Kelib chiqishi va tarqalishi. Karamning vatani Yevropaning O‘rta yer dengizi sohili hisoblanadi. Karam juda qadimiy ekin. U rimliklar va qadimiy greklarga azaldan ma’lum bo‘lgan. Hatto, IX-X asrlarda Markaziy va Sharqiy Yevropada yashagan slavyan qabilalari ham bilishganlar.
Hozirgi vaqtda karam juda keng tarqalgan sabzavot ekini bo‘lib, u tropik mintaqadan tortib Qutb doirasigacha ekiladi. Dunyoda 3,2 mln. gektar maydonga ekilib, 69,5 mln. tonna yalpi hosil yetishtiriladi. Shuning yarmiga yaqini (34,1 mln. t) Xitoyda, qolganlari Hindiston, Rossiya, Koreya, Yaponiya, AQSh va boshqa davlatlarda o‘stiriladi. Karam Rossiyada 200 ming gektariga ekiladi.
Oddiy yoki oqbosh karam botanik ta’rifi. Oddiy karam (Brassica capitata Lizg) hayotining birinchi yili karamdosh, ikkinchi yili karambosh, ikkinchi yili esa gulpoya chiqarib gullaydi va urug‘ beradi. Ko‘chat o‘tqazilgach, undan past bo‘yli (15-30 sm) yo‘g‘on va serbarg o‘zak hosil bo‘lib, uning uchida karambosh shakllanadi.
Karamboshi yirik va serbargli o‘zakdan iborat. Barglar yirik, bandli (tup pastki qismida) yoki bandsiz, turli shaklda va yashil rangda bo‘lib, usti zangori rangdagi mum g‘ubor bilan qoplangan.
Karam boshida juda katta uchki kurtak joylashgan bo‘lib, undan kelgusida gulpoya va meva organlari hosil qilishda sarflanadigan zapas oziq moddalar to‘plangan bo‘ladi. Karam bosh o‘rashi tezpishar navlarda 10-14, kechpishar navlarda 15-20 ta erkin yashil barglar hosil bo‘lgach, (ekilgandan 2,5-3 oy o‘tgach), yangi paydo bo‘layotgan barglar yarim bukilgan holda qolaveradi. Bu o‘simlikning bosh o‘ray boshlashidan dalolat beradi. Karam boshining keyingi o‘sishi ichki yangi barglar hosil bo‘lishi evaziga borib, ichki barglar tashqi barglarni atrofga itarishi tufayli karam boshi qattiqlashib, zichlashib boradi.
Karam boshining zichlashishi uning texnik pishish belgisidir. Ba’zan ichki paydo bo‘layotgan barglar kuchli itarish tufayli karam boshlari yorilib ketadi. Karam boshlarining ichki barglari qorong‘iliqda o‘sadi. Shuning uchun ular rangsiz oppoq, ushlab ko‘rilganda mayin va mazasi yaxshi bo‘ladi. O‘simlik tubidagi erkin hamda karam boshining sirtqi yashil barglari naviga qarab o‘simlikning 15-35% vaznini tashkil etadi. O‘simlik hayotining birinchi yili hosil bo‘ladigan yo‘g‘onlashgan poyasi o‘zak deyiladi. Uning karam boshi ichida joylashgan qismi ichki o‘zak, tashqarisidagi erkin barglar joylashgan qismi esa tashqi o‘zak deb yuritiladi. O‘zakning ichida uchki, barglarning qo‘ltig‘ida esa yon kurtaklar hosil bo‘ladi. Ulardan kelgusi yilda gulpoyalar o‘sib chiqadi. Odatda, faqatgina uchki kurtak o‘sib, uzunligi 1,5 m shoxlangan bitta gulpoya rivojlanadi. Agar uchki kurtak shikastlansa, bir nechta yon kurtaklar o‘sa boshlab, ulardan bir qancha gulpoyadan iborat past bo‘yli shoxlangan tup hosil bo‘ladi. Urug‘ olish uchun ikkinchi yili o‘stirilgan o‘simlik urug‘lik deb ataladi.
Karam guli-tupgul bo‘lib, shingil deb yuritiladi. Guli sariq to‘rtga toj bargli, ikki jinsli. O‘simlikning gullashi naviga qarab 20-50 kun davom etadi. Bitta gul gullash davri 3 kun davom etadi. Karam chetdan asosan hasharotlar (asalarilar), qisman shamol yordamida changlanadigan o‘simlik. Urug‘lik o‘simlikda urug‘ 3-3,5 oyda pishib ulguradi. Karamning mevasi – qo‘zoq. Har bir quzoq mevada 20-26 ta urug‘ mavjud. U pishganda o‘z-o‘zidan chatnab yorilib ketadi. Urug‘i bir oz qirrali, yumaloq, qo‘ng‘ir, o‘rta yiriklikda, 1000 tasining vazni 3,5-4,0 gramm. Unuvchanligini 3-5 yilgacha saqlaydi.
Karam ildizi dastlab ko‘chatda o‘q ildiz tarzida rivojlanadi. Undan yon ildizlar tarqalib, poyaning yer ostki qismida qo‘shimcha popuk ildizlar chiqarib tez o‘sadi va u o‘q ildiz hamda yon ildizlardan uzib ketadi. Popuk ildizlar yerning ustki qavatida bir-biriga qo‘shilib ketgan g‘uj ildizlar hosil qiladi. Karam bevosita urug‘dan o‘stirilganda ildizi tuproqqa 1 m va undan ko‘p, ko‘chat qilinganda esa 70-80 sm gacha chuqurlikka kirib boradi. Karam poyasining yerga yaqin qismidan qo‘shimcha ildiz chiqarish xususiyatiga ega. Shuning uchun chopiq qiliganda uni chuqurroq ko‘mgan ma’qul. Chunki, karamning yerga ko‘milgan joydan yangi ildizlar o‘sib chiqadi. Natijada ildizlarning umumiy hajmi ortadi. Karamning ildizi shikastlaganda (kesilganda) tez tiklanish (regeneratsiyalanish) qobiliyatiga ega. Shu tufayli ko‘chati o‘tkazilganda yaxshi tutuvchanlikka ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |