Tahlil fanining predmeti – turli mulkchilik shaklidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini, uning samaradorligi va natijaviyligini ko‘rsatkichlar tizimida, uzviylik va aloqadorlikda, omillarga bog‘liq ravishda turli axborot manbalaridan foydalangan holda davriy o‘rganishga aytiladi.
Moliyaviy-xo‘jalik faoliyati:
- ishlab chiqarilgan va sotilgan mahsulot (ish, xizmatlar) hajmining, quvvatlardan foydalanish darajasining, resurslar naqdligi va ulardan samarali foydalanishni, xodimlarning tarkibi va mehnat unumining, mahsulot tannarxining, foyda hajmi va rentabellik darajasining, moliyaviy holatning murakkab tuzilmasidir;
- tashkil topishdan likvidlik jarayonigacha bo‘lgan davrda korxonani iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishning resurslar bazasini shakllantirish va ulardan foydalanishning maqsadga yo‘naltirilgan faoliyatidir;
- xo‘jalik yurituvchi subyekt nazorat qilib turadigan iqtisodiy resurslar, uning moliyaviy tuzilmasi, likvidligi, to‘lovga qobiliyati, ishlayotgan muhit o‘zgarishlariga munosabat bildira olishidagi keng qamrovli faoliyatdir.
Moliyaviy-xo‘jalik faoliyatining tahlili – xo‘jalik yurituvchi subyektning kelgusida pul mablag‘larini va ularning ekvivalentini ko‘paytirish imkoniyatini, moliyaviy majburiyatlarni o‘z vaqtida to‘lay olishi, kreditlarga bo‘lgan ehtiyojni, daromadlar bilan pul oqimlarini oqilona taqsimlashni, iqtisodiy resurslardagi potensial o‘zgarishlarni baholashni, shuningdek xo‘jalik yurituvchi subyekt keyinchalik o‘zining moliyaviy ahvolini qanchalik muvaffaqiyat bilan yaxshilay olishini baholashning muhim usulidir.
Moliyaviy tahlil fanining metodi va uning o‘ziga xos xususiyatlari
Metod juda keng ma’no va tushunchaga ega. Fanning metodi obyektni o‘rganish usullari, vositalari, yo‘llarini ifodalaydi. Metod grekcha “metodos” so‘zidan olingan va “o‘rganish yo‘li, usuli” degan ma’noni anglatadi.
Metod deganda voqelikda yuz berayotgan hodisa va jarayonlarni o‘rganishga yondashish usuli tushuniladi. Tahlil va sintez umum dialektik o‘rganishning, ilmiy usuli sifatida qaraladi. Uning o‘ziga xos xususiyati shuki, ushbu usul o‘zaro bog‘liqlik, aloqadorlikda o‘rganishni ifodalaydi.
Tahlil fanining (uning mikro ko‘lamdagi barcha turlariga nisbatan) metodini aniqlash ham uning predmetini belgilashdagi kabi juda tortishuvli masalaga aylangan va bu borada hozirgacha yagona fikrga kelingani yo‘q.
Juda ko‘p olimlar N.R.Veytsman, M.Rubinov, P.I.Savichev, V.V.Osmolovskiy, V.A.Beloborodov, S.B.Borngolts, M.I.Bakanov, A.D.Sheremet, N.A.Xan, A.V.Vaxobov, A.T.Ibragimov, N.P.Ishonqulov, M.Q.Pardayev va M.Yu.Raximovlar tomonidan tahlil fanining metodlariga turlicha ta’riflar berilgan6 . Lekin ularning barchasi bir-biriga yaqin va qarama-qarshiliklardan holi bo‘lgan ta’riflardir.
Moliyaviy tahlil fanining metodi – xo‘jalik subyektlarining xo‘jalik jarayonlarini o‘rganishga dialektik yondashgan holda, turli axborot manbalarida aks ettirilgan ko‘rsatkichlar tizimini maxsus usullar yordamida qayta ishlash yo‘li bilan ularning o‘zgarish tendensiyalarini sabablarini aniqlash, ular orasidagi o‘zaro bog‘liqliklarni tizimli, kompleks o‘rganish, o‘lchash va umumlashtirishdir. Shuni ta’kidlash lozimki, tahlilning har bir turiga o‘zining uslubi to‘g‘ri keladi. Uslub deganda u yoki bu ishni bajarishning usullari, maqsadga muvofiq qoidalari majmui tushuniladi. Moliyaviy tahlil uslubi deganda moliyaviy-xo‘jalik faoliyatni analitik tadqiq qilishning usullari va tartiblari tushuniladi. Tahlil uslubini shartli ravishda ikki guruhga ajratish mumkin: umumiy va xususiy uslublarga. Umumiy uslub – barcha tahlil turlari va turli fanlar doirasida qo‘llaniladigan, fan obyektlarini o‘rganishda bir xilda foydalanadigan usullar va tartiblar tizimidir. Xususiy uslub – faqat shu fanning o‘ziga tegishli bo‘lgan, tadqiqot obyektiga qarab tanlanadigan usullar va tartiblar tizimidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |