Bog'liq Industirial iqtisodiyot SamDU 2022 yozma javoblar (1)
41.Sanoatda xomashyo, uning xususiyatlari va turkumlanishi
Qayta ishlovchi barcha sanoat tarmoqlarining ishlab chiqarish jarayonida qatnashuvchi elementlardan biri xomashyodir, chunki xomashyosiz hech qanday mahsulot ishlab chiqarish mumkin emas.
Xomashyo deb, qazib olish yoki ishlab chiqarish uchun ma’lum darajada mehnat sarflangan va shu mehnat natijasida bir qadar o‘zgargan mehnat buyumiga aytiladi. Xomashyo – asosiy va yordamchi materiallarga bo‘linadi.
Asosiy xomashyo deb, tayyor mahsulotning material (moddiy) asosini tashkil qiluvchi mehnat buyumiga aytiladi. Tayyor mahsulot tarkibiga kiruvchi yoki asosiy xomashyoni qayta ishlashga zarur sharoit yaratib beruvchi qolgan barcha mehnat buyumlari yordamchi materiallar deb ataladi. Mehnat buyumlarining mahsulot ishlab chiqarishda qay tarzda qatnashishiga qarab ular ham xomashyo (asosiy xomashyo), ham yordamchi material bo‘lishi mumkin. Masalan, neft yoqilg‘i sifatida yordamchi material
bo‘lsa, benzin yoki kerosin ishlab chiqarishda esa xomashyodir.
Xomashyo keng miqyosda iste’mol buyumlari hamda ishlab chiqarish mahsulotlari olish uchun ishlatiladigan tabiiy materiallardan iborat bo‘lib, u quyidagi talablarga javob berishi kerak:
miqdori jihatidan etarli bo‘lishi;
qazib olish arzon va oson bo‘lishi;
texnologik jarayonlar oson borishi kerak.
Har bir xomashyo mehnat buyumlaridir, Lekin har bir mehnat buyumi xomashyo emas. Mehnat buyumi mehnat vositasi bilan ma’lum darajada o‘zgargandan keyingina xomashyo bo‘ladi. Er ostidagi foydali qazilmalar, yovvoyi hayvonlar, daraxtlar va hokazolar xomashyo bo‘lmay, balki potensial tabiiy boyliklardir.
Mehnat vositasi yordamida ovlangan hayvonlar, qazib olingan ma’danlar, kesilgan daraxtlar va boshqalar xomashyo hisoblanadi.
Ishlab chiqarish jarayonida bir yoki bir necha bosqichda qayta ishlangan bo‘lsa-yu, lekin tayyor mahsulot sifatida iste’mol qilina olmasa, u yarim fabrikat deb ataladi.
Hayotda yarim fabrikat uni ishlab chiqargan ishlab chiqarish nuqtai nazaridan qaraganda tayyor mahsulot, iste’mol qiluvchi ishlab chiqarish nuqtai nazaridan qaraganda xomashyo hisoblanadi.
Xomashyo resurslarini xomashyodan farq qilmoq kerak. Xomashyo resurslariga mamlakatdagi foydali qazilmalar konlari, o‘rmon maydonlari, uy hayvonlari va shu kabi tabiiy boyliklar kirsa, ular qazib chiqarilgan yoki ishlab chiqarish uchun mehnat sarflangandagina ular xomashyoga aylanishi mumkin.
Xomashyo ishlab chiqarish jarayonining asosiy elementi sifatida sanoat ishlab chiqarishiga va uning iqtisodiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Sanoatning qayta ishlovchi tarmoqlarida xomashyo va yoqilg‘i xarajatlari ishlab chiqarishga sarflangan xarajatlari hajmida eng katta salmoqqa egadir. SHuning uchun sanoat korxonalari faoliyatining iqtisodiy ko‘rsatkichlari ko‘p jihatdan tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun ketgan xomashyo va yoqilg‘i xarajatlari darajasiga bog‘liq bo‘ladi. Sanoat mahsuloti tannarxida xomashyo, yordamchi materiallar va yoqilg‘i xarajatlari butun sanoat bo‘yicha o‘rtacha 70 foizni tashkil etadi. SHuning uchun xomashyoni tejab ishlatish sanoat mahsuloti tannarxini pasaytirishda, ishlab chiqarish quvvatlaridan yaxshi foydalanishda va ishchilar mehnatining unumdorligini oshirishda katta rol o‘ynaydi.
Material ko‘p sarflanadigan tarmoqlarda xomashyo va material-lardan oqilona foydalanish mahsulot tannarxini pasaytirishning asosiy manbaidir. Mashina va uskunalarning unumli ishlashi va tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun vaqtning sarflanish darajasi xomashyo sifati va uning turiga bog‘liq. Sanoatdagi xomashyolar xilma-xil bo‘lib, ular quyidagi turlarga bo‘linadilar:
sanoat xomashyosi;
qishloq xo‘jaligi xomashyosi.
Sanoat xomashyosi turli belgilarga ko‘ra quyidagicha turkumlanadi:
kelib chiqishiga ko‘ra – tabiiy va sun’iy;
agregat holatiga ko‘ra - qattiq, suyuq hamda gazsimon;
kimyoviy tarkibiga ko‘ra – organik va anorganik;
ishlatilishiga ko‘ra – ozuqabop va texnik turlarga bo‘linadi.
Qishloq xo‘jaligi xomashyosi ikki turga, ya’ni o‘simliklardan olinadigan xomashyolar va hayvonlardan olinadigan xomashyolarga bo‘linadi.