MUSTAHKAMLASH UCHUN SAVOLLAR:
1.Birinchi jahon urushi oxirida Xitoyning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy ahvoli qanday edi ?
2.Xitoyda XX asr 20-yillaridagi inqilobiy jarayonlarning natijalari haqida fikr yuriting.
3.Chan Kayshi diktaturasining o‘ziga xos xususiyatlari nimalardan iborat ?
4.XX asr 30-40 yillarida XKP va Gomindan o‘rtasidagi munosabatlar Xitoyning bundan keyingi tarixiga qanday ta’sir ko‘rsatgan edi ?
5. Xitoy xalqining yapon bosqinchiligiga qarshi kurashini xalqaro tarixiy ahamiyati nimadan iborat ?
2-mavzu: 1918-1939-yillarada Hindiston.
REJA :
Hindistonga Birinchi jahon urushining ta’siri va urushdan so‘ng Hindiston.
Jahon iqtisodiy inqirozining (1929-1933) Hindistonga ta’siri.
Ikkinchi jahon urushi arafasida Hindiston.
Ikkinchi jahon urushi yillarida Hindiston.
Hindistonga Birinchi jahon urushining ta’siri
va urushdanso‘ng Hindiston.
Birinchi jahon urushi yillarida Angliya Hindistonning odam va moddiy resurslaridan keng foydalandi. Armiyaga 1 milliondan ortiq odam chaqirildi. Yarim millionga yaqin hindlar urushni olib borilishi bilan bog‘liq Hindistondan tashqarida turli ishlarni bajarishga jalb qilindi. Angliya hukumati harbiy zayom chiqarib, hind aholi orasida majburiy ravishda uni tarqatdi.
Angliya Hindistondan don, turli materiallar, relslar, patronlar, sovuq qurollar olardi. Harbiy harajatlar va Hindistondan ko‘plab mahsulotlarni olib ketilishi munosabati bilan ko‘p mahsulotlar, ayniqsa oziq-ovqat mahsulotlarini narxi tez oshib bordi, qog‘oz pullarni qadri esa tezlik bilan tushib boradi.
Urush yillari hind sanoatining ayniqsa, ip gazlama sanoatini birmuncha rivojlanishi uchun qulay sharoit vujudga keldi. Angliyaning to‘qimachilik sanoati armiya ta’minoti ehtiyojlari munosabati bilan hind bozoriga e’tibori susaydi. Ayni paytda Angliya hukumati hind bozorini AQSH va Yaponiya tomonidan egallanishidan xavfsirab, Hindistonga keltiriladigan mahsulotlarga boj to‘lovini oshirdi. Natijada Angliya va boshqa mamlakatlardan keltiriladigan gazlamalar urush davrida 2 martadan ortiq kamaydi. Bu yillarda Hindistonda to‘qimachilik sanoati 40% ga o‘sdi.
Fabrika ishlab chiqarishining o‘sishi ishchi kadrlarini ko‘payishiga olib keldi. Urush oxiriga kelib ishchilarning turmush darajasi urushdan oldingiga nisbatan pasaydi. Ish haqini ko‘payishi oziq-ovqat, birinchi zaruriy mahsulotlarni narxi, kvartira haqini oshishidan orqada qoldi.
1918 yilda Hindistonda xosilsizlik bo‘lib, mamlakatda ocharchilik boshlandi. Shu yili mamlakatda epidemiya bo‘lib, undan 12 milliondan ortiq kishi nobud bo‘ldi.
Urush yillarida hind burjuaziyasi Hindistonni urushdan keyin o‘z-o‘zini boshqarishi haqidagi 1917 yildagi ingliz hukumati va’dalariga ishonib, Angliya hukumatining urush tadbirlarida yordam berdi. Hindistonning asosiy burjua partiyasi Milliy kongress lidyerlari hukumatga, armiyaga askarlarni jalb etish va urush zayomlarini tarqatishda yordam berdilar. 1918 yilda Hindistonning qonun chiqaruvchi majlisi Angliya tomonidan Hindistonni “harbiy jihatdan himoya qilganligi uchun” oxirgi harbiy zayomni qaytarmaslik va urush davrida olib ketilgan mahsulotlarni haqini to‘lamasligiga rozi bo‘ldi.
Mustamlakachilikka qarshi harakatni ko‘tarilishi urushdan keyin Hindistonda mustamlakachilarga qarshi ish tashlash harakatlari bilan boshlandi. Ish tashlashlarga ish haqining kamaytirilishi va urush oxirida harbiy ishlab chiqarishni qisqartirilishi munosabati bilan ishchilarni ishdan bo‘shatilishi bahona bo‘ldi. Bu davrdagi hind ishchilarining yirik chiqishlaridan biri Bombey to‘qimachilarining 1918 yil oxiri 1919 yil boshidagi 125 ming kishilik ish tashlashlari edi. 1918-1919 yillarda Axmadobod, Madoras, Kalkutta shaharlarida katta ish tashlash harakatlari bo‘ldi. Bu jarayonda kasaba uyushmalari tuzila bordi. Hind halqining ozodlik harakatini bo‘g‘ib tashlashga intilib, ingliz mustamlakachilari 1919 yil martida rouletta deb atalgan qonunni qabul qildilar, bu qonun mustamlakachi ma’murlar va politsiyaga favqulodda vakolatlar berardi. Istalgan har bir hind mustamlakachilikka qarshi kayfiyatda shubha qilinib, qamoqqa olinishi va sudga berilishi mumkin edi.
Milliy ozodlik harakatining yuksalishi ingliz mustamlakachilarini o‘zlarining mustamlaka hukmronliklarini saqlab qolish maqsadida manyevr ishlatishga majbur etdi. 1919 yilda mamlakatni boshqarish islohoti o‘tkazildi, bu islohot “Hindiston konstitutsiyasi” degan munofiqona nom olgan edi. Angliya parlamentining Hindistonni boshqarish to‘g‘risidagi yangi qonuniga ko‘ra saylab qo‘yiladigan Davlat kengashi va qonun chiqarish majlisi a’zolari soni birmuncha ko‘paytirildi. Viloyatlarda viloyat qonun chiqaruvchi majlis oldida javobgar bo‘lgan vazirliklar tuzilishi ko‘zda tutilgan edi, lekin asosiy deportamentlar – moliya, politsiya kabilar gebernator tasarrufida qoldirildi. Bor yog‘i aholining bir foizi markaziy qonun chiqaruvchi organlar saylovida, uch foiz aholi viloyat organlari saylovlarida ishtirok etishi mumkin edi.
Milliy kongress bu islohotga qarshi chiqdi. Rouletta qonunini qabul qilinishi Hindistonning keng xalq ommasi keskin noroziligini uyg‘otdi. Bu islohot xalq ommasini chalg‘itishdan boshqa narsa emas edi. Milliy Kongress lideri Gandi chaqirig‘i bilan 1919 yil aprelda Panjobda, Birlashgan qo‘shma provinsiyalarda, Bixar, Kalkutta, Madorasda xartallar ya`ni ishni to‘xtatish, savdo, o‘qishni to‘xtatish tadbirlari, ommaviy miting va namoyishlar o‘tkazildi. Harakatda ishchilar, xizmatchilar, talabalar, mayda do‘konchilar, hunarmandlar, Hindistonning barcha dinlari vakillari–induslar, musulmonlar, sikhlar, xristianlar qatnashdilar.
Amritsar hodisalari 1919 yil 10 aprelda Panjob viloyatining Amritsar shahrida boshlandi. O‘sha kuni Amritsar ma’murlari milliy harakatning atoqli namoyondalari doktor Kitchlu va doktor Satyapalani hukumatga qarshi tashviqotda ayblab shahardan surgun qildilar. Bu xabar shaharga tarqaldi va norozilik boshlanib ketdi. 13 aprelda Jalianvala-Bag maydonida 20 ming kishi mitingga yig‘ildi. Ingliz qo‘shinlari qurolsiz olomonga qarshi o‘t ochdilar. Natijada mingga yaqin kishi halok bo‘ldi, 2 mingga yaqin kishi yarador qilindi. O‘lganlar va yarador bo‘lganlar orasida ko‘pgina ayollar va bolalar bor edi. Amritsarda komendantlik soati joriy qilindi. Shaharliklar otishlardan qo‘rqib jabrlanganlarga yordam berish uchun o‘z uylaridan chiqa olmay qoldilar. Ertasiga shahardagi ko‘p chorraxalarda maxsus postlar o‘rnatildi, ular ko‘ringan odamni hohlagancha tahqirlardilar.
Panjob poytaxti Laxor shahrida 11 apreldayoq Angliyaga qarshi namoyishlar boshlanib, ular davomida armiya xizmatini o‘tagan asosan sikxlardan iborat otryadlar tuzila bordi. Bu otryadlar jangchilari asosan tayoqlar bilan qurollangan edilar. Ular induslar, musulmon va sikxlarni ingliz ma’murlariga qarshi kurash uchun birlashishga chaqirdilar. Laxordagi g‘alayonlar 18 aprelgacha davom etdi. 14 aprelda Panjobning boshqa shaharlarida ham namoyishlar boshlandi. Inglizlarga qarshi g‘alayonlarda shahar ishchilari, temir yo‘lchilar, shahar atrofidagi dehqonlar faol qatnashdilar. Panjobdagi harakatlar 1919 yil avgustgacha davom etdi.
Milliy ozodlik harakatiga Hindiston Milliy Kongress partiyasi rahbarlik qilardi. Partiyaning bu vaqtdagi lideri va rahbari Maxandas Karamchand Gandi edi. Gandi o‘zining siyosiy faoliyatini Janubiy Afrikada boshlab, u yerda u hindlarning fuqarolik huquqlarini tan olinishini talab qilib chiqqan edi.
1915 yilda Gandi Hindistonga qaytadi. Kongressning hamma lidyerlari kabi u ham ingliz ma’murlarini askarlarni urushga jalb qilish, harbiy zayomlarni tarqatishda qo‘llab-quvvatladi. Gandi u vaqtda Angliya hukumatiga qayishish bilan hindlar tezroq o‘z-o‘zini boshqarish huquqiga erishadilar deb hisoblar edi. Kongressning avvalgi rahbarlaridan farqli ravishda Gandi keng xalq ommasiga tayanishsiz hind burjuaziyasi va burjua ziyolilari Angliya ma’murlaridan salmoqli yon berishni qo‘lga kirita olmaydi deydi. Lekin boshqa tomondan Gandi ommaning kurashida zo‘rlik ishlatishga qarshi chiqadi. U zo‘rlik ishlatmaslik usullarini tinch namoyishlar, hukumat muassasalarida ishni, o‘quv yurtlarida o‘qishni to‘xtatish, ingliz mahsulotlarini boyqot qilish, soliqlarni to‘lashdan bosh tortishni targ‘ib qildi. Kurashning bu shakllarini u satiyaraxa (haqiqat tayanchi) deb ataydi.
Gandi sinfiy kurashga salbiy munosabatda bo‘lib, odamlarni ijtimoiy totuvlikka da’vat qilar edi. Gandining siyosiy taktikasi inglizlardan mustaqillikni yoki o‘z-o‘zini boshqarish huquqini qo‘lga kiritishni ko‘zlagan milliy burjuaziya manfaatlariga mos tushardi.
1918 yildan Milliy kongress tor burjua tashkilotidan ommaviy partiyaga aylandi. 1918-1919 yillarda yuzaga kelgan ob’yektiv shart-sharoitlar ommani mustamlakachilarga qarshi kurashga chorlagan edi.
Urushdan keyin rivojlangan mamlakatlarni qamrab olgan iqtisodiy inqiroz Hindistonga og‘ir ta’sir qildi. Bunday sharoitda mamlakatda ijtimoiy ahvol keskinlashdi. Fabrika egalari ish haqini kamaytirdilar, ishchilar esa bunga namoyishlar bilan javob qaytardilar.
1920 yil yanvarida Bombey to‘qimachilarining 200 ming kishilik ish tashlashi bo‘ldi. Ishchilar ish haqini oshirishga baxtsiz hodisalar uchun kompensatsiya to‘lanishiga, ish kunini birmuncha qisqartirishga erishdilar.
Jamshedpurda metallurgiya zavodi ishchilarining qisman g‘alaba bilan tugagan namoyishi bo‘ldi. Shuningdek Bengaliya temir yo‘lchilari, Ahmadobod ishchilari ham ish tashladilar. 1920 yil 30 oktabrda Bombeyda birinchi kasaba uyushma s’yezdi bo‘ldi. Unda umumhind kasaba uyushmalari kongressi tuzildi. 1920-1921 yillarda turli rayonlarda Hindistondagi inqilobiy ko‘tarilishning tarkibiy qismi bo‘lgan dehqonlar g‘alayonlari ham bo‘lib turdi. Dehqonlar harakati ayniqsa Panjob, Madoras viloyatini Malabar okrugi, Qo‘shma Provinsiyaning sharqiy okruglarida avj oldi. Malabar okrugi aholisining bir qismi qadimdan islom diniga e’tiqod qilardi. Ularning ko‘pchiligi asosan batrakchilik bilan shug‘ullanib past kastaga mansub edilar. Oziq-ovqat mahsulotlari narxini oshishi natijasida ular ahvolini og‘irlashib ketishi Angliyaga qarshi xalifachilik tashviqotini yoyilishi uchun qulay sharoit yaratdi.
1921 yil avgustida ingliz politsiyasi Tirunangaddagi masjidga hujum qiladi. U yerda 5 ming nafar ibodat qiluvchilar yig‘ilgan edi. Bu hujumni ibodat qiluvchilar muqaddas joyni oyoq-osti qilish, tahqirlash deb qabul qiladilar va politsiya bilan to‘qnashuv boshlanib ketadi, politsiyachilar dehqonlarga qarata o‘q otadilar. Bunga javoban musulmonlar “Xalifachilik respublikasi”ni tuzish shiori ostida qo‘zg‘olon ko‘taradilar. Qo‘zg‘olonchilar faqat pichoq va xanjarlar bilan qurollangan edilar. Ularga qarshi zamonaviy qurollangan ingliz qo‘shinlari tashlanadi. Qo‘zg‘olonchilarning qattiq qarshilik ko‘rsatishlariga qaramay, 1921 yil oxirida qo‘zg‘olon bostirildi. 30 mingdan ortiq qo‘zg‘olonchi asirga olinib, ularning boshliqlari otib tashlandi. 100 nafar hibsga olingan mahbus muhrlangan vagonda jo‘natiladi, ulardan 70 tasi yo‘lda vafot etadi. Bu o‘ch olishlar butun Hindistonda norozilik uyg‘otdi. Bu davrdagi dehqonlar harakati umuman olganda stixiyali tor doirali, tarqoq, tashkil etilmagan harakter kasb etdi, ko‘pincha ularda ma’lum diniy jamoa dehqonlari ishtirok etardi. Lekin shaharlarda ishchilar harakatining avj olishi, qishloqda dehqonlar harakatining boshlanishi mustamlaka hokimiyati uchun xavfli holatni vujudga keltirdi.
1922 yil 4 fyevralda “fuqarolik itoatsizligi kompaniyasi”ni to‘xtatishga bahona bo‘lgan Chauri-Chaura voqealari bo‘ldi. Qo‘shma provinsiyalar kichik shaharchasida politsiya namoyishchi kongresssilarga hujum qiladi. O‘shanda olamon politsiya uchastkasi binosini o‘rab oladi va yondirib yuboradi, bir qancha politsiyalar qattiq kaltaklanadilar.
Shu munosabat bilan Bardoli shahrida kongress ishchi komitetini shoshilinch majlisi chaqirildi. Komitet “fuqarolik itoatsizligi kompaniyasi”ni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Kompaniyaning barcha ishtirokchilariga hukumatga har qanday qarshilik ko‘rsatishni to‘xtatish, soliqlarni to‘lash, hokimiyat barcha buyruqlarini bajarishni tavsiya etuvchi chaqiriq e’lon qilindi. Bu qaror turmada bo‘lgan ko‘zga ko‘ringan kongress arboblarini noroziligini uyg‘otdi.
Ingliz mustamlakachi ma’murlari harakat qatnashchilari orasida birlik yo‘qligidan foydalanib, o‘zlariga xos rahmsizlik bilan bu harakatni bostirdilar. Umumhindiston milliy ozodlik harakati vaqtincha pasaya boshladi.
1923-1927 yillarda Hindistonda iqtisodiyot birmuncha rivojlandi. Fabrikalar soni 1,5 baravar ko‘paydi. Hind sarmoyadorlariga foyda olish imkoniyati uchun qattiq kurash olib borishga to‘g‘ri keldi. Ayniqsa to‘qimachilik sohasida qattiq raqobatchilik kurashi ketardi. Urush yillarida chetdan gazlamalar keltirish kamayishi bilan mahalliy gazlamalarga ehtiyoj oshgan bo‘lsa, 1922 yildan keyin chetdan gazlama keltirish yana ko‘paydi. Angliya hukumati Hindiston bilan savdo qiluvchi ingliz sarmoyadorlariga yanada qulay sharoit yaratish maqsadida rupiya kursini oshirdi. Hind sarmoyadorlarining chetdan keltiriladigan mahsulotlarga boj solig‘ini ko‘paytirish to‘g‘risidagi talablari rad etildi. Shunday qilib, Angliya monopoliyalari urush davrida birmuncha bo‘shashgan mavqeyilarini yana mustahkamlab oldilar.
1923 yilda Hindistonda mustamlakachilikka qarshi harakat susayib, ingliz ma’murlari harakatining ko‘pchilik ishtirokchilarini qamoqqa oldilar. Milliy Kongress tashkilotlari tor-mor etildi. Milliy kongress partiyasining a’zolari soni ko‘tarilish davridagi 10 mln. kishidan 1923 yilda bir necha 100 ming kishiga tushib ketdi. Mustamlakachi ma’murlar o‘zlarining yovuzlarcha siyosatlarini ya`ni musulmonlarni induslarga gij-gijlash siyosatlarini yana amalga oshiradilar. Ularning ig‘vogarliklari bilan 1923 yilda musulmonlar bilan induslar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlandi. Musulmonlar ligasi induslarni islomga kiritish kompaniyasini avj oldirdi. Ayni vaqtda reaksion indus tashkiloti Hindu Maxasabxa Hindistonning butun aholisini hinduizmga kiritishni targ‘ib qildi. Diniy adovatni kuchayishi umumhindiston Milliy ozodlik harakati pasayishining yorqin belgisi edi. 1923-1927 yillarda oldingi davrga nisbatan ish tashlashlar, stachkalar soni kamaydi, lekin ularni o‘tkazishda ancha tashkiliy uyushqoqlik tendensiyasi kuzatiladi. Bu yillarda Milliy ozodlik harakatlari birmuncha pasaysa-da, kasaba uyushmalari tobora ko‘payib bordi. 1925-1927-yillarda Bengaliya, Bombeyda, Panjobda ishchi-dehqon partiyalari tuzildi.
1928 yilda Gujeratda dehqonlarning mustamlaka ma’murlarining er solig‘ini 20-25 foizga oshirishlariga qarshi kurashi boshlandi. Milliy Kongress harakatga rahbarlik qilib, dehqonlarni soliq to‘lamaslikka amaldorlarni oziq-ovqat bilan ta’minlamaslikka chaqirdi. Bunda Koongress dehqonlarga kuch ishlatish usullarida voz kechishni uqtirdi. Hukumat harakat qatnashchilarini qamab, ularning er, mol-mulklarini musodara qildi, lekin hukumat soliq stavkalarini kamaytirishga majbur bo‘ldi, qamoqqa olinganlarni ozod qilish, musodara etilgan er, mol-mulklarni qaytarib berishga va’da berdi. Biroq, hukumat o‘z va’dalarini bajarishga shoshilmas edi, dehqonlarning ko‘pi ko‘p vaqtlar qamoqda yotishga majbur bo‘ldilar, yerlar esa ularga qaytarib berildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |