Hozirgi davrda buddaviylikning rivojlanishi. O’zbekistonda buddaviylik dinining tarixiy ildizlari va hozirgi zamon.
O‘rta Osiyo janubida amalga oshirilgan diniy islohotlar, ya’ni Buddaviylikning davlat dini sifatida qabul qilinishi uning mavqeini yanada oshirdi, u bilan bog‘liq atribut, tartib, vosita va manzillari, haykal, sig‘inadigan buyum va qurilmalarning shaklanishi hamda rivojlanishiga keng ta’sir etdi.
Buddaviylik dini bilan bog‘liq yodgorliklar O‘zbekiston hududida Termiz, Xorazm, Surhondaryodan, Bolaliktepa, Quva kabi joylardan topilgan. Buddaviylik dini bilan bog‘liq haykallar, o‘sha davr madaniyati va ruhiyati haqida ma’lumot beruvchi rasm va devoriy suratlar bu yodgorliklarda uchraydi. O‘rta Osiyoga Budda dini tarqalishi uning diniy marosimlari shaklida, bayram va ibodatlar, madhiya va tomoshalar shaklida yoyilishiga sabab bo‘lgan.
O‘rta Osiyoda Budda dinini davlat dini sifatida qabul qilgan Kushon shohlari bu din ta’limoti va ibodatini tarqatish uchun turli joylarda ibodatxonalar qurdirganlar. Ibodatxonalarda Budda va Bodhisatvalarning haykallari qo‘yilgan.
SHu tarzda diniy g‘oyalarni yoyishda haykaltaroshlik san’atining rivojlanish jarayoni boshlangan.
Buddaviylikning qabul qilinishi san’at va madaniyat xarakterida o‘z aksini topdi. Me’morchilik ham din bilan uyg‘unlashib, monastir va ibodatxonalar yuzaga kelishiga olib keldi.
Buddaviylik boshqa xudolarga sig‘inishni ta’qiqlamaydi. Ammo ularga ibodat qilish insonga vaqtinchalik tasalli berishi mumkin, lekin nirvanaga olib bormaydi, deb hisoblanadi. SHuning uchun ibodatxonalarda turli ilohlar va turli joylardagi ular ulug‘lagan shaxslarning timsollari qo‘yilishiga qarshilik qilinmagan.
SHuningdek, “Gautama yagona Budda emas. Bunday Buddalar Mahayanada 1000 nafarni tashkil etadi. Ularning eng mashhurlari Gautama Siddartha, ya’ni Buddaning asoschisi, Mayteriya – kelajak buddasi; u kelgusida dunyoni boshqaradigan voris; Manjushri-Budda – donolik timsoli; Aribudda – dunyoning yaratuvchisi va hukmdori.”1
Mahayana yo‘nalishi Buddani xudo deb e’lon qilgach, bu g‘oya xudolarning kelib chiqishiga sabab bo‘ldi.
Budda hayoti bilan bog‘liq tasvirlar, haykallar ishlangan. Budda vafotidan keyin uning poyqadami etgan joylarda “stupa”, qadamjolar barpo etildi. Budda vafotidan keyin uning jasadi hind udumiga ko‘ra kuydirilib, ettita buddaviy jamoalariga bo‘lib yuborilgan va har bir jamoa uni dafn etgan joyda ibodatxona (stupa) barpo etgan va 7 ta botha daraxti ekilgan. Demak, stupa – Buddaviylikda qabrlar qo‘rg‘oniga ko‘tarilishdagi inshoot turidir. Rivoyatga ko‘ra, stupa Buddaning muqaddas murdasi turadigan joy bo‘lgan. Keyinchalik Budda tarixi bilan bog‘liq biron voqea sharafiga stupa yodgorligi qo‘yilgan. Stupaning arxitektura qurilishida doira yoki kvadrat bo‘lishi shart hisoblangan. Arxitektura tuzilishida stupa koinot belgisi hisoblangan. Bu diniy ta’limot bilan bog‘liq ibodatxonalar ichida nirvanaga erishish uchun sukunat, osoyishtalik bo‘lishi, xayol chalg‘imasligi kerak edi. SHuning uchun ibodat ko‘proq g‘or ichida yoki kimsasiz o‘rmonlarda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan.
Dastlabki stupalar buddaning muqaddas buyumlari saqlanadigan joy bo‘lgan va yarim aylana shaklida qurilgan. Budda vasiyatiga ko‘ra, uning jasadi kuydirilib, kuli oltin ostadon (muqaddas sajdagoh)da marmartoshdan tiklangan tepalik shaklidagi maxsus bino bo‘lgan stupada saqlangan.
Stupalar yarim aylana, kvadrat yoki aylana shaklida bo‘lib, atrofi to‘rt darvoza bilan o‘ralgan. Stupaning koinot ko‘rinishida bo‘lishi an’anaviy hisoblangan. Stupalarning atrofida esa, budda diniy marosimlari o‘tkazilgan. Stupaning ustiga nilufar va qonun g‘ildiragi tasvirlangan. Budda ibodatxonalarida stupa, nilufarning ramziy shakli, qonun g‘ildiragi tasvirlari bilan bir qatorda budda va bodhisatvalarga ibodat qilish vujudga kelgan. Marosimlarni o‘tkazish uchun haykallar turadigan ibodatxona tashkil etilgan.
Bahodir Turg‘unov tadqiqotlariga ko‘ra, Dalvarzintepadan ikkita ehrom topilgan bo‘lib, unda Budda, Bodhisatva va boshqa mahalliy hukmdorlarning ham xaykallari topilgan. Mahalliy hukmdorlar Buddaga tuhfa keltirayotgan yoki sajda qilayotgan qiyofada aks ettirilgan. Dalvarzintepa ibodatxonasining haykallar zalida o‘tirgan Buddani aks ettirgan ulkan figurasi atrofida kichikroq o‘lchamdagi budda haykallarning tik turgan holati tasvirlangan. Buddaning atrofida tik turgan sakkizta figuradan oltitasi Budda atrofida joylashgan. Bunday noyob galereyani O‘rta Osiyoda birinchi bor uchratishimiz, deb yozadi B.Turg‘unov.1
Fayoztepada o‘tirgan Budda uning chap va o‘ng tomonlarida tik turgan rohiblar aks ettirilgan. Bunda ham yuqoridagi an’anaga asoslanilgan. Muqaddas Botha daraxti tasviri rohiblar bilan birga Fayoztepadan topilgan budda haykali fonida tasvirlangan. Budda tasviri tushirilgan bo‘rtma rasm Fayoztepa (Eski Termiz)dan topilgan bo‘lib, u taxminan I-II asrlarga taalluqli. O‘z atrofida rohiblari bilan birga aks ettirilgan Buddaning yagona mashhur tasviri, janubiy O‘zbekistonda mo‘l bo‘lgan marmarsimon ohaktoshdan ishlangan. Mahalliy haykaltaroshlik uchun g‘ayritabiiy bo‘lgan ustunsimon qurilma kompozitsiyasida joylashtirish uslubida ishlangan.1
Dalvarzintepa budda ibodatxonasidan xilma-xil kattalikdagi 25 ta haykallarning siniqlari topildi. Budda va Bodhisatvaning yirik haykallari obrazi budda haykaltaroshligining Hindiston gandhara maktabi an’analari asosida yaratilgan. “Turgan yoki o‘tirgan Budda haykalining yuqori qismi, odatda bo‘lganidek, parchalab tashlangan, ammo ayrim figuralarning quyi qismi ularning an’anaviy holatlarda tik turib va’z o‘qiyotgan yoki o‘tirib mushohada qilayotgan ko‘rinishlarda tasvirlanganini ko‘rsatadi. Ehtimol, ularning ba’zilari Budda Gautama hayotining turli lavhalarini aks ettiruvchi kompozitsion guruhlarga mansub bo‘lgandir?”2
Dalvarzintepa Budda haykallarida an’anaviy xususiyatlardan asosiysi, va’zxonlik qilib yurgan Budda hamda o‘ltirib xayolan duoxonlik qilayotgan, haqiqatni topgan Budda tasvirlangan. Ba’zan Buddani Bodhisatvalar qurshovida ko‘rish mumkin. Budda beg‘araz va xotirjam, uning shaxsiy kechinmalari ikkinchi darajali, uning qiyofasida yuksak orzular mujassamlashgan. Budda va bodhisatva liboslaridagi burmalar mahalliy an’analar va yunon an’analarining uyg‘unlashganidan dalolat beradi.
Buddaning ikki holatdagi tasviri ma’lum bo‘lib, birinchisi “jo‘gi holati”, ya’ni uning chuqur o‘yga cho‘mib o‘tirishi. U chordona qurib o‘tiradi. Ikkinchi xolatda, Budda yalang oyoq, uzun libosi taxlari to‘kilib turgan qiyofada tikka turibdi. CHap qo‘lida libosini ushlab turgan, ikkala qo‘li libos taxlari ostida ko‘rinmaydi.
Budda bilan bir vaqtda Bodhisatvalarning qonunlari ham ishlab chiqilgan. Ularning yuz qiyofasi g‘oyatda go‘zalligi, o‘yga cho‘mgan ko‘zlari ko‘p jihatdan o‘xshash. Ammo, bodhisatvalar chehrasi yosh yigitlarnikidek turadi. Budda qiyofasida esa, hayotning achchiq-chuchugini tatigan kishi tasvirlanadi. Budda sochi boshi uzra turmaklanadi. Gohida sochlari elkasiga yoyilib turadi.3
Bodhisatva – Buddaning safdoshi, ya’ni kelajakda Budda darajasiga ko‘tarilishi mumkin bo‘lgan shaxs. Dalvarzintepadan bodhisatva haykali ham topilgan. Uning taqinchoqlari bo‘yniga 3-4 qator munchoq shodalari va bezaklar qadalgan. Peshonasida dog‘ – urna bor. Bu dog‘ chuqur qilib o‘yilgan va gips bilan suvalgan, gipsni ochishganida ajoyib tilla taqinchoq solib qo‘yilgani oshkor bo‘ldi. Bu ham Buddaviylikning nomalum odatlaridan biri bo‘lsa kerak.4
Buddaviylikda bodhisatva yuksak hamdardlik hissi va ma’rifatsiz kishilar xizmatida bo‘lish uchun nirvanaga erishganidan so‘ng ham orqaga qaytgan, deb uqtiriladi. “XXI asrda islom. Postmodern dunyoda qiblani topish” asarida Timoti Uinter, “Bodhisatva – Mahayana Buddaviylikida nirvana – oliy lazzatga erishgan, biroq iztirob chekayotgan kishilarga hamdardligi tufayli undan qaytgan kishi”1 deb ta’rif beradi.
Bodhisatvaning shunday haykallaridan biri Dalvarzintepadan topilgan bo‘lib, II asr – III asr boshiga to‘g‘ri keladi. “Dalvarzintepadan topilgan budda va bodhisatva haykallari o‘zininig hajmi bilan kishini hayratga soladi, ularning ba’zilari uch metr yoki undan ham ortiq. Bodhisatva tanasi tarki dunyo qilgan Budda timsolidan farqli o‘laroq, qimmatbaho taqinchoqlar – qo‘llarida bilakuzuk, quloqlarida sirg‘a bilan bezatilgan. Bunday tafovut ramziylik va mazmun kasb etadi: bu Buddaning davomchilari hali ham hayot lazzatlaridan butkul voz kechmaganlaridan dalolat beradi.”2
Dalvarzintepadan topilgan haykallar, sopol chiroqchalar bu erda buddaviylar yashaganligini tasdiqlaydi. Bu erda 3 xona haykal bo‘laklari bilan to‘la. Ular tuproqqa qorilib yotibdi. Bu vayrongarchilik VIII asr boshlarida yuz bergan. Bu erda loydan ishlangan haykallar – Buddaning uch holati tasvirlangan: tik turgan holatda – voiz; chordona turib o‘tirgan holatda – fikr-xayolga cho‘mgan mutafakkir; yotgan holatda – vafot etgan Budda aks ettirilgan. Bu haykallar ham sindirilgan, ularning qo‘llari va elkalari kesib tashlangan, so‘ng qulatilgan. Katta xonada Buddaning yana 3ta haykali bo‘lib, ulardan ikkitasi maxsus supada chordona qurib o‘tirgan holatda tasvirlangan.
Dalvarzintepadagi uchta xonadan yirik o‘lchamlarda ishlangan oltita haykal topilgan; bular Buddaviylikda muqaddaslashtirilgan beshta oliy bodhisatva sharafiga ishlangan. Ikkita bodhisatva taglikka joylashtirilgan. Ularning yuz bichimlari ajoyib va yoqimli, jingalak soch, kiyimlari chiroyli, bo‘ynida marjon, chap elkasi va qo‘liga sharf tashlangan, hindcha libosi kamar bilan bog‘langan. YUz qiyofasi buddaniki singari keng va to‘la, “qanshari tepasida “urna” bo‘lib, unga oltin bezak o‘rnatilgan va ustidan ganch bilan suvalgan.”3 Boshida tillaqosh, yonidan gulbezaklar bilan mahkamlangan. Bodhisatvaning elkalaridan ipdan to‘qilgan og‘ir marjon tushib turadi.
Budda va Bodhisatvalar haykallari bilan birga dunyoviy kishilar, Buddaviylikga xayrixoh kishilarning kompozitsion guruhini tashkil etgandir. Undan tashqari kamarli haykallar, marjonli haykallar va libos taxlari juda chiroyli tasvirlangan, elkalaridan mato ohista osilgan, chap elkada marjon taqilgan, boshining yuqori qismida bodhisatvaniki singari spiralsimon ganch bezak tasvirlangan haykallar bor.
Bodhisatvalarning libosi g‘oyatda go‘zal, tanalarining nafosatini bo‘rttirib ko‘rsatib turuvchi kiyim taxlaridan iborat. Bo‘yinlarida qimmatbaho javohir marjon, bilaklar va oyoqlaridagi bilakuzuklar tasvirlanadi. Ularning boshida javohirlar bilan qoplangan, hilpirab turgan tasmalari bor sallalar, quloqlarida og‘ir sirg‘alarni ko‘rish mumkin. Dalvarzintepadan topilgan bodhisatvadan birining urnasiga oltin bezak ishlangan. Boshida gulchambarlar, tillaqoshlar bor.
Dalvarzintepadan topilgan, I – II asrlarga taalluqli “Kushon shahzodasi boshi” haykali noyob haykallardan biridir. “SHahzoda labidagi sirli nim kulgi timsolni his-hayajonli qilib, jonlantiradi va u insoniy his-tuyg‘ularni aks ettirishi asosiga qurilgan qadimgi haykaltaroshlik tamoyillarini yodga soladi. Timsoldagi ko‘tarinki ruhiy holat ifodasi uni Budda ilohasi qiyofalariga yaqinlashtiradi.” 1
Demak, san’atshunoslarning bergan tahlillariga ko‘ra, endi Mahayana yo‘nalishiga ko‘ra inson bu dunyoning ham qadriga etishi, dunyoviy his-tuyg‘ulardan bahramand bo‘lish g‘oyasi mavjud bo‘lgan. Inson bu dunyodagi yaxshiliklari evaziga ham jannatga erishishi mumkin degan g‘oyalar san’atda ifodalangan, binobarin hurfikrlilik g‘oyalari san’atda o‘z aksini topa boshlagan.
Toshtaxtalarda chiltor, ud, qo‘shnay va boshqa musiqa asboblari chalayotgan bir necha odam tasvirlangan. “Sof oltindan yasalgan 115 dona, umumiy og‘irligi 36 kilogrammga yaqin turli buyumlar, jumladan, taqinchoqlar, bilakuzuklar, sirg‘alarni ham nozik did bilan ishlanganligini ko‘rish mumkin. Ajdodlarimiz antik davrdayoq bronza va mis singari metallardan yasalgan buyumlarga bir necha mikron qalinligida oltin suvi yurgizish usulini bilganlar. Holbuki, evropaliklar o‘n to‘qqizinchi asr oxirlarida bu usulni o‘rganganlar.” 2
O‘rta Osiyoda Kushon davrining yodgorliklaridan yana biri Termez yonidagi Ayritom ibodatxonasidir. Bu ibodatxona peshtoqida sarg‘ish, oq toshlardan haykallar o‘rnatilgan bo‘lib, unda bir erkak va bo‘yinlariga marjon taqqan ikki musiqachi ayollar qo‘llarida nog‘ora, arfa kabi musiqa asboblarini chalayotganlari aks ettirilgan. Bu mashshoqlarning boshqa tarafida esa qo‘llarida turfa gullar va turli mevalar ushlagan holda shodlanib, ularni olqishlayotgan odamlarning haykallari mavjud. O‘rta Osiyoga Budda dini kirib kelganida buddaning muqaddas kitobi talqinini, uning aqidalarini kohinlar erlik aholiga san’at vositasida tushuntirishga harakat qilar edilar. Ular Budda hayotidan turli voqealarni, uning dono o‘gitlarini she’r, musiqa, ashula va pantomim raqslar hamda mifologik obrazlar orqali maxsus ijrochilar ishtirokida namoyish etganlar. SHu sababli buddaning muqaddas kitobi O‘rta Osiyoda yozma manba shaklida emas, balki og‘zaki shaklda saqlanib qolgan.
Demak, Ayritomda saqlangan ayollar haykali Budda diniy marosimining mashshoq ishtirokchilari siymosini ifodalagan. Diniy marosimlarni o‘tkazish joylari hisoblangan ibodatxonalar esa, tabiiyki, ma’lum estetik me’moriy ko‘rinishga ega bo‘lishi kerak edi. Surhondaryodagi Bolaliktepa yodgorligidan ham ajoyib devoriy rasmlar bilan birga haykalchalar ham topilgan. O‘zbekistonning turli joylaridan topilganbunday topilishi Buddaviylik dinining haykaltaroshlik san’atidan keng foydalanganligini bildiradi. Din o‘z g‘oyaviy ta’limotini yoyishda ibodatxonalar qurilishi hamda haykaltaroshlik san’atiga alohida ahamiyat bergan.
O‘rta Osiyoda Buddaviylikning tarqalishi va mustahkamlanishida, xususan shaxs kamolotida tasviriy san’atning o‘rni muhim bo‘lib, din bilan bog‘liq tarzda haykaltaroshlik taraqqiy topgan. SHu erda budda, bodhisatva va boshqa diniy haykallari yaratilgan, ular ibodatxonalarga o‘rnatilgan, haykallarning ishlanish tamoyillari esa, Hindistonda yaratilgan kanonlarga asoslangan.
Buddaviylik Kushon davlati tomonidan mafkuraga aylantirilgan bo‘lsada, biroq bu din unchalik e’tibor topmaganligi, milodning III asrida Moniy diniy e’tiqodi targ‘ib qilinganligi va bu din asosini zardushtiylik tashkil etib, unda buddaviylik, nasroniylik unsurlari borligi aytib o‘tildi.
Moniy dini bilan bog‘liq tasviriy san’at islom kirib kelgach johil mullalar ta’qibiga uchraydi. Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida erli xalqlarning boy madaniyati va san’ati bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlarda arablar tomonidan fath etilgan Samarqanddagi oltin butlar haqida ma’lumotlar uchraydi. “Arablar kirib kelganda bir butxonada 40 ming dirham og‘irlikdagi sof oltindan ishlangan sanamlar bo‘lib, bittasining ko‘zlari o‘rnida kaptar tuxumidek ikkita inju bor edi. Qutayba bularni o‘ljaning bir qismi bilan birga Hajjojga yubordi” 1, degan ma’lumot Herman Vamberi asarida ham keladi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, Buddaviylik Markaziy Osiyo xalqlari hayotida islomgacha bo‘lgan davrdagi inson va jamiyat ma’naviy dunyoqarashini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Surhondaryo, Quva, Termez, Xorazm, Fayoztepadan topilgan ibodatxonalar va ko‘plab haykallar shundan dalolat beradi. O‘z davrida Buddaviylik o‘zining siyosiy, huquqiy, axloqiy, estetik g‘oyalarini haykaltaroshlik san’ati orqali keng targ‘ib qilgan. Ayniqsa, inson kamolotida karma qonuni deb atalmish axloqiy qonun, insonning qayta tug‘ilishi kabi falsafiy g‘oya san’atda ham aks etgan. Masalan, turli hayvonlar tasviri, mifologik qiyofalar, satirlar va shu kabi badiiy qiyofalarda tasvirlangan.
Karma (sanskr.axloqiy qonun)-axloqiy quvvatni saqlovchi qonunning xarakteri Rigvedada uchraydi. Karma qonuniga binoan axloqiy dunyoda xech bir nomalum yoki tasodifiy narsa yo‘q. Nima eksak shuni o‘rib olamiz. Earma qonunini chetlab o‘tish o‘z soyasidan sakrab o‘tishdek say xarakatdir. Insonning yaxshi bo‘lishi qurbolik qilish orqali emas, balki yaxshi ishlar tufayligina amalga oshadi. Bizni qora taqdir ezmaydi, balki o‘tmishimiz ezadi. Azob uqubat bu gunohimiz uchun to‘lovdir. Inson nafaqat tabiatning maxsuli, balki o‘z karmasi ila ulug‘vordir.
Karma axloqiy sabablilik g‘oyasi bilan chambarchas bog‘langandir. Axloqiy sabablilik deganda koinotning adolat bilan sug‘orilganligi tushuniladi. Saxovatpesha kishi uchun yaxshilikka, gunohkor odamga esa yomonlikka tomon istiqbol ochiladi. Dunyodagi barcha nomukammalliklar va azob uqubatlar odamlarning o‘z xatti xarakati oqibatidir. SHunday qilib, Upanishadlar tabaqali tizimni legitimlashtiradi. Odamlar muayyan tabaqaga mansublik huquqini o‘zlarining oldingi hayotida ishlab topgan.
SHunday qilib xind falsafasida axloqiy xatti xarakatlar aylanishga kiritilgan: qayta tirilish-hayot-o‘lim-qayta tirilish-hayot-o‘lim (sansara)
Qanday qilib karmani nazorat qilish mumkin. Bunga zohidlik va yoga orqali erishish mumkin. Faqat shu tarzdagina karmadan xalos bo‘lishga intiluvchi kishi najotga (moksha)ga ega bo‘ladi. Ammo biz hayot va o‘lim siklidan qutulib keta olmaymiz.
SHunday qilib, karma haqidagi ta’limot tabaqachilik tizimi xind falsafasining yaxlit negizini yaratadi. Uning doirasida axloq va ijtimoiy tizim bir birini o‘zaro qo‘llab quvvatlab turadi.
Tarkidunyochilik Budda falsafasining asosini tashkil qilib, inson jannatga kirishi, uning joni qayta tug‘ilmasligi uchun, hayotida ko‘p marta qayta tug‘ilib kamolot bosqichlarini bosib o‘tishi zarur. Keyinchalik Buddaviylik falsafasidagi hurfikrlilik g‘oyalari haykaltaroshlik san’atini boyitdi. Haykallarda nafaqat diniy g‘oyalar, balki dunyoviy, falsafiy g‘oyalar ilgari surildi. Haykallarning estetik jihatidan go‘zal ishlanishi tomoshabinni o‘ziga jalb etadi, uning didi va idrokini yuksaltiradi. U davrda ishlangan haykallarning ishlanish texnikasi, g‘oyasi realistik san’atda inson go‘zalligining badiiy ifoda etilish mahorati san’atshunoslarimizni o‘ziga jalb etadi. Inson kamolotining bosqichlarida uning ichki ma’naviy dunyosi, his-tuyg‘ulari, uning orzu-intilish va kechinmalari ochib beriladi. Tarkidunyo qilgan taqvodor insonning ichki ruhiy xotirjamligi, go‘zalligi yoki riyozat chekayotgan insonning hissiyotlarini ifodalashi haykaltaroshning vazifasi bo‘lgan. Inson ichki dunyosining, ma’naviyatining poklanishi jarayoni real san’atda ko‘rsatib berilishi esa shaxs ma’naviyatining shakllanishiga yuksak ta’sir etadi. SHaxsning ichki ma’naviy dunyosini boyitadi, uning hissiyotlarini, kechinmalarini boshqarishga, xotirjamlikka undaydi. Inson kamolotida nafaqat ichki ruhiylik, ayni paytda jismoniy go‘zallikning ham ahamiyati, o‘rni bu diniy san’atda yaqqol namoyon bo‘lgan. Bu go‘zal farishtalar timsolida berilgan. Ayniqsa, bu din donishmandlik qiyofasining asl badiiy xarakterini topib bera olgan.
Demak, inson harakteridagi komillik Budda va bodhisatvalar haykallarida ko‘rsatiladi. Buddizi haykaltaroshlik san’atining estetik qimmati ham shundadir. Inson hayoti, mazmuni, mohiyatini, inson ruhiy kechinmalarini qadimgi davr haykaltaroshlari g‘oyatda mohirona ishlaganlar.
Insonning his-tuyg‘u va kechinmalari ifodasi bo‘lgan haykaltaroshlik san’ati shuning uchun ham san’atshunoslarimiz tomonidan e’zozlanib o‘rganib kelinadi. Bu kabi qarashlar hozirgi yoshlar ma’naviy, estetik, axloqiy dunyoqarashlari bilan bog‘liq his-tuyg‘ularini tarbiyalashda katta ahamiyatga ega. Bu san’at namunalaridan ma’naviyat asoslari, milliy g‘oya, estetika, madaniyatshunoslik, san’atshunoslik fanlarini o‘qitishda foydalanish maqsadga muvofiqdir. Bu san’at ko‘p asrlik madaniyatimiz tarixidagi yorqin sahifa sifatida, din bilan bog‘liq san’at asarlari ham ma’naviy merosimiz tarkibi sifatida o‘z qimmati, qadrini yo‘qotmaydi. Aksincha, yoshlarimizning ma’naviy dunyoqarashini shakllantirishda vosita sifatida xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |