1-dars. Abdulla Qahhor “O‘tmishdan ertaklar” qissasi va “Sarob” romani
Reja:
1. Abdulla Qahhorning qissachilik maktabi
2. ”Sarob”ning mashaqqatli qismati
3. Abdulla Qahhor saboqlari
“O‘tmishdan ertaklar“ yozuvchi ijodining o‘ziga xos yakuni, so‘nggi cho‘qqisi bo‘ldi. “O‘tmishdan ertaklar” muallifning bolalikda ko‘rgan-kechirganlari haqidagi avtobiogragik asar, biroq o‘zbek adabiyotidagi mavjud avtobiografik asarlardan.Bu asar Oybekning “Bolalik” qissasidan keskin farq qiladi. Bola obrazi Oybek qissasida birinchi o‘rinda tursa, “O‘tmishdan ertaklar”da bola Abdulla obrazi orqa o‘rinda turadi, u asosan “kuzatuvchi”, “guvoh”, “xolis hikoyachi” tarzida beriladi; yozuvchining asosiy diqqat-e’tibori bola guvohligida oilada, oila tevaragida yuz bergan voqealarni chizishga qaratilgan. Qissada yozuvchi hikoyanavisligicha qoladi, oxirgi “Qo‘qon xarobalari orasida ” bobini mustasno etganda , qissaning sarlavhalangan deyarli har bir bobi tugal hikoyadir, fojeali ruhdagi voqeiy novellalardir. Qissada inson sha’ni, qadri bilan bog‘liq alamli o‘y-tuyg‘ular, jaholatga qarshi isyon bu qissada adibning so‘nggi faryodi kabi yangradi.
“O‘tmishdan ertaklar” nafaqat yozuvchi ijodiy bisotidagi , balki XX asr o‘zbek adabiyotidagi Cho‘lpon lirikasidan keyingi eng fojeiy, eng g‘amgin, eng mungli asardir. Qissaga A. Oripovning quyidagi satrlari epigraf- bosh so‘z qilib olingani bejiz emas:
“Eshilib, to‘lg‘onib, ingranadi kuy,
Asrlar g‘amini so‘zlar”Munojot”.
Kuyi shunday bo‘lsa, g‘amning o‘ziga
Qanday chiday olgan ekan odamzod”
Abdulla Qahhor ijodidagi, jumladan, “O‘tmishdan ertaklar”dagi “o‘quvchida juda og‘ir taassurot qoldiruvchi” zulmat – tarixning malomatli sahifalari”, “qora bo‘yoqlar”ning quyuqligi, nurli jihatlarningzaifligi nuqson emas, asarning o ziga xos xususiyati va fazilatidir.
Bir joyda qo‘nim topolmay, qishloqma-qishloq ko‘chib, azondan kechgacha ter to‘kib ishlab, tinimsiz temir taqillatib, kichkina xonadon dasturxonini to‘kin qilolmay, armonda yurgan omadsiz ota, sakkizta bolasini qora yer bag‘riga berib, o‘jar qaynona dag‘dalari, dardabar hayot mashaqqatlari tufayli ozib-to‘zib, “arvoh” holiga tushgan mushtipar ona, shafqatsiz darbadar turmush, tahqir-u xo‘rliklardan “indamas”, “soqov”ga aylangan bola haqidagi lavhalar kitobxonning yurak-bag‘rini ezib yuboradi. Yozuvchi mehnatkashlar hayotiga oid biri-biridan ayanchli, biri-biridan dahshatli lavhalar keltiradi.Yo‘qchilik, jaholat qurboni Babarning mudhish taqdiri, ochilmasdan gulg‘unchaligida xazon etilgan “hur qiz” – Sarviniso halokati – har biri dahshat, fojia! Jo‘n, ba’zan tasodifiy xatti-harakatlar juda ko‘ngilsiz va dahshatli oqibatlarga olib keladi. “O‘likning yog‘ini, tirikning tirnog‘ini yeyishga tayyor” turgan “ajdaho” To‘raqul vofurush, o‘jar dog‘uli Valixon so‘fi, olg‘ir, mug‘ambir ellikboshi , oqpodshoning arzandasi yuzboshi bilan bog‘liq hikoyalar dillarni larzaga soladi.
Qissada goho ko‘ngilga huzur baxsh etuvchi nurli lavhalar, kishilararo hazil-mutoyibalar ham uchraydi, biroq bu quvonchli daqiqalar uzoqqa bormaydi, tezda avvalgisidan battarroq, dahshatliroq hodisalar bilan almashadi.
Ijtimoiy tengsizlik, adolatsizlik, qonunsizlik, jaholat avj olgan yurtda ma’rifat, ijtimoiy adolat uchun olib borilgan kurash usuli ko‘pincha ma;nisiz,behuda, hattoki vahshiyona tus oladi: “Qishloqqa ilm-ma’rifat urug‘ini sochgani kelgan ” Muhammadjon qorining yangicha usuldagi ta’lim maktabi johil kimsalar tomonidan xonavayron etiladi. Usta Abduqahhorning akasi qizi Sarvinisoni urib o‘ldirib qo‘yganda bu qotillik uchun hech kim hech narsa demaydi, aksincha bu ishni yaqin kishilar “yopti-yopti” qilishga urinadilar. O‘zbek adabiyotida ma’nisiz hayotning bu xildagi mudhish manzaralari hech qachon shafqatsizlik bilan ifoda etilgan emas.
“Sarob” asari haqida
Bu roman xazon bo‘lgan muhabbat, uvol bo‘lgan umr dostonidir. Ikki ko‘rkam yoshning, bir-biriga munosib, aslida baxt uchun tug‘ilgan, ammo shaxsiyatidagi, tabiatidagi ojizliklar, qolaversa, jamiyatdagi ziddiyatlar tufayli hayotda o‘z o‘rnini, baxtini topolmagan navqiron avlodning achchiq fojiiy qismati, ruhiy iztiroblari, oh-zorlari to‘g‘risidagi asardir.
Saidiy bilan Munisxon muhabbati, ular umrining zavol topishida ular tushib qolgan sharoit, vaziyatning, ziddiyatlarga to‘la davrning hissasi, ta’siri katta.
Saidiy yozuvchi nasridagi yetakchi personajlar kabi hayot shafqatsizliklari toptab tashlagan, xo‘rlangan, tahqirlangan, mute, itoatkor, omadsiz shaxs.
Unda chin iste’dod sohibi uchun zarur shart – mustaqillik, jur’at, jasorat yetishmaydi. Hayotidagi eng quvonchli, totli onlari uning Munisxon bilan ilk uchrashuv, muloqot damlaridir. Biroq mana shu baxtni ham asrab qololmaydi.Kitoblardagiday farovon turmushga erishish, mashhur yozuvchi bo‘lib yetishish orzusida tayanch – sharoit mashhur yozuvchi bo‘lib yetishish orzusida tayanch – sharoit qidirib, badavlat odam – Murodxo‘ja domla xonadoniga ichkuyov bo‘lib keladi. Munisxondek farishta qolib, o‘z taqdirini Soraxondek tasqara bilan bog‘laydi. Bu hol Saidiy tabiatidagi ojizlik, subutsizlik, hayotda yo‘l qo‘ygan xatolarning eng qaltisi va xatarlisi, shaxsiy inqirozning avj nuqtasidir. Saidiyning ko‘ngilsiz vaziyatga o‘zini ko‘niktirish, Soraxondan “fazilat”lar qidirish jarayoni tasviri yozuvchining noyob badiiy kashfiyotidir. Shunday hol Munisxonda ham kuzatiladi. Munisxon ham Saidiydek ko‘rkam yigit qolib, vaziyat taqozosi, akasining amri bilan ma’naviy tuban, ko‘rimsiz, jirkanch odamga zo‘rlab uzatiladi.Munisxon ham bu vaziyatga ko‘nikish, jirkanch kishidan “fazilat” qidirish azobini chekadi. Ojiz qolgan Munisxon alamini yig‘idan, Saidiy esa ichkilikdan oladi. Saidiyning ichki hayoti bilan tashqi hayoti orasidagi kundan-kun o‘sib borayotgan qarama-qarshilik uning joniga qasd qilar darajasiga yetadi; u telba holga tushadi, o‘lim qidirib, bu dargohdan bosh olib ketadi.”Sarob”ni o‘qigan kitobxon inson farzandi hayotda hamisha mustaqil, o‘z taqdiri uchun mas’ul, yuksak e’tiqod yo‘lida sobit va kurashchi bo‘lishi darkor, degan xulosaga keladi.
Asar 1934-yilda yozilgan bo‘lib, adib unda 1920-yillar oxiri, 1930-yillarning boshlaridagi “millatchilar” deb atalgan ijtimoiy kuchni mahv etishi o‘z g‘oya va orzularini amalga oshirolmay, inqirozga yuz tutishi jarayoni badiiy jihatdan ko‘rsatib berilgan. Asarda bosh qahramon – Rahimjon Saidiy, uning hammaslaklari Salimxon, Abbosxon Murodxo‘ja singari obrazlar orqali sho‘rolarga qarshi olib borilgan maxfiy kurashlar gavdalantirilgan. Asarda “Saidiylar yo‘li halokatli yo‘ldir, bu orzular hech qachon amalga oshmaydigan ro‘yo va sarobdir”, degan badiiy xulosa chiqarilgan. …”Sarob ”-sovet voqeligi haqida o’zbek adabiyotida yaratilgan birinchi roman hisoblanadi.undagi voqealar tahminan 1923-1929 yillar davomida sodir bo’ladi…
Asar qahramonlari quyidagilar: Saidiy, Munisxon (o‘zini o‘zi otib o‘ldirgan), Murodxo‘ja domla, Soraxon va boshqa.
Do'stlaringiz bilan baham: |