Tojiklar. Tojiklar Qoʼqon xonligi hududidagi aholining salmoqli qismini tashkil qilganlar. Ular asosan vodiyning gʼarbiy va shimoli-gʼarbiy qismida joylashganlar. Tojikistonning hozirgi Soʼgʼd viloyati hududida tojiklar aholining asosiy qismini tashkil etadilar. Аyni vaqtda Qoʼqon xonligining boshqa bir qator manzilgohlarida ham ular gʼuj yashaganlar. Etnografik adabiyotlarda Fargʼona vodiysida yashagan tojiklar shartli ravishda ikki guruhga – voha tojiklari va togʼlik tojiklarga ajratiladi. Voha tojiklari – bu ushbu oʼlkaning azaliy xalqlaridan biri boʼlib, qator etnik xususiyatlari bilan Qoʼqon xonligi davrida va undan keyingi davrlarda ham boshqa etnoslardan ajralib turgan. Togʼli tojiklar Qoʼqon xonligi hududiga asosan Tojikistonning togʼlik11 hududlarida joylashgan Mastchoh, Qorategin, Darvoz, Koʼlob, Hisor kabi joylardan koʼchib kelganlar. Shu oʼrinda taʼkidlab oʼtish joizki, koʼplab togʼli tojiklar Qoʼqon xonligi qoʼshinlarida xizmatda ham boʼlganlar.
Masalan, Niyozmuhammadning «Tarixi-Shohruhiy» asarida koʼrsatilishicha, XIX asr boshlarida Qoʼqon xoni Olimxon tashkil etgan yangi qoʼshin tarkibida 6000 dan ziyod togʼlik tojiklar boʼlgan.
Qirgʼizlar. Tarixiy manbalarning tahlili shuni koʼrsatadiki, XVII va XVIII asrlarda Tyanshan togʼining shimolida yashovchi qirgʼizlarning katta guruhi Fargʼona erlariga kelib oʼrnashdilar. Turli urugʼ-qabilaviy tuzilishga ega boʼlgan qirgʼiz etnosi ham Qoʼqon xonligi hududidagi togʼ va togʼoldi manzilgohlarida yashab, vodiyning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotida faol ishtirok etganlar.
Uygʼurlar. Uygʼurlar Sharqiy Turkistonning eng qadimgi turkiy etnoslardan biri hisoblanadi. XVIII asrning ikkinchi yarmidan eʼtiboran, ayniqsa XIX asrda Xitoy feodallariga qarshi koʼtarilgan musulmonlar qoʼzgʼoloni magʼlubiyatga uchragandan keyin Sharqiy Turkistonning koʼplab musulmon aholisi, xususan juda koʼp uygʼur oilalari Fargʼona vodiysiga qochib oʼtdilar. XIX asrning oʼrtalaridayoq Qoʼqon xonligida 300 mingga yaqin uygʼurlar yashagan. Tadqiqotchi I.V.Zaxarova ham 1860-yilga qadar Qoʼqon xonligi hududida 200-250 ming qoshgʼarliklar yashagan boʼlsa kerak, deb hisoblaydi.
Qoraqalpoqlar. XVIII asrdan Buxoro xonligida yuz bergan siyosiy inqiroz koʼplab xalqlarni bu hududni tashlab ketishga majbur etdi. Oqibatda Buxoro va Samarqand atroflarida yashagan aholining bir qismi Qoʼqon xonligi hududiga kelib oʼrnashdi. Xususan, Sirdaryoning oʼrta oqimida yashab turgan qoraqalpoqlar Qoʼqon xonligi hududiga kelib qoʼnim topdilar. Qoʼqon xonligi hududiga koʼchib oʼtgan qoraqalpoqlar Sirdaryo va Qoradaryo boʼylariga oʼrnashib, anʼanaviy
xoʼjaligini yuritishni davom ettirdilar. Xullas, Qoʼqon xonligi oʼzining etnik qiyofasining turli-tumanligi bilan ham xarakterlanadi. Holbuki, bunday
etnik turli-tumanlik vodiy aholisini oʼzaro iqtisodiy va madaniy aloqalarini rivojlanishida muhim omillardan biri boʼlgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |