20. Bozor iqtisodiyoti sharoitida rejalar tizimi
Ma’lumki, milliy iqtisodiyot, jumladan, Industrial iqtisodiyotni rivojlantirish uchun aniq topshiriqlar, ya’ni xo‘jalik vazifalari va amaliy chora-tadbirlar belgilanadi. Ular reja shaklida namoyon bo‘ladi.
Reja – bu davlat ijtimoiy–iqtisodiy siyosatini, jamoa va shaxs o‘z ishlarini amalga oshirishning asosiy vositasi hisoblanadi. SHu sababli reja va rejalashtirish masalasiga alohida e’tibor beriladi va ularning mohiyati, ahamiyati, mazmuni va vazifalarini chuqur bilish zaruriyati yuzaga keladi.
Reja – bu biror ish, dastur, tadbir va shu kabilarni amalga oshirishning oldindan belgilangan tartibi, loyihasi. Ko‘pincha uni topshiriq deb ham ataydilar.
Ishlab chiqarish rejasi har xil bo‘lishi mumkin. Masalan, ijtimoiy ishlab chiqarish rejasi yoki yagona xalq xo‘jaligi kompleksining, ya’ni mamlakat xalq xo‘jaligi rejasi, milliy iqtisodiyot va uning real tarmog‘i rejasi (sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, transport va h.k.lar rejasi).
Rejaning bir qancha shakllari mavjud:
vaqti va muddatiga qarab har qanday reja soatlik, kunlik, haftalik, o‘n kunlik, bir oylik, bir kvartallik, bir yillik va bir necha yillik bo‘lishi mumkin.
rejalashtirishning maqsadi va vazifasiga ko‘ra reja ikki turga: operativ reja va texnik-iqtisodiy rejaga bo‘linadi. Bu rejaning ikkinchi turi o‘z navbatida ikki shaklda, ya’ni joriy (taktik) reja va istiqbolli (strategik) reja shakllarida bo‘ladi.
Reja tuzish va uni ro‘yobga chiqarish, ya’ni reja bajarilishini tashkil etish va nazorat qilish jarayoni “Rejalashtirish“ deb ataladi.
“Rejalashtirish“ atamasi haqida so‘z borganda shuni ta’kidlash kerakki, turli ilmiy asarlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalari, ensiklopediya va lug‘atlarda turlicha ta’riflar berilgan va ular o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Lekin O‘zbekiston SSR ensiklopediyasida “Reja“ va “Rejalashtirish“ terminlari umuman keltirilmagan, uning o‘rniga “Plan“ va “Planlashtirish“ terminlari ishlatilgan.
Mustaqillik, istiqlol va ular tufayli yuzaga kelgan keskin o‘zgarishlar bu kategoriyaning mohiyati, ahamiyati, mazmuni, maqsadi va vazifalarini tubdan tadqiq qilishni talab etadi. Ayniqsa markazlashgan rejalashtirishning tubdan o‘zgarganligi va tarmoqlar, korxonalar katta erkinlik olganliklari muammolari o‘z echimini topishi kerak.
Bozor va rejalashtirish bir birini taqozo etadi va ularni bir biridan ajratib bo‘lmaydi. Bu erda shuni aytish kerakki, mustaqillikning birinchi yillarida “Reja“ va “Rejalashtirish“ so‘zlaridan qo‘rqa boshlagan edik. Buni anglagan Respublika Prezidenti 1995 yil yakunlari va 1996 yil vazifalariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisida taajublanib shunday degan edi: “Xorijiy mamlakatlarda, agar fermer foyda olishga ishonmasa unda umuman ishga qo‘l urmaydi. Bizda-chi? Hech kim iqtisodiy tahlil bilan shug‘ullanmaydi, hech kim yil boshida hisob qilmaydi“. Bundan ko‘rinib turibdiki, yil boshida rejalar aniqlanmaydi.
Reja va rejalashtirish ma’lum ko‘rsatkichlar tizimi, ya’ni topshiriqlar majmui tariqasida aks ettiriladi. Ular rejaning asosiy g‘oyasi, maqsadi va vazifalarini ifodalaydi hamda natijalarini tavsiflaydi. Ko‘rsatikichlar yordamida bir qator funksiyalarni baholash, hisob-kitob qilish va topshiriqlarning mutanosibligini ta’minlash mumkin.
Reja tuzish jarayonida qo‘llaniladigan barcha ko‘rsatkichlarning belgilanish tartibi, ishlab chiqarish xodimlarining xo‘jalik faoliyatida qo‘llanish miqyosi va vazifasiga qarab guruhlarga ajratilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |