3. O’rta asrlar Yevropasida din
O’rta asr madaniyati cherkov diniy mafkura bilan chambarchas bog’langan edi. Cherkov ta’siri o’rta asr madaniyatining juda turli-tuman sohalarida: fanda, maktabda, adabiyotda, san’atda aks etdi. O’rta asr jamiyatida cherkovning ahamiyati juda katta edi. Cherkov Evropa mamlakatlarining har bittasida eng yirik er egasi edi. Turli korolliklardagi erlarning deyarli uchdan biri cherkov korporatsiyalariga qarardi. Cherkov katta siyosiy kuch edi.
Ruhoniylar o’z oralaridan qirol amaldorlari, kantslerlar, davlat sekretarlari, markaziy muassasalarning amaldorlari va boshqalarni etishtirib chiqardilar. O’rta asrdagi toifaviy yig’inlarda (General shtatlar, parlament, korteslar va h. k.larda) ruhoniylarning vakillari ko’plab qatnashardi. Lekin mafkura masalasida cherkov ayniqsa katta rol o’ynar edi. Cherkov o’z obro’-e’tibori bilan o’rta asr feodal tuzumini muqaddaslashtirgan bo’lib, feodal jamiyatining diniy rahbari hisoblanar edi.
Xalq ommasi tarbiyalangan o’rta asr dunyoqarashining xarakterli xususiyatlaridan biri—diniy asketizm edi. Asketizm ta’limotiga ko’ra, er yuzidagi hayot insonning o’zi va uning gavdasi gunoh va yovuzlikning mujassamlashgani emish. Dinga ishonuvchi insonning burchi—narigi dunyodagi, ya’ni oxiratdagi eng a’lo hayotga o’tish tayyorgarligi ko’rish uchun erdagi azob-uqubatlaridan o’z jonini asta-sekin xalos etishdan, insoniy «havaslar» bilan to’xtovsiz kurashishdan iborat emish. Buning uchun cherkov odamlarga ro’za tutish, ibodat qilish, chilla o’tirish va h. k. l.arni tavsiya etdi. Tarki dunyo qilib ibodatxonaga (monastirga) ketish eng oliy darajadagi jasurlik deb hisoblandi. Amalda esa asketizm uncha izchillik bilan olib borilmadi. Quturgan va beadab feodallar, albatta, asket bo’lishni hatto o’ylariga ham keltirmadilar. Ruhoniylarning o’zlari, xususan, ularning oliy martabali vakillari, aslida dunyoviy feodallarning turmush tarziga ergashib hatto o’zlarining asketik qoidalarini ham qo’pol ravishda buzardilar. Shaharliklar va dehqon xalq ommasi hayotining butun alam va kulfatiga bardosh berib «osoyishta» mehnat qilib kun kechiravergan. O’rta asr jamiyati yoppasiga monastirlardan iborat bo’lib, unda odamlar faqat chilla o’tirardilar va toat-ibodat bilangina mashg’ul bo’lardilar, deyilsa, albatta xato bo’lur edi. Ammo, shunga qaramasdan, asketizm rasmiy ta’limot bo’lib, u cherkov kafedrasidan turib propaganda qilinardi, maktabda yoshlarga o’rta asr davri adabiyotining ko’pgina xillariga zaruriy element bo’lib kirgan asketizm ta’limoti o’qitilardi. Turli sinflarga mansub bo’lgan kishilarning anchaginasi ozmi-ko’pmi asketizmni yoqlab, uning qoidalarini ba’zan jiddiy ravishda bajarardi. O’rta asrlar davrida asketizm diniy hukmronliqning eng yaqqol ifodasi edi. Bu vaqtlarda aniq fanlar endigina kurtak otib kelayotgan edi, insonning tabiat kuchlari ustidan hokimligi hali uncha takomillashmagan edi, ijtimoiy munosabatlar esa keskin antagonistik va krepostniklik asosiga qurilgan bo’lib, xalq ommasi doimo azob-uqubat chekar, lom-mim deb ovoz chiqarmas, qo’rquv vahimada kun kechirar va oxiratdagi jannat-arsh a’lo haqida xayol surar edi. Biroq o’rta asr dunyoqarashiga cherkovning ta’siri hamisha birdek kuchli emas edi. Ilk o’rta asr davrida—taxminan X1 asrning ikkinchi yarmigacha o’rta asr jamiyatiga ideologik rahbarlik eng ko’p cherkov monopoliyasida bo’ldi. So’ngra, XII—XIII asrlar cherkov ideologik rahbarlikni rasman o’z qo’lida tutib turgan va hatto uni ayrim formalarda kuchaytirgan bo’lsa-da (universitetlarning ravnaq topishi, tugal falsafiy-teologik sistemasining — sxolastikaning vujudga kelishi va h. k.), ammo ayni zamonda, bu davrda Evropadagi cherkovdan tashqari va hatto qisman unga qarshi ham madaniyat rnvojlandi. Shahar byurgerlari adabiyotining, uning antifeodal va realistic tendentsiyalarining tarkib topishi va ruhoniylarga keskin hujumlar qilish jamiyatni cherkovning ideologik vasiyligidan ozod qilish bobida boshlanib ketgan jarayonni yaqqol ko’rsatdi.
Nazorat savollari:
Xristian cherkovining asosiy mohiyati nimalardan iborat edi?
Dastlabki slavyan yozuvlarining shakllanishi qay tarzda amalga oshdi?
Antik dunyodan o’rta asrlarga o’tishning sabab va oqibatlari.
Birinchi universitetlarning tashkil topishining sabalari?
Xristian falsafasining mohiyati?
Dastlabki qomuslarning Evropada vujudga kelishi.
Do'stlaringiz bilan baham: |