Nomad ibrasining ma’nosi. Nomad – qadimgi grechka so’z bo’lib, cho’pon, ko’chmanchi degan ma’nolarni anglatadi. Ko’pgina evropa tillarida bu so’z lotincha nomas, inglizcha nomad, ispancha nomada, frantsuzcha nomade so’zlari orqali o’zlashtirilgan.
Lug’atlarda nomad so’zi – o’troq bo’lmagan odam, ya’ni ko’chmanchi so’ziga ishora, ko’chmanchilar – kezib yuruvchi (brodyachiy) xalq, o’zining chorvasi va ko’chirma uyi bilan ko’chib yuruvchi aholi, deb beriladi.
Shimoliy erlarga ko’chib o’tuvchi mo’g’ul ko’chmanchilariga nisbatan ham nomad iborasi ishlatiladi. Nomad iborasining boshqa ma’nosi ham bo’lib, ko’chmanchi xalqlar (ko’chmanchilar, nomadlar) bir joydan ikkinchi joyga ko’chuvchi, chorvachilik hisobiga yashovchi xalq degani. Shuni ta’kidlamoq kerak-ki, ba’zi ko’chmanchi xalqlar, chorvachilikdan tashqari ovchilik yoki dengizchilik bilan ham shug’ullangan
Markaziy Osiyo ko’chmanchilari haqida gap borganda, ularning egallagan hududlarini belgilab olish maqsadga muvofiq bo’ladi. “Markaziy Osiyo” tushunchasi XIX asrning oxirlarida fanga kirib keldi. Bu atama birinchi marta Aleksandr Gumboldt tomonidan olib kirilgan. U Markaziy Osiyo deganda Oltoy bilan Himolay tog’lari o’rtasidagi kenglikni, katta Xingan bilan Turon past-tekisliklari orasidagi hududlarni tushungan. Keyinchalik frantsuz olimi Ferdinand Rixtgofen Orol va Kaspiy dengizi havzasini ham qo’shib e’tirof etgan. Xuddu shunday tushunchani Sharqiy Turkiston bilimdoni I.V. Mushketov ham qo’llagan. V.A.Obruchev esa Markaziy Osiyoning haqiqiy chegarasi aniq emasligini, ammo u F.Rixtgofendan farqli o’laroq, Tibet tizma tog’lari va Kunlunni kiritmagan. V.M.Sinitsin, hatto so’nggi yillardagi tadqiqot ishlarida ham Markaziy Osiyoning aniq chegarasining to’g’ri ko’rsatilmaganligini ta’kidlaydi.
Markaziy Osiyoning aniq chegarasini belgilashda olimlar, asosan geografik nuqtai nazardan yordoshish uslubini qo’llanganligini e’tirof qilib, uni belgilashda boshqa xususiyatlarni ham inobatga olish lozim bo’ladi. V.M.Sinitsin 1959 yilda nashrdan chiqqan “Tsentralnaya Aziya” nomli asarida Markaziy Osiyo orografik, iqlimiy, geomorfologik, tuprog’i, geobotanik va zoogeografik xususiyatlari bilan boshqa o’lkalardan ajralib turadigan jihatlarini, landshaftlarning boshqa viloyatlardan keskin ajratib turadigan, faqat o’ziga xos xususiyatlarini e’tiborga olish lozimligini qayd etgan.1
Orografik jihatdan Markaziy Osiyo baland tog’ tizmalari bilan o’rab olingan, mintaqaning ichki qismida baland (ravnin) vohalar va tog’li o’lkalar bo’lib, bu holat iqlimiy o’zgarishlarga sabab bo’lib turadi. Iqlimi jihatidan Markaziy Osiyo Atlantika va Tinch Okeani o’rtasidagi keskin kontinental iqlim hukmron bo’lgan arid viloyati hisoblanadi. Tuproq tarkibi xususiyatiga ko’ra, mintaqa ulkan cho’l zonalaridan tashkil topgan.
V.M.Sinitsin asarga Markaziy Osiyoning chegaralari ko’rsatilgan xaritani ilova qiladi. Unga ko’ra, Markaziy Osiyoning geografik chegarasiga kirgan hududlarni quyidagicha keltiradi: Tyan-Shan, Tarim past tekisligi, Kunlun, Tibet yassi tog’lari, Nanshan va Oltintog’ tizmalari, Tsaydam, Alashan va Ordos, Beyshan, Jung’oriya, Gobi Oltoyi, G’arbiy Mo’g’uliston, Sharqiy Gobi past-tekisliklari. Bugungi kunda Markaziy Osiyo tarixini o’rganuvchi mutaxassisliklar uchun uning chegaralariga quyidagicha tarixiy o’lkalar kiritilishi tavsiya etilgan. Jumladan, Markaziy Osiyo xalqlari tarixini o’rganuvchi mutaxassislar uchun uning geografik chegaralariga O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tsintszyan viloyati (Sharqiy Turkiston), Turkmaniston, Tojikiston, Afg’onistonning shimoli, Shimoliy Hindistonni qamrab olish mo’ljallangan. Shundan kelib chiqib, kursimizda shu mintaqada yashovchi nomadlar madaniyatini o’rganish maqsadga muvofiq bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |