УДК 82-311.1
Yoqubov Jamoldin Madamin o‘g‘li
Andijon davlat universitetining Pedagogika instituti o‘qituvchisi
E-mail: jamoliddinyoqubov@gmail.com +998889752111
“SHAYTANAT”: TANQID, TAHLIL, MUNOSABAT
Annotatsiya: Maqolada yozuvchi Tohir Malik qalamiga mansub “Shaytanat” romanining ayrim jixatlari tahlilga tortiladi. U haqdagi ayrim munozarali fikrlarga munosabat bildiriladi.
Kalit so‘zlar: Shaytanat, ommaviy adabiyot, tanqid, badiiylik.
Аннотатция: В стате аннализируется некоторые аспекты романа тахира малика «Шайтанат». Некоторые противречивые мнения о нем будут рассмотренны.
Ключеевые слова: сатана, популярная литература, критика, исскусство.
Yoqubov Jamoldin Madamin ugli
Lecturer at the Pedagogical institute of Andijan state University
E-mail: jamoliddinyoqubov@gmail.com +998889752111
“SHAYTANAT”: CRITICISM, ANALYSIS, ATTITUDE
Annotation: The article analyzes some aspects of the novel “Shaytanat” by Tahir Malik. Some controversial opinions about him will be addressed.
Keywords: Satan, popular literature, criticism, art.
O‘zbek adabiyotida shunday asarlar borki, kitobxon qo‘liga yetib borishi bilan turli munozaralarga sabab bo‘ladi. Kitobxonga yoqqan asar munaqqidga yoqmasa, ba’zan munaqqid ma’qul ko‘rgan asarni kitobxon qarsak chalib kutib olmaydi. Aksar kitobxonlar sevib o‘qiydigan asarlarni ayrim adabiyotshunoslar tomonidan ommaviy adabiyot deb baholash urf bo‘ldi. Ularning fikriga ko‘ra: o‘quvchi tomonidan tushunilishi qiyin bo‘lgan nasriy yoki she’riy asar xoslar uchun yozilgan emish. Aksincha, tushinilishi va hazm qilinishi oson kechgan asarlar omma uchun degan qarashlar mavjud. Bu kabi baholash mezoni asosan o‘tgan asrning 90 – yillaridan keyin shakllandi. Biz bu qarashlarni hurmat qilgan holda o‘zimizning ayrim mulohazalarimizni bayon etmoqchimiz. Birinchidan, Hazrat Navoiygacha va ul zotdan Abdulla Qodiriygacha yashab o‘tgan ijodkorlar o‘z asarlarini muayyan bir qatlam uchun yozmaganlar. Ikkinchidan, u davr kishilari Hazrat Navoiyni tushunishda qiyinchilik sezmaganlar. O‘sha davr muallimidan tortib, oddiy dehqonigacha kitobxonlik yetuk saviyada bo‘lgan. O‘tgan asrning 70-80-yillariga kelib, mutolaa darajasi ancha pasaydi. Ba’zi iqtisodiy qiyinchiliklar natijasida mustaqillikning boshlariga kelib, odamlar kitobdan uzoqlashdilar. 1992 – yildan “Sharq yulduzi” jurnalida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning “Shaytanat” asari chiqa boshladi. Bu asar ta’bir joiz bo‘lsa, o‘tish davrida odamlarni mutolaaga qaytardi va biz yuqorida tilga olgan omma uchun degan tamg‘a bu asarga ham yopishtirildi.
Asar o‘zi bilan bir davrda yaratilgan romanlardan farq qilardi. Jumladan: “Adolat manzili” O.Yoqubov, “Tushda kechgan umrlar” O‘. Xoshimov, “Otamdan qolgan dalalar” Tog‘ay Murod kabi romanlarda qatag‘on davri, paxta ishi, o‘zbek ishi kabi mavzular qalamga olingan bo‘lsa, “Shaytanat”da mazkur qabihliklarning bosh sababchisi bo‘lmish, inson va shayton orasidagi ziddiyatlar o‘zining badiiy inikosini topdi.
Kitob mana 30 yildirki, xalqimiz orasida qo‘lma – qo‘l bo‘lib o‘qiladi. Har qanday yaratilgan durdona asarning o‘z tanqidchisi bo‘lganidek, Shaytanatning ham munaqqidlari yetarlicha topiladi. Biroq, bu tanqidlarning aksari o‘zining qoniqarli isbotiga ega emas. Biz mazkur maqolada ustoz munaqqidlarimizni hurmat qilgan holda, Shaytanat borasidagi tanqidiy qarashlarga o‘z munosabatimizni baholi qudrat bayon qilamiz.
I
Ko‘pchilik Shaytanatni detektiv asar sifatida baholaydi. Avvalo detektiv asarlarning boshqa asarlardan farqini yaxshi tushinib olishimiz lozim. Detektiv asarda tugun kimningdir o‘ldirilishi yoki nimaningdir o‘g‘irlanishi bilan boshlanadi va yakunda jinoyatchining aniqlanishi detektiv qissa yoki romanning yechimini tashkil qiladi. Biz bahs qilayotgan asarda ham jinoyatchilar, militsiya hodimlari bilan bog‘liq voqealar, umumiy aytganda detektiv unsurlar mavjud. Lekin bu Shaytanatning tamomila detektiv asar ekanini bildirmaydi. E’tibor berilsa, bu asarda bosh maqsad militsiya hayotini emas, balki, Shaytonlar boshqaruvidagi “Shaytanat ahli” ning ayanchli oqibatini hikoya qilishga qaratilgan. Romanning 4 – kitobigacha biror bir jinoyat sirli ravishda amalga oshirilmaydi. 4 – kitobga kelib Oysanam bilan bog‘liq jinoiy ish prokuratura hodimi Zohid Sharipov tomonidan yechiladi. Bu holat asardagi boshqa bir obraz Haydar “Kesak polvon” ning jirkanch qiyofasini yana ham aniqroq ifodalash uchun xizmat qiladi. Bundan tashqari muallif ayrim qahramonlarning hayotiga bevosita aralashadi. Ba’zi o‘rinlarda kitobxon bilan muloqotga kirishadi. Yuqoridagi misollar asarning shunchaki sarguzasht roman emasligini yaqqol namoyon qiladi. Ayrim tanqidchilarning fikricha “Shaytanat” keyinchalik yozilgan oldi – qochdi “Sariq matbuot” romanlarining paydo bo‘lishiga turtki bo‘lgan emish. Vaholanki, Shaytanat yozilgan davrda ham biz yuqorida eslab o‘tgan mazmundagi saviyasiz kitoblar bor edi. Ularda Shaytanat kabi katta mavzu ko‘lami va g‘oya mavjud emas, badiiy nuqtai nazardan Shaytanat bilan bir safga qo‘yish katta mantiqsizlikdir.
II
Ikkinchi qarash bu romanda Qur’on oyatlari, hadislardan namunalar va mumtoz adabiyotimiz ijodkorlarining hikmatlaridan foydalanilgani ayrimlarning e’tirozlariga sabab bo‘ladi. Sobiq SSSR matbuoti yo‘l qo‘ygan xatoliklardan biri Hazrat Mir Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari buyuk ijodkorlarning asarlari Islomdan ayri tarzda o‘rganilganida edi. Bizning adabiy ildizlarimiz ulardan ham oldinroqqa borib taqalar ekan, qanday qilib Shaytanatdagi bu jihatni tanqid ostiga olish mumkin?! Adabiyot so‘zining lug‘aviy ma’nosi Odoblar to‘plami deganidir. Istilohda bu so‘z avvalo fan nomi va boshqa fanlar bo‘yicha yozilgan qo‘llanmalarni ham adabiyot deyish bilan sezilarli darajada o‘z kuchini yo‘qotgan. Biz lug‘aviy ma’nodan kelib chiqib, adabiyot faqat aql o‘rgatadi deyish fikridan yiroqmiz. U o‘rni kelganda insonni mushohadaga chorlashi, o‘tmishi, buguni va ertasini baholay olishi uchun ham xizmat qiladi. O‘ylab qaralsa, asardagi aksar obrazlar yanglish e’tiqodda bo‘lganliklari bois ma’naviy inqirozga yuz tutadilar. Bu xusus filologiya fanlari nomzodi, dotsent Tohir Shermurodovning “Shaytanat asarida e’tiqod va axloq masalasi” (O‘zbekiston Adabiyoti va san’ati 30 – oktabr 1998) maqolasida atroflicha yoritilgan. Bosh qahramon Asadbek bunga yorqin misoldir. U bolaligidan to vafotigacha bo‘lgan umr yo‘lida turli murakkab holatlarga duch keladi. Uning hayotga nisbatan qarashlari ham boshqalarnikiga o‘xshamaydi. Oqibatda Asadbekning qo‘l ostidagi kishilar ham jamiyat boshiga turli ko‘rinishdagi muammolarni soladi. Asadbek qalbidagi qasos o‘ti uni Shaytanatning jin ko‘chalariga kirishga undadi. U ham adolatsiz jamiyat qurbonlaridan biri edi.
III
Tohir Malik o‘z asariga “Shaytanat” nomini noto‘g‘ri tanlagan, o‘zbek adabiy tili nuqtayi nazaridan xatoga yo‘l qo‘ygan deganlar bu so‘z avvalo qaysi manbaalarda uchrashini bilsalar maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Shaytanat so‘zi Alisher Navoiyning g‘azallarida uchraydi:
“Riyoiy shayxdirkim shaytanatdin tavqi lanatdek solur bo‘ynig‘a tasbehni ul mal’un” Abdulla Qodiriy romanlarida ham shaytanat so‘ziga duch kelamiz. Bundan tashqari muallif asarni yozishda ulug‘ adibimiz Abdulla Qodiriydan ta’sirlanganini ko‘rishimiz mumkin. Asadbekning qizi Zaynab onasiga nega meni ismimni Zaynab qo‘ygansizlar Kumushdek o‘lib ketsam bo‘lmasmidi deya Kumushning taqdiriga havas qiladi. Elchin Zaynabning hayotini barbod qildi. Chimildiqdagi Zaynab Elchinni ko‘rishi bilan Kumushning “siz o‘shami” degan taajublarga to‘la savoli bilan yuzlanadi. Bu lavhalarni o‘qir ekansiz beixtiyor yodingizga “O‘tkan kunlar” romani keladi. Faqat farq boshqa. Biz misollarni asosan birinchi kitobdan oldik. Romanning qolgan 4 kitobida ham yozuvchi iste’dodining yorqin aksiga guvoh bo‘lasiz.
Mana necha yildirki “Shaytanat” romani necha yuz minglab nusxada nashr qilinmoqda. Ozod Sharafiddinovning “Olamning qalbi” Abdug‘ofur Rasulovning “Badiiylik bezavol yangilik” kitoblarida asar haqida iliq fikrlar mavjud. 2017 – yili muallif “Shaytanat”ni qayta tahrir qilib, har bir kitobga nom berdi. 1 – kitob “Qasos” 2 – kitob “Non berganning begonasi bo‘lmaydi” 3 – kitob “Semirgan chumoli” 4 – kitob “Oqqush qo‘shig‘i” 5 – kitob “Azozil do‘koni”. Kitobni “Hilol Nashr” - 2017 Uzb milliy ensiklopedia davlat nashryotlari 2018 – yillarda nashr qilishdi. Roman adibning tanlangan asarlar ro‘yxatiga ham kiritildi. Ko‘rinadiki, asar o‘z kitobxonlari tomonidan katta qiziqish bilan, sevib mutolaa qilinmoqda.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
1.Tohir Malik “Shaytanat” 1-2-3-4-5-kitoblar. – Toshkent: “Sharq” NMAK 1994-2011.
2. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi. 1998 oktabr.
3.Ozod Sharofiddinov “Olamning qalbi”. – Toshkent: “Ma’naviyat” 2014.
4.Alisher Navoiy “Hazoin ul maoniy” devon. – Toshkent: “O‘zbekiston” 2011.
5.Abdug‘ofur Rasulov “Badiiylik bezavol yangilik”. -Toshkent: “Sharq” 2007.
6.Tohir Shermurodov “Jozib izhor izlab”. – Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi, 2009.
Do'stlaringiz bilan baham: |