8-Mavzu: O’rta asrlarda Yevropa fani
Reja:
1. Ilk O’rta asr yevropasida madaniy-ma’rifiy va mafkuraviy jarayonlar.
2. Yevropada dastlabki oliy maktablar universitetlarning paydo bo’lishi.
3. O’rta asrlar Yevropasida din
Mavzuga oid tayanch tushuncha iboralar: sxolastika, xuqqaboz, benefitsiy, Vergeld, varvar, graf, domen, dyakon, eretik, gumanist, uyg’onish, yangi zamon, cherkov, buyuk geografik kashfiyotlar, ixtirolar, manufaktura.
1. Ilk O’rta asr yevropasida madaniy-ma’rifiy va mafkuraviy jarayonlar.
O’rta asr universiteti fani sxolastika deb atalardi. Sxolastika o’rta asrning asosiy fani hisoblangan teologiyada o’zining eng yorqin ifodasini topgan edi. Sxolastikaning asosiy xususiyati biror-bir yangi narsani kashf etish emas, balki xristian dinining mazmunini tushuntirish va uni bir sistemaga solishdangina iborat edi. Xristian ta’limotining asosiy manbalari bo’lgan muqaddas yozuv va muqaddas rivoyatga tayangan sxolastlar qadimiy faylasuflardan, asosan Aristotelga tegishli o’gitlarni dalil qilib keltirib, o’z fikrlarini isbotlashga harakat qilardilar. O’rta asr ta’limoti Aristoteldan turli xil murakkab mulohaza yuritish va xulosa chiqarish tarzida mantiqiy bayon qilish formasini qabul qilib oldi. O’rta asr olimlari teologiya-falsafiy masalalar bilan shug’ullangan paytlaridagina emas, balki tabiatni o’rgangan paytlarida ham shaxsiy obro’-e’tibor g’oyat katta rol o’ynagan, lekin amaliy tajriba kichik miqyos kasb etgan edi. Masalan, o’rta asr zamonlarida geografiya sohasida Aristotelning va boshqa qadimiy avtorlarning orbo’-e’tibori begumon bo’lib, uning to’g’riligiga hech kim shak-shubha qilolmasdi. Meditsinada bir qancha bid’at-xurofotlar mavjud bo’lib, bu bid’at xurofotlar asrlar bo’yicha mustahkam saqlanib keldi, chunki o’rta asrlar davrida Sivisektsiya singari zaruriy eksperiment deyarli o’tkazilmasdi va murdalar anatomiyasi bo’yicha muntazam ish olib borilmasdi. Anatomiyaga doir ba’zi bir bilimlar-ko’proq arab meditsina kitoblaridan olingan edi. O’rta asrlar davrigacha etib kelgan vrachlik ishlariga doir bir necha qadimiy traktatlar singari, arablarn_ing bu kitoblari ham Evropada shak shubhasiz obro’-e’tibor qozongan edi.
O’rta asr davrida uch xil maktab bor edi. Cherkov va monastirlar huzurida tashkil etilgan quyi maktablar elementar savodli dindor shaxslar — kliriklar tayyorlashni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan edi. Bu maktablarda lotin tilini (katoliklarning toat-ibodat qilishi shu tilda olib borilgan) o’rganishga, ibodat qilish va duolar o’qish tartiblarini o’rganishga asosiy e’tibor berilar edi. Ko’proq episkoplik kafedralari huzurida vujudga kelgan o’rta maktabda etti «erkin san’at»ni (grammatika, ritorika, dialektika yoki logika, arifmetika, geometriya, geografiya, astronomiyava muzika ham shunga kirardi) o’rganish tajriba qilinardi. Birinchi uch fan trivium, so’nggi to’rttasi — kvadrivium deb atalgan. Keyinroq «erkin san’at»ni oliy maktabda o’rganila boshlagan, unda bu fanlar kichik (artistik) fakultetdagi o’qitishning mazmunini tashkil etgan. Oliy maktab dastlabki vaqtda «umumiy fanlar» deb atalgan, keyin, bu nomni bashqasi — universitetlar degan nom surib chiqargan. Birinchi universitetlar XII asrda bir qismi teologiya va falsafa sohasida eng yirik professorlari bo’lgan episkop maktablaridan, bir qismi xususiy muallimlarning —falsafa, huquq (Rim huquqi) va meditsina mutaxassislarining birlashmalaridan kelib chiqqan.
Do'stlaringiz bilan baham: |