SHAXSLAR OBRAZI
I. Ustozlar timsoli
A leksandr Makedonskiydan ustozi Aristotelni otasi Filippdan ham ustun qo‘yishi sababini so‘raganlarida u shunday javob bergan ekan: “Otam meni osmondan yerga tushirdi (dunyoga keltirdi), ustozim esa zamindan falakka ko‘tardi (ruhan, ma’nan yuksaltirdi)”. Do‘zax darvozasidan ichkariga qadam bosgan Dante Aligyerining ham o‘z ustoziga – Vergiliyga nisbatan muhabbati buyukdir. Shu muhabbat sabab ilohiy kuchlar aynan o‘sha Rim shoirini Dantega madad berishga yo‘lladi. Bu ustoz ham o‘z shogirdini yerdan samovotga boshlaydi. Faqat buning uchun dastlab zamin ostini kezib chiqmoq darkor. Ushbu safar esa Vergiliyning peshonasiga bitilgan joy – Limbodan boshlanadi. Konstruktor Dante bu vodiyni mantuyalik shoir va uningdek juda ko‘plab ustoz allomalar, shuningdek, suyukli qahramonlar uchun maxsus “bunyod etgan”. Biroq taassufki, ularning birortasi ham xristian emas. Shu sabab ziyonsiz esa-da, Do‘zaxning (!) qavati bo‘lgan Limboga bu zotlar hukm qilingandir. Vergiliy sayohat davomida ushbu holni bir necha bor chuqur nadomat bilan ta’kidlaydi:
124 Chunki arsh xoqoni barhaq xalloqqa,Aning ahkomiga tersligim uchun…
(Do‘zax, I);
37 Nasoron dinini kimki bilmadi –12 Osiydir bir qadar, men ham o‘shandoq. G‘oyat buyuk bo‘ldi buning kulfati.
(Do‘zax, IV)
Ustozning ushbu iztiroblari jahannam azobidan emas, balki o‘z vaqtida Haqni to‘la anglamaganlik oqibatida yuzaga kelgan vijdon azobidandir. Vergiliy bunday ayblardan shogirdning xoli bo‘lishiga umid qiladi, bundan tashqari, o‘zlarining shonli yo‘li Dante faoliyatida davom etishiga rag‘bat bildiradi (Antik Gretsiya va Rim madaniyati vorisi italyan Renessansi ekanligini eslang!). Bu rag‘bat, bu ruhiy quvvat samarasi nafaqat she’riyat, fikrlar, g‘oyalar borasida, qahramon masalasida-da aks etgan. Ma’lumki, Rim saltanati va italyan diyori kuylangan “Eneida” hamda “Komediya”ning mualliflari bosh personaj sifatida yangi eraga asos soluvchilar – Eney (Troyaning merosxo‘ri sanalmish Rimning bunyodkori) hamda Dante (Antik Rimning vorisi bo‘lmish Italiya Rinashimentosi asoschisi)ni tanlaganlar. Bu ikki qahramon taqdirida yana bir juda katta o‘xshashlik mavjud. Ya’ni ular tanu ruhlari ajralmagan holda ruhlar dunyosiga sayr qilishdek inoyatga sazovor bo‘lishgan. “Ilohiy komediya”da Dantening bu borada ham ilionlik pahlavonga davomchi ekanligiga ishora etilgan:
13 Sen deysan, Silviylar padari u dam13 Hayot zanjiridan bo‘lmayin xalos Baqo dunyosiga qo‘ygandi qadam. (Do‘zax, II)
Lekin egizlik asosida hamisha juda yirik tafovut yotadi: Vergiliyning “farzand”i, aniqrog‘i, o‘zi bo‘lgan Eney g‘ayridinligi vajidangina Jannat yoki A’rofda emas. Bu qusur Dante taqdirida takrorlanmagay.
Eney Vergiliyning o‘zi, dedik. Chunki shoh qahramon san’atkorning qalbi markazida vujudga keladi. Shoir organizmining bir butun qismidir u. “Eneida”dagi bu butunlik (Vergiliy + Eney) “Komediya”da ikkiga ajratilgan (Vergiliy – Eney) va lekin baribir ushbu bo‘linish umumiy vaziyatda konstruktor Dante tomonidan qayta birlashtirilgan. Ya’ni Vergiliy ham, Eney ham Limboga mansubdirlar.
Dante ko‘p jihatdan qadim Rim shoiriga hamohang bo‘lsa, “Limbo” deb atalmish vujudning Vergiliy qatori bir a’zosi hisoblangan Homerga shuncha zid turadi. Avvalambor, qayd etmoq lozimki, gretsiyalik oqin shoir Dantening eng aziz, qadrdon besh ustozidan biridir. U – mazkur beshlikning dastlabki bo‘g‘ini. So‘ngra Goratsiy, Ovidiy, Lukan, va nihoyat, Vergiliy xamsaning keyingi qismlarini tashkil qilganlar. Ushbu shonli guruhga Dante o‘zini ham qo‘shadi:
“Hammadan oldinda, qo‘lida shamshir,14 Ruxsori ulug‘vor, qadami sokin 88 Gomer kelar edi, shoirlarga pir, Ortida Goratsiy – shaddod qalamkash, Undan so‘ng Ovidiy va Lukan shoir. 91 Bizni tutashtirar buyuk nom yakkash,..” ; 100 Ularning safiga kirganim zamon15 Sharafim oshardi mening tobora. Safda men oltinchi zot edim, shodon. (Do‘zax, IV)
E’tibor qilinsa, Vergiliy va Dantening o‘zaro baqamti (beshinchi va oltinchi) ekanligi ko‘zga tashlanadi. Bu jihat yuqorida ta’kidlaganimizdek, bu ikki ijodkorning nihoyatda yaqinligidan dalolatdir. Ushbu buyuk safning boshidagi Homer bilan oxiridagi Dante o‘rtasida esa masofa kengaygan sari konflikt kuchayganidek, keskin bir ziddiyat yuzaga kelgan. Bunday holni albatta, narigi dunyodagi Homer va Dante emas, balki ko‘proq yozuvchi Homer hamda Dante o‘rtasida kuzatish mumkin. Qarama-qarshiliklarning bosh sababi ijodkorlarning siyosiy qarashlari, aniqroq aytganda, Troyaga munosabatlarining har xilligidir. Mazkur omilda ham muhim rol o‘ynovchi – bosh qahramon. U ham muallifning o‘zi16. U ham Troya urushida ishtirok etgan buyuk pahlavon, ma’budzodadir17. Faqat o‘sha shaxsning Eneydan farqi shuki, u Ilionga qarshi kurashgan (!) hamda zinoga botgan. Mana shu ikkinchi xususiyati uchungina konstruktor Dante uni Homerdan “ayirib”, fahshga berilganlar joylashgan ikkinchi doiraga bandi qilgan. Bu personaj “Iliada”da g‘azablari kuylangan, shu asarning markazida turgan Axillesdir. Homer tomonidan musbat, Dante tarafidan manfiy baholangan ana shu nozik tovon bahodir Pir va Muridni ikki qutbga bo‘linishga majbur etgan bo‘lsa, uni Troya fathiga chorlagan ayyor Odissey (Uliss) hamda Diomed esa vaziyatni yanada keskinlashtirgan:
55 Yo‘lboshchim dediki: “Bul ikki o‘rtoq18 Uliss va Diomed – gunohi o‘xshash, Endi azobi ham bir xildir, mutloq.
58 Asl rumliklarning shahriga sarkash Kiritib qachondir soxta, yog‘och ot, Devorlarni buzgan g‘ayur, tarafkash.
61 Deydamiya esa chekkancha faryod Do‘zaxda balokash Axillni chorlar,Palladiy tufayli ushbu mukofot. (Do‘zax, XXVI)
Bir vaqtlar hiyla bilan ana shu itakalik kimsa hamda Diomed Axillni oqibati halokat bo‘lgan jangga borishga ko‘ndirgan, eng dahshatlisi, Odissey yunonlarga Ilionga mash’um yog‘och otni kirgizishni maslahat bergan edi. Troyaliklarning tarafdori bo‘lgan Dante ikki grek yigitini shu gunohlari sabab Do‘zaxning sakkizinchi doirasidagi ayyor maslahatchilar makoni – sakkizinchi bo‘limga “joylashtiradi”. Bu bilan qanoatlanmay, “Odisseya” muallifining fikrlariyu u yaratgan syujetga ters o‘laroq italyan adibi Ulissning bu dunyodagi hayoti vataniga qaytib emas (!), balki pishqirgan dengiz to‘lqinlari orasida, g‘urbatda tugaganini uqtiradi (Bu to‘g‘rida Odisseyning o‘zi narigi dunyoda ikki sayohatchiga so‘zlab beradi). Shu ma’lumotlarning o‘ziyoq Axillesning (ikkinchi doira) va, ayniqsa, Odisseyning (sakkizinchi doira) darajama-daraja ilk doiradagi Homerdan uzoqlashtirilishi bilan Danteyu daho rapsod aro keskin konfliktning oliy cho‘qqisiga yetganini ko‘rsatishi mumkin.
Yozuvchi Dante nigohi bilan qaralsa, Homer – Dante + Vergiliy ziddiyati qahramonlar timsoliga ko‘chganda Ilionni yo‘q qilgan Odisseyu Diomed va shu shahri azimni italyan tuprog‘ida Rim ko‘rinishida (Rim – ikkinchi Troya!) qayta tiklagan Eney, do‘st xunini olish ishtiyoqi-la yongan Axilles hamda shu tufayli halok etgani troyaliklarning eng zabardast himoyachisi Gektor qarama-qarshiliklarida namoyon bo‘ladi. Tilga olganimiz mazkur kelishmovchiliklarning ikkinchisi – Peleyzodayu Priamzodaning dushmanligi foniy dunyoda (“Iliada”da) yuzaga kelgan esa, bu munosabat boqiy dunyoda (“Ilohiy komediya”da) bevosita emasa-da, baribir davom etayotganining isboti Gektorning Axilldan yuqorida, o‘ziga nisbatan unchalik xayrixoh bo‘lmagan Homer bilan bir maskanda turishidir.
Har qanday ziddiyatda albatta hamfikrlilik uchraydi. Ishratparast Paris (Homerning unga munosabati ma’lum)ning o‘zi olib qochgan Yelena bilan shahvatparastlar qatorida jazolanishi fikrimizni tasdiqlaydi: 64 Janglar sababkori, eng go‘zal ayol –19
Yelena manovdir…; 67 Bu – Paris… (Do‘zax, V)
Dantening Limbdagi Homer bilan emas (!), balki “Iliada” va “Odisseya” muallifi sanalgan baxshi-shoir Homer bilan munosabati shunday serqirra va murakkabdir. Ushbu holning subyektlari – Birinchi va Oltinchi orasida yana to‘rt ijodkor bor hamda mazkur oltilik nomi tartib bo‘yicha teng ikkiga bo‘lingan holda ustma-ust keltirilsa, bu siymolardan hayotlarining birinchi pallasidagi eng xarakterli jihatlari o‘xshash kishilarning uch juftligi tarkib topadi:
(1) Homer (2) Goratsiy (3) Ovidiy I II III (4) Lukan (5) Vergiliy (6) Dante
Dastlabki juftlik ikki grek adibi, keyingisi Avgust saltanatining ikki eng zabardast san’atkori, so‘nggisi esa g‘urbatda – Vatan hajrida yashagan va yashajak20 ikki shoirdan iborat (izoh: qavs ichidagi raqamlar ijodkorning oltilikdagi o‘rnini anglatadi).
Dante vaqtinchalik qo‘shilgani “davrai sarvar”dan ajralgach, Vergiliy uni tobora ichkariga yetaklab boraveradi. Shunda Dantening hushyor ko‘zi qiyalikda biz hali buyuk Aleksandrning ustozi sifatida ta’kidlaganimiz daho faylasufga tushadi. Xuddi Homerga bir qancha shoirlar hamroh bo‘lganidek, ushbu zot ham Platon, Sokrat, Demokrit, Anaksagor, Fales, Diogen, Zenon, Empedokl, Geraklit, Seneka va hokazo faylasuflar, fan arboblariga boshdir. Aristotelning safdoshlari shunchalar ko‘pki, Dante ulardan yana Dioskorid, Tulliy, Lin, Orfey, Evklid, Galen, Gippokrat, Ibn Sino, Ibn Rushdlarnigina tilga oladi.
Do‘zax muqaddimasidagi mo‘’jazgina Limbning ichki qismi olis o‘tmishda yashagan zotlar bilan ana shuningdek sharaflangan, muzayyan bo‘lgan. Ular nihoyatda ko‘p esa-da, bu shaxslar (to‘g‘rirog‘i, ularning ruhi) konstruktor Dantening loyihasi bo‘yicha uchta katta guruhga bo‘linib, sistemalashtirilgan. Unga ko‘ra, birinchi guruh badiiy adabiyot namoyandalari (Homerdan Vergiliygacha), ikkinchi guruh davlat va siyosat arboblariyu sarkardalar (Eneyu Gektordan Salohiddingacha) hamda oxirgi guruh fozillar (faylasuflar va fan arboblari)dan tarkib topgan.
E’tibor qilinsa, guruhdan guruhga o‘tilishi barobarida a’zolar (personajlar) soni ko‘payib boruvchi mazkur tizimda Dantening vatandoshlari ancha katta bo‘g‘inni (ayniqsa, siyosat vakillari orasida) egallagan. Lekin bular ichida tiriklik chog‘ida o‘zaro murakkab munosabatda bo‘lganlari ham bor. Yuliy Sezar – Marsiya juftligi bunga ochiq namunadir. O‘z navbatida bu hol konstruktorning qarama-qarshi tushunchalar, hodisalar (jumladan, imperiya va respublika tuzumlari)ni uyg‘unlashtirish, garmoniya yaratish texnikasini yuksak darajada egallaganiga yana bir dalildir.
Ma’lumki, Marsiya buyuk imperatorning tanqidchisi, hurlik, respublikachilik tarafdori Katonning rafiqasi edi. Anchadan keyin shoirlarimiz A’rofga borishganda Rim Respublikasining atoqli arbobi, “istagani ozodlik” bo‘lgan va shu orzu sabab o‘zini o‘ldirgan, natijada konstruktor Dante tomonidan A’rof soqchisi qilib “tayinlangan” ayni shu Kichik Katonga Vergiliy shunday deydi:
“…ma son del cerchio ove son li occhi casti 79 di Marzia tua, che ‘n vista ancor ti priega,..;
grazie riporterò di te a lei, 84 se d’esser mentovato là giù degni”. (Purgatorio, I)
Tarjimasi:
78“…Joyim Marsiyaga yaqindir zero.21 Marsiya sen uchun oh chekar to‘liq.;
83 …Marsiya qoshida men to Sening ham sharafing aylayin bayon”.
Biz bu ma’lumotlar asosida bir-biriga zid ideologiya vakillari ham bitta doiradan joy olishi mumkinligi, narigi dunyoning turli qismlari aro mantiqiy bog‘lanish mavjudligi, asosiysi, inson hayotining birinchi yarmida qanday yashagani, nimaga intilgani ikkinchi qismda bosh ta’sir manbai bo‘lishi – dorulbaqo dorulfano uchun ko‘zgu ekanligi haqidagi to‘xtamga kelamiz.
Ushbu xulosani quvvatlantirib, imonga aylantirmoq maqsadida Do‘zaxning qolgan sakkiz doirasini analiz va sintez qilishdan oldin Limbo vodiysi to‘g‘risidagi fikrlarimizni umumlashtirsak. “Do‘zaxdagi jannat” deb ham, “begunoh gunohkorlar makoni” deb-da ta’riflasak bo‘ladigan mazkur ikki qismli (tashini cho‘qintirilmagan bolalar va ularning onalari, ichkarisini esa boya aytganlarimiz – g‘ayrinasroniy buyuklar makon tutgan) hudud biz ancha oldin tahlil qilgan, Dante yorug‘ dunyodaligida qorong‘i o‘rmon qa’ridan tirmashib chiqqan xaloskor tepalikning ko‘p tomonlama muqobilidir.
Ta’kidlash joizki, o‘sha adirlik italyan shoiriga foniy dunyodagi hayotini tugallash yo‘lidagi ILK QADAM edi. Bu vodiy esa boqiy olamga safar uchun xuddi uningdek MUQADDIMAdir. Unisiyu bunisi – Dantening muvaqqat manzili. Tepalikdan Qoplonu Arslonu Bo‘ri sayyohni haydab, dahshatli changalzorga qaytarganidek, keyingi olamda ham Dante Limbodan ana o‘sha maxluqlar ta’sirida gunoh qilganlar “joylashtirilgan” qavatlarga tomon tubanlashmoqqa majbur. Xullas, umumiy jihatdan olib qarasak, Limbo Do‘zaxning o‘zga doiralardan keskin tafovutli, konstruktor maxsus bino etgan qavatidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |