3.1 FRIKTSION ISHSIZLIK
Ishsizlik – murakkab ijtimoiy-iqtisodiy hodisa bo’lib, ishchi kuchini taklif etish bilan unga bo’lgan talab va taklif o’rtasidagi miqdor jihatdan ham, sifat jihatdan ham nomuvofiqlikni (ortiqchalikni) aks ettiradi.
Paydo bo’lish sabablariga ko’ra, ishsizlik friktsion, tarkibiy, mavsumiy, davriyga va h.k. turlarga bo’linadi.
Birinchi tur friktsion ishsizlik bo’lib, uni odamlarning xususiy jihatlari va qiziqishlari belgilaydi. Friktsion ishsizlik – ishchilarning hududiy, kasbiy yoki yosh jihatidan o’zgarishlar (yangi yashash joylariga ko’chib o’tishlari, yangi malaka yoki mutaxassislikka ega bo’lishlari, o’qish, ayollarning bolaga qarashlari va h.k.) sababli eski ish joylaridan bo’shab, to yangisiga joylashgunga qadar oraliq vaqtdagi ishsizlikdir. U o’z mazmuniga ko’ra ixtiyoriy ishsizlik hisoblanadi va barcha mamlakatlarda mavjud bo’ladi.
Friktsion ishsizlik jamiyatdagi mavjud ishchi kuchlarining ma’lum qismini ish joylari bo’yicha qayta taqsimlab, ulardan samarali foydalanishga shart-sharoit yaratadi, ya’ni eski ish sharoitlaridan (ish joyining uzoqligi, ish haqining pastligi, ish kuni davomiyligining nisbatan uzunligi va boshqalar) qoniqmagan ishchilar yangi ish joylarini qidiradilar. Ularga ega bo’lgach, bu mehnatdan nisbatan ko’proq ijtimoiy-iqtisodiy samaraga erishadilar. Friktsion ishsizlikning bo’lishi ma’lum darajada iqtisodiy jihatdan zaruriy va tabiiy holdir. [6, 80-bet].
3.2 TARKIBIY (STRUKTURAVIY) ISHSIZLIK
Ishsizlikning ikkinchi turi tarkibiy (strukturaviy) ishsizlik bo’lib, u iqtisodiyotning ba’zi tarkibiy tuzilma va sohalaridagi o’zgarishlar natijasida vujudga keladi. Ba’zi bir mahsulot yoki xizmat turlariga bo’lgan ehtiyojning qisqarib, hatto umuman yo’qolib borishi bu mahsulot (xizmat)larni ishlab chiqarishni qisqartirilishga yoki umuman to’xtalishiga natijada uni ishlab chiqaruvchilarning ishsiz qolishiga olib keladi.
Friktsion ishsizlik bilan tarkibiy ishsizlikda ma’lum o’xshashliklar va farqli jihatlar mavjud. O’xshashligi shundaki, har ikkala ishsizlik har qanday iqtisodiyot uchun, xatto barqaror rivojlanib borayotgan iqtisodiyot uchun ham xos bo’lib, ularni umuman bartaraf etib bo’lmaydi. Asosiy farqi shundaki, friktsion ishsizlikda xodimlarda ma’lum tajriba mavjud bo’ladi va ular bu tajribadan foydalanib, qisqa vaqt ichida o’z ishchi kuchini sotishi yoki ish topishi mumkin. Tarkibiy ishsizlikda ishchi kuchi darhol yoki qisqa muddat ichida ish topa olmaydi. U malakasini o’zgartirishi, qayta malaka oshrishi, ma’lumot olishi, yangi kasb egallashi lozim. Ayrim hollarda xatto yashash joyini o’zgartirishga ham to’g’ri keladi. Friktsion ishsizlikda ishchi kuchi qisqa vaqtda ish bilan ta’minlanishi mumkin bo’lsa, tarkibiy ishsizlikda ishchi kuchi uzoq davr mobaynida qayta ma’lumot oladi va jiddiyroq qayta tayyorlanadi.
Tarkibiy ishsizlikka yaqin o’n yil ichida guvohi bo’layotgan jarayonni oddiy misol sifatida keltirish mumkin: komp’yuter texnikasining keng yoyilishi bugungi kunda yozuv mashinalarida ishlovchi texnik xodimlarni, bosmaxonalardagi harf teruvchilarni ishsiz qoldirmoqda. Fan-texnika taraqqiyotining jadal sur’ati sharoitida bunday misollarni yana juda ko’plab keltirish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |