XIII BOB. MUSTABID SOVET TUZUMINING O'ZBEKISTONDAGI
QATAG'ONCHILIK SIYOSATI VA UNING OQIBATLARI
Tayanch so'z va iboralar: Totalitar tizim. Milliy kuchlarni bo'lish. «18-lar guruhi». «Inog'omovchilar». «Qosimovchilar». Ziyolilar qatag'onligi. Diniy ta'qiblar. Qatag'onlikning yangi to'lqini. Fan va madaniyatga bosim.
Sobiq Ittifoqda ma'muriy-buyruqbozlik, totalitar tizimning qaror topishi.
Respublika huquqlari, manfaatlarining cheklanishi
Totalitar rejimining qaror topishj XX asrning 20 - yillari ikkinchi yarimlariga kelib sovetlar mamlakatining hokimiyat boshqaruv - idora tizimida ham keskin o'zgarish hollari yuz berib bordi. Partiya va davlat boshqaruvi muruvvatlarini o'z qo'li ostiga kiritib borgan I. V. Stalin asta - sekinlik bilan o'zining yakka xokimligini butun choralar bilan qaror toptirish harakatida bo'ldi. Shu maqsadga erishish yo'lida u o'z atrofiga bir guruh hushomadgo'y, labbaychi rahbar kadrlarni to'plab, ularni ishga solib, partiyaning ko'plab tajribali, inqilobiy kurashlarda jarayonida toblangan, g'oyaviy va siyosiy jihatdan etuk, nufuzli arboblarini obro'sizlantirishga intildi. 20-yillarda atayin avj oldirilib, odatiy tusga kirgan «partiyaviy tozalashlar» bahonasida mamlakat hayotining u yoki bu muhim masalasida sog'lom, xolis fikr bildirgan kadrlarni egallab turgan yuqori vazifalaridan chetlattirib borildi. Stalin o'z yo'liga g'ov bo'lgan bunday muxolifatchi kuchlar, kadrlarni tor - mor etish, o'z shaxsiy hokimiyati rejimini qaror toptirib borishda V.M.Molotov, K.E.Voroshilov, L.M.Kaganovich, L.P.Beriya singari maslakdoshu hamfikr safdoshlari xizmatidan ustamonlik bilan foydalandi. Mamlakatda yuz berayotgan barcha o'zgarishlar, yangilanishlar Stalin nomiga nisbat berildi. Hukmron Markaz mafkurasi bu nomni zo'r berib ko'klarga ko'tarib maqtash, madh qilishga yo'naltirildi.
20-yillar oxirlariga kelib Stalin tomonidan yangi nazariy qarash sifatida ilgari surilgan «sotsializm mustahkamlanib borgan sari sinfiy dushman qarshiligi ham shunchalik kuchayib boradi», degan soxta g'oya butun mamlakat uchun halokatli oqibatlarga olib keldi. Stalin va uning yaqinlari mamlakat va partiya hayotiga oid har bir masalada o'z irodasi, hukmini boshqalarga majbur etib bordilar. O'z davrida kompartiya va sovet hokimiyati rahbariyatining o'zak - negizini tashqil etgan Trotskiy, Buxarin, Kamenov, Zinovev, Rikov, Tomskiy singari taniqli arboblar shunday muxolifatchi guruh vaqillari sifatida egallab turgan lavozimlaridan olinib, keyinchalik qatag'onlik domiga duchor etildilar.
Shu tariqa, sobiq Ittifoqda 1917 yildan boshlab shakllanana boshlagan totalitar siyosiy rejim 20-yillarning oxiri 30-yillarning boshlarida to'liq qaror topdi. Totalitar rejimning mazmun-mohiyati, belgilari quyidagilardan iborat:
ko'ppartiyaviylik tugatiladi, bitta partiya (VKP(b)) butun mamlkatda yagona hukmron partiyaga aylanadi, uning qarorlari, ko'rsatmalari barcha hokimiyat organlari tomonidan so'zsiz bajarilishi majburiy bo'ladi;
davlat boshqaruvi markazdan, diktator tomonidan ma'muriy-buyruqbozlik tarzida amalga oshiriladi, mahalliy hokimiyat organlari amalda qo'g'irchoq bo'lib qoladi;
ijtimoiy munosabatlar siyosiy, iqtisodiy, mafkuraviy, jismoniy zo'rovonlik asosda tartibga solinadi, xususiy mulkni milliylashtirish orqali shaxsning iqtisodiy erkinligi tugatiladi, rejali iqtisodiyot qaror topadi;
oshkoralik, turli xil fikr bildirish, muxolifatchilik harakatlari qat'iyan man etiladi;
ommaviy axborot vositalari, ta'lim tizimi, ijodiy uyushmalar orqali targ'ibot- tashviqot ishlari kuchaytirilib, aholi rasmiy (kommunistik) mafkura nuqtai nazardan qayta ishlanadi, ular ongiga mafkuraviy aqidalar singdiriladi;
siyosiy qatag'onlik shaxsning ongi va hatti-harakatlarini nazorat ostiga olish, mavjud tuzumga nisbatan xayrixohlik, sodiqlik, qo'llab-quvvatlash tuyg'usini singdirishning asosiy vositasiga aylanadi;
rasmiy mafkuraga mos bo'lmagan barcha nashriy mahsulotlarni yo'q qilishga, intellektual va ijodiy faoliyatni bo'g'ishga yo'naltirilgan tsenzura organi faoliyat yuritadi;
siyosiy qatag'onlikni amalga oshirish uchun maxsus hokimiyat organlari, mehnat va axloq tuzatish lagerlari tarmog'i tuziladi va faoliyat yuritadi, birga ishlovchi, qo'ni-qo'shnilardan kuzatuvchi, ig'vogar-chaqimchilar yollanadi, aholi qo'rquv ostiga olinadi.
Respublika huquqlarining cheklanishi Mamlakatda totalitar tizimning qaror topishi, shubhasiz, milliy sovet respublikalari hayotiga ham daxl qilib, ularning butun inon - ixtiyorini Ittifoq davlati tasarrufiga bog'lab qo'ydi. Bu O'zbekiston timsolida ham yaqqol qo'zga tashlandi. Avvalo, respublika hokimiyati boshqaruvining hamma bo'g'inlari to'liq ravishda SSR itifoqi organlariga bo'ysundirildi. Shuningdek, bu erdagi yagona rahbar tashkilot - O'zbekiston kompartiyasi ham VKP(b) ning viloyat bo'limi maqomida faoliyat yuritardi. Binobarin, hukmron partiya va uning Markazqo'mi qabul qiladigan har qanday qaroru farmoyishlar, rahbariy ko'rsatmalar respublika partiya tashkilotlari tomonidan bajarilishi majburiy va shart edi.
Respublikaning kasaba uyushmalari, yoshlar tashkiloti (Komsomoli) va boshqa jamoat tashkilotlari ham Markazdagi shu xildagi tashkilotlarning aynan andozasi asosida tuzilgan bo'lib, ularga to'liq bo'ysungan holda faoliyat yuritardi. Shu bilan birlikda bu tashkilotlarning barchasi kompartiya etakchiligida, uning siyosiy - g'oyaviy ta'sirida bo'lib, o'z a'zolarining ongi, tafakkurini shu partiyaning mafkurasi, g'oyasi ruhida shakllantirib, tarbiyalab borishlari kerak edi. Negaki, mustabid tuzum sharoitida jamiyat a'zolarini boshqacha ruhda tarbiyalash to'g'risida gap bo'lishi mumkin emasdi.
Stalincha ma'muriy - buyruqbozlik tizimi ko'zga ko'rinarli va ko'zga ko'rinmas ming xil qizil iplar bilan O'zbekistonni o'z domiga ilintirib, uning amaldagi rasmiy mustaqilligini yo'qqa chiqargan edi. Uning mahalliy rahbariyati respublikaning iqtisodiy, xo'jalik, madaniy- ma'naviy hayotiga oid biror bir masala, muammoni mustaqil hal etishga haqli, huquqli emas edi. Buning uchun avvalo Markazning roziligini olish talab etilardi. O'zbekiston mustaqilligining nechog'lik rasmiy, yuzaki mazmunda bo'lganligi fakti uning yuksak qonuniy hujjatlarida ham o'z aksini topgan edi. Jumladan, O'zbekistonnning 1937 yilda qabul qilingan Konstitutsiyasi ham mohiyat e'tibori bilan asosan 1936 yil 5 dekabrdan kuchga kirgan SSSR konstitutsiyasining aynan nusxasi edi.
Unda respublikaning mustaqilligi, fuqarolarining huquqlari, erkinliklari madh etilmasin, biroq ular amaliyotda nechog'lik soxta, quruq safsatalar bo'lib chiqqanligi hammaga ayondir.
Sovet hokimiyatining O'zbekistonda yuritgan qatag'onlik siyosati va
uning oqibatlari
Mustabid tuzum Markazda va joylarda o'z mutlaq hokimiyatini shakllantirib, mustahkamlab borar ekan, bunda u o'ziga sodiq muayyan siyosiy va ijtimoiy kuchlarga tayanib ish yuritmog'i kerak bo'lardi. Shu maqsadda Markaz hukumati yangi sotsialistik jamiyat qurilishining butun davomida O'zbekistonga o'zining ko'p sonli sadoqatli xodimlari, vakillarini rahbariy lavozimlarga yuborib turganligi bejiz emas. Xususan ular yordamida o'lka hayotida kechayotgan barcha jarayonlar, o'zgarishlardan doimiy xabardor bo'lish, ularning yo'nalishlarini, maqsad, vazifalarini belgilash, mahalliy kadrlar faoliyatini kuzatish, nazorat qilish mumkin bo'lardi. Markaz O'zbekistonlik milliy kadrlarning kundalik ishlariga «ko'z quloq» bo'lish, ular faoliyatini tekshirish, taftish qilish barobarida sotsializm qurilishi yo'liga sadoqat bildirganlarni tanlash, tarbiyalash, ularni yuqori mansablarga ko'tarishni o'z e'tiboridan chetda tutmadi.
Shu bois Markaz ishonchini qozonib, uning nufuzli namoyandalari bilan yaqindan hamkorlik qilgan, kerak bo'lganda o'z xalqining manfaati, qiziqishlarini ko'zlab ish yuritgan bilimdon kadrlar soni ham ko'payib borganligi faktdir. Ammo Stalinning yakkahokimligi kuchayib, totalitar tuzum bedodligi avj olib borgan sari bunday kadrlarni arzimas sabab va bahonalar bilan qiyin-qistovga olish, vazifalaridan chetlashtirish odatiy tusga kirib bordi.
Rahbar kadrlar, ayniqsa o'z xalqi, yurtining milliy manfaatlarini himoya qilib, uning istiqbolini ko'zlab, o'zida kuch, iroda topib, bor haqiqatni aytishga jur'at qilgan millat kishilari birinchi navbatda hukmron Markaz uyushtirgan qatag'onlikka duchor bo'ldi. Buning yorqin ifodasini Sovet mafkurachilari tomonidan o'zbek milliy kadrlari sha'nini bulg'ashga qaratilgan, atayin to'qib chikarilgan «18 lar guruhi», «Inog'omovchilar», «Qosimovchilar» guruhlari timsolida ko'rish mumkin. Ularning faoliyatiga oid tarixiy hujjatlarni ko'zdan kechirar ekanmiz, bu insonlar faoliyatida ularni ayblashga bois bo'ladigan xech bir asosli ashyoi dalillar bo'lmaganligiga to'la amin bo'lamiz. Ularning yagona «gunohi» - bu o'z millati dardi, tashvishi va manfaatini ko'zlab ayrim muhim muammolarni ko'targanligi va ularni hal etishga yuqorining e'tiborini jalb etganligi holos.
Do'stlaringiz bilan baham: |