Avtonom nerv tizimining effektor organlar faoliyatiga ta'siri.
Avtonom nerv tizimi ichki organlarda va MNS da metabolizm, qo’zg’aluvchanlik va avtomatizmni boshqarib borish yo’li bilan birga hayotiy funksiyalarni koordinatsiya qiladi, barqarorligini ta'minlaydi. Shuning uchun ham ko’pgina ichki organlar simpatik, parasimpatik va metasimpatik innervatsiyaga ega.
Simpatik nerv tolalarining qitiqlanishi yurak qisqarishini tezlashtiradi va kuchaytiradi, oshqozon va ichaklar motorikasini sekinlashtiradi, bronxlarni kengaytiradi, sfinkterlarni qisqartiradi, o’t pufagini bo’shashtiradi (kengaytiradi). Parasimpatik tola (adashgan nerv) qitiqlanganida esa yuqoridagining teskari javob reaksiyasi vujudga keladi: yurak urishi sekinlashadi va kuchsizlanadi, bronxlar torayadi, ichak va oshqozon motorikasi kuchayadi, o’t pufagi qisqaradi, sfinkterlar bo’shashib ochiladi va hokazo. Lekin simpatik va parasimpatik tolalar har doim ham antogonistik xususiyatlarga ega bo’lavermaydi, masalan, so’lak ajralishi har ikkala tola qitiqlanganida ham kuchayadi. Ba'zi ichki organlar esa faqat simpatik (teri, ichki organlar, muskullar arteriyasi, ter bezlari) yoki parasimpatik (ko’z yosh bezlari, ko’z qorachig’i sfinkteri) tolalarga ega. Avtonom nerv tizimi faqat silliq muskullar va bezlar faoliyatiga ta'sir ko’rsatibgina qolmasdan, skelet muskullariga ham ta'sir qiladi, masalan, baqa harakat nervi qitiqlanib, boldir muskuli tamoman charchatilgandan keyin (qisqarish to’xtaydi) simpatik stvol harakat nervi bilan birga qitiqlanilsa qisqarish yana davom etadi (Orbeli-Ginetsinskiy fenomeni). Simpatik tolaning qitiqlanishi bevosita muskullar qisqarishini chaqirmasdan, muskullarda moddalar almashinuvini yaxshilaydi. ATF, glikogen, kreatinfosfat miqdorini oshiradi. Bu holatni MNS sathida ham ko’rish mumkin (simpatik tola qitiqlanganida orqa miya, uznchoq miya, o’rta miya faoliyati o’zgaradi). P.A.Orbeli simpatik nerv tizimining bu xususiyatini adaptatsion trofik funksiya deb tushuntirdi. Umuman simpatik nerv tizimi umumiy nerv tizimi faolligini oshiradi, organizm immun tizimi faoliyatini kuchaytiradi, qon ivishini kuchaytiradi, stress holatlarda kuchayib organizmni havfli holatlardan himoya qiladi (gormonlar ajralishini kuchaytiradi). Simpatik tizim evolyusion rivojlanish jarayonida organizmni turli xil sharoitlarga moslashtirish, chidash bobida alohida tizim bo’lib shakllangan. Simpatik tizim faollansa energiya sarflanishi kuchayadi. (Parasimpatik va metasimpatik tizim energiya manbaining oshishiga, to’planishiga olib keladi). Agar mushuklarda chegarachi simpatik stvol olib tashlansa (simpatektomiya), ular me'yoriy sharoitlarda bemalol yashayveradi (ko’payadi), lekin noqulay sharoitlarga moslasha olmaydi, ularda tajovvuzkorlik paytida yurak urishining tezlashishi, qorachiqning kengayishi, tana muskullariga qon oqib borishining kuchayishi kuzatilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |