Bo’rttirish shtampining ishlash prinsipi va konstruksiyasi
Murakkab kuzov detallarini shakllantirish bo’rttirish shtamplari yordamida amalga oshiriladi. Ikkilangan harakatlanuvchi pressga o’rnatilgan bo’rttirish shtampining tipaviy konstruksiyasi 4-rasmda ko’rsatilgan. Shtamp asosiy detallar – puanson 1, matritsa 2 va siquvchi xalqa 3 dan tashkil topgan. Matritsa 2 press stoliga qo’zg’almas qilib o’rnatiladi. Puanson 1 va siquvchi xalqa 3 esa mos ravishda, vertikal ilgarilanma-qaytma harakatga ega pressning ichki va tashqi sirg’algich (polzun) lariga mahkamlanadi. Shunday qilib, puanson va siquvchi xalqa shtamp ishlaganida vertikal harakatlanish imkoniga ega bo’ladilar.
Bo’rttiruvchi shtamplarning yirik o’lchamli ish qismlari (puanson, matritsa, siquvchi xalqa) ko’pchilik hollarda CЧ-25 markasidan past bo’lmagan cho’yandan yoki maxsus modifikatsiyali cho’yandan quyib tayyorlanadi. Alohida hollarda ushbu detallar uchun po’lat quymadan foydalaniladi. Bo’rttirish shtampining matritsasi yaxlit tarzda ham, ichqo’yma (вкладыш) 4 dan foydalanish evaziga
4-rasm. Ikkilangan harakatli bo’rttirish shtampining tipaviy konstruksiyasi: 1 – puanson, 2 – matritsa, 3 – siquvchi xalqa, 4 – ichqo’yma, 5 – yo’naltiruvchi prizma, 6 ,7 – yo’naltiruvchi plankalar, 8 – bo’rtma qovurg’alar yig’ma tarzda ham tayyorlanishi mumkin. Matritsalar uchun chuqur bo’shliqli va murakkab shaklli ishchi sirtlarga ega ichqo’ymalarni qo’llash, ularni tayyorlashning texnologikligini oshiradi va mehnat sarfini kamaytiradi. Shtamplash jarayonida puansonni matritsaga nisbatan aniq markazlash shtampning yo’naltiruvchi elementlari orqali amalga oshiriladi. Siquvchi xalqa matritsaga nisbatan yo’naltiruvchi prizmalar 5 orqali markazlanadi, bunda prizmalar matritsaga mahkamlanadi va siquvchi xalqaning mos o’yiqlariga kirib turadi. O’z navbatida puanson siquvchi xalqaga nisbatan ularda o’rnatilgan yo’naltiruvchi plankalar 6 va 7 orqali markazlanadi. Zagotovka flanetsining tormozlanish intensivligini orttirish uchun, siquvchi xalqada bo’rtma qovurg’alar 8 va
matritsaning siqilish sirtida mos o’yiqlar hosil qilinadi.
Ish jarayonida yassi list zagotovka matritsaning siqilish sirtiga yotqiziladi va unda berilgan holatga keltiriladi. Zagotovkani yotqizish paytida puanson va siquvchi xalqa press sirg’algichlari yordamida matritsadan yuqoriga ko’tarilgan bo’ladi. Bundan keyin siquvchi xalqa tushiriladi va zagotovkaning periferiya (tashqi chegaralari) si siquvchi xalqa va matritsa orasida siqilgan holat yuzaga keladi. Shundan keyin esa puanson tushiriladi va uning ishchi sirti list zagotovkaning markaziy qismiga zarur shaklni beradi. Shakllantirish jarayonida zagotovkaning siqilgan flanetsi siquvchi xalqa va matritsa orasidagi tirqish sababli cho’ziladi va bu bilan matritsa bo’shlig’iga qo’shimcha material kirib borishini ta’minlaydi. Yakuniy shakllantirish puanson o’zining chekka quyi holatiga erishganida tugallanadi. Shundan so’ng puanson va siquvchi xalqa tepaga ko’tariladi va shtamplab bo’rttirilgan mahsulot shtampdan chiqarib olinadi.
Murakkab bo’lmagan kuzov detallarini oddiy (bitta sirg’algichli) harakatli presslarda o’rnatiladigan bo’rttirish shtamplarida olish mumkin. Bunday shtampning yuqori (qo’zg’aluvchi) qismi press sirg’algichiga mahkamlangan matritsa va yuqori plitadan tashkil topadi. Puanson va siquvchi xalqa pastki plitada joylashadi. Siquvchi xalqa vertikal harakatlanish imkoniga ega bo’ladi, bu esa shtamplanayotgan zagotovka flanetsining doimo siqilgan holda bo’lishini ta’minlaydi. Siqish kuchi pressning pastki qismida joylashgan maxsus bufer orqali ta’minlanadi.
Bir qator kuzov detallari tegishlicha shtamplash qurilmalarida bukish va shakl berish (формовка) operatsiyalarini bajarish orqali tayyorlanadi.