3-bob. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan xodimlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo’yish 12. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan xodimlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo’yish ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
13. Yakka tartibdagi tadbirkor xodimini hisobga qo’yish to’g’risidagi arizani xodim bilan mehnat shartnomasi tuzilgan sanadan boshlab uch ish kunidan kechikmay soliq bo’yicha hisobga qo’yish joyidagi davlat soliq xizmati organiga ushbu Nizomga 3-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq shaxsiy kabineti yoki mobil ilovasi orqali eksterritorial tarzda taqdim etadi.
14. Xodimni hisobga qo’yish to’g’risidagi arizaga yakka tartibdagi tadbirkor va xodim o’rtasida tuzilgan mehnat shartnomasining nusxasi ilova qilinadi.
15. Davlat soliq xizmati organi tomonidan xodimni hisobga qo’yish to’g’risidagi ariza olingan sanadan boshlab bir ish kunidan kechikmay mazkur Nizomga 4-ilovada keltirilgan shakl bo’yicha QR-kod qo’yilgan xodimni hisobga qo’yish kartochkasi (keyingi o’rinlarda — hisobga qo’yish kartochkasi) yakka tartibdagi tadbirkorning shaxsiy kabinetiga yoki mobil ilovasiga jo’natiladi.
16. Hisobga qo’yish kartochkasi xodim va yakka tartibdagi tadbirkor o’rtasida tuzilgan mehnat shartnomasining amal qilish muddatiga beriladi.
17. Amal qilish muddati tugagan hisobga qo’yish kartochkasi o’z kuchini yo’qotgan deb hisoblanadi.
O’z kuchini yo’qotgan hisobga qo’yish kartochkasini qayta tiklash uchun yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan ushbu Nizomning 14-bandiga muvofiq shaxsiy kabinet yoki mobil ilova orqali eksterritoriallik tamoyili asosida ariza jo’natiladi.
Mazkur arizaga asosan davlat soliq xizmati organi tomonidan bir ish kunidan kechiktirmasdan yakka tartibdagi tadbirkorning shaxsiy kabinetiga yoki mobil ilovasiga ushbu Nizomning 16-bandiga muvofiq hisobga qo’yish kartochkasi jo’natiladi.
18. Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda, yakka tartibdagi tadbirkor shaxsiy kabineti yoki mobil ilovasi orqali soliq bo’yicha hisobga qo’yish joyidagi davlat soliq xizmati organiga xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi to’g’risidagi xabarnomani ushbu Nizomga 5-ilovaga muvofiq shaklda bir ish kunidan kechiktirmasdan eksterritorial tarzda yuboradi.
Davlat soliq xizmati organi xabarnoma qabul qilingan kunning o’zida xodimni hisobga qo’yish kartochkasini bekor qiladi.
Mehnat shartnomasi bekor qilinganligi to’g’risidagi xabarnomani o’z vaqtida yubormaslik, yakka tartibdagi tadbirkorning majburiyatlari bo’yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’ini va ijtimoiy soliqni hisoblashni to’xtatib turishga asos bo’lmaydi.
19. Hisobga qo’yish kartochkasi yo’qolgan yoki yaroqsiz bo’lib qolgan hollarda davlat soliq xizmati organi tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorning shaxsiy kabinetiga yoki mobil ilovasiga jo’natilgan kartochkadan qayta chop etish orqali foydalanilishi mumkin.
20. Davlat soliq xizmati organlari yakka tartibdagi tadbirkorlarning yollangan xodimlari hisobini belgilangan tartibda yuritadi.