Termiz davlat universiteti



Download 2.52 Mb.
bet6/20
Sana18.01.2017
Hajmi2.52 Mb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   20

Tayanch iboralar:


Ishlab chiqarish, infratuzilma, ombor xo‘jaligi, tovar, transport tizimi, aloqa, yo‘l xo‘jaligi, energetika, avtomobil yo‘llari, temir yo‘llar, iste’mol.

Nazorat savollari:


1. Korxonalarda ombor xo‘jaligi qanday tashkil qilinadi va uning vazifalari.

2. Transport xo‘jaligining vazifalari.

3. Aloqa xizmatining korxona faoliyatidagi o‘rni qanday.

4. Mamlakatimizda ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda.

5. Elektr ta’minoti tizimining ahamiyati.


Foydalanilgan adabiyotlar:


1. Karimov I.A. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va choralari. -T: «O‘zbekiston», 2009

2. Karimov I.A. O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lida. -T. «O‘zbekiston», 1995

3. Хodiyev B.Yu., Bekmurodov A.Sh., G‘ofurov U.V., To‘хliyev B.K. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning «Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va choralari» nomli asarini o‘rganish bo‘yicha o‘quv qo‘llanma. -T.: Iqtisodiyot, 2009

4. Nurmatov N.J. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida mamlakatimiz qishloq infratuzilmasining rivojlantirilishi. Toshkent, «Meriyus», 2010

5. Salimov B.T., O‘raqov N.I. Qishloq xo‘jaligi infratuzilmasi iqtisodiyoti. -T. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi Adabiyot jamg‘armasi nashriyoti, 2004

4-Mavzu: Bozor infratuzilmasida savdo vositachilik faoliyati.
Reja:

1. Savdo vositachilik faoliyati va uning iqtisodiyotdagi o‘rni

2. Savdo vositachilik faoliyatining turlari va usullari.

3. Savdo vositachilik faoliyatining bozor infratuzilmasidagi ahamiyati.



1. Savdo vositachilik tizimi va uning iqtisodiyotdagi o‘rni.
Mahsulotning ishlab chiqarish jarayonidan iste’molchiga yetib kelishgacha - tashish, saqlash va qo‘shimcha (qadoqlash, o‘rash, tamg‘alash kabi) ishlarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan jarayon tovar harakati deyiladi. Uni tashkil etishda firmaning asosiy maqsadi, birinchidan mahsulotni tezda, yaqin masofa orqali va samarali usul bilan o‘z xaridorlariga yetkazish; ikkinchidan, tovarni sotish uchun eng qulay sharoit yaratishdan iborat bo‘lishi shart. Tovar harakatini rejalashtirishda korxonalar tanlagan tovar sotish uslublariga asoslaniladi. Ular quyidagi uch uslubdan biri bo‘lishi mumkin:

- tovar ishlab chiqaruvchi vositachilarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zinig iste’molchisi bilan bog‘lanishi;

- tovarlarni mustaqil vositachilar orqali sotish;

- aralash usul, ishlab chiqaruvchi firma va vositachi savdo tashkiloti sarmoyalari qatnashishi orqali.

Tovarlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqaruvchi tomonidan sotilishining yaxshi tomonlari va kamchiliklari ham bor. Firma o‘z mahsuloti savdosini to‘la nazorat qiladi. Bunday usul bilan oddiy assortimentli tovarlardan ko‘mir, neft mahsulotlari, sut va go‘sht kabi tez buziladigan mahsulotlar sotilishi afzalroq hisoblanadi. Ammo qolgan tovarlarning sotilishida mustaqil vositachi - ulgurji yoki chakana savdo firmalarining qatnashishi jahon tajribasida sinalgan samarali yo‘ldir. Firma tovar harakatini rejalashtirishda quyidagilarga ahamiyat beradi:

- sotish siyosatini tovar harakatiga bog‘lagan holda aniqlash;

- tovar harakati usullaridan va turlaridan barcha tovarlar va bozor segmentlariga mosini tanlash;

- tovar harakati bo‘g‘inlari va umumiy masofani topish;

- tovar harakati zanjirida qatnashuvchilar - mustaqil vositachilarni aniqlash;

- tovar harakatiga rahbarlik tizimini yaratish;

- tovar harakatini tashkil etuvchi bosh bo‘g‘inini topish;

- tovar harakati turlaridan eng samaralisini tanlash va bir necha xilini bog‘lab, bir-birini to‘ldirishini ko‘zda tutish.

Tovar harakati qatnashuvchilari quyidagi vazifalarni bajaradi: ishlab chiqarilgan mahsulotni taqsimlash va sotish; marketing tadqiqotlari o‘tkazish; tovarlar iste’molchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish; oldi-sotdi qilish uchun shartnomalar tuzish jarayonini tayyorlash; tovarning iste’molchiga yetib borishini rag‘batlantiruvchi siyosat yurg‘izish; tovar assortimentini rejalashtirishda qatnashish va yordamlashish, tovar harakatini moliyaviy ta’minlash; sotilgan tovarlarga qo‘shimcha xizmat uyushtirish; tovarlarni tashish; tovarlarni sortlarga ajratish; kichik o‘ramlarga qadoqlash, tamg‘alash, o‘z savdo bitimini tuzishga tavakkal qilish, sotilgan tovar bahosini aniqlashda qatnashish va boshqalar. Ana shu ko‘p qirrali vazifalarni maxsus savdo firmalarining bajarishi, tovar harakatidagi sarf-xarajatlarning ancha yuqori samara berishini ta’minlaydi.

Savdo vositachiligi bozor iqtisodiyotining juda muhim va ajralmas qismidir. Vositachilar – bitim tuzishni hohlovchi tomonlarni bog‘lovchi hisoblanadi. Ular tashish, saqlash, sug‘urtalash, sotish va boshqa sohalarda faoliyat yuritadilar. Vositachi sifatida alohida jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar ishtirok etishi mumkin. Vositachilar buyurtmachi nomidan faoliyat yuritadi va shuning evaziga mukofot oladilar. Brokerlar, dilerlar, komissionerlar, konsignatorlar, maklerlar, ulgurji xaridorlar, savdo va sanoat agentlari vositachilar hisoblanadi.

Vositachilik firmasi – tovarning ishlab chiqaruvchisi va iste’molchisi o‘rtasida turuvchi va uning savdosida ishtirok etuvchi tijorat korxonasidir. Vositachilik faoliyatining mohiyati hozirgi vaqtda juda keng bo‘lib, hamkorlarni izlash, bitim uchun hujjatlarni tayyorlash va uni tuzish, transport-ta’minotchilik faoliyati, tovarlarni sug‘urtalash, tovarlarni reklama qilish, moliya-kredit ta’minoti, sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish, bozorlarni o‘rganish va tahlil qilish, bojxona rasmiylashtiruvlarini bajarish va boshqa shu kabi faoliyatlarni ham qamrab oladi. Vositachilarni jalb etishdan maqsad – savdo faoliyatining samaradorligini oshirishdir. Masalan, eksport jarayonida savdo vositachisi tovar ishlab chiqaruvchini mahsulotni sotish bo‘yicha ko‘plab majburiyatlardan ozod etadi. U tovarni importer mamlakatga yetkazib boradi, saralaydi, qadoqlaydi, tovarni assortimentlarga ajratadi, tovarni bozor talabiga moslashtirishga harakat qiladi. Shu yo‘l bilan eksport qiluvchi (ishlab chiqaruvchi) xorijiy bozorda mustahkam o‘rin egallash, mablag‘larni tejash maqsadida vositachining bilim va tajribasidan foydalanadi. Savdo vositachilik firmalari odatda o‘zining moddiy-texnik bazasini, ya’ni saqlovchi inshootlar, ko‘rgazma zallari, ta’mirlash ustaxonalari, chakana savdo do‘konlari va boshqa shu kabilarga ega bo‘ladi. Vositachilarning ishtirok etishi ularga vositachilik mukofotining to‘lanishiga qaramasdan quyidagi afzalliklarga ega:

- sotish jarayonining tejamliligini oshiradi;

- tovarlarni sotish jarayoni tezlashadi va buning natijasida kapital aylanishi tezlashadi hamda foyda ko‘payadi;

- vositachilar xaridorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqada bo‘lganligi sababli ular ishlab chiqaruvchilar uchun bozor konyunkturasi, mahsulot sifati va mahsulotning raqobatbardoshligi to‘g‘risidagi dastlabki, qimmatli ma’lumotlar manbai hisoblanadi;

- vositachilar tomonidan texnik xizmat ko‘rsatish, sotishdan oldingi servis, joylardagi omborlar yordamida tovarlarni yetkazib berish muddatlarini qisqartirish ishlab chiqaruvchi mahsulotining raqobatbardoshligini oshiradi;

- vositachilarning sotish tizimining mavjud bo‘lishi ishlab chiqaruvchilarning mablag‘larini tejaydi;

- vositachilarning ma’lum turdagi tovarni sotishga ixtisoslashuvi sotish xarajatlarining yanada tejalishiga olib keladi va qo‘shimcha daromad olishga imkoniyat yaratadi.

Ishlab chiqaruvchilar vositachilarni jalb etishdan avval ularning afzalligini iqtisodiy tomondan baholashi lozim. Agar vositachilar korxonaning o‘zi sotganiga nisbatan yuqori daromadga erishishni ta’minlamasa, ularni jalb etish samarasizdir. Jahon miqyosidagi savdo amaliyotida vositachilarni jalb etish keng tarqalgan bo‘lib, bu ishlab chiqaruvchilar bilan bir qatorda xaridorlarga ham qulayliklar yaratadi.

Vositachilik faoliyati quyidagilarga qarab turlarga ajratiladi:

- kimning nomidan faoliyat yuritishiga qarab, ya’ni o‘z nomidan yoki ishlab chiqaruvchi nomidan faoliyat yuritishi, vositachilik faoliyatini amalga oshirishi natijasida huquqiy majburiyatlar uning o‘ziga yoki u xizmat qilayotgan ishlab chiqaruvchiga tushishiga qarab;

- kimning hisobidan faoliyat yuritishiga qarab, ya’ni o‘z mablag‘lari hisobidanmi yoki ishlab chiqaruvchi mablag‘lari hisoidan faoliyat yuritishiga qarab, vositachilik faoliyatidagi xarajatlar va daromadlar vositachining o‘ziga yoki u xizmat qilayotgan ishlab chiqaruvchiga tegishliligiga qarab.

Rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasiga ko‘ra savdo vositachilik faoliyatining quyidagi turlari mavjud:

- dilerlik faoliyati – vositachi o‘z nomidan va o‘z hisobidan faoliyat yuritadi;

- komission faoliyat – vositachi o‘z nomidan, lekin o‘zgalar hisobidan faoliyat yuritadi;

- agentlik faoliyati – vositachi o‘zgalar nomidan va hisobidan faoliyat yuritadi.

Yuqorida keltirilgan guruhlash va savdo vositachilari funksiyalari xarakteriga ko‘ra, jahon tajribasida savdo-vositachilik firmalarining quyidagi turlari mavjud:

a) savdo firmalari yoki dilerlar;

b) komission firmalar;

d) savdo agentlari. Savdo agentlarining keng tarqalgan turi – brokerlardir.

Savdo firmalari tovarlarni sotib olish va uni qayta sotish bilan bog‘liq dilerlik faoliyati bilan shug‘ullanadilar. Ular o‘z nomi va o‘z hisobidan faoliyat yurituvchi vositachilar bo‘lib, oldi-sotdi shartnomalaridan foydalanadilar. Tovarlarni sotib olishda xaridor sifatida, sotishda esa sotuvchi sifatida qatnashadi, ma’lum muddatga tovarning egasiga aylanadilar va shu vaqtda tovarlar bilan bog‘liq barcha xavf-xatarlarni o‘z zimmasiga oladi. Savdo firmalarining quyidagi turlari mavjud: savdo uylari, eksport firmalari, import firmalari, ulgurji savdo firmalari, chakana savdo firmalari, distribyutorlar, stokistlar. Bu ularning bajaradigan ishlari turlariga qarab shartli guruhlash bo‘lib, amaliyotda savdo firmalari bir vaqtning o‘zida yuqoridagi faoliyatlarning bir nechasi bilan shug‘ullanishi mumkin.

Savdo uylari – bu keng profilli, keng ko‘lamli kompaniya bo‘lib, savdo vositachilik va tijorat faoliyati bilan shug‘ullanadi. Jahon tajribasida savdo uyi tijorat, ombor va ishlab chiqarish faoliyatlarini o‘z mamlakatida va xorijda amalga oshiradigan kompaniya yoki firmadir.

Eksport firmalari – dilerlik faoliyatini o‘z hisobidan ichki bozordan tovarlarni sotib olib, xorijiy bozorlarda uni qayta sotish orqali amalga oshiruvchi firmadir. Import firmalari esa dilerlik faoliyatini o‘z hisobidan tovarni xorijdan sotib olib, uni so‘ngra ichki bozorda ishlab chiqaruvchilarga, ulgurji va chakana savdo firmalariga sotish orqali amalga oshiruvchi firmadir. Import firmalari omborlarida tovar zahiralarini yaratib qo‘yadi va zarurat paydo bo‘lganda ichki bozorda uni sotish uchun chiqaradi. Import firmalari tovarni xorijlik eksportchilardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, birjalar va auksionlardan yoki xorijiy mamlakatda ochgan tayyorlov tashkilotlari orqali sotib olishlari mumkin.

Ulgurji firmalar – sanoat yoki tayyorlov tashkilotlari va turli savdo firmalari o‘rtasidagi vositachi-dilerlardir. Ular xorijdan yoki mamlakat ichidan tovarlarni o‘z hisobidan yirik partiyada sotib olib, keyinchalik uni alohida xaridorlarga maydaroq partiyada sotish bilan shug‘ullanadilar. Baholar o‘rtasidagi farqdan ularning daromadlari shakllanadi.

Distribyutorlar (inglizcha «distribution» - taqsimlash) – dilerlik kelishuviga muvofiq belgilangan tovarlarni sotish bilan shug‘ullanadi. Boshqa vositachilik faoliyatlaridan farqli o‘laroq, distribyutorlar o‘z nomidan va o‘z hisobidan bir tomondan sotuvchilar (ishlab chiqaruvchilar) bilan, ikkinchi tomondan xaridorlar bilan oldi-sotdi shartnomasini tuzadilar. Ular ishlab chiqaruvchilar bilan uzoq muddatga mo‘ljallangan hamkorlik aloqalari bo‘yicha bitim tuzadilar. Mazkur bitim odatda tomonlarning bir qator huquq va majburiyatlari majmuidan iborat bo‘ladi. Distribyutorlar bilan tuziladigan bitimlar sotiladigan tovarlar nomenklaturasi, kelgusidagi savdolar hududi, bozorda faoliyat yuritish shartlari, yillik tovar sotish hajmi bo‘yicha majburiyatlar va boshqa shu kabilarni o‘z ichiga qamrab oladi. Distribyutorlik firmasi quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi:

- bozor konyunkturasini o‘rganish va unga taalluqli ma’lumotlarni ishlab sotuvchiga (ishlab chiqaruvchiga) yetkazib turish;

- tovarlar reklamasini amalga oshirish;

- omborlar tashkil etish va tovarlar zahirasini saqlash;

- sotishdan oldingi xizmat ko‘rsatish va tovarlarga sotishdan oldingi ishlov berishga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;

- bir maromda faoliyat yurituvchi savdo tizimini yaratish;

- sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, mashina tovarlariga texnik xizmat ko‘rsatishni ta’minlash.

Komisson savdo faoliyatida vositachi o’z nomidan, lekin tovar egasi hisobidan faoliyat yuritadilar. Komissoner – savdo vositachisi bo’lib, tovarlarni o’z nomidan, lekin komitent (tovar egasi)ning hisobidan va uning manfaatlari uchun ma’lum komissiya (vositachilik haqi) evaziga sotadilar yoki sotib oladilar. Komissioner unga qat’iy belgilab berilgan berilgan vakolatlar doirasida faoliyat yuritadi, aks holda ko’rilgan zarar komitent tomonidan undirib olinadi. Komissioner savdo bitimi natijalarini to’liq komitentga taqdim etadi. Komissionerlar uchinchi tomonning savdo bitimi shartlarini bajarmasligi holatida javobgarlikni o’z zimmasiga olmaydi. Qo’shimcha kelishuvga ko’ra xaridorlarning to’lovga layoqatini komissioner kafolatlashi mumkin, bunda vositachiga qo’shimcha haq beriladi.

Komitentlar va komissionerlar o’rtasida shartnoma tuziladi. Bunday shartnoma komission shartnoma deyiladi va odatda bir maritabalik xarakterga ega. Ushbu shartnomaning muhim qismlaridan biri – komissionerlarga savdo bitimidagi texnik va tijorat shartlar bo’yicha beriladigan vakolatlardir. Odatda quyidagilar kelishib olinadi:

- tovarlar eksportida minimal narxlar, ularning importida esa maksimal narxlar;

- tovarlarni yetkazib berishning muddatlari;

- tovarning texnik va sifat xususiyatlariga qo’yiladigan talablar;

- komissionerning komitent oldidagi va komitentning komissioner oldidagi majburiyatlari;

- komission faoliyat uchun to’lanadigan vositachilik haqining miqdori va to’lash tartibi.

Komissionerlar o’zlarida turgan komitentning tovarlari saqlanishi uchun javobgardir. Ushbu tovarlar xaridorlarga sotilguncha komitentning mulki hisoblanadi. Shu sababli shartnomalarda komissionerlar zimmasiga mazkur tovarlarning saqlanishini sug’urtalash majburiyati yuklanadi.

Boshqa turdagi savdo vositachilik faoliyatida bo’lgani singari komissionerlar ham qo’shimcha haq evaziga komitentga qo’shimcha xizmatlarni ko’rsatishi mumkin, jumladan, bozorni o’rganish, reklama, texnik xizmat va hokazo.

Komitent va komissioner o’rtasida tuziladigan shartnomada to’lanadigan vositachilik haqining miqdori va to’lash tartibi ko’rsatib o’tiladi. To’lanadigan vositachilik haqi komissioner tomonidan qilingan barcha xarajatlarni qoplashi va ma’lum miqdorda foyda olish imkonini berishi lozim. Dunyo tajribasiga ko’ra komissionerlarga to’landigan vositachilik haqi savdo bitimi summasining 1,5-5 foizigacha oraliqda o’zgarib turadi.

Komission savdo vositachilik faoliyatining keng tarqalgan turlaridan biri – konsignatsiya shartlari asosida tovarlarni sotishdir. Bunda konsignant (tovar egasi) tovarlarni konsignator (vositachi)ning omborlariga tovarlarni ma’lum muddatda sotish uchun yetkazib beradi. Ushbu tovarlarni sotib bergani uchun konsignatorga haq to’lanadi. Belgilangan muddat tugagandan so’ng tovarlar konsignantga qaytariladi. Odatda konsignatsiya shartlari asosida talab yuqori bo’lgan tovarlar sotiladi.

Konsignatsiya kelishuviga ko’ra konsignant tovar sotilguncha uning egasi bo’lib qolaveradi. Konsignatsion omborlardagi tovarlar ayrim sabablarga ko’ra (past darajadagi raqobatbardoshlik, konsignant tomonidan o’rnatilgan yuqori narx, dizaynning talab darajasida bo’lmasligi va hokazo) belgilangan muddatda sotilmasligi mumkin. Shu sababli konsignatsion shartnomalar oddiy, qisman qaytariladigan va qaytrilmaydigan turlarga bo’linadi. Oddiy konsignatsion shartnomada sotilmay qolgan tovar konsignantga qaytariladi, qisman qaytariladigan konsignatsion shartnomada sotilmay qolgan tovarlarning belgilangan qismi konsignator tomonidan sotib olinadi, qaytarilmaydigan konsignatsion shartnomada esa konsignator sotilmay qolgan barcha tovarlarni sotib oladi.

Agentlik faoliyatining eng ko’p tarqalgan shakli brokerlardir. Brokerlar – biror turdagi tovarni sotuvchi va usohbu tovarning xaridorlarini izlab topish hamda ular o’rtasida savdo bitimi tuzilishiga ko’maklashuvchi, lekin ushbu savdo bitimida bevosita ishtirok etmaydigan yuridik yoki jismoniy shaxs shaklidagi savdo vositachilaridir. Brokerlarning faoliyat yo’nalishi keng ko’lamli bo’lib, savdo faoliyatidan tashqari boshqa yo’nalishlarda, masalan, sug’urtalash va boshqa yo’nalishlarda ham bo’lishi mumkin. Brokerlar odatda yirik partiyalardagi tovarlar, yuqori qiymatdagi ko’chmas mulklar savdosida vositachilik qiladilar va bu ularga boshqa turdagi vositachilarga nisbatan arzonroq haq evaziga o’z xizmatlarini taklif etish imkoniyatini yaratadi. Broker ishonch bildirgan tomon nomidan va hisobidan faoliyat yuritadi. Savdo bitimi amalga oshirilgandan so’ng tovar sotuvchidan to’g’ridan-to’g’ri xaridorga o’tadi. Yirik brokerlik firmalari qo’shimcha haq evaziga xaridorlarga kreditlar berish bo’yicha banklar bilan hamkorlik qiladilar, ayrim holatlarda o’zlari kreditlar berishi mumkin yoki savdo bitimi ishtirokchilarining majburiyatlari bajarilishini kafolatlashi mumkin. Bunda brokerlar bilan delkredere shartnomasi tuziladi.

Brokerlik firmalari Angliyada juda keng tarqalgan bo’lib, ular turli xomashyo va boshqa birja tovarlari savdosini egallab olganlar.

Mijozning birinchi talabidanoq brokerlar uning topshirig’iga ko’ra amalga oshirgan operatsiyalari to’g’risidagi hisobotni taqdim etishi lozim. O’z xizmatlari uchun brokerlar vositachilik haqi oladilar, vositachilik haqi savdo bitimi summasining 0,25 dan 2-3 foizigacha oraliqda o’zgarib turadi.

Savdo vositachilariga to’lanadigan vositachilik haqining quyidagi turlari bor:

a) vositachilar tovarlarning bozordagi sotish narxi va tovar egasi tomonidan o’rnatilgan narx o’rtasidagi tafovutdan o’zlariga daromad olishlari mumkin. Bunda tovar egasi bozor konyunkturasini yaxshi bilishi va bozordagi narx darajasini oldindan bashoratlay olishi lozim. Aks holda vositachilar yuqori foyda darajasiga erishishiga imkoniyat yaratib berishi mumkin. Bundan tashqari vositachilardan tegishli hujjatlarni talab qilib borishi lozim.

b) vositachiga savdo bitimi ma’lum foiz miqdorida vositachilik haqi belgilash. Bunday usul vositachini sotish hajmini oshirish va tovar narxini ko’tarishga rag’batlantiradi. Bunda yuqori foyda olish maqsadida vositachi bozor konyunkturasini tahlil qiladi, marketing tadqiqotlari olib boradi va sotish hajmini oshirish, narxni ko’tarishga harakat qiladi.

d) aralash usul, ya’ni narxlar o’rtasidagi tafovut va savdo bitimidan ma’lum foiz miqdorida vositachilik haqi belgilash. Bunday usul tovar egasi uchun bozordagi narxlarni tezkorlik bilan o’rganib va nazorat qilib borish imkoniyati bo’lganda samarali hisoblanadi.

e) “kost plas” tizimida vositachilik haqi to’lash. Bunda vositachi tovar egasiga o’zining amalga oshirgan xarajatlari to’g’risidagi hujjatlarni taqdim etadi. Tovar egasi vositachining qilgan xarajatlarini shartnomada kelishilgan foiz ortig’i bilan qoplab beradi va bu vositachining foydasi hisoblanadi. Bunday usul vositachi tomonidan qo’llanadigan xarajatlarni oldindan rejalashtirib bo’lmaydigan holatlarda qo’llaniladi.



2. Savdo faoliyatining turlari va usullari.
Bozorga g‘oyat xilma-xil tovar va xizmatlar chiqariladi, ular bozor obyektini, aniqrog‘i u yerdagi oldi-sotdi obyektini tashkil etadi. O‘z obyekti jihatidan bozorni quyidagi turlarga bo‘lish mumkin:

1. Iste’mol tovarlari bozori - kishilarning tirikchiligi uchun zarur bo‘lgan tovarlar va xizmatlar bozoridir. Bu bozorda keng iste’mol buyumlari, madaniy, maishiy va kommunal xizmatlari oldi-sotdisi olib boriladi. Bu bozorda deyarli barcha fuqaro ishtirok etadi. Bu bozorning O‘zbekistonda aniq ko‘rinishlariga quyidagilar misol bo‘ladi: magazinlar, savdo uylari, supermarket, do‘kon, oshxona, nonvoyxona, har xil ustaxonalar, sartaroshxonalar, salonlar, nihoyat, dehqon bozorlari va buyum bozorlari.

2. Ishlab chiqarish vositalari va resurslar bozori - ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan resurslar bozori. Bu bozorda ulgurji savdo-sotiq yuz beradi. Mazkur bozor savdo firmalari, savdo uylari, birjalar faoliyatida namoyon bo‘ladi. Bunday bozorda resursga talabgorlar resurs yetkazuvchilar bilan shartnomalar asosida aloqa qiladilar. Resurs bozorining bosh bo‘g‘ini tovar xomashyo birjasi hisoblanadi.

Tovar xomashyo birjasi ulgurji savdo bilan shugullanuvchi tijorat korxonasidir.

Birjadagi savdo-sotiq operatsiyalari quyidagi belgilarga ega: - birjada tovarlarni yetkazib berish haqida bitim tuzilib, ularning pulini to‘lash birjadan tashqarida yuz beradi;

- birjada sotiladigan tovarlarning o‘zi emas, ularning namunasi va naqdligini tasdiqlovchi hujjat qo‘yiladi;

- birjada hali yo‘q tovarlarni sotish haqida ham bitim tuziladi, bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga taalluqlidir. Bo‘lg‘usi hosil yuzasidan savdo bitimi ilgariroq tuzilib, tovarni yetkazib berish hosil yig‘ilganidan keyii yuz beradi;

- birja uyushgan bozor bo‘lib, bu yerdagi savdo-sotiq operatsiyalari belgilangan tartibda o‘tkaziladi. Universal birjalar har xil mollar bilan savdo qilsa, ixtisoslashgan birjalar ayrim tovarlarni (don, paxta, metall va hokazo) sotadi.

3. Ish kuchi yoki mehnat bozori - ish kuchi oldi-sotdi qilinadigan bozor. Ish kuchi maxsus tovar bo‘lganidan uning bozori o‘z xususiyatiga ega. Ish kuchi insonning ishlash qobiliyati. Agar oddiy tovar sotilganda uning egasi o‘zgarsa, ish kuchi necha marta sotilmasin, o‘z egasi bilan birga qoladi. Chunki, buni inson jismidan ajratib bo‘lmaydi.

Mehnat bozori mehnat birjalari, ishchi yollovchi vositachi firmalardan va nihoyat, kishilarni bevosita ishga jalb etuvchi korxonalarning o‘zidan iborat. Sharqqa xos bo‘lgan tartibsiz mehnat bozori - bu mardikor bozoridir.

4. Moliya bozori - moliyaviy resursga aylangan pul mablag‘lari va ularga tenglashtirilgan qimmatbaho (qiymatli) qog‘ozlar bozoridir. Moliya bozori tarkiban kredit (qarz puli) bozori, qimmatbaho qog‘ozlar bozori va valyuta bozoridan iborat. Valyuta auksioni, kredit pullari auksioni, banklar, moliya kompaniyalari, fond birjalari (qimmatli qog‘ozlar bozori) va boshqalarning faoliyati bu bozorning yaqqol ko‘rinishidir.

5. Intellektual tovarlar bozori - aqliy mehnat mahsuli bo‘lgan tovarlar va xizmatlar bozori. Bu bozorda ilmiy ishlanmalar, g‘oyalar, texnikaviy loyihalar va chizmalar, axborot, san’at, adabiyot va ilmga tegishli asarlar, ijrochilik xizmati va turli tomosha xizmatlari sotiladi. Bu bozorning muhim unsuri litsenziya bozori va hozirgi kunda shou-biznes va kino bozorlaridir.

Bozor o‘zining qamrov doirasi jihatidan mahalliy, hududiy, milliy va jahon bozorlariga bo‘linadi. Bozor qanchalik turga bo‘linmasin, ixtisoslashmasin, baribir, u oldi-sotdi orqali kishilar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni o‘rnatishga hizmat qiladi.

Tovar harakatining umumiy zanjirida chakana savdo muhim xalqa hisoblanadi. Chunki xalq iste’moli tovarlarini ishlab chiqarish korxonasidan iste’molchilarga yetkazib berish jarayonida tovarlarni tanlash va aholining shu tovarlarga o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun eng zarur shart-sharoitlar xuddi ana shu chakana savdo korxonalarida yaratilishi lozim. Aholiga savdo xizmati ko‘rsatishning sifati savdo-sotiqni tashkil etish darajasiga bog‘liqdir, shu sababli chakana savdo korxonalarining butun savdo faoliyati shu vazifaga bo‘ysundiriladi.

Savdo madaniyati - keng tushunchadir. Iste’molchi to‘g‘risida chinakam chuqur, har tomonlama g‘amxo‘rlik qilish uning asosi hisoblanadi. Xaridorlarga yuksak madaniyatli xizmat ko‘rsatish uchun savdoni aholining tovarlarga bo‘lgan ehtiyojini to‘laroq darajada qondiradigan va muomala chiqimlarini qisqartiradigan, ya’ni tovar sotib olishga ketadigan vaqtni kamaytiradigan qilib tashkil etish lozim. Savdo madaniyati, ya’ni aholiga savdo xizmati ko‘rsatish sifati ko‘pgina omillarga bog‘liq. Bu omillar birinchi navbatda aholiga zarur bo‘lgan keng assortimentdagi va yuqori sifatli tovarlarning do‘konlarda bo‘lishini, shuningdek savdo-texnologiya jihozlari bilan yaxshi ta’minlangan yirik, zamonaviy do‘konlarning keng tarmog‘i bo‘lishini bildiradi. Savdo madaniyati deyilganda xaridorga xushmuomalada bo‘lishni ham, xizmat ko‘rsatishning ilg‘or usullarini joriy etishni ham, savdo maydonini bezash, did bilan jihozlashni ham, do‘konlarning aholi uchun qulay ish vaqtlarini ham tushunmoq kerak. Savdo xizmati sifatini oshirish, xaridorlarga maslahatlar berish, tovarlarning namunalarini harakatda ko‘rsatish, reklama va axborotning turli shakllarini rivojlantirish yo‘li bilan tovar tanlab olishda xaridorlarga yordam berishni ham taqozo etadi. Mollarni uyga yetkazib berish, buyurtma qabul qilish, gazlamalarni bichib berish va shu kabi qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish ham savdo madaniyatining darajasini belgilaydi.

Chakana savdo texnologiyasi hech qachon doimiy bo‘lmaydi, shu sababli uni fan-texnika yutuqlariga muvofiq ravishda takomillashtirib borish zarur. Savdo texnologiya jihozlarini doimo takomillashtirib borish barcha yangi texnologiya yechimlarini bajarish imkonini beradi. Ammo chakana savdo texnologiyasining fan-texnika taraqqiyotining rivojlanish darajasiga muvofiq bo‘lishi uchun tobora takomillashtirib borilayotgan jihozlarning texnologiyani rivojlantirishga ta’sir o‘tkazishigina emas, shu bilan birga rivojlanib borayotgan texnologiyaning jihozlarni yaxshilashga ta’siri ham zarurdir. Texnologiyani o‘zgartirishda jihozlarning o‘zgarishi hal qiluvchi rol o‘ynaydi, yaxshi jihozlar esa texnologiya talablari ta’siri ostida vujudga keladi. Eng zamonaviy jihozlardan foydalanishning samaradorligi birinchi navbatda savdo jarayonida qabul etilgan texnologiyada mazkur jihozlardan naqadar samarali foydalanish imkonini berishga bog‘liq ekanligini tajriba ko‘rsatib turibdi.

Chakana savdo jarayoni - aholining tovar xarid qilishini ta’minlaydigan usullar yig‘indisidan iborat. Tovar sotish chakana savdodagi asosiy texnologiya jarayoni hisoblanadi. Hozirgi vaqtda chakana savdoda tovar sotishning quyidagi usullari qo‘llanilmoqda: tovarni peshtaxta orqali sotish; tovarni xaridorlar o‘ziga o‘zi xizmat qiladigan usulda sotish; tovar namunalarini ko‘rsatib sotish; tovarni aholining buyurtmasiga muvofiq sotish.

Tovarni peshtaxta orqali sotish - tovar sotishning odatdagi usuli bo‘lib, unda xaridorlarga xizmat qilish jarayonining deyarli hamma asosiy elementlari, chunonchi: tovarlarni ko‘rsatish va uning assortimenti bilan tanishtirish, hisob-kitob qilish va haqi to‘langan tovarni topshirish ishlarini peshtaxta yonida turgan sotuvchi bajaradi.

Xaridorlar o‘ziga-o‘zi xizmat qilishi asosida tovar sotish usulida savdo maydoni devorlari yoniga yoki o‘rtasiga terib qo‘yilgan hamma tovarlar yoniga xaridorlar bemalol borib, mustaqil tanlab olib, inventar korzinalar yoki aravachalarga o‘zlari solishlari mumkin, tovarning haqi do‘kondan chiqaverishdagi yagona hisob-kitob joyida to‘lanadi. Bu usul kesish va tortishni talab qiladigan tovarlarni xaridorlar ko‘z oldida, o‘ziga-o‘zi xizmat ko‘rsatish maydonidagi xizmat peshtaxtasi yonida sotuvchilar tomonidan muayyan miqdorda sotishni istisno qilmaydi. Bunda ham sotib olingan hamma tovarning haqi yagona hisob-kitob joyida to‘lanishi lozim. Xaridorlar o‘ziga-o‘zi xizmat qiladigan do‘konlarda tovarlarni jihozlar ustiga qo‘yib alohida e’tibor berilishi kerak. Tovarlarni piramida, jihozlarga bezak tarzda terib qo‘yishdan iborat oddiy do‘konlarda qo‘llaniladigan usulni o‘ziga-o‘zi xizmat qiladigan do‘konlarda qo‘llab bo‘lmaydi. Xaridorlar turli piramidalar shaklida terib qo‘yilgan tovarlarni olishga jur’at etmaydilar, chunki uni bezak deb o‘ylaydilar. Bundan tashqari dekorativ piramidalar tarzida terib qo‘yilgan tovarlar ko‘p joyni behuda egallaydi. Xaridorlar o‘ziga-o‘zi xizmat qiladigan do‘konlarda tovarlarni terib qo‘yish yoki uyub qo‘yishda ularni chaqqon sotish mumkinligini Vatanimizdagi va chet ellardagi ilg‘or tajriba ko‘rsatib turibdi. Bu usulda jihozlar hajmidan to‘la-to‘kis foydalaniladi.

Marketingning eng muhim va ajralmas tarkibiy qismi mahsulotni rejalashtirish, sotish va taqsimlash hisoblanadi. Bu jarayonda tashkiliy nuqtai nazardan eng murakkab vazifa - ishlab chiqarilgan mahsulotni iste’molchiga yetkazish hal etiladi. Aksariyat hollarda pirovard iste’molchi ishlab chiqaruvchining diqqat markazida turmaydi, aksincha, uning o‘rnini mahsulotni sotib oladigan firma egallaydi. Ammo ayirboshlash jarayoni shu bir bosqichli sotish bilan yakunlanmaydi. Aksariyat hollarda tarmoq va bo‘g‘inlari ko‘p, uzun hamda xilma-xildir. Savdo marketingi siyosati iste’mol tovarlarini yetkazib berishning ehtimol tutilgan variantlari tahlili va uning mahsulot taqsimotining hamma shaxobchalarida eng yuksak xo‘jalik samarasiga erishishni ta’minlaydigan maqbul variantini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

Firma tanlagan taqsimot yo‘li marketing bo‘yicha qolgan jami boshqa yechimlarga ta’sir ko‘rsatadi - narxlar, transport tashkilotlari bilan shartnoma tuzish, rejalashtirish, reklama xizmati, o‘z savdo nuqtalarini ochish va hokazolar shu jumlaga kiradi. Shu sababli korxona rahbariyati taqsimot yo‘lini tanlashda bugunnigina emas, balki ertangi tijorat muhitini ham ko‘zlab ish tutishi lozim. Hozirgi davrda rejalashtirish va taqsimot jarayoni mahsulot tayyorlashning tabiiy ravishda davomiga aylanib ketgan. Ammo bu jarayonni tarixiy jihatdan qarab chiqadigan bo‘lsak, uning shakllanishi uchun zarur shart-sharoitlar vujudga kelishi uchun insoniyat qator iqtisodiy taraqqiyot bosqichlarini o‘tashi lozim ekanligi ayon bo‘ladi. Ibtidoiy jamoa davrida har bir qabila o‘z tirikchiligini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan jami mahsulotni faqat o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun ishlab chiqargan. U paytda biron-bir ko‘rinishda bo‘lsada, ayirboshlash bo‘lmagan. Taraqqiyotning keyingi bosqichida ishlab chiqarishning ixtisoslashuvi oqibatida ayirboshlash maydonga keladi. Har bir qabila endi o‘ziga kerakli hamma mahsulotni o‘zi tayyorlamaydi, balki ulardan ayrimlarini o‘z ehtiyoji bilan birga boshqa qabilalar ehtiyojiga ham yetadigan miqdorda tayyorlashga o‘tadi. Iqtisodiy taraqqiyotning keyingi bosqichida ishlab chiqaruvchi ayirboshlashni bir joyda va kelishilgan vaqtda o‘tkazish ma’qulroq ekanligini tushunib yetadi, jami ishlab chiqaruvchilar uchrashishlari mumkin bo‘lgan markaziy «bozor» ning joriy etilishi ayirboshlashda navbatdagi takomil bo‘ldi, sababi u vaqtni tejash imkonini berardi.

Taqsimot yo‘lining tarkibiy qismlari bir qator vazifalarni bajaradi:

- tovar (xizmat) ni bir joydan boshqa joyga ko‘chirish;

- xavf-xatarni zimmasiga olish;

- muzokaralar olib borish;

- bozor ma’lumoti tahlili.

Taqsimot yo‘lining jami vazifalariga uch umumiy xususiyat xos: ular taqchil resurslarni sarflaydi, ixtisoslashgan sharoitlarda gohida yaxshiroq bajarilishi mumkin, turli ishtirokchilar tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Agar vazifalarning ko‘p qismini ishlab chiqaruvchi bajaradigan bo‘lsa, uning chiqimlari ortib ketadi, demak, mahsulot narxi ham baland bo‘ladi. Agar vazifani vositachi bajarsa, ishlab chiqaruvchi belgilagan narx pastroq bo‘ladi, chunki vositachi ishni tashkil etishga sarflangan xarajatlarini chiqarish uchun qo‘shimcha pul undiradi. Taqsimot kanalining ular daraja ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda o‘ziga xos bosqichlari bor. Taqsimot kanali bosqichi - bu tovar va unga egalik huquqini pirovard xaridorga yaqinlashtirish yo‘lida u yoki bu ishni bajaradigan har qanday vositachidan iboratdir. Taqsimot kanalining quyidagi bosqichlari bor:

1. Nol bosqichli kanal, bevosita ishlab chiqaruvchi va iste’molchidan iborat. Ishlab chiqaruvchi iste’molchilarga o‘z tovarlarini ko‘chma savdo, jo‘natish yo‘li bilan yoki o‘z firma do‘konlari orqali sotadi.

2. Bir bosqichli kanal, u o‘z ichiga ishlab chiqaruvchi, vositachi va iste’molchini qamrab oladi. Iste’mol bozorida, odatda, bu vositachi chakana savdogar (do‘kondor), sanoat mahsulotiga oid tovarlar bozorida esa savdo agenti yoki broker hisoblanadi.

3. Ikki bosqichli kanal, u o‘z ichiga ishlab chiqaruvchi, ikki vositachi va iste’molchini qamrab oladi. Iste’mol tovarlari bozorida ulgurji va chakana savdogarlar shunday vositachilar hisoblanadi. Sanoat mahsulotlari bozorida ular sanoat distribyuteri va dilerlar deb ataladi.

4. Uch bosqichli kanal, u o‘z ichiga ishlab chiqaruvchi, uchta vositachi va iste’molchini qamrab oladi. Ko‘p hollarda ulgurji va chakana savdogarlar o‘rtasida mayda ulgurji faoliyat ko‘rsatadi. U yirik ulgurji savdogardan tovar sotib olib, so‘ngra yirik ulgurji savdogar xizmat ko‘rsatmaydigan kichik chakana savdo korxonalariga sotadi.

Bosqichlari ko‘p bo‘lgan kanallar juda kam. Ishlab chiqaruvchi ko‘zi bilan qaraganda, taqsimot kanalida bosqichlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, ularni nazorat qilish imkoniyati shu qadar torayadi.

Taqsimot kanallarini nazorat qilish va bu kanaldagi o‘z maqsadinigina o‘ylaydigan uning ayrim a’zolari o‘rtasidagi mojarolarning oldini olish uchun keyingi paytda vertikal marketing tizimi (VMT) paydo bo‘ldi. Vertikal marketing tizimi (VMT) bir yoki bir necha vositachi va ular bilan hamjihat, yagona tizim tarzida ishlaydigan ishlab chiqaruvchidan tashkil topadi. Bunday holda kanal a’zolaridan biri qolgan boshqa sheriklariga egalik qiladi yoki ularga savdo imtiyozlari beradi, yoxud ularning to‘la hamkorligini ta’minlaydigan ustunlikka ega bo‘ladi. Masalan, korparativ vertikal marketing tizimi (VMT) doirasida ishlab chiqarish va taqsimotning ketma-ket bosqichlari yagona egalikda bo‘ladi. Shartnoma asosidagi vertikal marketing tizimi shartnoma munosabatlari bilan bog‘langan mustaqil firmalardan iboratdir. Umumiy ishda muvaffaqiyatni ta’minlash uchun faoliyat dasturlarini hamkorlikda o‘zaro muvofiqlashtiradi.

Ulgurjilar rahbarlik qiladigan chakana sotuvchilarning ko‘ngilli birlashmalari. Ulgurji mustaqil chakana sotuvchilar faoliyati uchun yagona dastur ishlab chiqadi, bu dastur esa ularning yirik taqsimot tarmoqlari bilan raqobat kurashida o‘z kuchlarini birlashtirishga yordam beradi (masalan, AQSh da «Mustaqil baqqollar uyushmasi» bor).

Chakana sotuvchilar shirkati. Chakana sotuvchilar hamkorlikda yangi mustaqil xo‘jalik birlashmasi tuzishlari mumkin, bu birlashma ulgurji savdo ishlari bilan, ayrim hollarda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bilan ham shug‘ullanishi mumkin. Birlashma ishtirokchilari o‘zlarining asosiy xaridini shirkat orqali o‘tkazadi, reklama va rejalashtirish ishlarini ham birgalikda tashkil etadi. Olingan foyda kooperativ a’zolari o‘rtasida ularning qilgan xaridlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.

Shartnoma asosidagi vertikal marketing tizimi (VMT)ning uchinchi tipi imtiyoz huquqiga ega bo‘lganlarning tashkilotidir. Imtiyozlar egasi deb nomlanadigan a’zo ishlab chiqarish va taqsimot jarayonlarining qator ketma-ket bosqichlarini o‘z qo‘lida to‘plashi mumkin. O‘z navbatida bunday tashkilotlarning uch ko‘rinishi bor.

Birinchisi - ishlab chiqaruvchi xomiyligida chakana imtiyoz egalari tizimi.

Ikkinchisi - ishlab chiqaruvchi xomiyligida ulgurji imtiyoz egalari tizimi.

Uchinchisi - xizmat ko‘rsatadigan firma xomiyligida chakana imtiyoz egalari tizimi. Biz taqsimot kanallarining ko‘rinishlarini vertikal kesimda ko‘rib chiqdik. Uning gorizontal ko‘rinishi mahsulotning bir necha vositachilar o‘rtasida taqsimlanishi bilan ajralib turadi. Firmalar moliyaviy mablag‘, ishlab chiqarish quvvatini tejash, rejalashtirish, texnikaviy bilim yoki marketing resurslarini jamlash maqsadida yangi ochilayotgan bozorlarni hamkorlikda o‘zlashtirish yo‘lida harakatlarni birlashtirishni afzalroq ko‘radi. Firmalar birgina yoki har xil sotish bozorlarini egallash uchun ko‘p yo‘lli marketing tizimlaridan foydalanadilar.

Tayanch iboralar:


Savdo, ulgurji, chakana, vositachilik, tijorat, broker, diler, birja, tovar, xizmat, yalpi daromad, muomala xarajatlari, auksion, yarmarka, lizing.

Nazorat savollari:


1. Tijorat vositachi korxonalar faoliyati nimadan iborat.

2. Savdo tizimi va uning tarkibi.

3. Chakana savdo tizimi qanday tashkil qilinadi.

4. Tijorat vositachi korxonalar moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari.






Download 2.52 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   20




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa
davlat universiteti
ta’lim vazirligi
O’zbekiston respublikasi
maxsus ta’lim
zbekiston respublikasi
davlat pedagogika
o’rta maxsus
axborot texnologiyalari
nomidagi toshkent
pedagogika instituti
texnologiyalari universiteti
navoiy nomidagi
samarqand davlat
guruh talabasi
ta’limi vazirligi
nomidagi samarqand
toshkent davlat
toshkent axborot
haqida tushuncha
Darsning maqsadi
xorazmiy nomidagi
Toshkent davlat
vazirligi toshkent
tashkil etish
Alisher navoiy
Ўзбекистон республикаси
rivojlantirish vazirligi
matematika fakulteti
pedagogika universiteti
таълим вазирлиги
sinflar uchun
Nizomiy nomidagi
tibbiyot akademiyasi
maxsus ta'lim
ta'lim vazirligi
махсус таълим
bilan ishlash
o’rta ta’lim
fanlar fakulteti
Referat mavzu
Navoiy davlat
haqida umumiy
umumiy o’rta
Buxoro davlat
fanining predmeti
fizika matematika
malakasini oshirish
universiteti fizika
kommunikatsiyalarini rivojlantirish
jizzax davlat
davlat sharqshunoslik