Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlarning hisobini yuritish tartibi to’g’risida NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar 1. Mazkur Nizom yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlarning hisobini yuritish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizomning amal qilishi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ayrim yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo’llaniladi:
tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan daromad — hisobot davrida tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan tushgan jami tushum summasi;
sof daromad — tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan daromaddan ushbu tovarlarning (xom ashyoning) hujjatlar bilan tasdiqlangan tannarxi, ularni sotib olish, saqlash, sotish va ma’muriy xarajatlar chegirilgan holda yakka tartibdagi tadbirkorning ixtiyorida qolgan daromad (foyda) summasi.
2-bob. Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari 3. Yakka tartibdagi tadbirkorlar soliq solinadigan daromadlarni va xarajatlarni hisobga olish registrlarida daromadlar va xarajatlar hisobini yuritishi shart.
Daromadlar va xarajatlarni hisobga olish registrlari quyidagilarni o’z ichiga oladi:
yakka tartibdagi tadbirkorning daromadlari va xarajatlarini hisobga olish daftari;
tovar cheklari daftari yoki nazorat-kassa texnikasi cheki.
Bunda, daromadlar va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari daftar shaklida (keyingi o’rinlarda — hisobga olish daftari) tikiladi, uning birinchi varag’i yakka tartibdagi tadbirkor to’g’risidagi ma’lumotlar bilan to’ldiriladi.
Hisobga olish daftarining keyingi varaqlarida faoliyat turidan kelib chiqib:
chakana savdo faoliyati bilan shug’ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromadlarini hisobga olish registrlari;
xizmat ko’rsatish faoliyati bilan shug’ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromadlarini hisobga olish registrlari;
xarajatlarni hisobga olish registrlari o’z faoliyati uchun lozim bo’ladigan miqdorda (varaqda) tikiladi.
4. Aholi bilan pullik hisob-kitoblarni nazorat-kassa texnikasini qo’llamasdan amalga oshirishi mumkin bo’lgan faoliyat turlari bilan shug’ullanadigan yakka tartibdagi tadbirkor tovar cheklari daftarini davlat soliq xizmati organlariga ro’yxatdan o’tkazish uchun taqdim etishi lozim.
Tovar cheklari daftari yakka tartibdagi tadbirkorning arizasiga asosan u ro’yxatdan o’tkazilgan joydagi davlat soliq xizmati organlarida ro’yxatdan o’tkaziladi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlarning hisobini yuritish ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari raqamlar qo’yilgan, ip o’tkazib bog’langan holda tegishli davlat soliq xizmati organlarining muhri bilan tasdiqlanadi va yakka tartibdagi tadbirkorga bir ish kunidan kechiktirmay taqdim qilinadi.
Daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari yakka tartibdagi tadbirkorda oxirgi yozuv kiritilgan paytdan e’tiboran besh yil mobaynida saqlanadi.