Tolerantlik (lot.tolerantia – chidam, sabr-toqat), bag‘rikenglik – o‘zgarlarning turmush tarzi, xulq-atvori, odatlari, his-tuyg‘ulari, fikr- mulohazalari, g‘oyalari va e’tiqodlariga nisbatan toqatli, chidamli bo‘lish. Bu bir-biriga o‘xshamagan odamlarning birga ahillikda yashashidir.
Biror-bir insonda yoki biror-bir begona madaniyatda bizga nimadir yoqmasligi mumkin, biroq o‘zgalarning huquq va manfaatlariga ziyon etkazmasa, joriy qonunlarni buzmasa ularning mavjudligi va rivojlanishini tan olishimiz kerak.
Ya’ni tolerantlik bu o‘zgalarning fikri, qarashlari va xatti- harakatiga passiv, tabiiy ravishda buysunishni anglatmaydi. Balki alohida odamlar, turli guruhlar, xalqlar, ijtimoiy guruhlar o‘rtasida bir-birini tushunish, ijobiy hamkorlik yo‘lidagi faol ahloqiy nuqtai nazar va psixologik hamkorlikni anglatadi.
Bag‘rikenglik o‘zgalarning dunyoqarashi, diniy e’tiqodi, milliy va etnik xususiyatlari, an’ana va marosimlariga hurmat-ehtiromda bo‘lish, muomala-munosabatda kamsitish va tahqirlashlarga yo‘l qo‘ymaslik, insoniylikni hamma narsadan ustun hisoblab, jamoada, ish joylarida, mahalla-kuyda bunga rioya etishni anglatadi. Mazkur tushuncha turli dindagi, turli millat va elatlarga mansub kishilarning bir mamlakat doirasida, yagona davlat tarkibida bahamjihat, tinch-osoyishta yashashini ifoda etadi”.
Xuddi shunday boshqa xalqlarda ham mazkur tushunchaning o‘ziga xos ta’riflari mavjud. Quyida A.Ro‘ziev tomonidan amalga oshirilgan tasnif asosidagi dunyo tillarida tolerantlikni ta’riflovchi atamalarning lug‘aviy ma’nolarini keltirib o‘tamiz:
tolerance (ingl.) – muruvvatli, sabr-toqatli bo‘lishga tayyorlik; to tolerance – sabr-toqatli bo‘lish, hech bir ta’qiqlashlarsiz o‘z fikrlarini namoyon qilish huquqini berish;
tolerance (fr.) – boshqalar bizlarga qaraganda yaxshiroq va mukammalroq fikrlashlari mumkinligiga bo‘lgan qat’iy ishonch;
tolerancia (icp.) – o‘z fikrlari va g‘oyalaridan ham mukammalrog‘lari borligini tan olish;
kuan rong (xit.) – boshqalarni boricha qabul qilish va boshqalarga bag‘rikeng munosabatda bo‘lish;
tasamul (arab.) – ko‘ngilchanlik, rahm-shafqatlilik, kechirimlilik, boshqalarni boricha qabul qilish va kechirish;
tolerantnost (rus) – sabrli bo‘lish (o‘zini tuta bilish, toqatli bo‘lish, har qanday sharoitda murosa qila olish), boshqalarning borligini qabul qilish va tan olish, boshqalarga yoki biror narsaga munosib yoinki munosib emasligini anglash, tan olish.
Sotsiologik tadqiqotlarda qayd etilishicha esa, tolerantlikka falsafiy kategoriya sifatida qaralib, materiyaning ob’ektiv amal qilish shakli tarzida, ya’ni tushuncha holida ongda o‘z ifodasini topishini ham e’tibordan soqit qilmaslik kerak. Tolerantlik – o‘zga shaxsga yoki narsaga, yoxud begona, yoinki farqlanuvchi shaxs – hodisaga nisbatan o‘z his- tuyg‘ularimizni qo‘lga ola bilish demakdir. O‘z-o‘zini cheklash iroda kuchiga ega bo‘lmoqlik demakdir. Tolerantlik o‘z-o‘zini cheklash orqali ifodalangan irodadir va bu o‘zgalarga xayrixoh – murosasozlik bilan qarash imkoniyatini bildiradi7.
Ijtimoiy-demografik omillarga tayangan holda, olimlar tolerantliknng quyidagi sohalarini ajratib ko‘rsatishadi:
gender tolerantlik – boshqa jins vakillariga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lmaslik, bir jinsning ikkinchi jins asosida kelib chiqqanligi haqidagi g‘oyalardan voz kechish;
yoshga doir tolerantlik – insonning yoshi bilan bog‘liq o‘ziga xosliklarini to‘g‘ri qabul qilish (keksalarning yoshlarni tushuna olmasligi, O‘quvchilarda bilim va tajribaning etarli emasligi va boshqalar);
ma’lumotlilik darajasi bilan bog‘liq tolerantlik – nisbatan past darajadagi ma’lumotga ega kishilarning fikrlari va xatti- harakatlariga sabrli bo‘lish;
millatlaro tolerantlik – turli millat vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, biror millat vakilining kamchilik va salbiy harakatlarini shu millatga mansub boshqa kishilarda ham bor deb hisoblamaslik. Millatlararo tolerantlik, har bir millat va elatning o‘z vazifalari va burchini anglab etishini nazarda tutadi. Bu burch va vazifalar ko‘p millatli muhitda hayot kechirish, shu jumladan, o‘zining munosabatlari, ko‘nikma va malakalari, muloqot olib borish ehtiyojiga talabchanlik bilan qarash zarurligi, ya’ni, bir-birini tinglash, tushunish, shuningdek, ko‘p yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni sabr-toqat bilan o‘zaro maslahatlashib, har qaysi tomonlar manfaatlarini hisobga olgan holda bosqichma-bosqich ijobiy hal qilishga intilishni taqozo etadi;
irqiy tolerantlik – boshqa irq vakillariga past nazar bilan qaramaslik;
diniy tolerantlik – turli dinlar, konfessiyalar, konfessional guruhlarga bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lish;
geografik tolerantlik – turli hududda istiqomat qiluvchi kishilarning bir-birlarining yashash sharoitlarini bor holicha qabul qila olishlari, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik;
tabaqaviy tolerantlik – jamiyatdagi turli qatlam vakillari (boylarning kambag‘allarga, kambag‘allarning boylarga)ga sabrli bo‘lish;
fiziologik tolerantlik – kasal, nogiron, jismoniy nuqsoni bor kishilarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish;
siyosiy tolerantlik – turli siyosiy partiya va jamoat birlashmalari, siyosiy liderlar faoliyatiga toqatli bo‘lish;
madaniy tolerantlik – madaniy qiziqqonlikka zid bo‘lib, boshqa madaniyatlarni tan olish, ularni to‘g‘ri qabul qilishga qobiliyatlilik. Madaniy tolerantlik madaniy ta’sir o‘tkazish, madaniy ekspansiyaga yo‘l qo‘yilmasligini talab etadi;
shaxslararo tolerantlik – insonlardagi murakkab tabiiylikni, ular orasidagi farqlarni anglash va qabul qilishga qobiliyatlilik bo‘lib, muloqot jarayonida insonning boshqalarni o‘z mavjudligi va rivojining yuksak timsoli sifatida ko‘ra olishidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |