Missionerlikni faqat xristianlikka xos, deb bilish to‘g‘rimi?
Adolat yuzasidan ham, haqiqatni ta’minlash nuqtai nazaridan ham, missionerlikni faqat xristian dini bilan bog‘lash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Missionerlik o‘ziga xos va uzoq tarixga ega. Jumladan, bunday harakat dastlab buddaviylik doirasida miloddan avvalgi III asrdan boshlab yoyilgan.
Bugungi kunda esa missionerlik faoliyati bilan faol shug‘ullanishga harakat qilayotganlar orasida bahoiylar, krishnachilar bilan bir qatorda “Quyoshga topinuvchilar” (“Solnsepoklonniki”) kabi yangi paydo bo‘lgan sektalar borligini ham ta’kidlash zarur.
SHunday bo‘lsa-da, bir haqiqatdan ko‘z yumib bo‘lmaydi. «World Book» ensiklopediyasida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, dunyodagi umumiy missionerlarning 2/3 qismini xristian missionerlari tashkil etadi. Xususan, protestantlik zamonaviy missionerlikning asosiy homiysi bo‘lib turganini alohida qayd etish lozim.
Zamonaviy missionerlikning qanday umumiy xususiyatlarini ajratish mumkin?
Missionerlik bugun sertarmoq soha hisoblanadi. Hozirda missionerlar kirib bormagan jabha, ular faoliyat yuritmayotgan mamlakat dunyoda topilishi qiyin.
Konkret mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan g‘arazli maqsadlar yo‘lida foydalanishga harakat qilish zamonaviy missionerlikning eng muhim xususiyati hisoblanadi.
SHuningdek, erkin targ‘ibot olib borish va faoliyat doirasini keskin kengaytirish maqsadida ko‘pgina missionerlik tashkilotlari, yuqorida aytilganidek, o‘z harakatlarini xalqaro nodavlat tashkilotlari maqomida amalga oshirishga intilayotganini ham qayd etish lozim. Bunday intilish ortida o‘ziga xos mantiq bor, albatta. Tajriba bunday maqom missionerlik faoliyati haqli e’tirozlarni keltirib chiqarganda ularning xalqaro huquq normalarini ro‘kach qilishiga va uning himoya mexanizmlaridan foydalanishga urinishlariga, o‘z harakatlarini xas-po‘shlashga va javobgarlikdan qochishga intilishlariga zamin yaratishini ko‘rsatadi.
YUqoridagi xususiyatlar bilan bir qatorda, zamonaviy missionerlikni belgilangan maqsadlarning mohiyatidan kelib chiqib, shartli ravishda ikki guruhga bo‘lish mumkin. Birinchi guruhga missionerlikni o‘ziga xos biznesga, shaxsiy boyish manbaiga aylantirgan tashkilotlarni kiritish mumkin. Bunday tashkilotlar asoschilari e’tiqod qiluvchilar sonini ko‘paytirishdan ularning mulki va boyligiga egalik qilish hisobiga o‘zlarining moliyaviy imkoniyatlarini yaxshilash va kengaytirishdek maqsadlarni ko‘zlaydilar. Zamonaviy sektalarning mutlaq ko‘pchiligini shu guruhga kiritish mumkin.
Ikkinchi guruhga missionerlikdan siyosiy qurol sifatida foydalanayotgan tashkilot va uyushmalarni kiritish mumkin. Bunday guruhlar ortida muayyan hududlarga nisbatan o‘zining aniq geosiyosiy rejalariga ega bo‘lgan davlatlar va siyosiy kuchlar turishi bugungi kunda hech kimga sir emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |