O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIMI VAZIRLIGI
FARG‘ONA POLITEXNIKA INSTITUTI
“__________________________________” kafedrasi
“____________________________________” fanidan
MUSTAQIL ISH
Bajardi: _______ gurux talabasi
____________________
Qabul qildi: ____________________
Farg‘ona 2021
Mening baxtli oilam
Reja:
Erkak – oila ustuni.
Dono ayol baxtli oila asosidir.
Ko’zimning nuri – farzandim.
Tinch oila – baxt qasri.
Oilaviy baxtning kaliti bu
mehr-oqibat, samimiyat va e’tibor.
Qadimiy urf-odat hamda an’analarimizdan ham ayonki, har qanday zamonda oila biz uchun muqaddas qadriyat sanalgan. U har bir xalqning, millatning davomiyligini saqlovchi, milliy qadriyatlarning rivojini ta’minlovchi, ma’naviy va jismoniy barkamol avlodni dunyoga keltirib tarbiyalovchi muqaddas makondir. Ushbu mo’jaz makon jamiyatning poydevorini tashkil etadi. Jamiyatning, davlatning farovonligi, gullab-yashnashi aynan shu poydevor mustahkamligiga bog’liq. Oila qanchalik mustahkam bo’lsa, jamiyat ham shunchalik barqaror, taraqqiy etishini ajdodlarimiz juda yaxshi anglashgan. Shu bois ota-bobolarimiz oilaga juda katta e’tibor bilan qarashgan. Buyuk allomalarimiz Mahmud Qoshg’ariy, Ahmad Yugnakiy, Kaykovusdan tortib Beruniy, Ibn Sino, Forobiy, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug’bek va boshqalar o’z asarlarida oilaviy masalalar, xususan, oila a’zolari o’rtasidagi o’zaro munosabatlar, bola tarbiyasida ota-ona, bobo-buvining o’rni, komil va vatanparvar shaxsni yetishtirishda oilaning roliga alohida yondashib, ibratli hikoyatlar, rivoyatlar, farzandlarga maktublar, hikmatli so’zlar, she’riy satrlar orqali pand-nasihatlar, hayotiy xulosalar yozib qoldirganlar. Mahmudxo’ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Munavvarqori Abdurashidxonov kabi ma’rifatparvarlarimiz ham odob-axloqi go’zal, jismonan va ma’nan yetuk avlodni tarbiyalashning yagona yo’li – barqaror oila qurish ekanini, oilani mustahkamlamasdan davlat va jamiyat taraqqiyotiga erishib bo’lmasligini ta’kidlashgan.
Bizning oila jamiyatdagi mustahkam va baxtli oilalardan biri deb bemalol ayta olaman. Oilada to’rt kishimiz: turmush o’rtog’im, men va ikkita o’g’lim. Turmush o’rtog’im – Matmuratov Ziyotbek o’ttiz yoshdalar. Kasbi – qo’li gul duradgor usta, jamiyatda o’z o’rniga ega inson. Har doim oldiga yangi maqsadlar qo’yib unga intilib yashaydi.“Bolalarni tarbiyalashning hojati yo’q. O’zingizni tarbiyalang. Baribir ular siz kabi bo’ladi”, degan hikmatga amal qilgan holda har sohada farzandlariga o’rnak bo’lishga harakat qiladi. Ularning tarbiyasiga mas’uliyat bilan yondashadi. “Oila bebaho sovg’adir. U himoya qilinishi kerak, yo’q qilinmaydi”, degan edi Syuzan King. Bizning suyanchimiz ham oilani qadrlagan holda har qanday xavfdan har doim himoya qilishga tayyor. Biz har doim u bilan o’zimizni baxtli, bexavotir sezamiz.
Ayol – uyning ziynati, gultojidir. “Oila davlatning hujayrasi emas. Oila – bu davlat”, degan edi Sergey Davlatov. Haqiqatan ham, oilada erkak podshoh bo’lsa, ayol vazirdir. Har qanday masalada ayol eriga oqilona maslahat beradi. Erkak esa albatta, ayolning maslahatiga quloq tutib, ma’qul ko’rsa amal qiladi. Shuning uchun bemalol oilani kichik bir davlat deb atashimiz mumkin.
Men – Muratova Roza o’ttiz yoshdaman. Kasbim – o’qituvchi. Maktabda ona tili va adabiyot fanidan o’quvchilarga ilm gavharlarini ulashaman. Maqsadim: o’z mehnatim orqali “Xalq ta’limi a’lochisi” kabi yuksak unvonlarga sazovor bo’lish.
Oilada har qanday masalada turmush o’rtog’im bilan maslahatlashaman, har qanday muammoni birgalikda hal qilamiz. Chunki oilada er va xotin qo’llar va ko’zlar kabi bo’lishi lozim. Qo’llar og’riyotganda ko’zlar yig’laydi,, ko’zlar yig’laganda qo’llar ko’z yoshlarini artib tashlaydi.
“Sog’lom tanda- sog’ aql” deganlariday men sog’lom turmush tarafdoriman. Har kuni tongni yaxshi kayfiyatda qarshi olaman. Quyosh chiqmasdan uy eshiklarini ochib, Ollohim bergan rizqlardan bahramand bo’laman. Oila a’zolarim bilan yoqimli kuy ostida badantarbiya qilaman. Farzandlarimning doim ozoda, tartibli yurishlarini nazorat qilaman. Ularni ozoda bo’lishga undayman.
Hayotda inson uchun eng bebaho ne’mat bu farzanddir. Men qandaydir omadsizlikka uchrasam, tushkunlikka tushsam, darhol farzandlarimga boqaman. Ularning borligiga shukrona keltiraman. Qiyinchiliklarni yengishimda o’zimda qat’iy ishonch hosil qilaman.
Har bir oilada farzand tarbiyasiga ko’proq ayollar mas’uldir. Farzandni dunyoga keltirishga nisbatan uni jamiyatga foydasi tegadigan, sog’lom e’tiqodli qilib tarbiyalash mushkulroqdir. Shu bois, birinchi galda ayolning o’zi ham ma’naviy, ham psixologik jihatdan bilimga ega bo’lishi lozim. Kasbni puxta egallash va fidoiylik bilan mehnat qilishi uchun ilm qanchalik zarur bo’lsa, fozil insonlarni tarbiyalash uchun ham shunchalik muhim. O’rta asrlarda yashab ijod qilgan iste’dodli shoirlardan biri Abdibek Sheroziy ota-onaga, ayniqsa, ayol kishiga ilm qanchalik zarur ekanligi to’g’risida shunday yozgan edi : “Ilm – ayol uchun ziynat. Aqlini nodonlikdan xalos etgan har bir ayol nomus, izzat, ayollik kabi haqiqatlar qadrini tushunib yetadi. Bunday ayol hech bir ishda adashmaydi. Ilmsiz ayol esa bola tarbiyalashda turli xatoliklarga yo’l qo’yadi”. Tariximizning qaysi bir davriga nazar solmaylik, ayol va ona hamisha ezgulik timsoli, murabbiy va komil inson tarbiyachisi bo’lib kelganini ko’ramiz. Bilimli va ma’rifatli oqila ayollardan ulug’ zotlar, olim-fuzalolar dunyoga kelganligiga tarix guvohdir. Tarixdan ma’lumki,deyarli barcha buyuk bobolarimizning onalari o’qimishli bo’lishgan. Ibn Sinoning onalari Sitorabonu ham, Mirzo Ulug’bekning onalari Gavharshodbegim ham, Navoiy bobomizning volidalari ham, Bobur Mirzoning onalari Qutlug’ Nigorxonim ham yetuk bilim egalari edilar.
Shularni inobatga olgan holda biz ayollar farzand tarbiyasiga homiladorlik paytdan e’tiborli bo’lishimiz zarur. Katta o’g’lim – Ahadbek uch yoshda. Hali bog’chaga bormasa-da, o’zbek tilida yigirmagacha, rus tilida o’ngacha yanglishmasdan sanay oladi. Qisqa she’rlarni ham yoddan ayta oladi. Bilmasdan biror ayb ish qilsa darrov “kechirasiz” deydi. Bundan tashqari nutqida salom, rahmat, arzimaydi, sog’ bo’ling singari so’zlarni o’rni bilan qo’llab muomala qiladi. Unga homiladorligimda ko’plab ertak, masallar o’qib g’oyasini tushuntirardim, alla aytardim, gaplashardim. Hozir o’g’limning fikrlashini, nutqini ko’rib shularning foydasi deb bilaman. Kichik o’g’lim – Samadbek hali besh oylik.
Tinch oila farovonlik qasridir. Oilada tinchlikni saqlab, baxt qasrini yarata olish har kimning o’z qo’lida. Oila a’zolari bir-biri bilan mehr-oqibatli, shirinso’z bo’lsa, bir-birini qadrlasa, qo’llab-quvvatlasa, o’z vazifalarini bilib bajarsa jamiyatning baxtli oilalari qatorida bo’ladi.
Oilani muqaddas bilish va uning mustahkamligi uchun kurashish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Shu bois mamlakatimizda barcha xayrli ishlar, avvalo, oilalarni mustahkamlash va yosh avlodning yorug’ kelajagini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Zero oila sog’lom ekan, jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan, mamlakat barqarordir.
Do'stlaringiz bilan baham: |