1-laboratoriya ishi
Tizimni struktura sxemasini qurish. Tizim xususiyatlariga ko’ra bog’lanish modelini o’rganish.
Ishning maqsadi: Tizim, tizim haqidagi fan muammolari, tizimlar nazariyasining asosiy tushunchalarini nazariy ma’lumotlar va amaliy mashqlar asosida mustahkamlash.
Ishni bajarish tartibi: Ish bajarilgandan keyin o‘qituvchiga ishchi varaqlar topshiriladi.
Topshiriqlar:
1. Ishchi varaqqa talabaning familiyasi, ismi, guruh raqami va sana yoziladi.
2. Fan sohalariga tegishli 50 ta ixtiyoriy tushuncha tanlanadi. Ularning qay biri tizim, jarayon, hodisa, obyekt, buyum ekanligi belgilab, ajratib olinadi.
3. Ularning ichidan tizimlarni ajratib olishda obyektivlik va subyektivlik (dialektik birliklar) savollari qaraladi.
4. Ushbu tizim, jarayon, hodisa, obyekt, buyumlar qaysi fanlarda o‘rganilishi aniqlab olinadi.
5. Shu ishchi varaqning o‘ziga tizimli tahlil faniga tegishli tizimga oid misollar ajratib yozib olinadi.
6. Ishchi varaq guruhdagi boshqa talaba bilan almashtiriladi.
7. Almashtirilgan ishchi varaqdagi tizimga oid misollar ichidan bittasi alohida yozilib, uning tagiga quyidagilar yoziladi:
- ushbu tizimni tashkil etuvchi elementlar yoziladi; bu elementlar buyum, obyekt, predmetlarga ajratiladi; agar mumkin bo‘lsa, bu elementlar tuzilma ostilariga (tizim ostilariga) birlashtiriladi;
- shu tizimning funksiyalari (bunda "Ushbu tizim nima uchun mavjud?" degan savolga javob asosida) yoziladi;
8. Ishchi varaqlar o‘z mualliflariga qaytariladi.
9. Ishchi varaq o‘qib chiqiladi; agar lozim deb topilsa, tegishli tuzatishlar kiritiladi.
10. Ushbu tizim undanda yuqori pog‘onali qaysi tizimga element sifatida tegishli ekanligi qayd etiladi.
Qisqacha nazariy ma’lumotlar
Tadqiqot sohasi bir-biridan biror belgisi bilan farq qiluvchi va o‘zaro ma’lum munosabatda bo‘luvchi yoki o‘zaro ta’sirlashuvchi ob’yektlardan tashkil topadi.
Ob’yektlarning xarakterli xususiyati uning xossasi deyiladi. Xossa subyekt tomonidan aniqlanadi va baholanadi. Masalan, massa, rang, uzunlik, zichlik va shu kabilar.
Sub’yektiv nuqtai nazarga ko‘ra xossalar obyektning ichki va tashqi xossalariga bo‘linadi. Ichki xossalarning ko‘rsatkichlari parametrlar deb ataladi. Tashqi xossalar ob’yektning parametrlari bilan qandaydir munosabatlarga ko‘ra bog‘langan tashqi muhit xossalarini ifodalaydi va ularning ko‘rsatkichlariga faktorlar (omillar) deyiladi.
Muayyan ob’yektlarning kuzatilayotgan xossalari ko‘rsatkichlarining qiymatlarini moslashtirishga munosabat deyiladi.
Ob’yekt xossalari ko‘rsatkichlari qiymatlarining har qanday to‘plami berilgan vaqt momentida uning holatini aniqlaydi. Muayyan vaqt oralig‘ida obyekt holatining o‘zgarishiga hodisa deyiladi. Biror vaqt oralig‘ida sodir bo‘ladigan o‘zaro bog‘liq hodisalar ketma-ketligiga jarayon deyiladi.
Tizim – bu tizimli tahlilning markaziy tushunchasi. Tizim doimo maqsadga ega, chunki u shuning uchun mavjud va faol ishlaydi.
Muayyan munosabatlar orqali o‘zaro bog‘langan va ular uchun qandaydir umumiy maqsadli funksiyani bajaradigan yoki umumiy maqsadga mo‘ljallangan obyektlar to‘plami tizim (sistema) deyiladi.
Tizim – bu aniq ravishda o‘zaro bog‘langan va ta’sirlashuvchan hamda umumiy maqsadga mo‘ljallangan elementlar majmui yoki to‘plami.
Agar xuddi shunday hech bo‘lmaganda ikkita elementni aniqlay oslak, masalan, o‘quv jarayonida o‘qituvchi va o‘quvchi, savdo jarayonida sotuvchi va xaridor, televideniyeda televizor va teleko‘rsatuvlarni uzatuvchi telestudiya va hokazo, bu demak tizim.
Odatda tizim elementlari ma’lum predmet sohasi obyektlari kabi ta’riflanadi.
Element (lot. elementum – dastlabki modda) – bu tizimning ma’lum bir funksiyalarni nisbatan mustaqil amalga oshirish qobiliyatiga ega, bo‘linmas komponentasi (qismi). Tizimda ular soni chekli yoki cheksiz bo‘lishi mumkin. Elementlar buyum, obyekt, predmetlarga bo‘linishi mumkin. Elementlar moddiy, energetik, axborot shaklida bo‘ladi.
Tizim yana elementlar o‘rtasidagi aloqalarni ham o‘z ichiga oladi. Elementlar va ular o‘rtasidagi aloqalar har biri ma’lum qiymatlar to‘plamini qabul qiluvchi xossalarga (ko‘rsatkichlarga) ega bo‘lishi mumkin.
Tizimning har bir elementi o‘z navbatida tizim bo‘lishi mumkin, bunday holda u asos qilib olingan tizimga munosabati bo‘yicha tizim osti bo‘ladi (bunda tizim haqida aytilgan barcha tushunchalar unga ham tegishli bo‘ladi). O‘z navbatida istalgan tizim boshqa tizimning tizim ostisi bo‘lishi mumkin, munosabat bo‘yicha yuqori tizim tizim usti bo‘ladi.
Tizim elementlarini oddiy sanab o‘tish bilan yoki biror to‘plamga tegisli xossalarining berilishi bilan yoki ketma-ket o‘zaro bog‘langan tizim ostilarga (komponentalarga, elementlarga) ajratilishi bilan ifodalanishi mumkin. Oxirgi holda elementlar yoki ularning guruhlari o‘rtasidagi eng muhim bog‘lanishlarni aks ettiruvchi "tuzilma" tushunchasini kiritish mumkin. Bu o‘zaro aloqalar tizimning va uning asosiy xossalarining mavjudligini ta’minlaydi. Tuzilma grafik akslanishlarda, nazariy-to‘plamli munosabatlarda, matritsalar ko‘rinishida ifodalanishi mumkin. Tizimni tasvirlash akslantirish maqsadiga bog‘liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |