Qandalalar turkumi. Qandalalar birinchi juft qanotlarining oldingi qismi qalinlashgan, keyingi qismi yupqa va shaffof. Shu ning uchun ular yarim qattiqqanotlilar deb ham ataladi. Ko‘pchilik turlari o‘simlik shirasini so‘rib oziqlanadi. Cho‘l va dashtlarda keng tarqalgan hasva qandalasi donli ekinlar doni va bargini so‘rib oziqlanadi. Qandalalar orasida qon so‘ruvchi parazitlari ham bor. To‘shak qandalasi xonadonlarda yashaydi; odam va hayvonlar qonini so‘radi. To‘shak qandalasining qanotlari bo‘lmaydi; tanasi mayda sezgir tuklar bilan qoplangan; hidni juda yaxshi sezadi.
Termitlar turkumi. Jamoa bo‘lib yashovchi hasharotlar. Termitlar oilasi bittadan urg‘ochi va erkak termitlar hamda bir necha yuzdan milliongacha ishchi va qo‘riqchilardan iborat. Ona termit juda yirik,10 yilgacha yashab, umr bo‘yi 115 milliontagacha tuxum qo‘yadi. Ishchi termitlarning tanasi oq tusda bo‘lganidan, ularni ba‘zan oq chumolilar ham deyiladi. Ular voyaga yetmagan urg‘ochilar bo‘lib, in qurish va oilani boqish vazifasini bajaradi. Qo‘riqchi termitlarning boshi yirik, jag‘lari kuchli rivojlangan. Ular oilani qo‘riqlash vazifasini bajaradi. Termitlar o‘simlikning yog‘ochlik qismi bilan oziqlanadi. Tropik o‘lkalarda termitlar yer yuzasidan 15 m gacha balandlikda in quradi. O‘rta Osiyo cho‘llarida tuproq yuzasiga, shuningdek, shahar va qishloqlardagi binolarning yog‘ochlik qismiga turkiston termiti in quradi.
Savol va topshiriqlar.
1. Ninachilar qanday tuzilgan?
2. Ninachilar qanday hayot kechiradi?
3. To‘g‘riqanotlilar qanday tuzilgan?
4. To‘g‘riqanotlilar qanday ziyon yetkazadi?
5. Nima sababdan qandalalar yarim qattiqqanotlilar deyiladi?
6. To‘shak qandalasi va hasva qanday ziyon yetkazadi?
7. Termitlar oilasi qanday individlardan iborat?
24-§. To‘liq o‘zgarish bilan rivojlanadigan hasharotlar: tangachaqanotlilar turkumi
Kapalaklar juda chiroyli va xilma-xil bo‘lib, ularning yer yuzida 150 000 ga yaqin, O‘rta Osiyoda bir necha mingga yaqin turlari tarqalgan (49-rasm). Kapalaklarning qanotlari mayda tangachalar bilan qoplangan. Shuning uchun ular tangachaqanotlilar deb ataladi. Qanotlarining rangi ana shu tangachalarga bog‘liq. Kapalaklar boshining ostida spiralga o‘xshab o‘ralgan xartumi bor. Xartum pastki jag‘ bilan pastki labning qo‘shilishidan hosil bo‘ladi. Kapalaklar gul nektari bilan oziqlanadi. Buning uchun ular xartumini to‘g‘rilab, gul ichiga suqadi va nektarini so‘rib oladi. Kapalaklar chuvalchangsimon lichinkasining tanasi bo‘g‘imlarga bo‘lingan bo‘lib, qurt deb ataladi. Og‘iz organlari ham kapalaknikidan farq qilib, qattiq oziqni kemirishga moslashgan. Qurtning ko‘krak bo‘limida 3 juft haqiqiy oyoqlar, qorin bo‘limida 5 juft soxta oyoqlar bo‘ladi. Soxta oyoqlar yo‘g‘on, bo‘g‘imlarga bo‘linmaganligi va tovon qismida mayda ilmoqchalarning bo‘lishi bilan ko‘krak oyoqlardan farq qiladi. Qurtlar soxta oyoqlar yordamida harakat qiladi; ko‘krak oyoqlari bilan oziqni ushlab turadi.
Karam kapalagi. Karam kapalagining qurti karam, sholg‘om, turp, achambiti kabi karamdoshlar oilasiga mansub o‘simliklarning bargi bilan oziqlanadi. Uning qanotlari oq rangda bo‘lganidan oq kapalak ham deyiladi. Oldingi qanotlarining chetki qismida katta qora dog‘i bo‘ladi (47-rasmga qarang). Kapalak qo‘nganida qanotlari tanasi ustida tik bo‘lib taxlanadi. Qanotlarining ostki tomoni yashil-sarg‘ish rangda bo‘lganidan uni barglar orasida sezish qiyin. Karam kapalagi tuxumlarini o‘simlik bargi ostiga qo‘yadi. Tuxumlardan chiqqan yosh qurtlar dastlab sariq rangda bo‘ladi, keyinchalik rivojlanib, ko‘k-yashil rangga kiradi. Ularning orqa va yon tomonida bir necha qator sariq va qora dog‘lari bo‘ladi. Qurtlar po‘st tashlab rivojlanadi. Yetilgan qurtlar daraxtlar yoki devorlarga chiqib olib, g‘umbakka aylanadi. G‘umbakdan chiqqan kapalaklar bir necha soatdan so‘ng ucha boshlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |