43. Mineral xomashyo va ulardan oqilona foydalanish
Xomashyodan ratsional foydalanish – sanoat xomashyo bazasini kengaytirish va mustahkamlashning muhim manbaidir. Iqtisodiy nuqtai nazardan xomashyodan maqsadga muvofiq va ratsional foydalanishda ko‘p jihatdan qayta ishlovchi sanoat tarmog‘i yoki korxona uchun xomashyoni to‘g‘ri tanlash katta ahamiyatga ega.
Xomashyo xususiyatini va sifatli texnologik jarayonni tanlashga va uning progressivlik darajasiga, mashinalardan va vaqtdan foydalanish darajasiga, ishlab chiqarish siklining uzunligi va umuman ishlab chiqarishning barcha texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlariga ta’sir ko‘rsatadi.
Hozirgi paytda har bir sanoat tarmog‘ida bir necha tur xomashyo qo‘llaniladi. Ayrim tarmoq uchun qaysi xomashyoni tanlab olish maqsadga muvofiq ekanligini aniqlash uchun quyidagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha turli xomashyolarni qiyoslash zarur: solishtirma kapital xarajatlari; mehnat unumdorligi; mahsulot tannarxi; mahsulot sifati; mahalliy xomashyodan maksimal foydalanish; kamyob bo‘lmagan xomashyodan foydalanish; ishlatilmaydigan chiqindilardan foydalanish mumkinligi; sun’iy materiallardan foydalanish mumkinligi; xomashyoning progressiv texnologiya talablariga javob berishi; xomashyoning bo‘lg‘usi tayyor mahsulot sifat ko‘rsatkichlariga javob berishi; ma’lum davrda ma’lum tarmoqda qo‘llashning iqtisodiyot nuqtai nazaridan maqsadga muvofiqligi; ayrim hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari; ayrim tarmoqlardagi texnika taraqqiyoti.
Qazib chiqarish tarmoqlarida va qishloq xo‘jaligida olinadigan xomashyo va materiallar bevosita mahsulot olish uchun qayta ishlashdan oldin bir marta ishlanadi. Bundan maqsad, xomashyoni unda bo‘lgan keraksiz qo‘shimchalardan tozalashdir.
Xomashyodan to‘liq va har tomonlama foydalanib, uning turli qismlaridan turli xil mahsulotlar olish uchun xomashyodan kompleks foydalanish kerak.
Xomashyo resurslarini kengaytirish va tejashning yana bir yo‘li xomashyo va materaillardan qayta foydalanishdir. Masalan, edirilgan mashinalar, binolar va eski texnikalarning metall qismlari, buzilgan binolarning g‘ishtlari, qog‘oz materiallari va boshqalardan sanoatda qayta foydalanish mumkin.
O‘zbekiston sanoati o‘zining juda katta xomashyo bazasiga ega. Mustaqillik va bozor iqtisodiyotiga kirib borish mamlakatning xomashyo resurslarini yanada ko‘paytirishni va mavjud tabiiy boyliklardan oqilona foydalanishni talab etadi.
Sanoat xomashyo bazasi rivojining asosiy yo‘llari quyidagilardan iborat: xomashyo yangi manbaalarini aniqlash bo‘yicha geologik-qidiruv ishlarini kengaytirish, undiruvchi sanoat tarmoqlarini tezlik bilan rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining sanoat uchun etarli darajada mahsulot etishtirishini ta’minlash va tovarlilik qobiliyatini kuchaytirish, sun’iy materiallarni turli xillarini yaratish va h.k.
Xomashyo resurslaridan foydalanishda tejamkorlik tamoyi-lidan to‘la-to‘kis foydalanish hozirgi davrning eng muhim muammosi hisoblanadi. SHu sababli, xomashyodan oqilona foydalanish maqsadida uni qayta ishlash jarayonida tegishli sanoat tarmog‘i uchun maqsadga muvofiqligini aniqlash, xomashyo materiallarini dastlabki qayta ishlash va boyitish, xomashyodan kompleks foydalanish, materiallardan ikkinchi marta foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi zarur. Bu chora-tadbirlarni amalga oshirishda fan-texnika taraqqiyoti, ayniqsa kimyoviy vositalardan foydalanish va yangi texnologiyalarni joriy etish, tashkilotchilik, tejamkorlik va uni rag‘batlantirish alohida ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |