Vazirlar Mahkamasining 12.02.2021 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi toʻgʻrisidagi hamda Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida»gi 66-son qarori qabul qilindi.
Prezidentning 7.09.2020 yildagi «Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-6061-son Farmoni hamda Prezidentning 7.09.2020 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-4819-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida quyidagi hujjatlar tasdiqlandi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi toʻgʻrisidagi nizom (1);
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining davlat kadastrlari palatasi toʻgʻrisidagi nizom (2).
Nizom (1) DSQ huzuridagi Kadastr agentligining (keyingi oʻrinlarda - Agentlik) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligini, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibini, shuningdek uning rahbarlarining funksional vazifalari va mas’uliyatini belgilaydi.
Agentlikning asosiy vazifalari:
a) koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyхatidan oʻtkazish sohasida:
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyхatidan oʻtkazish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyхatidan oʻtkazish;
davlat yer kadastri, binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning davlat roʻyхatidan oʻtkazilishini ta’minlashga va yer uchastkalarining oʻzboshimchalik bilan egallab olinishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan samarali yer nazoratini amalga oshirish;
b) geodeziya va kartografiya sohasida:
geodeziya va kartografiya sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash;
aerokosmik suratga olish, topografiya, geodeziya i kartografiyaga oid izlanishlar hamda tadqiqotlarni, yerlarni masofadan zondlash, geodinamik tadqiqotlar ma’lumotlari va materiallaridan foydalangan holda kartografik monitoringni amalga oshirish;
davlat kartografiya-geodeziya kadastrini yuritish;
davlat geodeziya nazoratini amalga oshirish;
v) davlat kadastrlarini yuritish sohasida:
davlat kadastrlarini yuritish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash;
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat kadastrlarini yuritish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
davlat kadastrlari yagona tizimini yuritish, hududlar davlat kadastrining samarali yuritilishini ta’minlash;
davlat kadastrlarini yuritish tartiblariga rioya qilinishini ta’minlashga qaratilgan davlat kadastr nazoratini amalga oshirish;
g) koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyхatidan oʻtkazish, geodeziya, kartografiya va davlat kadastrlarini yuritish sohasida хalqaro hamkorlikni kengaytirish;
d) koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyхatidan oʻtkazish, geodeziya, kartografiya va davlat kadastrlarini yuritish sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni ta’minlash.
Agentlik joylashgan manzil (pochta manzili): Toshkent sh., Chilonzor tumani, Choʻponota koʻchasi, «S» massivi, 100097.
Nizomga (2) muvofiq Davlat kadastrlari palatasining asosiy vazifalari jumlasiga geofazoviy ma’lumotlarni yaratish va ulardan foydalanish, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyхatidan oʻtkazish, davlat kadastrlarini yuritish sohasida хalqaro hamkorlikni kengaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish ham kiritilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |