3. Bewikdan to qabrgacha ilm izla
Ilm nima?
Ilmga ta’rif berishdan oldin uni hosil qilish haqida fikr yuritsak. Odamzod ilmni o’rganish orqaligina hosil qiladi. O’rganish esa kishining tafakkuri narsa va hodisotlarga kuchi yetganicha aniqlik kiritishidir. Ilmni Odam bolasi yaratilgandan boshlab to’xtovsiz ravishda o’rganadi. Hatto o’lim ham insonni o’rganishdan to’xtatib qo’ya olmaydi. Jannat va do’zax hayotida ham o’rganish jarayoni to’xtovsiz va abadiy davom etadi. Ilmni qisqacha biz o’rgangan narsa yoki narsalarning majmuyi desak bo’laveradi. Oyoq kiyimni to’g’ri kiyishdan to quyoshning radiusini bilishgacha bo’lgan barcha narsa (undan uyog’i ham) ILMdir.
Biz o’rgangan ilm qanchalik to’g’ri?
Bizga yoshligimizda o’rgatilgan yoki o’zimiz ixlos qo’ygan ustozlarimiz aytgan juda ko’p narsalarni ishonch bilan to’g’ri va haq deb bilamiz. Aslida esa har doim ham bunday bo’lmasligi mumkin. Gapimni isboti o’laroq so’nggi 20 yilda tabiiy fanlar sohasida qo’lga kiritilgan yutuqlarni misol qilib keltirishim mumkin. Shu kunlargacha insoniyat bu sohalarda anchagina yanglish tushunchalar bilan yashab kelayotgani aniqlandi va hozirda ham fanda kamchiliklar yo’q emas. Shuningdek olimlar o’z tajribalari orqali ilmiy isbotlab bergan narsalarni qonuniyat tarzida qa’bul qilib biz o’zimizdagi ilmni boyitib boramiz.
Ilm zararmi?
Bu savolga bir vaqtning o’zida ha va yo’q deb javob bersa bo’laveradi. Zararning foydadan farqi, u odam(zot)ning moddiy va manaviy ehtiyojlarini sifatliroq qondirish uchun hizmat qilmaydi hamda mavjud muvozanatlarni buzib tashlaydi. Ushbu xulosadan kelib chiqib ayta olamiz-ki, zararli ilm — insonga moddiy va ma’naviy jihatdan nafsiz bo’lgan “ilm”dir. U eng kamida behuda vaqt sovurishdir.
Ilm nima uchun kerak?
Yuqorida aytganimdek oyoq kiyimni to’g’ri kiyish ilmdir. To’g’ri nafas olishni bilish, nimalarni yeb-ichishni bilish ham ilmdir. Odam ilmsiz mavjud bo’la olmaydi. Dunyo yuzini ko’rgan odam bolasi bor ekan u so’nggi nafasigacha unga hamroh bo’ladigan ehtiyojlar bilan yashaydi. O’sha ehtiyojlarni yaxshiroq va sifatliroq qondirish uchun esa unga bir qancha vositalar kerak bo’ladi, masalan: pul. Pul deb ataladigan narsaga ega bo’lish va uni sarflash uchun hisob-kitobni bilish, foyda-zararni aniqlay olish, aqidaga ko’ra halol-xaromni tanish talab qilinadi. Bularning barchasi albatta ILMdir.
Ilm olishning va uning afzalliklari.
Ilm olish butun umr davom etadigan sayohatdek gap. Sayohatingiz davomida sizni hursand qiladigan ba’zan xafa qiladigan ko’pincha asabiylashtiradigan holatlarga duch kelasiz. Bu safarda yo’qolib qolishingiz hech gap emas! Ammo ilmning afzalligi shularda ko’rinadi-ki, u ko’paygani sayin o’zingiz va atrofingizdagi olamni yaxshiroq taniy boshlaysiz. Ilmning afzalligi sizni hech narsangiz qolmaganida ham tark etmasligi, ishlatilgani sayin ko’payib borishi va albatta oldigizga qo’ygan maqsadlaringizga ertaroq yetishishingizga ko’maklashishidir.
Asalari bilan inson bolasi o‘rtasidagi farq haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Yigirma kunlik asalarini guldan gulga qo‘nib, asal yig‘ayotganini ko‘p ko‘rgandirsiz. Inson farzandi esa faqatgina ikki yoshdan oyoqqa turadi, gapirishni o‘rgana boshlaydi. 6-7 yoshida maktabga boradi. O'qishni, yozishni o‘rganadi. Litsey, universitetni tugatguniga qadar ko‘p o‘qiydi, o‘rganadi, intiladi, izlanadi. Chunki yashash uchun hayotni, insonlarni o‘rganishga muhtojdir. Foyda, zararni bilishga majburdir. Biroq asalari bolasi-chi? U asal yig‘ishni o‘rganishi uchun na o‘qishga, na oliy o‘quv yurtini bitirishga ehtiyoji bor. U dunyo hayotiga mukammal holda yuborilgan. Inidan chiqar chiqmas ishini boshlaydi. Biz esa yigirma kun yoki yigirma yil, umr bo‘yi o‘rganishga muhtojmiz. Shuning uchun beshikdan qabrgacha ilm olishga, o‘rganishga buyurilganmiz. Inson qobiliyatini bilim va tajriba bilangina oshiradi.
Bilim ozuqadir. Aql va qalb u bilan oziqlanadi.
Bilim muvaffaqqiyat. Bilimsizlik esa mag‘lubiyatdir.
Bilim jasoratdir. Bilimli kishi muammolarni jasorat bilan yengadi.
Bilim durbinga o‘xshaydi. Chigal masalalarni u hal etadi. To‘siq g‘ovlar ustidan uning yordamida oshib o‘tamiz.
Bilim nurdir. Yo‘limizni u bilan yoritamiz.
Bilimsizlik esa barcha yomonliklarning manbaidir. Bilimsiz inson o‘ziga eng katta yomonlikni qilgan bo‘ladi. Johil kishining tik tura olmaydigan qopdan farqi yo‘q. Sa'diy bilimsizlikni urush dovuliga o‘xshatadi. Ovozi baland ichi esa bo‘sh. Go‘zal tushunchalar, bilim javharlari bilan to‘ldirilmagan zehn sandiq foydasiz va zararli narsalar bilan to‘ladi.
Insonning qadri ilm bilan yuksaladi. Ilmli kishi hodisalarga xolis baho beradi, talabchanlik va uddaburonlikni o‘rganadi.
Bilmaslik ayb emas, o‘rganishga intilmaslik aybdir. Ibn Mas'ud inson bilmaganini bilishi ham ilmdir, deydi. Chunki inson bilmaganini bilsa, o‘rganishga intiladi.
Falokatlarning ustidan bilim bilan ustun kelish mumkin. Hoji Bektosh Valiyning ifodasiga ko‘ra «Bilimsizlik bilan ketilgan yo‘lning oxiri hayrli bo‘lmaydi». G'alaba qozonish, muvaffaqqiyatga erishish, yuksalishni xohlaganlar ilmni mahkam ushlaydilar. O'rganish shavqida yonib kuymaganlarga esa «Dunyoni istagan ilm o‘rgansin. Oxiratni istagan ham ilm o‘rgansin», deb buyurgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Bilimning ahamiyatini naqadar ajoyib tushuntirganlar.
Ilm o‘rganish faqat maktabga xos emas. Maktab insonga kalit beradi. U kalit bilan ilm xazinalarini insonning o‘zi ochadi. Nima qilsa o‘zining g‘ayrati bilan amalga oshiradi. Maktabni bitirar bitirmas kitob daftarni bir burchakka uloqtirish katta xatodir. Holbuki, ilm olishning na yoshi, na vaqti, na joyi bor. Har yoshda, har yerda, hamma vaqt o‘rganiladi, ilm eng katta sarmoyadir, inson har yoshda, har yerda va har vaqt sarmoyasini ko‘paytirishni istaydi. Ilm bilan o‘zingizni tarbiyalang. Balki muammolarga duch kelarsiz. Ba'zi qiyinchiliklarni boshingizdan o‘tkazasiz, ammo unutmang: Har qanday qiymatli narsa osonlik bilan qo‘lga kiritilmaydi.
ENG BUYUK SHARAF
O'qish va o‘rganishdek sharafli va lazzatli narsa yo‘q. Ilk «O'qi» amri bilan boshlangan Qur'on, bilguvchilar va bilmaydiganlarni bir emasliklarini ta'kidlash bilan birga ilm egalarining darajalarini yuksalishining xabarini berishadi.
Inson bilimi bilan qadrlanadi. Hazrati Odam alayhissalomni farishtalardan ham yuksak maqomga ko‘targan sir ilm edi. Qur'onda o‘qish yozish quroli bo‘lgan qalam ulug‘lanadi, aynan unga va u yozgan satrlarga qasam ichiladi. Allohning qalam bilan qasam ichishi, qalamning inson hayotidagi o‘rni va qadri juda kuchli shaklda ifodalaydi.
Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam bir kuni yonlaridagi Hilol ismli kishidan: «Qalaming bormi?» - deb so‘radilar. Yo‘q javobini eshitgach: «Qalamsiz yurma, ey Hilol. Chunki, ezgulik undadir. Qiyomatgacha unga sodiq bo‘lganlar chiqadi. Insonlar qalam ila yuksaladilar. Olim qo‘lidagi qalamning siyohi shahidning qoni bilan tengdir».
Yana Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam ifodalariga ko‘ra, ilm egalari o‘liklar orasida yurgan tiriklar bilan tengdir. Zubayr Kuduzalp: «Bilimli inson quyoshga o‘xshaydi, kirgan joyini yoritadi», deydi. Ha, ilm qorong‘uliklarni yorituvchi mash'aladir. Qorong‘ulikda qolgan har bir kishi unga muhtoj. Yuksak pog‘onalarga ilm narvoni bilan chiqiladi. Taraqqiy etishni va kamolot topishni istasangiz ilmning etagini mahkam ushlang.
Hazrati Ali ilm xususida: «Ilm pastda turganlarni yuqori darajaga ko‘taradi. Bilimsizlik esa tepada turganlarni pastga tushiradi. Ilm mol-davlatdan ustundir, chunki boylikni sen asraysan. Ilm esa seni asraydi», deganlar.
Bu buyuk insonni Rasululloh sallolohu alayhi vasallam Ilm eshigi, deb ulug‘laganlar. Biz Allohning taqsimotiga rozimiz. Bizga ilmni, dushmanlarimizga dunyo molini berdi. Chunki, mol-davlat yo‘q bulguvchidir. Ilm esa abadiydir.
Foydali ilm o‘rgangan kishini o‘limidan keyin ham insonlar hurmat bilan eslashadi. Ilm abadiy tiriklikdir. Johil kishi tirikligidayoq o‘lik hisoblanadi. Bilimli inson Hayotdan ko‘z yumganidan keyin ham tirikdir!
4. ―Kuch-adolatda va ma'rifatda"dir g'oyasining mohiyati.
Do'stlaringiz bilan baham: |