Yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishga doir, davlat ekologik ekspertizasi o‘tkazishini talab qilmaydigan ishlarning ro‘yxati.
Reja:
Davlat ekologik ekspertizasi.
Davlat ekologik ekspertizasi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi.
Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazishni tashkil qilish.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 13-iyuldagi PQ-3852-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini rivojlantirish uchun yanada qulay sharoitlar va yuqori darajada qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Davlat ekologik ekspertizasi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkaziladigan faoliyat turlarining ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalarining ish yurituvida bo‘lgan obyektlar avval amalda qo‘llanilgan tartibga muvofiq davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkaziladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bir oy muddatda:
vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin;
ushbu qarorning maqsadlari, mazmuni va amaliy ahamiyatini tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida keng yoritish tadbirlarining rejasini tasdiqlasin va uning belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining “Davlat ekologik ekspertizasi markazi” davlat unitar korxonasi, “Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat ekologik ekspertizasi markazi”, viloyatlar va Toshkent shahrining “Davlat ekologik ekspertizasi markazi” davlat unitar korxonalarining (keyingi o‘rinlarda davlat ekspertizasi markazlari deb ataladi) nizomlarini belgilangan tartibda tasdiqlasin, shuningdek, ularni yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlasin;
Davlat ekologik ekspertizasi markazlarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tizimi xodimlarining mehnatiga haq to‘lash hamda ularni moddiy rag‘batlantirish tartibini tasdiqlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ba’zi qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining raisi B.T. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
Davlat ekologiya qo‘mitasi davlat ekologik ekspertizasi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish maqsadida:
davlat ekologik ekspertizasini tashkil etadi va o‘tkazadi;
davlat va jamoat ekologik ekspertizasi, shuningdek, ekologik audit bo‘yicha normativ-texnik va yo‘riqnoma-uslubiy hujjatlarni ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish uchun ekspert va mutaxassislarni jalb qiladi;
bank va boshqa kredit tashkilotlariga davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini olmagan obyektlarni moliyalashtirish, ularga kredit ajratish va boshqa moliyaviy operatsiyalarni to‘xtatish (tugatish) haqida taqdimnomalar yuboradi;
davlat ekologik ekspertizasi bo‘yicha xulosa talablarining bajarilishini nazorat qiladi;
davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish masalalari bo‘yicha boshqa mamlakatlarning tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Davlat ekologiya qo‘mitasining quyidagi ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazadi:
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining “Davlat ekologik ekspertizasi markazi” davlat unitar korxonasi (keyingi o‘rinlarda “Davlat ekologik ekspertizasi markazi” DUK deb ataladi);
“Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat ekologik ekspertizasi markazi” davlat unitar korxonasi;
viloyatlar va Toshkent shahar “Davlat ekologik ekspertizasi markazi” davlat unitar korxonalari.
Davlat ekologiya qo‘mitasi davlat ekologik ekspertizasining yagona tizimini tashkil etuvchi ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalariga uslubiy rahbarlik qiladi.
7. “Davlat ekologik ekspertizasi markazi” DUK quyidagi obyektlar bo‘yicha:
atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishni baholash — loyihaoldi va loyiha hujjatlarini, kengaytirilishi, rekonstruksiya qilishini va texnik qayta jihozlanishi lozim bo‘lgan ishlab turgan korxonalar va boshqa obyektlar yoki atrof-muhitning holatiga va fuqarolar sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan texnologik jarayonni o‘zgartirishlarni, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifasiga kiradigan faoliyat turlari bo‘yicha maxsus huquqiy rejimga ega obyektlarni (yuqori va o‘rtacha darajada xavfli);
I toifaga kiradigan (yuqori darajada xavfli) atmosferaga chiqariladigan tashlamalarning, yer usti suv oqimlari yoki joy relyefiga ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarini oqizishning, ishlab chiqarish va iste’mol chiqindilarining hosil bo‘lishi hamda ularni joylashtirishning yo‘l qo‘yiladigan cheklangan ekologik normativlari loyihalari;
hududlarga muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar, favqulodda ekologik vaziyat hamda ekologik ofat zonalari maqomini berish maqsadida ularni kompleks tekshirish materiallarini;
texnika, texnologiya, materiallar, moddalar, mahsulotlarning yangi turlarini yaratishga doir hujjatlarni;
davlat dasturlari va konsepsiyalarining, ishlab chiqarish kuchlarini, iqtisodiy va ijtimoiy soha tarmoqlarini joylashtirish hamda rivojlantirish sxemalarining loyihalarini;
aholisi soni 50 ming kishidan ortiq bo‘lgan loyihalashtiriladigan obyektlarning shaharsozlik hujjatlarini;
tabiiy resurslardan foydalanish bilan bog‘liq xo‘jalik va boshqa faoliyatni tartibga soluvchi normativ-texnik va yo‘riqnoma-uslubiy hujjatlar (texnik reglamentlar yoki standartlar, ekologik normativlar, qoidalar, yo‘riqnomalar) loyihalarini davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazadi.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar “Davlat ekologik ekspertizasi markazi” davlat unitar korxonalari quyidagi obyektlar bo‘yicha:
atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishni baholash — atrof-muhitning holatiga va fuqarolar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan hamda atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning III va IV toifalariga kiradigan loyihaoldi va loyiha hujjatlarini, kengaytirilishi, rekonstruksiya qilishini va texnik qayta jihozlanishi lozim bo‘lgan ishlab turgan korxonalar va boshqa obyektlarni yoki texnologik jarayonni o‘zgartirishlarni (past darajada xavfli va mahalliy ta’sir ko‘rsatish);
aholisi soni 50 ming kishi va undan kam bo‘lgan obyektlarning (posyolkalar, turar joy dahalari) shaharsozlik hujjatlarini;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish rejalarining loyihalarini;
atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning II, III toifasiga kiradigan (yuqori va past darajada xavfli) atmosferaga chiqariladigan tashlamalarning, yer usti suv oqimlari yoki joy relyefiga ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarini oqizishning, ishlab chiqarish va iste’mol chiqindilarining hosil bo‘lishi hamda ularni joylashtirishning ekologik normativlari loyihalarini, shuningdek, IV toifa bo‘yicha tegishli ekologik normativlarni (mahalliy ta’sir ko‘rsatish) davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazadi.
9. Davlat ekologiya qo‘mitasining ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari ko‘rib chiqiladigan obyektning o‘ziga xosligi va murakkabligiga qarab, davlat ekologik ekspertizasi uchun bitta yoki bir guruh malakali mutaxassislar va olimlarni, zarur bo‘lganda, xulosalari tavsiya xususiyatiga ega bo‘lgan xorijiy ekspertlarni shartnoma asosida jalb etishi mumkin.
10. Qurilishning barcha turlari uchun yer uchastkalarini ajratish (tanlash) materiallari loyihaoldi va loyiha hujjatlarining atrof-muhitga ta’sirini baholash bilan birgalikda davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkaziladi.
11. Davlat ekologiya qo‘mitasining ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari o‘zlariga yuklangan vazifalarga muvofiq:
“Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlarida davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilishi shartligi belgilangan obyektlarni davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazadi;
obyektlarni atrof-muhitga ta’sirni baholash bo‘yicha taqdim etilgan materiallar, ekologik normativlar, loyihalar va boshqa hujjatlar asosida o‘rganadi, tahlil qiladi, davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazadi;
davlat ekologik ekspertizasining buyurtmachisini (uning so‘rovi bo‘yicha) ekologik ekspertizaning borishi va uning natijalari to‘g‘risida ko‘rib chiqish muddati tamom bo‘lgandan keyin bir ish kuni davomida xabardor qiladi;
davlat ekologik ekspertizasi xulosasini belgilangan tartibda beradi.
12. Davlat ekologiya qo‘mitasining ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari:
vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va davlat ekologik ekspertizasi buyurtmachilardan davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar, ma’lumotnomalar, axborot materiallari va boshqa materiallarni olish;
davlat ekologik ekspertizasiga taqdim etilgan va tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining normativ hujjatlari talablariga javob bermaydigan materiallarni qayta ishlashga qaytarish;
ekologik ekspertizaga taqdim etilgan materiallarning ishonchliligini obyektning o‘ziga borib aniqlash;
qonun hujjatlariga muvofiq faoliyatning boshqa turlarini amalga oshirish huquqiga ega.
13. Davlat ekologiya qo‘mitasining ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari, shuningdek, ekspertlar davlat ekologik ekspertizasining qonun hujjatlariga muvofiq o‘z vaqtida, kompleks, xolis va sifatli o‘tkazilishini ta’minlash uchun mas’uldir.
Atrof-muhitga ta’sirni baholash bosqichlari quyidagilardan iborat bo‘lishi kerak:
a) atrof-muhitga ta’sir to‘g‘risidagi ariza loyihasi:
mo‘ljallanayotgan faoliyatni amalga oshirish boshlangunicha atrof-muhitning holati, hududda aholining joylashganligi, yerlarni o‘zlashtirish, atrof-muhit xususiyatlarini tahlil qilish;
ko‘rib chiqilayotgan obyektning geografik koordinatalari, mavjud rekreatsiya zonalari, aholi punktlari, irrigatsiya, melioratsiya obyektlari, qishloq xo‘jaligi ekinlarining maydonlari, elektr uzatish liniyalari, transport, suv quvuri, gaz quvuri kommunikatsiyalari va joy to‘g‘risidagi boshqa ma’lumotlar ko‘rsatilgan vaziyatli reja;
nazarda tutilayotgan (mo‘ljallanayotgan) asosiy va yordamchi obyektlar, foydalaniladigan texnika, texnologiya, tabiiy resurslar, materiallar, xomashyo, yonilg‘i, ularning atrof-muhitga ta’sirini tahlil qilish;
kutilayotgan tashlanmalar, oqiziladigan suvlar, chiqindilar, ularning atrof-muhitga salbiy ta’siri va ularni kamaytirish usullari;
chiqindilarni omborlarga joylashtirish, saqlash va utilizatsiya qilish;
mo‘ljallanayotgan yoki amalga oshirilayotgan faoliyatning muqobillari va texnologik yechimlarni fan, texnika yutuqlarini va ilg‘or tajribani hisobga olgan holda, tabiatni muhofaza qilish nuqtai nazaridan tahlil qilish;
salbiy ekologik oqibatlarni istisno etuvchi va ekspertiza obyektining atrof-muhitga ta’sirini kamaytiruvchi tashkiliy, texnik, texnologik yechimlar va chora-tadbirlar;
avariyali vaziyatlar tahlili (ehtimollilikni baholash va ularning salbiy oqibatlarining oldini olish ssenariysi);
ekspertiza obyektini realizatsiya qilish natijasida atrof-muhitning o‘zgarishi va ekologik oqibatlarni taxmin qilish;
b) atrof-muhitga ta’sir to‘g‘risidagi ariza:
muhandislik-geologiya qidiruv ishlari, modelli va boshqa zarur tadqiqotlar natijalari bo‘yicha ajratilgan maydonning ekologik muammolarini baholash;
maydonning aniqlangan muammolariga nisbatan qo‘llaniladigan texnologiyaning ekologik tahlili;
jamoatchilik fikrini eshitish natijalari;
ekspertiza obyektini realizatsiya qilish bo‘yicha salbiy oqibatlarning oldini oluvchi tabiatni muhofaza qilish tadbirlarining dalillar bilan asoslangan tadqiqotlari;
v) ekologik oqibatlar to‘g‘risidagi ariza:
Davlat ekologiya qo‘mitasining ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari tomonidan atrof-muhitga ta’sir to‘g‘risidagi arizaning loyihasini ko‘rib chiqish natijalari, shuningdek, jamoatchilik fikrini eshitishda kiritilgan takliflar bo‘yicha loyiha qarorlariga tuzatish kiritish va qabul qilingan boshqa chora-tadbirlar;
ekologik ekspertiza obyektlarini ifloslantiruvchi manbalarning joylashuv sxemasi;
ekspertiza obyekti faoliyatini tartibga soluvchi ekologik normativlar;
obyektdan foydalanish ishlarini tashkil qilish va bu boradagi ekologiya tadbirlarini bajarishga qo‘yiladigan talablar;
xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish imkoniyati to‘g‘risidagi asosiy xulosalar;
g) atrof-muhitga ta’sir to‘g‘risidagi ariza loyihasi:
hududdan foydalanish turlari ko‘rsatilgan holda obyektni joylashtirish rejasi;
ishlab chiqarish texnologiyasining tavsifi;
kanalizatsiya mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar va oqova suvlarni oqizishga nisbatan qo‘yiladigan talablar;
chiqariladigan tashlanmalar miqdori va tarkibi;
chiqindilar miqdori va ularni joylashtirish shartlari;
tabiatni muhofaza qilish tadbirlari.
15. Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish maqsadida materiallarni tayyorlash va ishlab chiqish uchun taqdim etilgan dastlabki ma’lumotlarning ishonchliligi uchun buyurtmachi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
16. Davlat ekologik ekspertizasi buyurtmachisining huquq va majburiyatlari “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
17. Atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallarini va ekologik normativlarni davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazishda ekologik audit va jamoatchilik ekologik ekspertizasi xulosalaridan foydalanish mumkin.
5-bob. Materiallarni davlat ekologik ekspertizasiga taqdim etish tartibi
18. Buyurtmachi davlat ekologik ekspertizasiga:
a) loyihalashtirilayotgan obyektlar bo‘yicha (loyihaoldi va loyiha hujjatlarining atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishini baholash, shaharsozlik hujjatlarining barcha turlari, maxsus rejimli obyektlar) — quyidagi bosqichlardan iborat bo‘lgan atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishni baholash materiallarini:
obyekt moliyalashtirilguniga qadar mo‘ljallanayotgan yoki taxmin qilinayotgan faoliyat va boshqa faoliyatni amalga oshirish bosqichida bajariladigan atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishni baholash to‘g‘risidagi ariza loyihasi;
atrof-muhitga ta’sir to‘g‘risidagi ariza loyihasini davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha qidiruv ishlari, tadqiqotlar, maxsus laboratoriya tahlillari, modelli tajribalarni amalga oshirish va dalillar bilan asoslangan tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini ishlab chiqish zarurligi aniqlangan taqdirda bajariladigan atrof-muhitga ta’sir to‘g‘risidagi ariza. Atrof-muhitga ta’sir to‘g‘risidagi ariza davlat ekologik ekspertizasi obyektining texnik-iqtisodiy asoslari tasdiqlangunicha taqdim etiladi. Atrof-muhitga ta’sir to‘g‘risidagi arizani ishlab chiqish zarurati atrof-muhitga ta’sir to‘g‘risidagi ariza loyihasini ko‘rib chiqish natijalari asosida Davlat ekologiya qo‘mitasining ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmasi tomonidan belgilanadi;
obyekt foydalanishga qabul qilinguniga qadar bajariladigan va loyihalashtirilayotgan obyektlarning atrof-muhitga ta’sirini baholash tartib-taomillarining yakunlovchi bosqichi hisoblangan ekologik oqibatlar to‘g‘risidagi ariza;
b) faoliyat ko‘rsatayotgan obyektlar bo‘yicha (atrof tabiiy muhitning holatiga va fuqarolarning sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan ishlab turgan korxonalar va boshqa obyektlar) — ekologik normativlar loyihalari. Obyekt rekonstruksiya va modernizatsiya qilingan, qayta tashkil etilgan, kengaytirilgan yoki joylashuvi o‘zgartirilgan taqdirda atrof-muhitga ta’sir baholanadi. Buyurtmachi qo‘shimcha ekologik audit materiallarini taqdim etish huquqiga ega;
ekologik normativlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishlab chiqiladi va kelishiladi;
v) boshqa obyektlar bo‘yicha:
davlat dasturlari, konsepsiyalar, ishlab chiqarish kuchlarini, iqtisodiy va ijtimoiy soha tarmoqlarini joylashtirish hamda rivojlantirish sxemalarining loyihalari;
tabiiy resurslardan foydalanish bilan bog‘liq xo‘jalik va boshqa faoliyatni tartibga soluvchi normativ-texnik va yo‘riqnoma-uslubiy hujjatlar loyihalari;
texnika, texnologiya, materiallar, moddalar, mahsulotlarning yangi turlarini yaratishga doir hujjatlar;
hududlarga keyinchalik muhofaza etiladigan hududlar va favqulodda ekologik vaziyat hamda ekologik ofat zonalari maqomini berish maqsadida ularni kompleks tekshirish materiallari, shuningdek, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish rejalari loyihalari yuzasidan ishlab chiqilgan hujjatlar taqdim etiladi.
Atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning IV toifasiga (mahalliy ta’sir ko‘rsatish) kiradigan faoliyat turlari uchun buyurtmachi atrof-muhitga ta’sir to‘g‘risidagi ariza loyihasini davlat ekologik ekspertizasiga taqdim etadi.
Davlat ekologik ekspertizasiga taqdim etiladigan materiallar buyurtmachi tomonidan bevosita yoki ularning olinganligi to‘g‘risidagi bildirishnoma bilan birga pochta aloqa vositasi orqali yoxud elektron shaklda taqdim etiladi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar buyurtmachining elektron imzosi bilan tasdiqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |