Amaliy mashg’ulot.
Shok va uning turlari.
Shok deganda hayotiy sistemalar funksiyasining to’satdan progressiv pasayib ketishi tushunilib, uning kelib chiqishiga mikrotsirkulyatsiya bilan to’qimalarning kislorodga to’yinishining nomutanosibligi sabab bo’ladi. Shokning turlari:
1. Travmatik shok.
a) mexanik ta'sir natijasida (jarohat, shikastlar, jarrohlik muolajasida, to’qimalarning
ezilishi);
b) kuyish shoki (termik, kimyoviy kuyishlar);
v) elektr ta'siridan bo’ladigan shok;
g) sovuqdan bo’ladigan shok;
2. Gemorragik yoki gipovolemik shok (qon ketishi, suvsizlanishdan);
3. Kardiogen shok (miokard infarkti, aritmiya, o’tkir yurak yetshimovchiligi).
4. Toksik-infeksion shok (grammusbat, grammanfiy infeksiya).
5. Anafilaktik shok.
TRAVMATIK SHOK VA SHOKKA QARSHI KO’RILADIGAN CHORALAR
Baxtsiz hodisalardan keyin, kuchli va og’ir shikastlanish, ko’p joyning og’ir kuyishi yoki uzoq davom etadigan og’ir operatsiyalardan so’ng yuzaga keladigan eng og’ir asoratlardan biri shok hisoblanadi. Bu og’ir holat nerv tizimi va hayotiy zarur protsesslarning susayishi bilan hamda qon bosimining zo’r berib pasayishi bilan ifodalanadi. Shok holatini keltirib chiqaradigan sabablar juda turli-tuman.
Baxtsiz hodisa natijasida jarohatlanishdan keyingi bu holat travmatik shok deb ataladi. Travmatik shok jarohatlanishlarda, ya'ni yumshoq to’qimalarning katta sohalari butunligining buzilishi, ko’krak qafasi va qorin bo’shlig’i yoki katta nerv stvollarining shikastlanishi, suyaklarning maydalanib ketishi, qo’l yoki oyoq qismlarining uzilishi va hokazolarda, kuyishda ko’p uchraydi.
Jismoniy toliqish, uzoq vaqt uxlamaslik, och qolish va ozib ketish, sovqotish, qon yo’qotish, nurlanish kasalligi, hayajonlanish shokka qattiq ta'sir etadi. Shok aksari ko’p qon yo’qotishdan kelib chiqadi.
Xirurgik operatsiyadan keyingi shokning paydo bo’ish sabablari quyidagicha: operatsiya uzoqqa cho’zilishi, to’la og’riqsizlantirmaslik yoki narkozning yetarli bo’lmasligi, ko’p miqdorda qon yo’qtish, operatsiyaning og’ir o’tishi, ayniqsa sezuvchan joylarda yaralarni operatsiya qilish va hokazo. Ko’pincha shok holati shikastlangandan keyin oz vaqt o’tgach yuzaga kela boshlaydi. Bu birlamchi yoki dastlabki shok deb ataladi. Ba'zan jarohatlangandan yoki operatsiyadan keyin birmuncha vaqt o’tgach shok yuz beradi. Bu ikkilamchi shok deb ataladi. Ikkilamchi shok shikastlangan sohaning qattiq og’rishi natijasida ayniqsa, bemorni transportda tashiganda shikastlangan oyoq-qo’l yaxshilab qattiq qilib bog’lamaslik (singan suyak
parchalarining bir-biridan qochishi, transportdagi silkinishlar), shuningdek, to’qimaning yemirilish mahsulotlari tufayli kelib chiqishi mumkin.
Shokning kechishida ketma-ket ikkita: erektil (qo’zg’alish holat) va torpid (tormozlangan holat) davr qayd qilinadi. Shokning erektil davrida bemorda qo’zg’alish va qo’rqish, bezovta bo’lib oyoq-qo’llarini tipirchilatishi kuzatiladi, yuzi o’izaradi, tomiri tez uradi. Torpid davrda esa kasal ko’pincha loqayd bo’lib, qon bosimi past, qon tomir urishi tezlashadi (120 marta va undan ortiq), ba'zan pul's butunlay yo’qoladi. Biroq amalda bu davrlarni aniqlash qiyin.
Shok quyidagi belgilar bilan ifodalanadi: nafas olish yuzaki tez bo’lishi, harorat pasayishi, siydik miqdori kamayishi, teri oqarib ketishi, sovuq ter bosishi, yuzlarning so’rrayib qolishi va boshqalar; ko’z qorachig’i kengayib ketadi, biroq yorug’likga reaksiya beradi: ko’pincha ko’ngil ayniydi, hiqichoq tutadi va bemor qusadi.
Oxirgi vaqtda olimlar shok holatini uch darajaga bo’ldilar: birinchi daraja shokda bemorning umumiy ahvoli yaxshi bo’lib, pul's minutiga 90-100 marta urib turadi, maksimal qon bosimi 100 millimetr simob ustunidan ortiq bo’ladi. Ikkinchi darajada bemor qizarib, sovuq yeyishi mumkin, pul's minutiga 120-140 marta uradi, maksimal qon bosimi 70-80 mm simob ustuni o’rtasida bo’ladi. Uchinchi darajada bemorning ahvoli ancha og’irlashadi, pul's minutiga 120-160 marta uradi, maksimal qon bosimi 70 mm simob ustunidan kam bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |