[
ОКОЗ:
1.02.00.00.00 Давлат бошқаруви асослари / 02.08.00.00 Иқтисодиёт, ижтимоий-маданий қурилиш соҳасидаги давлат бошқарувининг умумий масалалари / 02.08.06.00 Маъмурий тартиб-таомиллар / 02.08.06.04 Давлат хизматларини кўрсатиш;
2.09.00.00.00 Тадбиркорлик ва хўжалик фаолияти / 09.01.00.00 Тадбиркорлик тўғрисидаги қонунчилик / 09.01.03.00 Якка тартибдаги тадбиркорлик]
[
ТСЗ:
1.Давлат ва жамият қурилиши / Давлат хизмати.
Архив иши;
2.Ижтимоий-маданий масалалар / Меҳнат. Аҳолининг бандлиги]
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yollangan xodimlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo’yish hamda soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlar hisobini yuritishni tartibga solish chora-tadbirlari to’g’risida
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada
qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to’siqlarni qisqartirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida» 2021 yil 23 martdagi PF-6191-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq solinadigan daromadlarning va xarajatlarning hisobini yuritish tartibini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki:
yakka tartibdagi tadbirkorlarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan faoliyat turlari bo’yicha besh nafargacha xodimlarni
yollash huquqi beriladi;
yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollangan xodimlar elektron tartibda shaxsiy kabinet yoki mobil ilova orqali davlat soliq organlarida ro’yxatga qo’yiladi;
yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan mehnat daftarchasi yuritilmaydi;
yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlariga kirishgan jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida qaralmaydi va ular yakka tartibdagi tadbirkor nomidan huquqiy hujjatlarni
imzolash huquqiga ega emas;
xodimlarni yollagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan faoliyat faqat bitta manzil bo’yicha shoxobchada amalga oshiriladi;
yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlarning hisobini yuritish soliq bazasini hisoblab chiqarishning soddalashtirilgan tartibini tanlagan yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi:
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yollangan xodimlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo’yish tartibi to’g’risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq:
yakka tartibdagi tadbirkorlar belgilangan tartibda bank hisobvarag’i ochgandan so’ng xodimlarni yollash huquqiga ega bo’lishi;
yakka tartibdagi tadbirkor va xodim o’rtasida yozma shakldagi mehnat
shartnomasini tuzish tartibi;
mehnat shartnomasining amal qilish muddati va xodimning mehnat stajini hisoblash tartibi;
davlat soliq xizmati organi tomonidan yakka tartibdagi tadbirkor yollagan xodimni hisobga qo’yish
kartochkasini yuritish tartibi;
xodimlarni yollagan holda faoliyatni amalga oshirayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to’lanadigan soliqlarni hisoblash tartibi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlarning hisobini yuritish tartibi to’g’risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
daromadlar va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari yuritilishi, ularda yakka tartibdagi tadbirkor to’g’risidagi ma’lumotlar
aks ettirilishi;
tovar cheklari daftarchasi yakka tartibdagi tadbirkorning arizasiga asosan u ro’yxatdan o’tkazilgan joydagi davlat soliq xizmati organlarida ro’yxatdan o’tkazilishi;
daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlarini tasdiqlash,
registrlarni saqlash muddati;
davlat soliq xizmati organlari tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlarning soliq solinadigan daromadlarini aniqlash hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan daromad solig’ini to’lash tartibi.
3. Vazirlar Mahkamasining «Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug’ullanishi mumkin bo’lgan faoliyat turlari ro’yxatini tasdiqlash to’g’risida» 2011 yil 7 yanvardagi 6-son qaroriga (O’zbekiston Respublikasi QT, 2011 y., 1-son, 3-modda) 3-ilovaga muvofiq o’zgartirishlar kiritilsin.
4. O’zbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o’z kuchini yo’qotgan deb hisoblansin.
5. O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o’zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag’allikni qisqartirish masalalari bo’yicha o’rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo’chqorov va O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi raisi Sh.D. Kudbiev zimmasiga yuklansin.