Transport va infratuzilma kommunikatsiyalarini rivojlantirishga qaratilgan strategik ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun faol investitsiya siyosatini olib borish.
Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun transport-logistika sektori siyosiy, iqtisodiy va geografik nuqtai nazardan rivojlanishning strategik yo‘nalishi hisoblanadi. Shuning uchun mintaqa mamlakatlari transport yo‘nalishlarini diversifikasiya qilishga intilib, turli xil loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda. COVID-19 pandemiyasi mintaqaviy transport tizimining tovarlarning uzluksiz harakatlanishini ta'minlash uchun tezkor va samarali yechimlarga nisbatan zaifligini ko‘rsatdi. Global va mintaqaviy karantin cheklovlari yuklarni tashish uchun ishlatiladigan asosiy transport yo‘laklarining vaqtincha yopilishiga olib keldi. Aksariyat hollarda bir qator davlatlar bir tomonlama va proteksionistik choralarni ko‘rdilar, bu esa yuk oqimining to‘liq to‘xtashiga va ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha pasayishiga olib keldi, shu munosabat bilan tashqi savdo sub'ektlari yangi yechimlarni izlash va muqobil transport yo‘laklaridan foydalanishga majbur bo‘lishdi, bu esa yuk tashish xarajatlarning oshishiga olib keldi. Shu munosabat bilan, hozirgi vaqtda mintaqa davlatlari hukumatlari yuk va yo‘lovchilar tashish sifati, xavfsizligi va tezligini oshirish, infratuzilmani rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hisobiga xalqaro yuk tashishni amalga oshirishda transport xarajatlarini optimallashtirishga imkon beradigan samarali strategiya va yechimlarni ishlab chiqishga katta e'tibor qaratmoqdalar. Masalaning istiqbolli yechimlardan biri – bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida aytib o‘tilgan BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun Maxsus dasturi (MOIMD) hamda Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (OTOIIK) 2 Dasturi doirasida Transport-kommunikasiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusidir. Ushbu Markaz transport-logistika salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirishga va mintaqaviy hamda xalqaro yuk tashishni yanada kengaytirishga to‘sqinlik qiladigan tizimli muammolarni hal qilishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilishiga ko‘maklashadi va bu, o‘z navbatida, jadal iqtisodiy o‘sishga erishish va mintaqaning farovonligini oshirishga imkon beradi. Markazning asosiy vazifalari qatoriga - mintaqa transport tarmog‘ini yagona transport tizimiga birlashtirishga imkon beradigan qo‘shma transport-logistika loyihalarini amalga oshirish uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan mintaqaviy dasturlar, loyihalar va hujjatlarni qabul qilish, loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va ularni amalga oshirish uchun mablag‘ jalb qilish, yangi transport yo‘laklari va havo yo‘llarini shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar va takliflarni ishlab chiqish, tarif siyosati mexanizmlarini takomillashtirish va bojxona tartibga solishni soddalashtirish, transport oqimini boshqarishni raqamlashtirish, transport va tranzit sohasida normativ-huquqiy bazani muvofiqlashtirish, ekologiya, yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi hamkorlik, shuningdek transport sohasida yagona talablar asosida mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash vazifalari kiradi. Hozirgi kunda Markaz konsepsiyasining amaliy ishlab chiqilishi O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligining ekspertlari va tegishli bo‘linmalar rahbarlari tomonidan amalga oshirilmoqda - Markaz faoliyatini moliyalashtirish uchun xalqaro va mintaqaviy moliya institutlarining mablag‘lari jalb qilinishi rejalashtirilmoqda, uning rahbariyati tarkibiga esa ishtirokchi davlatlarning transport vazirlari kiradi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘onistonning savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, transport-logistika salohiyatidan to‘liq foydalanish 10 yil ichida mintaqa mamlakatlari yalpi ichki mahsulotining kamida ikki baravar ko‘payishiga imkon beradi, bu esa barqaror rivojlanishning samarali mexanizmi sifatida Markazni tashkil etishning dolzarbligini asoslaydi. Markazni tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar qatorida transport-logistika sektorida amalga oshirilayotgan va amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan investisiya loyihalari sonining ko‘payib borayotgani, shuningdek, Markaziy Osiyo va Afg‘oniston hukumatlari infratuzilmani modernizasiya qilish, logistika markazlarini qurish va mamlakatlararo kommunikasiya aloqalarini mustahkamlash hisobiga transport tarmog‘ini barqaror rivojlantirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni qabul qilishga katta e'tibor qaratayotganini ta'kidlash mumkin. Shuni ham ta'kidlash kerakki, mintaqa mamlakatlari va Afg‘oniston BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (OTOIIK), BMTning Taraqqiyot dasturi, Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi va boshqa transport-logistika sektorini rivojlantirishga qaratilgan qator xalqaro dastur va loyihalarga a'zodirlar. Oʻzbekiston jahonning dengiz bandargohlariga chiqish, mahsulotlar raqobatdoshligini saqlab qolish uchun yangidan-yangi transport yoʻlaklarini barpo etishni tashqi siyosatdagi ustuvor vazifalardan biri, deb biladi.
Davlatimiz rahbari shu yil 2-fevral kuni Transafgʻon temir yoʻlini qurish loyihasi boʻyicha uch tomonlama ishchi guruhning birinchi yigʻilishida ishtirok etish uchun yurtimizga kelgan Afgʻoniston Islom Respublikasining delegatsiyasi — mamlakat tashqi ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmar va Prezident Administratsiyasi rahbari Muhammad Shokir Korgar hamda Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi Abdul Razzoq Dovudni qabul qildi.
Muloqotlar markazida, shubhasiz, Afgʻoniston hududi orqali Markaziy va Janubiy Osiyoni eng qisqa yoʻl bilan bogʻlaydigan, Pokistonning dengiz portlariga chiqishni hamda ularning infratuzilmasi samarali ishga solinishini taʼminlaydigan temir yoʻl qurish loyihasi, taʼbir joiz boʻlsa, asr loyihasi muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bogʻlaydigan Transafgʻon transport yoʻlagini barpo etish borasida dastlabki amaliy qadamlar tashlangani haqida toʻxtalib oʻtgan edi. Ushbu loyihaga xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan 4,8 milliard dollar jalb qilinishi kutilmoqda. Pokiston transport vazirining fikricha, boʻlajak temir yoʻldan yoʻlovchi va yuk tashish maqsadlarida samarali foydalaniladi.Aytish joizki, joriy yil Davlat dasturida Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishi va mazkur mamlakatning barqaror rivojlanishini taʼminlash yoʻlidagi global saʼy-harakatlarni faol qoʻllab-quvvatlash, Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bogʻlaydigan Transafgʻon transport yoʻlagini barpo etish borasida aniq manzilli tadbirlarni amalga oshirish vazifasi ham alohida bandda koʻrsatib oʻtilgan.
Bu bejiz emas. Zero, asrlar davomida Afgʻoniston Markaziy Osiyoni boshqa mintaqalar, xususan, Janubiy Osiyo bilan bogʻlovchi koʻprik vazifasini oʻtab kelgan. Shu bois kelgusida Afgʻonistonning ana shu tarixiy rolini qayta tiklash, uning tranzit salohiyatini roʻyobga chiqarish nafaqat uning oʻzi uchun, balki Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari uchun ham katta ahamiyatga ega. Transafgʻon koridorining barpo etilishi, hech shubhasiz, mintaqalararo savdo-sotiqni kengaytirish, madaniy va ilmiy-gumanitar sohalarda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay imkoniyatlar yaratadi.
Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida Oʻzbekiston uchun barqaror iqtisodiy oʻsishning eng muhim garovi — raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish, ular uchun yangi xalqaro bozorlar topish va eksportni koʻpaytirish, tranzit salohiyatidan toʻliq foydalanish borasida oʻrinli hamda kechiktirib boʻlmaydigan muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Shu munosabat bilan BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochishni taklif qildi.
Transport kommunikatsiyasi toʻgʻrisida gap ketar ekan, bu Oʻzbekiston uchun juda muhim va oʻylantiradigan dolzarb masalalardan biri ekanini taʼkidlash joiz. Shu bois Oʻzbekiston transport sanoati ravnaqiga strategik ahamiyat berib, milliy va mintaqaviy darajalarda transport infratuzilmasi taraqqiyotiga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda, shuningdek, uni xalqaro transport tizimiga qoʻshish boʻyicha izchil ishlarni olib bormoqda.
Xalqaro ekspertlarning xulosasiga koʻra, infratuzilmani yaxshilash, moslashuvchan tariflar qoʻllash va yangi istiqbolli yoʻnalishlarni shakllantirish hisobidan, Oʻzbekistonda tranzit salohiyatini hozirgi 7 milliondan 16 million tonnaga yetkazish imkoniyati mavjud.
Oʻzbekistonning okeanga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqishga imkoni yoʻq va dunyoda bunday davlatlar soni 44 tani tashkil qiladi. Ammo ularning 42 tasi bir mamlakat chegarasidan oʻtsa, keyingisi okean. Oʻzbekiston esa buning uchun ikki mamlakat hududini bosib oʻtishi lozim. Okeanga chiqish uchun esa eng yaqin yoʻl, bu — Afgʻoniston orqalidir. Shu maʼnoda, bugungi kunda yaqin qoʻshnimiz bilan har tomonlama aloqalarni rivojlantirish, bu zaminda tinchlik va barqarorlikning taʼminlanishidan Oʻzbekiston toʻlaqonli manfaatdordir.
Eʼtiborlisi, Oʻzbekiston saʼy-harakati bilan keyingi toʻrt yilda Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch, doʻstlik hamda hurmat muhiti shakllandi. Maqsad — mintaqamizning global iqtisodiy, transport va tranzit yoʻlaklariga chuqur integratsiyasini taʼminlashdir. Bu boradagi amaliy ishlar allaqachon boshlanib, Oʻzbekiston mintaqada iqtisodiy integratsiya jarayonlariga Afgʻonistonni keng jalb etish maqsadida “Surxon — Puli-Xumri” elektr uzatish tarmogʻi, Mozori-Sharifdan Hind okeani portlariga chiqadigan temir yoʻl qurilishi kabi yirik loyihalarni amalga oshirishga kirishdi.
Natijada aholi daromadlari va mahsulot sifati oshadi, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratiladi, tannarx pasayadi, yangi texnologiyalar olib kelinadi. Bozor islohotlarini jadal rivojlantirish hamda mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish uchun yangidan-yangi bozorlarga kirib boramiz.
Iqtisodiyotlarimiz raqobatchi emas, balki...
Mamlakatimizning faol tashqi siyosati tufayli Oʻzbekiston barcha davlatlar bilan oʻzaro manfaatli va doʻstona aloqalarni yoʻlga qoʻymoqda. Jumladan, mazkur jarayonda Oʻzbekiston — Pokiston munosabatlari, ayniqsa, iqtisodiy yoʻnalishda yangi surʼat bilan rivojlanayotganini koʻrishimiz mumkin.
Oʻzaro savdo-sotiq nuqtayi nazaridan iqtisodiyotlarimiz raqobatchi emas, balki bir-birini toʻldiradi. Shu maʼnoda, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Soʻnggi yillarda savdo va investitsiya hamkorligida sezilarli oʻsish kuzatilmoqda.
Savdo yoʻlaklariga kelsak, Pokistonning jugʻrofiy joylashuvi Oʻzbekistonga Arab dengiziga chiqish uchun qisqa yoʻnalishni taqdim etadi. Pokiston orqali savdo qilish Oʻzbekiston uchun dengizga chiqishning eng samarali usuli hisoblanadi. Xuddi shunday, Markaziy Osiyo bozorlari bilan savdo munosabatlarini kengaytirishga xizmat qiladigan aloqalarni oʻrnatish Pokistonning asosiy maqsadlaridan biridir.
Bu boradagi qator takliflar faol koʻrib chiqilmoqda. Shu sababli yaqin kelajakda ikki mamlakatni bir-biriga bogʻlaydigan oʻzaro foydali savdo yoʻlagini amaliyotga tatbiq qilishga umid bogʻlash mumkin. Bizning umumiy dinimiz, tariximiz, anʼanalarimiz va iqtisodiy manfaatlarimiz yaqin hamkorlikka chorlamoqda. Ajdodlari ming yillar davomida yonma-yon boʻlgan xalqlarni yana bir-biriga yaqinlashtirish, tarixiy aloqalarni tiklash va ularni XXI asrning geoiqtisodiy haqiqatlariga muvofiq tarzda yangilash vaqti keldi.
Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yil 10-mayda oʻrnatilgan. Turli darajadagi siyosiy muloqotlar muntazamlik kasb etgan. Uni izchil rivojlantirish, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar boʻyicha yondashuvlarni muvofiqlashtirib borish imkonini bermoqda. Oʻzbekistonning ulkan iqtisodiy salohiyati, geostrategik oʻrni, rivojlangan infratuzilmasi Pokiston uchun muhim ahamiyatga ega. Pokiston mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashdagi oʻrni, dengiz portlariga chiqish imkoniyati, yirik bozori bilan Oʻzbekiston uchun istiqbollidir. Ikki mamlakat xalqaro maydonda bir-birini qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Shanxay hamkorlik tashkilotiga Pokistonning qabul qilinishi mamlakatlarimizning oʻzaro va koʻp tomonlama hamkorligini rivojlantirishda yana bir muhim omil boʻladi.
Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat uchun barcha zarur imkoniyat va zaxiralar yaratilyapti. Natijada Pokistondagi salohiyatli importchilar bilan koʻp qirrali hamda uzoq muddatli munosabatlarning yangi davri boshlandi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Misol uchun, 2018-yildan beri ikki mamlakat oʻrtasida faol biznes aloqalarining yana-da kengayishi va oʻzaro manfaatli tijoriy operatsiyalar salmogʻi ortishi bosqichi kuzatilmoqda. Birgina pandemiya davridagi 2020-yilni hisobga olmaganda, 2019-yili Pokistonga mamlakatimiz eksporti hajmi 220 foiz oʻsdi.
Yetishtirilayotgan mahsulotlarimizga talab ortmoqda
Yurtimizda keyingi ikki-uch yilda qishloq xoʻjaligi sohasida klasterlar tashkil etishga alohida kirishilganidan barchamiz yaxshi xabardormiz. Bunday ezgu tashabbus fermer xoʻjaliklari faoliyatining kuchayishiga turtki berishi barobarida, yuqori sifatli meva-sabzavot mahsulotlarini katta miqdorda eksport qilishga sharoit yaratyapti.Masalan, Pokiston bozorlarida yurtimizda yetishtirilgan mahsulotlarga talab ortmoqda. Natijada birgina 2018-yilda ushbu mamlakatga 22,2 million AQSH dollarilik, yaʼni 30 ming tonna meva-sabzavot sotildi. Qolaversa, Pokiston mamlakatimizdan meva-sabzavot mahsulotlarini import qiluvchi yirik davlatlar oʻntaligi (7-oʻrin)dan joy oldi.Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini yana-da kengaytirish maqsadida 2018 — 2020-yillarda yurtimizda Pokiston ishtirokida yigirmadan ortiq savdo kompaniyalari va agrofirmalar tashkil qilindi.Hozir ular Oʻzbekiston meva-sabzavotlarini Janubiy Osiyo mamlakatlariga yetkazish, shuningdek, Pokistonning Karachi porti orqali Fors koʻrfaziga olib chiqish bilan shugʻullanmoqda. Mosh, noʻxat, loviya kabi dukkakli mahsulotlar hamda gilos, olma, oʻrik kabi hoʻl va quritilgan mevalar, qulupnay, qalampir, pomidor, qovun singari sabzavotu poliz neʼmatlari Pokiston bozorlarida eng xaridorgir boʻlmoqda.Bundan tashqari, ushbu mamlakatning isteʼmol bozori Oʻzbekistonda yetishtirilgan dukkakli mahsulotlarni oliy sifat belgisi, deb qabul qilayotir hamda zaminimiz neʼmatlari Eron, Kanada, Myanma va Avstraliyadan keltiriladigan shunday tovarlar bilan toʻliq raqobatlashmoqda.
Pokistonlik isteʼmolchilarning fikriga koʻra, yurtimiz mevalari betakror mazasi, turli darmondorilar, xususan, temir moddasiga boyligi bilan ajralib turadi. Qisqacha aytganda, bundan keyin ham zaminimiz neʼmatlariga nafaqat Pokiston, balki butun Janubiy Osiyo davlatlari bozorlarida talab yuqori boʻladi. Yangi temir yoʻl loyihasining ishga tushishi imkoniyatlarimizni yana-da oshiradi.
Pokiston va Oʻzbekistonni madaniyat, din hamda anʼanalar mushtarakligiga asoslangan yaqin munosabatlar bogʻlab turibdi. Pokiston Oʻzbekistonning Termiz shahridan atigi 665 kilometr uzoqlikda joylashganligini taʼkidlash lozim. Bu masofa Pokistonning Lahor va Karachi shaharlari orasidagi masofadan kamroqdir. Qolaversa, Pokistonning Karachi hamda Gvadaru dengiz portlari bor. Bu oʻzbekistonlik sheriklar uchun jahon bozoriga maqbul yoʻlni ochib beradi.
Shuningdek, Pokiston tomoni Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni yaxshilash maqsadida mintaqa bozorlariga yiliga bir necha milliard dollarlik tayyor mahsulot — dori-darmon, kiyim-kechak hamda guruch va shakar eksport qilish imkoniyatiga ega. Bu oʻrinda mintaqa davlatlariga bir necha million dollarlik kredit berishga xam tayyorligini bildirmoqda. Islomobodning mintaqa mamlakatlariga, asosan, Oʻzbekiston, Turkmaniston va Qozogʻistonga qiziqishi kattaligi kuzatiladi.
Muammoni hal qilishning innovatsion yondashuvi
Afgʻonistonda barqaror tinchlik oʻrnatilishi keng xalqaro ahamiyatga ega boʻlib, mintaqaviy iqtisodiy aloqalarni hamda savdo faoliyatini yana-da yaxshilaydi. Mintaqa mamlakatlari, xususan, Pokiston va Oʻzbekiston Afgʻonistonga muzokaralar, diplomatiya, muloqot hamda iqtisodiy rivojlanish orqali tinchlik oʻrnatishda muhim rol oʻynaydi.
Darhaqiqat, Toshkentning Afgʻonistondagi siyosati avval boshdan Kobul bilan “jadal iqtisodiy hamkorlik”, transport va logistika loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish, shuningdek, mamlakatning taʼlim dasturlarini kengaytirish orqali afgʻon fuqarolari qalbini zabt etadigan yechim topishga asoslangan edi.
Prezidentimizning Afgʻoniston muammosini hal qilishga innovatsion yondashuvi Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni oʻrnatish strategiyasini ilgari surishga yordam beradi. Toshkent xalqaro manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik qiladi hamda iqtisodiyot, logistika, taʼlim sohalarida turli loyihalarni taklif etadi. Hatto Afgʻoniston hukumati bilan “Tolibon” harakati oʻrtasida muzokaralar uyushtirish istiqbollarini koʻrib chiqmoqda.
Oʻzbekistonning ushbu sohadagi noyob yutuqlaridan biri infratuzilma, energetika va savdo-sotiqni rivojlantirishga qaratilgan Afgʻoniston bilan iqtisodiy integratsiyaning mavjudligidir. Oʻzbekiston Afgʻonistonga gumanitar yordamni yetkazib berish uchun Termiz shahrida bojxona punktini ochdi. Mozori-Sharif — Kobul uchastkasida mamlakatning Shimoli bilan Janubi oʻrtasida uzluksiz aloqani taʼminlash uchun 11 ta koʻprik qurdi. Hayraton — Mozori-Sharif temir yoʻli Osiyo taraqqiyot banki koʻmagida qurilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston Transafgʻon transport yoʻlagi loyihasi doirasida Mozori-Sharif — Hirot temir yoʻlini qurishga katta qiziqish bildirdi. Bundan tashqari, Toshkent Afgʻonistonga elektr energiyasining yetakchi yetkazib beruvchisiga aylandi.
Shuningdek, 2018-yil mart oyida Afgʻoniston boʻyicha yirik xalqaro konferensiya Toshkentda oʻtkazilgani afgʻonlararo muzokaralarni qayta boshlash uchun platforma boʻldi va muammolarni diplomatiya orqali hal qilishga undadi. Oʻzbekistonning Afgʻonistonga nisbatan taʼlim hamda xalq diplomatiyasi sohasidagi saʼy-harakatlari ham alohida eʼtiborga molik.
Xususan, Toshkent tomonidan turli taʼlim loyihalari ishlab chiqilgan. Bu orqali xalqlar oʻrtasida aloqalar oʻrnatildi va natijada Afgʻonistonda xalqaro taʼlimni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi yaratildi. Afgʻoniston bilan chegaradosh Termizda afgʻon fuqarolarini oʻqitish boʻyicha maxsus oʻquv markazi tashkil etildi.
Oʻtgan yili markazga 100 dan ziyod afgʻon talabalari qabul qilindi. Afgʻoniston masalasiga alohida eʼtibor, yaqin siyosiy tushunish, ikki tomonlama savdo-sotiqning yaxshilanishi, sayyohlikning oʻsishi va barqarorlikni taʼminlash boʻyicha mintaqadagi qoʻshma saʼy-harakatlar tufayli yana-da kuchaygan Pokiston hamda Oʻzbekiston oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar tahsinga loyiqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |