Jihozlar, mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish vositalari
Yirik seriyali va yalpi ishlab chiqarish sharoitida, kuzov detallarini shtamplash sexlarida asosiy texnologik jihoz sifatida oddiy, ikkilangan va uchlangan harakatga ega krivoshipli mexanik presslar, ko’p pozitsiyali pressavtomatlar, shuningdek, ushbu presslar asosida har tomonlama (kompleks)
mexanizatsiyalashtirilgan va avtomatlashtirilgan qatorlar (liniyalar) qo’llaniladi.
Oddiy harakatli list shtamplash presslari yakuniy operatsiyalarni bajarishga (o’yib tushirish, teshish, to’g’rilash, flansovka va h.k.), shuningdek, oddiy detallarni bo’rttirishga mo’ljallangan.
Zamonaviy list shtamplash presslari mashina ishonchliligi va samaradorligini, shuningdek tayyorlanadigan detallar sifatini orttirishga mo’ljallangan qo’shimcha qurilma va mexanizmlar bilan jihozlanadi. Bunday qurilma va mexanizmlarga quyidagilar kiradi:
shtamplangan detalni shtampning yuqori qismidan ajratishni ta’minlovchi, yuqori pnevmatik itargichlar;
yopiq balandlikni rostlashning yuritish mexanizmi, ya’ni, press stolining yuqori tekisligidan, eng past holatda bo’ladigan sirg’algichning pastki tekisligigacha bo’lgan masofa; yopiq balandlikning o’zgarishi, pressga balandlik bo’yicha turli tashqi o’lcham (gabarit) larga ega shtamplarni o’rnatish imkonini beradi;
shtamp pastki qismidan detalni itarish uchun, shuningdek, bo’rttirish davomida detal flanetsini siqib turish uchun gidropnevmatik yostiqlar;
pressning asosiy ishchi mexanizmi sharnirli bo’g’imlarida tirqishlarni birtomonlama yo’qotish hisobiga, zarbiy yuklamalarning oldini olish yoki ularni pasaytirish uchun o’rnatiladigan muvozanatlagichlar;
pressga shtampni o’rnatish qulayligini oshiruvchi va o’rnatish vaqtini qisqartiruvchi yuritmali chiqarma stol;
press sirg’algichiga shtamp yuqori qismini tezda mahkamlash uchun tezkor qamragich (zaxvat) lar.
Bundan tashqari, listshtamplash pressi kuch bo’yicha saqlagich, tormoz maxoviki, kuch qiymatlari ko’rsatkichlari, osma boshqaruv pultlari va b. bilan jihozlanishi mumkin.
Katta chuqurlikka bo’rttiriladigan murakkab detallarni shtamplash uchun ikkita sirg’algichga ega, ikkilangan harakatli mexanik presslar qo’llaniladi. Texnologik qo’llanilishiga mos tarzda sirg’algichlarning biri ikkinchisining ichida joylashadi, xususan, ichki sirg’algich bo’rttirish shtampi puansonini (4-rasm), tashqi sirg’algich esa siquvchi xalqani mahkamlash uchun xizmat qiladi.
Ikkilangan harakatli, yirik list shtamplash pressi, unga o’rnatilgan bo’rttirish shtampi bilan birgalikda 6-rasmda ko’rsatilgan.
Juda murakkab kuzov detallarini shtamplash uchun uch harakatli presslar qo’llaniladi, bunda ikki harakatli press, qo’shimcha uchinchi (pastki) sirg’algich bilan jihozlanadi. Qo’shimcha sirg’algich press stoliga o’rnatiladi va shtamplash vaqtida yuqorigi sirg’algichlar tomonga harakatlanadi. Uning yordamida kuzov detalida bo’rttirish yo’nalishiga qarama-qarshi yo’nalishda chuqurliklar (выштамповки) hosil qilinadi.
Ko’p pozitsiyali press-avtomatlar juda keng texnologik imkoniyatlarga ega bo’ladi va juda mayda detallardan tortib yirik tashqi o’lchamlarga ega murakkab kuzov detallarini tayyorlashning to’liq siklini bajarishni ta’minlaydi. Pressavtomatning ish bo’shlig’ida birdaniga bir nechta shtamplar o’rnatilib, texnologik jarayonning barcha operatsiyalari bajarilishi ta’minlanadi. Zagotovka shtamplashning ilk pozitsiyasida tasmadan qirqib olinadi yoki oldindan alohida pressda qirqib olinadi. Bundan keyin zagotovka pozitsiyalar bo’yicha ketma-ket shtampdan shtampga siljib boradi, bu o’rinda greyfer deb nomlanadigan avtomatik tashish mexanizmidan foydalaniladi. Ushbu jarayonning sxemasi (yuqoridan ko’rinish) 7-rasmda yaqqol ko’rsatilgan. Press ishida dastlabki zagotovkani qabul qilish usuliga bog’liq tarzda tasma bilan ko’plab uzatish yoki pressni donali zagotovkalar bilan ta’minlash mexanizmlari qo’llanilishi mumkin.
Shtamplashning avtomatik ma’romini ta’minlovchi barcha qurilmalar press sirg’algichining harakati bilan muvofiqlashishi kerak. Ko’p pozitsiyali pressavtomatlarda avtomatik surish mexanizmlarining o’zaro muvofiqlashgan harakati 8-rasmda keltirilgan davriy diagrammada ko’rsatilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |