6-bob. Davlat kadastrlari palatasi rahbarlarining javobgarligi 28. Davlat kadastrlari palatasi raisi:
Davlat kadastrlari palatasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun;
ushbu Nizomning 19-bandida nazarda tutilgan javobgarlik sohalari bo‘yicha;
mazkur Nizomning 24-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
29. Rais o‘rinbosarlari:
Davlat kadastrlari palatasining o‘zi nazorat qiladigan tarkibiy tuzilmalarida Davlat kadastrlari palatasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun;
ushbu Nizomning 19-bandida nazarda tutilgan Davlat kadastrlari palatasining mutasaddilik qilinadigan masalalarga doir javobgarlik sohalari bo‘yicha;
mazkur Nizomning 25-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
30. Davlat kadastrlari palatasi markaziy apparati rahbarlari:
tegishli tarkibiy tuzilmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning amalga oshirilishi uchun;
ushbu Nizomning 21-bandida nazarda tutilgan Davlat kadastrlari palatasi markaziy apparatining javobgarlik sohalari bo‘yicha;
mazkur Nizomning 26-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
31. Hududiy boshqarmalar rahbarlari:
ushbu Nizomning 23-bandida nazarda tutilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarining javobgarlik sohalari bo‘yicha;
mazkur Nizomning 27-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
7-bob. Davlat kadastrlari palatasi faoliyatini tashkil etish 1-§. Davlat kadastrlari palatasi rahbariyati 32. Davlat kadastrlari palatasiga Kadastr agentligi direktori tavsiyasiga binoan Davlat soliq qo‘mitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan Davlat kadastrlari palatasi raisi rahbarlik qiladi.
33. Davlat kadastrlari palatasi raisi Kadastr agentligi direktori tavsiyasiga binoan Davlat soliq qo‘mitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan ikki nafar o‘rinbosarlarga, shu jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosarga ega bo‘ladi.
34. Davlat kadastrlari palatasi raisi bo‘lmagan vaqtda uning vakolatlari raisning buyrug‘i bilan uning o‘rinbosarlaridan biriga yuklanadi.
35. Davlat kadastrlari palatasi raisi Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) filiallari boshliqlari lavozimiga tayinlash bo‘yicha nomzodlarni Kadastr agentligi rahbariyatiga taqdim etadi.
Bunda Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) filiallari boshliqlari lavozimiga tayinlash va lavozimdan ozod etish Kadastr agentligi direktori tomonidan Davlat soliq qo‘mitasi raisi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.
2-§. Davlat kadastrlari palatasining Davlat soliq qo‘mitasi va Kadastr agentligi markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari, hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi 36. Davlat kadastrlari palatasi o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasi, shuningdek, Kadastr agentligi markaziy apparatining tarkibiy bo‘linmalari va ularning hududiy boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) bo‘linmalari hamda idoraviy mansub tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etadi.
37. Davlat kadastrlari palatasi:
Davlat soliq qo‘mitasi markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari, uning hududiy boshqarmalari, shuningdek, idoraviy mansub tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi bevosita Agentlik direktori va uning o‘rinbosarlari tomonidan;
Kadastr agentligi markaziy apparatining tarkibiy bo‘linmalari, uning hududiy boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) bo‘linmalari, shuningdek, uning idoraviy mansub tashkilotlari bilan hamkorligi bevosita rais va uning o‘rinbosarlari tomonidan ta’minlanadi.
38. Davlat kadastrlari palatasining Davlat soliq qo‘mitasi hamda Kadastr agentligi markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari va ularning hududiy boshqarmalari hamda idoraviy mansub tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi jarayonida yuzaga keladigan kelishmovchiliklar Kadastr agentligi direktorining topshirig‘iga binoan uning tegishli o‘rinbosari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Agar direktor o‘rinbosari tomonidan kelishmovchiliklarni bartaraf etishning imkoni bo‘lmasa, so‘nggi qaror bevosita Kadastr agentligi direktori tomonidan Davlat soliq qo‘mitasi raisi bilan kelishgan holda qabul qilinadi.