22. Hududiy boshqarmalar o‘ziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
1) Davlat soliq qo‘mitasi va Kadastr agentligining hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlaridan, shuningdek, davlat organlari hududiy bo‘linmalari va ularning mansabdor shaxslaridan o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan materiallar hamda ma’lumotlarni va boshqa hujjatlarni so‘rash va tekin olish;
2) ko‘rsatiladigan xizmatlar bo‘yicha qo‘shimcha xizmatlarni kiritish, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hududlar davlat kadastrini yuritish, kadastr yig‘majildini tayyorlash xizmatlari ko‘rsatish tartibini takomillashtirish bo‘yicha taklif kiritish;
3) tegishli ma’lumotlar bazalaridan, davlat axborot tizimlaridan va vakolatli organlar resurslaridan belgilangan tartibda foydalanish;
4) tuman (shahar) filiallari boshliqlari ishtirokida kadastr yig‘majildini tayyorlash xizmatlarini ko‘rsatish tartibini takomillashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilishlar o‘tkazish;
5) tuman (shahar) filiallarining ko‘chmas mulk obyektlariga kadastr yig‘majildini tayyorlash xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatini o‘rganish;
6) ko‘chmas mulk obyektlariga kadastr yig‘majildini sifatli tayyorlash davlat xizmatini ko‘rsatish masalalari bo‘yicha boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish.
Hududiy boshqarmalar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
23. Hududiy boshqarmalar:
1) Kadastr agentligi, Davlat kadastrlari palatasi va uning rahbariyatining hujjatlari va topshiriqlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
2) ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hududlar davlat kadastri yuritilishi samarali amalga oshirilishini ta’minlash;
3) tuman (shahar) filiallari tomonidan ko‘chmas mulk obyektlariga nisbatan kadastr yig‘majildini tayyorlash xizmatlari ko‘rsatishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishi va himoya qilinishini ta’minlash;
4) kadastr muhandislari va tuman (shahar) filiallariga kadastr yig‘majildini tayyorlash xizmatlari ko‘rsatishda teng sharoitlar yaratish;
5) hududiy boshqarmalar, tuman (shahar) filiallari faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlariga erishish bo‘yicha hududiy boshqarmalar, tuman (shahar) filiallari ishini tashkil qilish;
6) Davlat kadastrlari palatasiga ko‘rib chiqish uchun kiritilayotgan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hududlar davlat kadastrini yuritish sohasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar, shuningdek, boshqa hujjatlarni sifatli tayyorlash;
7) hududiy boshqarmalar, tuman (shahar) filiallari tomonidan dasturlar, chora-tadbirlar rejalari, “yo‘l xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlar amalga oshirilishini tashkil etish;
8) fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlariga rioya etilishini va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash uchun javob beradi.