MEN NECHUN SEVAMAN OʻZBEKISTONNI?!
REJA:
KIRISH
Choʻp qadasang, daraxt unar zamin-bu!
ASOSIY QISM
1.Togʻlardan, Vatanni sevishni oʻrgandim.
2.Mustaqillik-gʻurur, viqor,yuksaklik!
3.Dunyoga yoyildi "oʻzbek",degan nom!
XULOSA
Vatanimga sevgim, dilimda mangu!
Biz shu aziz dunyoga nafaqat farzandlarimiz, balki nevara-chevaralarimiz, yiroq-yiroq avlodlarimiz ham tinch-omon, farovon, baxt-saodatli, ma'rifiy hayot kechirishini "Oʻzbekiston" degan yurt, " Oʻzbek" degan nom dunyo turguncha turishini istaymiz.
Islom Karimov.
Dunyoda xalqlar koʻp. Bu xalqlarning har biri oʻz urf-odatiga,oʻz dunyoqarashiga ega.Dunyoda shunday bir xalq borki, uning koʻngli ochiq, yuragi mehrga toʻliq, yuzlaridan nur yogʻilar, ikki qoʻli doim koʻksida. Oʻgʻlonlari misli Alpomish, qizlari esa Barchindek. Yerga choʻp qadasang, daraxt unar bu zaminda. Bu yurt Oʻzbekiston deya atalur.Uning xalqi betimsoldir. Bugun uni dunyo tanimoqda. U har tomondan rivojlanmoqda.Bu davlatning ta'rifidan hayratlanmay iloj yoʻq. Tarixda shunday allomalar va daholar oʻtganki,ularning nomlarini butun kurrai zamin biladi.
"Siz bilan bizga Alloh Oʻzbekiston deb atalgan, tuprogʻida oltin gullaydigan, qishlarida bahor shivirlaydigan, togʻ desa togʻi bor, bogʻ desa bogʻi bor, har tongda bulbullar madhini oʻqib tamom qilolmaydigan bir yurtni Vatan qilib bergan ekan, buning uchun oʻzimizni baxtli deb bilmogʻimiz kerak." deya Vatanga muxabbatini ta'riflaydi shoir.Men xuddi shunday, jannatmakon,tinch-totuv, Mustaqil Oʻzbekistonimda voyaga yetdim, bu moʻjizakor oʻlka mening qoʻlimdan tutib, onamdek mehribon, otamdek suyanchiq boʻlib, meni ulkan hayot sari yetakladi. Bu oʻlka: moviy osmon ostidagi hayotni, musaffo havoni, hech qachon soʻnmaydigan charogʻon quyoshni, tunlarimni yorituvchi oy-u yulduzlarni, sabr-toqat timsoli boʻlmish ulkan togʻlarni, hayotimni nurafshon qiluvchi rango-rang gullarni, mening mitti dunyoyimga olib kirdi. Oʻzbekiston menga shunchalar koʻp narsalarni berdiki, ularni atay desam tilim, yozay desam qalamim ojiz, men esa faqatgina Oʻzbekistonni "VATAN" deya atadim xolos. Hayot daftarimning oltin zarvaraqlarini yurtimning ta'rifini yozish bilan toʻldirsam ham, Vatanimga mos ta'rif topolmayman. Shu oʻrinda, buni oʻz she'rimda ham ifoda etaman:
Onamdayin qadrli, munis mehribon,
Gullasin chamanim, yashnasin har on.
Ta'rifing izlayman, izlayman hamon,
Yurtim ta'rifinga soʻz topolmadim.
Mustaqillik, tinchliging muborak boʻlsin,
Bagʻringda jajji farzandlar unsin.
Sen haqingda hamma, hamma kuylasin,
Yurtim ta'rifinga soʻz topolmadim.
Men ushbu inshoimni muborak Vatan haqida, bagʻri keng va dilkash oʻzbegim haqida yozayotganimdan baxtiyorman.
Negaki,men Tangri taoloning inyoyati, sarvari, koinotning shafoati yogʻrilgan mardlar oʻlkasi ona-Oʻzbekiston farzandi ekanimdan har qancha faxru gʻururga toʻlsam arziydi.
Zero, jahonda Qoshgʻariy Yugnakiyni, Xos Hojib Yassaviyni, Buxoriy-u Fargʻoniyni, Amir Temur va Jaloliddinni, Navoiy-u Boburni bergan bu koʻhna va jannatmakon yurt ilm-fan, madaniyat oshyonlaridan biri. Biz qadimdan oʻzining mardligi va jasurligi, tinchligi va mehnatsevarligi, bunyodkorligi va hur fikrliligi bilan dunyo ahlini oʻziga rom etgan fikri zukko, uygʻoq vijdonli, fidoiy bobolarning soʻnmas chiroqlarimiz. Ha, oʻzbekning ona makoni hamisha obod va ozod yurt boʻlishga intilgan.
Oʻzbekiston tangri nazari tushgan muqaddas zamindir.Oʻzbekistonimiz bir bogʻ boʻlsa, biz oʻsha
bogʻning gul-u lolalarimiz. Men ulkan sharaf ila bu yurtni, "Mening Vatanim" deya butun olamga jar solaman. Mening yurtimga boʻlgan sevgim, bu yurtni, bu maskanni "Ona Vatan" deya ataganimda, uning bilan oʻtayotgan har kunim uchun allohimga aytayotgan shukronalarimdadir.
Vatan, bu soʻz ajoyib, moʻjizakor soʻzki, uni har kim turlicha talqin qiladi. Men esa "Vatan" soʻzini "Ustoz" soʻzi bilan qiyoslagim keladi. Toʻgʻri, "Vatan" degan soʻzni koʻpchilik "Ona" degan soʻz bilan tenglashtiradi.Chunki ona butun oilani tarbiyalaydi, ona orqali Vatanimizga boʻlgan muhabbatimiz ortib boradi. Lekin jamiyatimizda oilasida ona boʻlmagan, oilalar ham yoʻq emas. Bunday oilalarda ona boʻlmasligiga turli sabablar boʻlishi mumkin. Ba'zi insonlar oʻz onasini tugʻilgan chogʻidayoq yoʻqotishi mumkin.Lekin jamiyatimizda ustoz koʻrmagan hech bir zot yoʻqdir. Onamiz bizga "Vatan" deyishni oʻrgatsa, ustoz bu soʻzning ma'nosini, bu soʻz qanchalik hayot pillapoyamizda kerak ekanligini va biz hamisha "Vatan uchun"deb harakatda boʻlmogʻimiz kerakligini uqtirib boradi.Dunyoda hech bir shoir yoʻqki, Vatan haqida she'r yozmagan boʻlsa, hech bir hofiz yoʻqki, oʻz Vatanini koʻklarga koʻtarib tarannum etmagan boʻlsa, biror-bir inson yoʻqki,hech boʻlmasa, atiga bir marotaba boʻlsa ham Vatan haqida oʻylamagan, uning kelajagi haqida qaygʻurmagan boʻlsa.
Menga Vatanni sevishni togʻlar oʻrgatdi, ha xuddi oʻsha men bilgan Oʻzbekistonimning ulkan togʻlari.
Qanday? qilib til, zaboni yoʻq togʻlar odamga Vatanni sevishni oʻrgatadi? deb oʻylayotgan boʻlsangiz kerak, men buni yoshligimda boʻlgan bir voqea orqali tushuntirib bermoqchiman.
Yosh edim, bola edim. Bobom bilan har kuni qayerlargadir borishni, mazza qilib oʻyinqaroqlik qilishni yaxshi koʻrardim.
Bir kuni bobom meni azm togʻlarning bagʻriga olib bordi va "Qara bolajonim bu togʻlar bizga oʻtmish haqida gapiradi, biz bilmagan, biz koʻrmagan narsalarni, uzoq qonli oʻtmishni bu togʻlar koʻrgan.Bular barchasiga guvoh." dedilar.
Bola emasmanmi, menga bunday gaplar qiziq emas,men oʻyinqaroqlikni yaxshi koʻraman.Oʻshanda bobom togʻlarga uzoq termuldi,men esa juda zerikdim va nima qilishimni bilmay, qoʻllarimga tosh oldimda, togʻlarga qarata otim.Xayolimda men otgan toshlar togʻning eng yuqorisida joylashib qoladi,deb oʻylardim.Bobom qoʻlimdan ushladi,sekingina"jimmm" dedi, menga qarab.Bobomning gaplari menga kor qilmadi.Men toshlarni otishni davom etdim.Ammo har safar toshlarni otganimda ular yana yumalab menga qaytib kelar edi. Otgan toshlarimning menga qayta-qayta qaytib kelaverishi jaxlimni chiqardi.Xafa boʻldim.
Nega? Nega? bunday boʻlmoqda deb oʻyladim.Sabrim tugadi,oxiri baqirdim,"Yomon" deya, oʻsha payt togʻlardan menga qarata "Yomon"deya javob keldi,yerga oyoqlarimni qattiq urib,"Barchasi ahmoqlik" dedim,menga yana shunday javob keldi.Har safar yomon gaplar aytib baqirsam, menga xuddi shu gaplarim qaytib kelardi. Nihoyat, Men:Bobo yuring ketamiz,bu togʻlar yomon ekan,menga yoqmadi, dedim,koʻzlarim alamli yoshlarga toʻlib.Bobom ozgina kulimsiradida,meni qoʻllariga koʻtarib shunday dedi:Bolajonim,qara togʻlarga boq.Qoʻllaringni koʻtar."Togʻlar men sizni yaxshi koʻraman" degin,dedilar.Men togʻlarga qarab "Togʻlar men sizni yaxshi koʻraman" dedim.Men oʻylamagan hodisa,ular menga "Yaxwi koʻrama"deya javob qaytarishdi.Men xursand boʻla boshladim.Sevinchim ichimga sigʻmay, Bobo togʻlar meni yaxshi koʻrar ekan, dedim.Bobom, ha bolajonim ularga buning uchun raxmat degin dedilar.
Men bor ovozim bilan "Rahmat" deya qichqirdim. Ulkan togʻlar menga"Rahmat" deya javob qaytarishdi.
Men juda xursandman, koʻzlarimda, yuzlarimda faqat kulgu.Oʻshanda bobom: "Mening aqlli qizalogʻim, bu Ona tabiat biz bilgan Ona Vatan.Bu dunyoda kimga nima qilsang, bu narsa oʻzingga qaytadi, lekin Vataning sen uchun hamisha yaxshilikni ravo koʻradi, unga sening kamchiliklaring koʻrinmaydi. Shuning uchun Vatan bizga bergan narsalarni qaytarmogʻimiz, bu Vatanni sevmogʻimiz demakdir!"dedi.
Kunlar kelib ulgʻaydim.Maktabga bordim.
Bir kuni oʻqituvchimiz shunday savol berdi: " Men Vatan farzandiman" deganda nimani tushunasiz?dedi.
Hamma daftariga yozsin, keyin oʻqib beramiz, dedilar.Shunda ancha vaqtgacha oʻylanib oʻtirdim.Yozay desam nimani? qanday? yozaman.
Vatanimga qanday farzandlik qildim? Men shu yurt uchun nima qildim? deya oʻylandim,chunki men hali maktab yoshidaman.Adashmasam oʻn toʻrt yoshlarda edim. Bunday paytda Vatanimga qayday foydam tegishi mumkin?deya oʻylardim.
Oʻqituvchimiz mening oʻylanib oʻtirganimni koʻrib, oʻrnimdan turgʻazdi, va kutilmaganda menga "Oʻzbekistonni nima uchun sevasan?" deya savol berdi. Mening koʻzlarim beixtiyor derazadan oʻsha olis yoshligimdagi togʻlarga tushdi.Bu togʻlar hali ham oʻsha navqironlikda edi.Bu togʻlar mendan ancha olisda lekin,qalban men ular bilan birga edim.
Javobim shunday boʻldi "Men Vatanimni sevaman.Chunki, Vatanim togʻlari menga uni sevishni oʻrgatdi.Men Vatanimni sevaman.Chunki,Vatanim togʻlari menga baxti boʻlishni oʻrgatdi.Men Vatanimni sevaman.Chunki, Vatanim uchun nimadir qilsam, uning yuksalishi uchun hissamni qoʻshsam, bu narsalarni u menga har doim ortigʻi bilan qaytaradi.Vatanim togʻlari menga oʻzligimni anglashni oʻrgatdi."
Endi bildim, nega oʻqituvchim menga oʻsha payti bunday savol berganini.Chunki men oʻshanda "Vatanimning rivojiga qanday hissa qoʻshdim?" deya oʻylanib oʻtirgan edim.
Vatanimni sevishimni anglab yetganim, Vatanim uchun qoʻshgan eng katta hissam ekan.
Mana mening "Vatanimni sevishni qanday qilib togʻlardan oʻrganganim."
Vatan biz uchun oiladir. Bizning ota- onamiz biz uchun qanchalik koʻp harakat qilishadi, oʻzi yemay yediradi, kiymay kiydiradi. Lekin ular hech qachon buning uchun bizdan nimadir talab qilmaydi.Bizning sogʻ-salomatligimiz ular uchun eng katta boylik.
Vatan ham faqat biz uchun oʻzida borini sochguvchidir. U ham bizdan hech nima talab qilmaydi,lekin biz Vatan oldidagi burchimizni oʻzimiz bilishimiz va Vatan uchun kerakli, uning koriga yaraydigan avlod boʻlib yetishmogʻimiz darkor.
Qadim zamonlarda "Vatan qayerdan boshlanadi?" deb savol berishganda, bir donishmand: " Vatan ostonadan boshlanadi" - deb javob bergan ekan.
Aytishlaricha, bir adib "Choʻlda tushib yotgan oddiy choʻpni ham e'zozlash kerak, chunki u yurt hududida yotibdi, Vatan esa ana shu xasdan boshlanadi", degan ekan. Kimdir " Vatan koʻngildan boshlanadi", deydi.
Oʻzbekning Vatani uning bitmas- tuganmas tarixidan, toza tuygʻularidan boshlanadi.Bizning Vatanimiz Oʻzbekistondir.
Bugun bizning Vatanimiz mustaqil, jahon xaritasida oʻz oʻrniga ega,rivojlanayotgan davlatlari ichida yetakchi oʻrinlardan biridadir. Bu aziz kunlarga xalqimiz osonlik bilan erishgani yoʻq. Begunoh kishilarning muborak ruhlarini shod etmoq uchun Vatanimizning har bir fuqarosi qoʻlidan kelganicha xayrli ishlarni bajarishi shart. Ollohga ming shukurlar boʻlsinki,mustaqillik degan buyuk ne'matga erishgach, buyuk kelajak barpo etishga kirishildi. 1991- yilning 31-avgust kuni Vatanimizning ulkan minbariga koʻtarilgan birinchi prezidentimiz Islom Karimov millionlarning qalbidagi ezgu maqsadni e'lon qildi. Bu sana xalqimiz tarixida abadiy muhrlanib qolajak. Bu sanani kelgusi avlodlar ham biz kabi faxr va iftixor tuygʻulari bilan tilga olajak. Chunki unda ajdodlarimizning asrlar osha kurashib, muborak qonlar toʻkib intilgan ezgu orzusi-erk mujassam. Bu ulugʻ niyatning amalga oshishi uchun xalqimiz qanchalar zahmat chekadi, qanchadan-qancha fidoyi farzandlaridan ajraldi, sanab adogʻiga yetish mushkul. Birinchi prezidentimiz Islom Karimov boshlab bergan va yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev ulkan shijoat bilan davom ettirayotgan, barchani olgʻa undayotgan istiqbolli yoʻldan sobitqadamlik bilan yetaklamoqda.Vatan istiqlolini qadrlamogʻimiz, barcha ezgu ishlarga bosh qoʻshmogʻimiz zarur boʻladi.Buning uchun esa mustaqilligimizni yanada mustahkamlash uchun intilishimiz kerak.
Mustaqillik daraxti hamjihatlik, hamfikrlik, birodarlik singari mustahkam ildizlari bilan abadiydir. Endi dunyoga tuynukdan moʻralab emas,balki katta qalb, ma'naviy jasorat,ulkan fikr bilan boqish kerak.
Darhaqiqat, bu ulugʻ kunlar uchun kimlar kurashmadi, kimlar jonidan kechmadi.Ular orzu qilgan buyuk davlat Olloh inoyati ila "OʻZBEKISTON" deya ataldi.Bugun qayerga qoʻl choʻssangiz yetasiz, nimaga intilsangiz albatta erishasiz. Bularning barchasi "Mustaqillik" bizga in'om etgan ne'matlar emasmi? Shunday moʻjizakor diyorni sevmaslikka sabab bormi?
Buyuk maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiy oʻtgan asrning boshidayoq "Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir.Zamona ilmi va fanidan bexabar millat boshqalarga poymon boʻladi."degan haqqoniy fikrlar bilan Turkiston ahlining ongu shurini uygʻotishga da'vat etish bejiz emas, albatta. Bu soʻzlarning qanchalik haqiqat ekanligini bugungi yuksak tafakkur va texnologiyalar zamoni ham isbotlamoqda.
Bugungi kunda yoshlarga berilayotgan imkoniyatlarning koʻlami cheksiz.Har qanday yangiliklar, oʻzgarishlar albatta yoshlarga qaratilgandir.Men shu yurtning yosh avlodi ekanimdan gʻururga toʻlib gapiraman.Men Vatanimni butun jismu tanim bilan, bor vujudim bilan sevaman! Vatanni sevish- bu faqatgina bu yurtning boyliklari yoki bu yurtda yaratilgan imkoniyatlar, erishilayotgan yutuqlar orqali maqtanib gapirish emas,aksincha yurt ravnaqi uchun hissa qoʻshish demakdir.Vatanim mening har bir she'rimdasan, har bir she'rimni senga bagʻishlayman Oʻzbekistonim!
Xalqim, mening tumorim, toj-u taxtimdir,
Yuragimdagi alanga, gʻurur, ahdimdir.
Bebaho boyligim, mening baxtimdir,
Qalqon boʻlsin jonim Oʻzbekistonga!
Vatanlar koʻpdir yurtim yagona.
Mustaqillik, biz uchun baxtdan nishona.
Ming bitta jonim fido, yana va yana,
Qalqon boʻlsin jonim Oʻzbekistonga!
Men oldimga shunday maqsad qoʻydimki: Jahonning eng rivojlangan davlatlarning fuqarolari ham, kun kelib,Oʻzbekistonni chetdan turib kuzatishni emas balki,shu yurt xalqi, shu yurtning mehnatsevar,oqkoʻngil, tanti insonlari, kelajak uchun shiddat bilan harakat qilib charchamaydigan barkamol, yosh avlodlari bilan bir havodan nafas olishni bor vujudi bilan xohlashadi.Vatanim meni xuddi oʻzidek magʻrur, xuddi oʻzidek bagʻri keng va mehmondoʻst qilib oʻstirayapti.Men shunday farzand boʻlayki, Oʻzbekistonning dovrugʻini eshitmagan,"Oʻzbekiston" degan jannatmonand yurtni bilmagan bir jon qolmasin!
Muhamedova Madina
Jizzax davlat pedagogika instituti
Pedagogika-psixologiya yoʻnalishi
1-bosqich talabasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |