ularning oldini olish bilan bog‘liq qoidalar mustahkamlab qo‘yilgan. Xususan, yashirin diniy faoliyat bilan shug‘ullanish taqiqlangan, diniy tashkilotlar esa amaldagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishlari shart hisoblanadi.
SHunday ekan, missionerlik bilan shug‘ullanayotgan tashkilotlarga nisbatan tegishli amaliy choralar ko‘rilishi tabiiy, albatta. Masalan, missionerlik bilan shug‘ullangan Samarqand shahar «Esfir» xristian-protestant cherkovi tugatilib, 2008 yilda davlat reestridan chiqarildi.
Ma’lumki, 1994 yilda Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida “Iegovo shohidlari”ning 2 tashkiloti rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan edi. Bu ikkala tashkilot 1999 yilda qaytadan ro‘yxatdan o‘tib, faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa-da, g‘ayriqonuniy harakatlari uchun, ularning faoliyati tugatildi.
Hozirda respublikamizda bitta “Iegovo shohidlari” cherkovi – CHirchiq shahrida rasmiy faoliyat olib bormoqda. Ular tomonidan ham missionerlik da’vatini amalga oshirish holatlari uchrab turibdi. Mutasaddi tashkilotlar tomondan bunday holatlarga barham berish choralari ko‘rilmoqda. Masalan, 2007 yilning o‘zida iegovochilarning Samarqand va Qarshi shahridagi 12 nafar a’zosi ma’muriy, 3 nafar a’zosi esa jinoiy javobgarlikka tortildi.
YOki boshqa bir misol. 2008 yilning o‘zida bir necha marta Qarshi shahrida rasmiy ro‘yxatdan o‘tmagan holda faoliyat ko‘rsatishga harakat qilayotgan “To‘liq injil xristianlari (pyatidesyatniklar)” jamoasi tomonidan noqonuniy ravishda ibodat uyushtirish yo‘lidagi harakatlarining oldi olindi. 2008 yilning martida ushbu guruh faoliyati sudda ham ko‘rib chiqildi.
Olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida fuqarolararo va millatlararo totuvlikka rahna solish ehtimoli bo‘lgan diniy tashkilotlarning ro‘yxatdan o‘tishlarining ham oldi olinmoqda.
SHu bilan birga, Adliya vazirligi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ularning faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganish hamda diniy tashkilotlarning rahbarlari va a’zolari tomonidan amaldagi qonunchilikni chuqur o‘rganish va unga og‘ishmay amal qilishlariga ham alohida e’tibor berilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |