6-laboratoriya ishi
Ko’rilayotgan tizimlarda afzallik va kamchiliklarni aniqlash.
Ishdan maqsad: ko’rilayotgan tizimlarning afzallik va kamchiliklarini SWOT tahlil usuli yordamida aniqlash
Ishni bajarish tartibi: Qisqacha nazariy ma’lumotlardan foydalangan holda tanlangan tizimni SWOT tahlili yordamida o’rganiladi hamda afzallik va kamchiliklari aniqlanadi.
Topshiriqlar: tanlangan tizimingizga mos SWOT tahlilini amalga oshiring va tizimning kuchli va zaif jihatlari, imkoniyatlari va tahdidlarni aniqlang.
Qisqacha nazariy ma’lumotlar
SWOT-tahlil - tizimning ichki va tashqi muhiti omillarini aniqlashga yo‘naltirilgan operativ baholash, hamda strategik rejalashtirish usuli. Agar tizim omillarga ta’sir qila olsa, bunday omillar ichki omillar deyiladi. Agar tizim omillarni o‘zgartirishga qodir bo‘lmasa, u holda bunday omillar tashqi omillar deb ataladi. Agar tashqi omillar ehtimollik bilan yuzaga kelsa, u holda tavakkalli tashqi muhit haqida gapirsa bo‘ladi. Demak, mazkur tahlil usuli tavakkallarni aniqlashga ham yordam beradi. Tizimning barcha ichki omillari - kuchli tomonlar (strengths) va zaif tomonlar (weaknesses) ga bo‘linadi. Tizimning barcha tashqi omillari esa - imkoniyatlar (opportunities) va tahdidlar (threats) ga bo‘linadi.
SWOT-tahlili usulining afzalliklari:
- usuldan foydalanish maxsus bilimni talab qilmaydi;
- maqsadlarga ko‘ra tizimning tahlil qilinayotgan elementlarini tanlash bemalol kechadi (masalan, shaharni jinoyatchilik yoki huquqiy madaniyat holati nuqtai nazar tahlil qilish);
- Tizimning ob’ektlari turlicha bo‘lishi mumkin: shaxs, tashkilot, shahar, viloyat, mamlakat va xok.
- Miqdoriy ma’lumot yo‘qligida ushbu usul sifatiy tahlil qilish imkoniyatini beradi.
SWOT-tahlili usulining kamchiliklari:
- faqat umumiy omillar aniqlanadi va maqsadga erishish chora-tadbirlari alohida ishlab chiqilishi zarur;
- agar mazkur usul qo‘llanishi davomida, malakali mutaxassislarning fikrlari inobatga olinmasa, tahlil natijalari sub’ektiv bo‘lishi mumkin;
- omillar kreativ tarzda aniqlanadi va gohida omillar orasida birinchi va ikkinchi darajali omillar paydo bo‘lib qoladi;
- ushbu usul faqatgina muammoning boshlang‘ich tahlilida qo‘llanilishi mumkin;
- tahlil ko‘proq holatning statik ko‘rinishini beradi, uning dinamik ko‘rinishi esa chuqur tahlil qilinmay qoladi;
- miqdoriy ma’lumot mavjudligida ushbu usul faqatgina sifatiy tasvirlash bilan cheklanib qoladi;
- ushbu tahlil ko‘pincha sub’ektiv bo‘lib, uni olib boruvchining dunyoqarashi va kasbiy tajribasiga bog‘liq bo‘ladi;
- ushbu usulning samarasini oshirish uchun turli sohalarga oid ma’lumotlar (sohalararo axborot) kerak bo‘ladi, ammo mutaxassislar bilimi ko‘proq bir sohaga yaqin bo‘lganligi tufayli ko‘pincha bunga imkoniyat bo‘lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |