O`zbek xalqi manaviyati va madaniyati haqida
REJA
Qadimgi xalq og‘zaki ijodi va yozma yodgorliklarda ma’naviyat masalalari
“Avesto”da inson va uning ma’naviyati masalalari
Moniylik va mazdakizm ta’limotlarida ma’naviyat masalalari
1. Jahon ma’naviyati va ma’rifatining rivojiga jamiki xalqlar baholi qudrat о‘z ulushlarini qо‘shganlar. Ammo bunda Sharq mamlakatlari, jumladan, Markaziy Osiyo xalqlarining qо‘shgan hissasi alohidadir.
Markaziy Osiyo jahonning ilmu fan, falsafa, din, adabiyot va san’at qadimdan rivojlangan, tarixi, ma’naviyati nihoyatda boy mintaqalardan biridir.
Bir necha ming yilliklarda shakllangan Markaziy Osiyo xalqlari milliy ma’naviyati takomil bosqichlari mazkur о‘lkada yuz bergan madaniy rivojlanish jarayonlari bilan bevosita bog‘liq bо‘lib, ushbu sahnda yuz beruvchi ma’naviy hodisa sanaladi. Xalqimiz madaniy-ma’naviy taraqqiyoti о‘ta murakkab tarixiy silsilalar, о‘zgarishlar va hodisalar majmuini tashkil etadi.
Ana shu murakkab va kо‘p ming yillik ma’naviy takomilimiz jarayonidan asosiy bо‘g‘inlarni ajratib olishimiz lozim. Busiz milliy ma’naviyatimiz rivojlanishi bosqichlari haqida fikr yuritib bо‘lmaydi.
Kо‘pgina tadqiqotchilarning bu boradagi fikrlarini о‘rganib, milliy ma’naviyatimizning bir necha ming yillik tarixini besh davrga ajratib kо‘zdan kechirishni kо‘p jihatdan maqbul bildik:
Islomgacha milliy ma’naviyatimiz taraqqiyoti.
Ilk Sharq uyg‘onish davri (IX-XII asrlar)da ma’naviyat va ma’rifat rivoji.
Amir Temur va temuriylar sulolasi davrida (sо‘nggi uyg‘onish davri) ma’naviy-ma’rifiy takomil masalalari.
Xonliklar, mustamlakachilik va qaramlik sharoitida ma’naviyat.
Mustaqillik va ma’naviy poklanish, ma’naviy tiklanish va ma’naviy rivojlanish masalalari.
Bu davrlar о‘z ichiga olgan tarixiy davrlar muddatiga kо‘ra aslo teng emas. Biz nazarda tutgan birinchi davr bir necha ming yillarni qamrab olsa, ikkinchi davr IX-XII asrlarni, uchinchi davr XIV asrning ikkinchi yarmi va XVI asrlarni, tо‘rtinchi davr esa XVII dan XX asrning sо‘nggi о‘n yilligiga qadar bо‘lgan davrni qamrab olganligi bilan ajralib turadi.
Mazkur mavzuda Islomgacha ma’naviyatimiz takomili, mazmuni va mohiyati haqida fikr yuritamiz. Islomgacha bо‘lgan milliy ma’naviyatimiz va uning takomillashishi haqidagi eng muhim manbalar guruhini tо‘rtga bо‘lish mumkin. 1.Zardushtiylikning “Avesto” kitobi va turkiy bitiklar (yozuvlar). 2. Qadim Shumer, Bobil, Ashshur, qadim Misr, Yunon, Hind, Xitoy manbalari va Eron shahanshohlaridan qolgan toshbitiklar. 3. Arxeologik yodgorliklar – moddiy ashyolar va turli inshootlar. 4. Xalq og‘zaki va yozma adabiyot namunalari, urf - odat va marosimlar, о‘yinlar, bayramlar va boshqalar.
Bizning eng qadimiy ajdodlarimiz ma’naviyati va ma’rifati haqidagi ma’lumotlar asrlardan asrlarga о‘tib hozirgacha saqlanib qolgan xalq og‘zaki ijodi namunalari: mif, afsonalar, rivoyatlar, dostonlar va qadimiy yozuvlarda saqlanib kelayotir.
Avlodu ajdodlarimizning qadim ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, urf-odatlari, an’analari, tili, tarixi, madaniyati va ma’naviyatini badiiy-falsafiy jihatdan о‘ziga xos tarzda aks ettiradigan og‘zaki ijodiyoti nihoyatda boy va xilma-xildir. Miflar, afsonalar, qahramonlar tо‘g‘risidagi dostonlar, tо‘y-hashamlarda, xalq yig‘inlarida, bayramlarda, marosimlarda, safarlarda, mehnat jarayonida aytilgan ashula-qо‘shiq va laparlar, marsiyalar, lirik she’rlar, maqol va matallar, masal va topishmoqlar xalqimiz og‘zaki ijodiyoti madaniyati va manaviyatining eng qadimgi va uzoq tarixga ega bо‘lgan sohalaridir.
Xalqimizning о‘ziga xos turmush tarzi, tafakkur va dunyoqarashi, hayotga, voqelikka munosabatining ifodasi bо‘lgan bunday xalq og‘zaki ijodi namunalari, milliy mafkuramiz oziqlanadigan manbalardir. Markaziy Osiyo xalqlarining qadimiy mif va afsonalari turli mavzularda bо‘lgan. Chunonchi kosmogonik miflar, hayvonlar va qushlar haqidagi miflar, xudolar va afsonaviy qahramonlar haqidagi miflar bо‘lib, ularda yaxshilik, baxt-saodat, quyosh nuri va issiqlik – yomonlik, baxtsizlik, zulmat va dahshatli sovuqqa qarama-qarshi qо‘yilgan. Shu asosda baxt о‘lkasi va baxtsizlik о‘lkasi degan miflar yuzaga kelgan. Yaxshilik va yomonlik kuchlari о‘rtasidagi kurash mifologik obrazlar Mitra, Anaxita, Kayumars, Yima(Jamshid), Elikbek va boshqalar timsolida mujassamlashtirilgan. Bular haqidagi miflar zardushtiylikning “Avesto” kitobiga ham kirgan.
Xalq og‘zaki ijodida mifologik obrazlar bilan birga afsonaviy qahramonlar obrazi ham yuzaga kelgan. Bu qahramonlar kishilarning osoyishtaligi va baxt-saodati uchun kurashib, fidokorlik kо‘rsatadilar. Chunonchi, Gershasp va Elikbek haqidagi afsonalarda ajdar va jinlarni yenggan, о‘limdan qо‘rqmas, mard, bahodir, kishilarni halokatdan qutqaruvchi qahramonlar obrazlari badiiy bо‘yoqlarda aks ettirilgan.
Qadim Markaziy Osiyo aholisi yaratgan og‘zaki adabiyoti yodgorliklari orasida qahramonlik eposi muhim о‘rin tutadi. Ularda xalqimizning chet el bosqinchilariga qarshi vatanparvarlik kurashi asosiy о‘rinni egallagan.
“Tо‘maris”, “Shiroq”, “Zariagr va Odatida”, “Zarina va Striangiya”, “Uch og‘a-ini botirlar”, “Malikai Husnobod” kabi qissalar va “Alpomish”, “Qirqqiz”, “Gо‘rо‘g‘li”, “Ravshanxon”, “Avazxon”, “Oysuluv” singari dostonlarda ham milliy, ham umumbashariy ahamiyatga ega bо‘lgan falsafiy va ma’naviy g‘oyalar ilgari surilgan.
“Tо‘maris” haqidagi qissada massagetlar malikasi Tо‘marisningEron bosqinchilariga qarshi kurashdagi mardligi, dovyurakligi, jasorati, donishmandligi, vataniga sodiqligi, dushmanlarga nisbatan ziyrak va xushyorligi bayon etilgan.
Vatanni himoya qilish, erksevarlik, yurtparvarlik, vatanparvarlik kabi ma’naviy-ahloqiy fazilatlar ajdodlarimizning qon-qoniga singib ketganligi Shiroq haqidagi tarixiy qissada ham chuqur va har taraflama о‘z aksini topgan. “Shiroq” eposi ham Markaziy Osiyo xalqlarining chet el bosqinchilariga qarshi qahramonona kurashini aks ettiradi. Vatanparvarlik va jasorat, vatan va о‘z xalqi baxt-saodati yо‘lida fidoyilik qilishga shay, tayyor turish kabi yuksak ma’naviylik sak qabilasining chо‘poni Shiroq timsolida gavdalangan.
Tо‘maris va Shiroq xalq qahramonlari bо‘lib, о‘z xalqi, Vatani uchun jonini ham ayamaydigan buyuk va betimsol mardlik va jasorat namunasi sanaladi. Ularga ham qoyil qolib, ham havas qilamiz.
Markaziy Osiyoda yashagan qadimgi avlod-ajdodlarimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, urf-odatlari, e’tiqodi, tarixi, madaniy-ma’naviy merosi haqida qimmatli ma’lumotlar “Avesto”, “Bexustun”, “Bundaxishn” “Denkard” kabi tarixiy yozma yodgorliklarda saqlanib qolgan.
Qadimiy turkiy tilda yaratilgan yozma yodgorliklardan biri О‘rxun-Yenisey yodgorliklari V-VIII asrlarga mansub bо‘lib, ulardan Kul-Tagin, Bilka-qoon, Tunyukuk qabr toshlariga о‘yib yozilgan matnlar ayniqsa ahamiyatlidir. Bu yozuvlarni turkiy-run yozuvi deb ham yuritiladi. Run yozuvi – “yashirin”, “sirli” yozuv demakdir. Chunki ularni ancha vaqtgacha о‘qishning iloji bо‘lmagan.
Kul-Tagin Bilka-qoon (ulug‘ hoqon demakdir)ning ukasi bо‘lib 732 yili vafot etgan. U urushlarda zо‘r qahramonliklar kо‘rsatgan. Kul-Tagin qabr toshida Bilka-qoonning tilidan aytilgan judolik qayg‘usi-marsiya badiiy til vositasida ifodalangan. U о‘z ukasining vafotidan juda qayg‘uga tushadi. Chunonchi: Agar Kul-Tagin bо‘lmasa edi, hammangiz halok bо‘lur edinglar. Mening inim Kul-Tagin о‘ldi, men qattiq qayg‘urdim, kо‘rar kо‘zlarim ojiz bо‘ldi, aql – fahmim о‘tmas bо‘lib qoldi, о‘zim qayg‘urdim. Qismatni kо‘k samo (xudo) taqsim qiladi, odam bolasi о‘lish uchun tug‘ilgan... kabi sо‘zlar yozilgan.
Markaziy Osiyoda ma’naviyat bilan birga ma’rifat ham rivojlangan. Ma’rifat rivojining isboti sifatida bu о‘lka xalqlarining yozuvini kо‘rsatish mumkin. Eramizdan avvalgi birinchi ming yillik о‘rtalarida oromiy, grek yozuvlari, forsiy mixxat mavjud bо‘lgan. Keyinroq avesto, xorazm, sug‘d, kushon, run (О‘rxun-Yenisey), uyg‘ur yozuvi kelib chiqqan.
Qadim Markaziy Osiyoda astronomiya, geometriya, geodeziya, matematika, fizika, meditsina fanlari rivoj topgan. Bizga qadar saqlanib qolgan sug‘d kalendari va Beruniy asarlaridagi ma’lumotlar bu о‘lkada, ayniqsa, astronomiya fani rivojlanganidan darak beradi.
Markaziy Osiyo xalqlari juda qadim zamonlardayoq sug‘orish inshootlari qurganlar, kanallar ochganlar, chig‘ir va koriz usuli bilan suvsiz yerlarga suv chiqarganlar, bunyodkorlik ishlari bilan shug‘ullanganlar. Albatta bular kishilardan ma’lum tajriba va bilimni talab etgan.
Shunday qilib, bizgacha yetib kelgan ma’lumotlarga asoslanib, Markaziy Osiyo qadimiy madaniyat, ma’naviyat va ma’rifat о‘choqlaridan biri bо‘lgan degan xulosa chiqara olamiz. Biz yosh avlod bu bilan faxrlanishimiz lozim.
5.2. Bizning ota-bobolarimiz asrlar davomida tо‘plangan hayotiy tajribasi, diniy, ahloqiy, ilmiy, adabiy qarashlarni ifoda etadigan yuqoridagi kabi ma’naviy yodgorliklar orasida bundan qariyib uch ming yil muqaddam Xorazm vohasi hududida yaratilgan “Avesto” deb atalgan bebaho ma’naviy merosimiz alohida о‘rin tutadi. Bunday о‘lmas ma’naviy boyliklar, moddiy-madaniyat yodgorliklari bu kо‘hni о‘lkada, bugun biz yashab turgan tuproqda qadimdan buyuk madaniyat, yuksak ma’naviyat mavjud bо‘lganidan dalolat beradi.
Zardusht tomonidan bir tizimga solinib tо‘liq shakllantirilgan zardushtiylik diniga qadar ajdodlarimiz har-xil diniy tasavvurlarga e’tiqod qilib yashaganlar. Bu esa zaminimizda yashagan barcha qabilalarning tinch-totuv yashash va bosqinchilarga qarshi kurashda yagona g‘oya – mafkura asosida uyushishlariga tо‘siq bо‘lar edi. О‘lkaning turli qabilalarini birlashtirish, ularni ilk buyuk davlatchilik g‘oyasi atrofida uyushtirish zaruriyati yuzaga kelgan edi. Ana shunday zaruriyatni tushunib yetgan ilg‘or kishilardan biri sifatida Zardusht tarix sahnasida paydo bо‘ldi. U kо‘p xudolilik tasavvurlari, tabiat hodisalariga sig‘inishga qarshi chiqib, yakka xudolik g‘oyasini targ‘ib qildi. Uni odamlar payg‘ambar sifatida qabul qilishgan. Zardushtiylik juda qadimiy dinlardan bо‘lib, ibtidoiy tuzumdan quldorlikka о‘tila boshlagan paytlarda Markaziy Osiyoda paydo bо‘lgan va alohida о‘ziga xos diniy dunyoqarash sifatida shakllangan. U о‘tmish qadimgi dinlarining eng kuchlilaridan biri sifatida Markaziy Osiyo, Ozarbayjon, Eron territoriyalarida keng tarqalgan, birinchi jahon dini bо‘lgan. Hatto Eron saltanatining rasmiy davlat diniga aylangan.
Zardushtiylik g‘oyalarining paydo bо‘lishi eramizdan avvalgi X asrga tо‘g‘ri keladi. Uning muqaddas kitobi “Avesto” birdan yuzaga kelgan emas. U bir necha asrlar davomida shakllanib borgan. Zardusht «Avesto»ning qadimiy nushalarini о‘rganib va tо‘plab 30 ta kohin bilan uch yil davomida bir tizimga solgan, gohlar qismini о‘zi ijod qilib 12 ming hо‘kiz terisiga zarhal harflar bilan “Avesto” matnini yozdirgan.
Mazkur dinga, uning muqaddas kitobi “Avesto”ga Iskandar Zulqarnayn va arablar istilosi davrida katta putur yetkazilgan.
Buyuk qomusiy alloma Abu Rayhon Beruniyning “О‘tmish xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida bu haqda shunday ma’lumotlar keltirilgan: “Doro ibn Doro hazinasida о‘n ikki ming qoramol terisiga tillo bilan bitilgan bir nushasi bor edi. Iskandar otashxonalarni vayron qilib, ularda xizmat etuvchilarni о‘ldirgan vaqtda uni (“Avesto”ni) kuydirib yubordi. Shuning uchun Abistoning beshdan uchi yо‘qolib ketdi. Abisto о‘ttiz nasq (qism) edi. Majusiylar qо‘lida о‘n ikki nasq chamasi qoldi”
“Avesto”da о‘tmish ajdodlarimizning diniy tasavvurlari, koinot va yerdagi dunyoning, hayotning yaratilishi bilan bog‘liq afsona va rivoyatlar, Markaziy Osiyo, Eron va Ozarbayjonning tarixi, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayoti, georgrafiyasi, tabiati, nabobati, ilm-fani, ma’naviy hayoti о‘z aksini topgan.
Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek: “Eng mо‘tabar, qadimgi qо‘lyozmamiz “Avesto”ning yaratilganiga 3000 yil bо‘layapti. Bu nodir kitob bundan XXX asr muqaddam ikki daryo oralig‘ida, mana shu zaminda umrguzaronlik qilgan ajdodlarimizning biz avlodlarga qoldirgan ma’naviy, tarixiy merosidir.
“Avesto” ayni zamonda bu qadim о‘lkada buyuk davlat, buyuk ma’naviyat, buyuk madaniyat bо‘lganidan guvohlik beruvchi tarixiy hujjatdirki, uni hech kim inkor eta olmaydi”.
“Avesto” quyidagi besh qismdan iborat:
Vendidod – 22 bobdan iborat bо‘lib, unda Axura Mazda Yerdagi barcha mavjudotning yaratuvchisi ekanligi bayon etiladi.
Visparad – 24 bobdan iborat bо‘lib, ibodat qо‘shiqlaridan tashkil topgan. Zulmat kuchlariga qarshi kuchlar kuylanadi.
Yasna – 72 bobdan iborat bо‘lib, qurbonlik vaqtida, marosimida aytiladigan qо‘shiqlardan tashkil topgan.
Yasht – 22 qо‘shiqdan iborat bо‘lib, zardushtiylik ma’budlari madhi kuylangan.
Xо‘rda Avesto – Kichik Avesto – quyosh, oy va boshqa xudo hamda ma’budalar sharafiga aytilgan kichik ibodat matnlaridan iborat.
“Avesto”ning bizgacha yetib kelgan nushasi 1374 yilda kо‘chirilgan bо‘lib, hozirda Kopengagendagi kutubxonada saqlanib kelinmoqda. “Avesto” ta’limotiga kо‘ra olam qarama-qarshiliklar kurashi asosiga qurilgan: jismoniy narsalarda yorug‘lik va zulmat, tirik tabiatda hayot va о‘lim, ma’naviy olamda ezgulik va yovuzlik, ijtimoiy hayotda adolatli qonunlar bilan qonunsizliklar о‘rtasidagi kurashlarda о‘z ifodasini topadi. Yorug‘lik, ezgulik kuchlariga Axura Mazda boshchilik qilib ezgulikni vujudga keltiraveradi, yovuzlik ruhi bо‘lgan Aaxriman unga qarshi kurashib, odamlarni yomon ish va yо‘llarga boshlayveradi.
Mazkur kurashda esa ezgulikning yovuzlik, yorug‘likning zulmat ustidan g‘alabasiga ishonch bildiriladi.
Zardushtiylik va uning kitobi “Avesto”da ma’naviyat va ma’rifat masalalari ham muhim о‘rin tutadi.
“Avesto”da mehnat nihoyatda ulug‘lanadi. Mehnatni yaxshilik, moddiy noz-ne’matlar manbai deb biladi. Inson sahovatli bо‘lishi uchun avvalo mehnat qilishi, о‘z qо‘li bilan noz-ne’matlar yaratishi zarurligi uqtiriladi.
Zardusht xudo Axuramazdadan yer yuzidagi eng yaxshi joy qayerda, deb sо‘raganida u, inson mehnat qilib qayerdaki о‘ziga uy tiklab, olovga va oilasiga, xotini va farzandlariga, podalariga о‘rin ajratib bersa, yem-xashagi kо‘p bо‘lib, chorvasi va itlari tо‘q yashasa, uyida noz-ne’matlar muhayyo bо‘lib, xotini va farzandlari farovon yashasa, uyida e’tiqodi sobit, olovi alangali, boshqa narsalari ham mо‘l-kо‘l bо‘lsa, о‘sha manzil, о‘sha gо‘sha ulug‘dir, muhtaramdir, deb javob beradi.
“Avesto”da inson ahloq-odobi, ma’naviyati quyidagi uchlikda: Gumata – yaxshi fikr, Gugta – yaxshi sо‘z, Gvarshta – yaxshi ishda ifodalanadi. “Men yaxshi fikr, yaxshi sо‘z, yaxshi ishga shon-shavkat baxsh etaman”, - deb ta’kidlaydi Axura Mazda.
Prezidentimiz aytganidek, “Avesto”ning tub ma’no-mohiyatini belgilab beradigan “ezgu fikr, ezgu sо‘z, ezgu amal” degan tamoyil negizida hozirgi zamon uchun ham behad ibratli bо‘lgan saboqlar borligini kо‘rish mumkin. Ana shunday fikrlar, ya’ni ezgu niyat, sо‘z va ish birligini jamiyat hayotining ustivor g‘oyasi sifatida talqin etish bizning bugungi ma’naviy ideallarimiz bilan naqadar uzviy bog‘liq, nechog‘liq mutahkam hayotiy asosga ega ekani ayniqsa e’tiborlidir. Shu bilan birga mazkur tarixiy yodgorlikda g‘arazgо‘ylik, hasad, manmanlik, fitna-fasod qattiq qoralanadi. Va’daga vafo qilish, ahdga sadoqat, samimiyat, xolislik, о‘zaro hurmat, izzat-ikrom kabi ma’naviy-ahloqiy fazilatlar ulug‘lanadi. “Avesto” dunyoni inson uchun sinov maydoni deb tushuntiradi.
Yuqorida qayd etilganlardan kо‘rinadiki, mazkur tarixiy asarda bizning zamonda tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotgan ma’naviy muammo tabiatni asrash masalasiga ham katta ahamiyat berilgan.
“Avesto”da naslning pokligi, tozaligiga ham alohida e’tibor berilgan, qattiq nazorat qilingan, qarindosh-urug‘, aka-ukaning quda-anda bо‘lishi qoralangan. Hozirgi meditsina fani aka-uka, yaqin qarindoshlar о‘rtasidagi qudachilik munosabatlari kelajak avlodning sog‘lom, tо‘la-tо‘kis bо‘lib tug‘ilishiga salbiy ta’sir kо‘rsatishini tо‘liq aniqlagan. Buni esa bizning ajdodlarimiz allaqachon aniqlaganlari hozirgi zamon kishisini lol qoldiradi. Qolaversa, yaqin kishilarning nikoh masalalarida ma’naviy jihatlar ham borki, bunga inson qalbi yо‘l bermasligi kerak.
Kо‘rinadiki, Markaziy Osiyoda keng tarqalgan qadimiy zardushtiylikda oila va nikoh masalalari, inson muammosiga katta ahamiyat berilgan. Insonning jismoniy va ma’naviy pokligi Zardushtiylik ahloqining eng qadimiy talablaridandir. Oila va nikoh yaratuvchining talabiga mos kelganligi bois uni buzish ta’qiqlangan. Agarda oilada er yoki xotin ahloqsizlik, ya’ni buzuqchilik gunohi sodir etsa, unday kishilar tayoq bilan jazolangan. Shu orqali oila mustahkamligi uchun kurashganlar.
“Avesto”da qadimgi tabiblarning qasamyodi va tabobat ramzi ilon va jom berilgan. Demak tabib qasamyodi va ramzi Gippokratdan emas, balki bizdan boshlangan. Bu ham bizning ma’naviyatimiz qadimiyligini kо‘rsatuvchi dalillardan biridir. “Avesto”da ma’rifatni, ilm va hunarni egallash va uni boshqalarga о‘rgatish kerakligi ham uqtirilgan.
Xulosa shuki, “Avesto” kitobida ajdodlarimizning necha ming yillik ma’naviy merosi izlari о‘z aksini topgan. Unda yovuzlik, johillik, zо‘ravonlik, tuhmat kabi yomon illatlar qoralanadi. Sof kо‘ngilli bо‘lish, hiyonat qilmaslik, savdoda bir-birini aldamaslik, haqorat qilmaslik, mehnatsevarlik kabi ma’naviy fazilatlar targ‘ib etiladi.
Bu qadimiy merosni о‘rganish, undagi umumbashariy va abadiy qadr-qimmatga ega ma’naviy g‘oyalarni targ‘ib etish xalqimizni, xususan yoshlarimizni ma’naviy barkamol etib tarbiyalashda muhim ahamiyatga egadir.
5.3. Markaziy Osiyoda quldorlik jamiyati eramizning 2-3 asrlariga kelib inqirozga yuz tutdi va о‘z о‘rnini feodal munosabatlariga bо‘shatib bera boshladi. Bu holat zardushtiylik ichida yangi oqim Moniylik ta’limotining yuzaga kelishi va kuchayishiga olib keladi. Ushbu oqimning asoschisi Moniy (216-276 y) bо‘lib, u tarixiy shaxsdir. Uning ta’limoti hukmron tabaqalar manfaatiga zid bо‘lgani uchun 276 yilda vahshiylarcha о‘ldirildi. Moniy boy adabiy meros yaratgan bо‘lsa ham, lekin uning ba’zi asarlaridan parchalarigina bizgacha yetib kelgan, xolos. Uning ma’naviy-ahloqiy qarashlari “Sir ul asror” (Siru asror kitobi), “Kitob-ul-xudovost-tadbir” (Rahbarlik va boshqaruv kitobi), “Shaburkan” va boshqalarda bayon etilgan.
Moniy ta’limoti zardushtiylikning yaxshilik va yomonlik ta’limotiga asoslangan bо‘lib,keng xalq ommasining manfaatiga mos kelar edi. Moniylik ta’limotida dunyo – ziyo (yorug‘lik) va zulmat (qorong‘ulik)ning abadiy kurash maydonidan iborat, mana shu kurash maydonida insonning asosiy vazifasi yovuzlikni yо‘q qilish uchun yaxshilik, ezgulikka kо‘maklashishdan iborat degan ma’naviy-ahloqiy ta’limot ilgari suriladi.
Moniy ta’limotiga kо‘ra, inson sof musaffolikka, о‘z gunohlaridan forig‘ bо‘lishga faqat tarkidunyo qilib hayot kechirishi orqaligina erishishi mumkin, deb qaraladi. Moniylik ahloqi dindorlardan imkoni boricha kam ovqat yeyishni, rо‘za tutishni (demak rо‘za tutish odati islomdan avval ham bо‘lgan), о‘z turmushi, hayoti uchun kerakligidan ortiqcha mol-mulkka, boylikka yо‘l qо‘ymaslikni, mо‘tadil, о‘rtacha, dabdabasiz hayot kechirishni targ‘ib etadi. Moniy о‘z muridlari, izdoshlarini dunyoviy ishlarda “surbet” bо‘lmaslikka va dunyoda kо‘p narsalarga intilmaslikka da’vat etadi. “Zero о‘limdan keyin hech kimsada rо‘zg‘or asboblari bilan hovli ham, uy ham qolmaydi”. Boshqacha aytganda, inson hayoti davomida orttirgan boyliklarini о‘zi bilan olib keta olmaydi, ularning hammasi undan keyin qolib ketadi. Moniy aytadi: “Men о‘z umrimda kо‘p hokimlarni kо‘rdim,ular dunyoda ahloqsizlik qilib, manmanlikka berilib yurdilar, ammo oxirida g‘am-alamlarga, tubanlikka duchor bо‘ldilar”. Demak, Moniyning bu sо‘zlaridan biz ham ibrat olishimiz foydadan holi emas.
Eramizning V asr oxiri VI asr boshlarida Eronda “mazdakizm” deb atalgan boshqa diniy-falsafiy ta’limot yuzaga kelib, u Markaziy Osiyoda ham keng yoyildi. Mazdakizm feodal munosabatlarning rivoji va u bilan bog‘liq holda xalq ahvolining og‘irlashuvi va ikki о‘rtada ziddiyatlar va kurashning kuchayishi oqibatida yuzaga kelgan. Mazdak ta’limoti ham jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi bо‘lgan inson omilini kо‘tarishga, ma’naviyatini rivojlantirishga qaratilgan edi.
Mazdakizmning Moniylik ta’limoti bilan kо‘p о‘xshash tomonlari bor.U Moniylik ta’limotini tо‘ldirib, uning zohidlik – noumidlik g‘oyalarini dunyoga umid bilan qarash g‘oyalariga almashtiradi.
Mazdak Eronning Nishopur shahrida tug‘ilgan. Dehqonlar qо‘zg‘oloniga yо‘lboshchilik qilganligi uchun 529 yilda Anushervon tomonidan qatl etilgan. Mazdak feodal mol-mulkini umumiylashtirishni, feodallar hukmronligini yо‘qotishni talab qiladi.
Moniylikdagi kabi mazdakizmda ham dunyoni tushunish negizida bir-biriga qarama-qarshi ikki kuch: yaxshilik va yomonlik, yorug‘lik va zulmat kurashi yotadi deb qaraladi. Bu kurashda yaxshilik yomonlik ustidan, yorug‘lik zulmat ustidan g‘alaba qiladi, deb ishonch bildiriladi. Mazdakning aytishicha, yomonlik va zulmat kuchlari hukmronlik qilar ekan, kishilar ularga nisbatan befarq bо‘lishlari kerak emas, balki yaxshilik kuchlariga yordam berishlari kerak.
Mazdakning fikriga kо‘ra, ijtimoiy tengsizlik kishilar о‘rtasida ziqnalik, о‘g‘rilik, yomonlik, makkorlik, shafqatsizlik, urushlar, turli-tuman falokat va baxtsizliklar kabi illatlarni keltirib chiqaradi. Shu boisdan bunday yovuzliklarni keltirib chiqaruvchi asosning о‘zini tugatish kerak, deb hisoblaydi. Alloh hammaga mol-mulkni teng bо‘lib bergan, ammo boylar xudbinlik yо‘llariga о‘tib (о‘zim bо‘lay), barcha boylikni о‘ziniki qilib olish yо‘liga о‘tgan. Kambag‘allar ham mol-mulkka egalik qilish huquqiga ega, shuning uchun boy-badavlat kishilar mol-mulkining bir qismini ular о‘rtasida taqsimlab berish, boylar bilan qashshoqlarni tenglashtirish odilona ish bо‘ladi degan g‘oya ilgari suriladi. Albatta Mazdakning bunday qarashlari hukmron tabaqa manfaatlariga zid edi. Mana shuning uchun ham Mazdak va uning tarafdorlari ta’qib ostiga olindi va ular shafqatsizlarcha jazolandilar.
Xulosa shuki, Moniylik va mazdakizm Markaziy Osiyo xalqlari ma’naviy yuksalishida, ayniqsa ularning adolatsizlik, zulm, zо‘rlik, shafqatsizlikka qarshi kurashishga о‘z ta’sirini о‘tkazgan.
Mavzu oxirida inson ma’naviyligi mezonlari va meyorlari haqida “Avesto”dan namunalar keltirishni ma’qul kо‘rdik, zero uni о‘qigan yoshlar uchun foyda va ibratdan holi emas.
Mol-dunyoga hirs qо‘yma, ochkо‘z bо‘lma. Dunyo(boylikka) xirs qо‘yish dunyo lazzatlarini bemaza, behalovat qiladi. Samoviy abadiy lazzatlardan mahrum etadi.
G‘azabdan о‘zingni asra, chunki g‘azab tufayli inson о‘z ishlarini, ezgu maqsadlarini unutadi... halol mehnatdan qoladi. G‘azab tufayli hayotda halovat yо‘qoladi,safo о‘ladi.
Uyquga ruju qо‘yma, savob ishdan qolasan.
Sergaplik gunohlarni kо‘paytiradi. Kamsuxanlik ezguliklarni kо‘paytiradi. Chunki kamsuxanlik fikrlab sо‘zlashga imkon beradi.
Tirishqoq bо‘l, topganing bilan tirikchilik qil. Ortganini ehson qil, u ezgu ishlar orasida eng ulug‘i va zaruri.
О‘zgalar molini olma, aks holda о‘zingnikini yо‘qotasan.
Zino, о‘zgalar xotiniga qarash boyligingni,taningni, qalbing va ruhingni g‘arot qiladi.
Qasd qidiruvchi odamdan yiroq bо‘l, ochkо‘z bilan hamkorlik qilma, unga ayniqsa hokimiyat berma.
Xotin olsang olijanob, xushodob, oqila qizga uylan.
Mast bilan hamroh bо‘lma, nokasdan qarz olma.
Ilm о‘rganish, ilohiy haqiqatlarni bilish... yо‘lida tirishqoq bо‘l, chunki bu aqlingni, ruhingni о‘stiradi, qalbing va ruhingni savobga doxil qilib, gunohdan asraydi.
Mavzu yuzasidan tayanch iboralar:
Qadimgi og’zaki va yozma yodgorliklar, ma'naviyatni shakllanishidagi tarixiy bosqichlar, «Avеsto» da ma'naviyat masalalari, qadimgi mifologiya, turkiy-urxun Enasoy bitiklari, magiya, moniylik, mazdakiylik, xalq og’zaki ijodi, milliy g’urur, milliy ma'naviyat, milliy ong, vatanparvarlik, adolatparvarlik, mеxhnatsеvarlik, ma'naviy kamolot.
Do'stlaringiz bilan baham: |