8-mavzu. Mitanni davlati.
Reja:
Qadimgi Mitanni davlati.
Oriylar Mitanni davlatining tuzilishi.
Qadimgi Mitanni madaniyati.
Qadimgi Mitanni davlati mil.avv. XVII asrda Shimoliy Mesopotamiya va unga chegaradosh hududlarda yuzaga keladi. Aholisi asosan xurrit va somiy qabilalari ittifoqi asosida yuzaga kelgan edi. Mitanniliklar dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanib kelgan. Shu bilan birga, ularning hayotida savdo-sotiq ishi muhim o‘rin tutgan. Hokimiyat tepasida oriylar (hind-yevropa tilida so‘zlashuvchi)ga mansub sulola turgan. Chunki mitannilik podsholarning ismlari hind-yevropa tiliga mansub edi. Mitanniliklar asosan xurrit va akkad tilida so‘zlashar edi. Qadimgi Ossuriya yozma manbalarida Mitanni davlati “Xannigalbat” deb tilga olinadi. Bu davlatning poytaxti Vashshukanna bo‘lganligi manbalarda ta’kidlanib o‘tiladi. Afsonalarga ko‘ra bu davlatga Kita ismli podsho asos soladi. Uning hukmronlik yillari masalasida olimlar orasida munozarali fikrlar mavjud. Undan so‘ng, Mitanni taxtiga Shuttarna I chiqadi. U xurrit qabilalarini o‘z hokimiyati yo‘lida birlashtirishni boshlaydi. Mil.avv. XVI asrda taxtga Parrattarna o‘zini “xurri (xurrit) askarlarining hukmdori” deb ataydi. Uning davrida mitanniliklar Shimoliy Suriyadan to Oront daryosigacha qadar bo‘lgan yerlar ustidan o‘z gegemonligini o‘rnatadilar. Alalax podshosi Idrimiga o‘z yurtida taxtni egallashga yordam beradi.
Mil.avv. 1450-yilga kelib taxtga podsho Shaushtatar chiqadi. Mamlakat chegaralari yanada kengaytiriladi. Mitanniga butun Shimoliy Suriya, Alshe, Kitssuvatna, Kummi, Uruarti, Arrapxa va boshqa hududlar bo‘ysunadi. Podsho Shaushtatar Ashshurga ham yurish qilib, u yerdan kumush va oltin bilan bezatilgan darvozani Mitanniga olib ketadi. Ossuriyada mitanniliklar hukmronligi o‘rnatiladi. Ashshur podshosi yonida Mitanni elchisi doimiy istiqomat qilib, davlat boshqaruvi ustidan nazorat olib brogan edi. Hukmronligining 33-yili podsho Shaushtatar qo‘shinlari Karxemish shahri yonida Misr fir’avni Tutmos III qo‘shinlaridan mag‘lubiyatga uchraydi. Misr qo‘shini Frot daryosidan suzib o‘tib, Mitannining qator shaharlarini vayron qiladilar. Shaushtatar sharqqa chekinadi va misrliklar esa Shimoliy Suriyani bosib oladilar.
Mil.avv. 1410-yil Shaushtatar vafotidan keyin Mitanni taxtiga Artadama I (mil.avv. 1410-1400 yy) chiqadi. Uning hukmronligi davrida Xettlar va Misr bilan urush olib boriladi. So‘ngra, Misr fir’avni Tutmos IV bilan sulh tuzilib, Mitanni Shimoliy Suriyaning O‘rtayer dengiziga chiqadigan hududiga egalik qiladigan bo‘ladi. Podsho Artadama I o‘z qizini Misr fir’avniga turmushga berib, tuzilgan kelishuvni nikoh diplomatiyasi yordamida mustahkamlashga erishadi. Mil.avv. 1400-yili Mitanni taxtiga Artadama I ning o‘g‘li Shuttarna II (mil.avv.1400-1375 yy) keladi. U xettlarga qaram bo‘lgan janubi-sharqiy Kichik Osiyodagi Kurtalissa, Aravanna va boshqa shaharlardagi qo‘zg‘olonlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Suriyaning Xalab, Ashtata va Nuxashshe o‘lkalaridagi xettlarga qarshi harakatlarni ham qo‘llab turadi. Ammo, bu harakatlar ikki tomonga ham foyda keltirmadi. Misr bilan esa savdo-diplomatik munosabatlarni otasi kabi yaxshilashga erishdi. Mil.avv. 1375-yil taxtga Shuttarna II ning o‘g‘li Artashshumara chiqadi. Biroq, u besh yilgina hokimiyatni egallab turadi. Misr bilan yaqinlashuv siyosatidan norozi bo‘lgan saroy a’yonlari, amaldor Tuxi (yoki Parxi) boshchiligida fitna uyushtirib, uni o‘ldiradilar. Mitanni taxtiga Artashshumaraning ukasi Tushratta (mil.avv. 1370-1350-yy) keladi. U xettlar bilan ittifoqqa intiladi, ammo ko‘zlagan maqsadiga erisha olmaydi. Saroy amaldori Tuxini qatl etib, Misr bilan do‘stona munosabatlarni tiklaydi. Natijada xettlar podshosi Suppiluliuma I Mitanniga o‘zining birinchi harbiy yurishini uyushtiradi. Mitanniliklar xettlarni o‘z yurtlaridan quvib chiqaradilar. Hatto podsho Tushratta o‘z g‘alabasi haqida Misr fir’avni Amenxotep III ga sovg‘a-salomlar yuborib ma’lum qiladi. Ammo, ko‘p o‘tmay xettlar o‘zlarini o‘nglab olgach, Mitanniga yana bir necha yurushlarni amalga oshiradilar. Bu sfar Mitanni podshosi Tushratta o‘z mamlakatini mudofaa qila olmaydi. Misrliklar o‘z ittifoqchilariga yordamga kelmaydilar. Natijada Mitanni xettlar tomonidan talon-taroj qilinadi, podsho Tushratta esa mag‘lubiyatga uchrab, qochib yashirinadi. Xettlar podshosi Suppiluliuma I ning qo‘shinlari mamlakatni bosib olmasalarda Mitannni kuchsizlanib qoladi. Ko‘p o‘tmay Tushratta fitnachilar tomonidan o‘ldiriladi, Mitannida esa fuqarolar urushi boshlanadi. Oxir-oqibat taxtga xettlar podshosi Suppilulima I ning tarafdori Shattivaza o‘tkaziladi. Natijada Mitanni davlati Xettlar ta’siriga tushib qoladi.
Mil.avv. 1320-yilda Mitanni taxtiga Shattuara I chiqadi. Unga zaiflashgan davlat meros bo‘lib qolgan edi. Bundan ossurioyta davlati foydalanib qoladi va Mitannini o‘ziga qaram qilib oladi. Mil.avv. 1300-yilda hokimiyatga Vasashatta keladi. U Ossuriyaga o‘lpon to‘lashni davom ettirqadi, ammo ko‘p o‘tmay ossur podshosi Adad-nirariga qarshi chiqib xettlar bilan ittifoq tuzadi. Ossuriyaliklar Mitanniga bostirib kelib, uning shaharlarini vayron qiladilar. Xettlar davlati Mitanniga bo‘lgan da’vosidan voz kechishdan majbur bo‘ladilar.
Bosqinchilik yurishlari ketayotgan bir vaqtda Mitanni taxtini Shattuara II (mil.avv. 1280-1267-yy) egallaydi. Uning davrida mitanniliklar ossurlarga qaramlikdan qutulish uchun xattlar va oromiylar (axlamu qabilasi) bilan ittifoq tuzadilar. Ko‘p o‘tmay ossur podshosi Salmanasar I ga qarshi qo‘zg‘olon ko‘taradilar. Hatto ittifoqchilar ossur qo‘shinlarini dastlab qurshab olib, ularni suv ta’minotidan mahrum qilmoqchi ham bo‘ladilar. Ammo Salmanasar I qo‘shinlar qurshovini yorib o‘tib mitanniliklar, xattlar va oromiylarni mag‘lub qila oldilar. Asirga tushganlarning katta qismi ko‘zlari ko‘r qilinadi. Shundan so‘ng Ossuriya qo‘shini Mitannining yana bir talon-taroj qilib, uning mustaqilligini tugatadi.
Mitanni madaniyatiga akkad va misrlikar ta’siri katta bo‘lgan. Mitanni aholisi ham qadimda mixxat yozuvidan foydalanib kelganlar. Qo‘shni davlatlarbilan diplomatik munosabatlarni akkad tilida yozilgan mixxat yozuvida ifoda etganlar. Harbiy ishda yilqichilikka katta e’tibor berilganligi manbalarda ta’kidlab o‘tiladi. Binokorlikda asosan xom g‘ishlardan foydalanganlar. Toshlarni bino poydevorlarini qurishda keng qo‘llashgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |