Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa XIL shikastlanishi tufayli etkazilgan zararni to‘lash to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish
Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq
holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli etkazilgan zararni to‘lash
to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish TARTIBI
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 11 fevraldagi 60-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli etkazilgan zararni to‘lash qoidalari»dan ko‘chirma:
1 (32). Ish beruvchi kasb bo‘yicha mehnat layoqatini yo‘qotgan xodimga ishlab chiqarishda nobud bo‘lganning oila a’zolariga amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq ularning zararni to‘lashga bo‘lgan huquqlarini va ushbu masalalar bilan ish beruvchiga murojaat qilish tartibini tushuntirishi hamda zararni to‘lash to‘g‘risidagi talablarni berish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni olishda ariza beruvchiga ko‘maklashishi va tegishli hollarda ushbu hujjatlarni boshqa tashkilotlardan talab qilishi shart.
2 (33). Zararni to‘lash to‘g‘risidagi ariza ish beruvchiga beriladi. Zararni to‘lash to‘g‘risidagi arizaning nusxasi kasaba uyushmasi qo‘mitasiga yoxud korxona xodimlarining boshqa vakolatli organiga beriladi.
3 (34). Ish beruvchi zararni to‘lash to‘g‘risidagi arizani ariza olingan kundan boshlab 10 kun muddatda ko‘rib chiqishi va tegishli qaror qabul qilishi shart.
Qaror ish beruvchining buyrug‘i (farmoyishi) bilan rasmiylashtiriladi. Buyruq asoslangan bo‘lishi zarur, unda zarar to‘lovini oladigan shaxslar, oilaning har bir a’zosi uchun uning miqdorlari va to‘lash muddatlari ko‘rsatiladi.
Ish beruvchining zararni to‘lash yoki asoslangan rad etish haqidagi buyrug‘i nusxasi xodimga yoki manfaatdor shaxslarga buyruq chiqarilgan kundan boshlab 3 kun muddatda topshiriladi.
4 (35). Zararni to‘lash to‘g‘risidagi arizaga Davolash-mehnat ekspertiza komissiyasining kasb bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik darajasi to‘g‘risidagi hamda tegishli hollarda jabrlanuvchining qo‘shimcha yordam turlariga muhtojligi haqidagi xulosasi ilova qilinadi.
Zarar to‘lovlari muddatini uzaytirish uchun ham yuqorida qayd etilgan hujjatlar taqdim qilinadi.
5 (36). Davolash-mehnat ekspertiza komissiyasida sog‘liqni tekshiruvdan o‘tkazish va qayta tekshirishdan o‘tkazish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
6 (37). Boquvchisini yo‘qotganlik tufayli zarar to‘lanishi huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga zararni to‘lash haqidagi arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
a) fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi (FHDYO) tomonidan boquvchining vafoti to‘g‘risida berilgan guvohnoma nusxasi;
b) vafot etgan shaxsning oila a’zolari tarkibi, shu jumladan uning qaramog‘ida bo‘lganlar to‘g‘risida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining ma’lumotnomasi (yoki boshqa hujjatlar) yoki sudning tegishli qarori nusxasi;
v) vafot etgan shaxsning 3 yoshga to‘lmagan bolalari, ukalari, singillari yoki nevaralarini parvarish qilish bilan band bo‘lgan ota-onasi, umr yo‘ldoshi yoki boshqa oila a’zosining ishlamayotganligi to‘g‘risida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining ma’lumotnomasi;
g) o‘quv muassasasining zarar to‘lanishi huquqiga ega bo‘lgan, yoshi 16 dan 18 gacha bo‘lgan shaxslarning o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limlarida o‘qishi to‘g‘risidagi ma’lumotnomasi.
To‘lovlar muddatini uzaytirish uchun zarar to‘lovlarini kelgusida ham olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (o‘qishi to‘g‘risida ma’lumotnomalar va boshqalar) taqdim etiladi.
7 (38). Boquvchining oila a’zolari tarkibi, shu jumladan vafot etgan shaxsning qaramog‘ida bo‘lganlar haqida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining ma’ lumotnomasida (yoki boshqa hujjatlarda) oila har bir a’zosining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili va oyi ko‘rsatiladi.
Tegishli hujjatlar bo‘lmaganda hamda ularni tiklash imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, shuningdek manfaatdor shaxs ma’lumotnomadan norozi bo‘lganda qaramog‘ida bo‘lganlik holati sud tomonidan belgilanadi.
8 (39). Jabrlanuvchining yoki boshqa manfaatdor shaxslarning iltimosiga ko‘ra korxona kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlar tomonidan vakil qilingan boshqa vakolatli organ ish beruvchi bilan muzokaralarda jabrlanuvchi tomonidan qatnashish uchun o‘z vakilini ajratadi.
9 (40). Xodim yoki manfaatdor shaxslar ish beruvchining qaroridan norozi bo‘lgan yoki belgilangan muddatda javob olinmagan taqdirda ushbu nizoni hal etish uchun sudga murojaat qilishlari mumkin. Korxonaning kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlar tomonidan vakil qilingan vakolatli organ manfaatdor shaxslarning roziligiga ko‘ra ariza bilan sudga murojaat qilishi va sud jarayonida qatnashishi mumkin.
Zararni to‘lash haqidagi ariza sudga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda beriladi.
10 (41). CHet elda ishlagan davrda mehnat jarohati olgan xodimlar va boquvchisi vafot etgan taqdirda ularning oila a’zolari tomonidan zarar to‘lovini olish to‘g‘risidagi ariza xodimni chet elga ishga yuborgan vazirlikka, idoraga, tashkilotga, korxonaga beriladi.