Shaharlarning paydo bo‘lishi. Shahar deyilganda yirik obod manzilgoh tushuniladi. Shaharlarning paydo bo‘lishi hunarmandchilik va savdoning rivojlanishi bilan bog‘liq.
Qadimgi Misr shaharlari Dunyoda shaharlar miloddan avvalgi 5–3-ming yilliklarda dastlab Sharqda – Mesopotamiya, Misr, Markaziy Osiyo, Hindiston va Xitoy kabi mamlakatlarda paydo bo‘ldi.
Hunarmand va savdogarlar to‘planib yashayotgan manzillar tobora gavjumlashib bordi.
Asta-sekinlik bilan bu gavjum manzilgohlar shaharlarga aylandi. Shaharlarda katta-katta bozorlar soni tobora ortib bordi. Vaqtlar o‘tishi bilan shaharlar ilmfan markaziga ham aylandi.
Memfis shahri Eng qadimgi shaharlardan biri Qadimgi Misr davlatining poytaxti Memfis shahri edi.
Shahar yirik madaniy va hunarmandchilik markazi ham edi. Misr davlatining hukmdorlari fir’avnlar deb atalgan. Fir’avnlar o‘zlarining qudratini namoyish etish maqsadida piramidalar shaklidagi ulkan maqbaralar qurdira boshladilar. Vafot etgan fir’avnlar shu maqbaralarga dafn etilgan. Maqbaralar yaqinida fir’avnlardan biri sfinks shaklida tasvirlangan. Qoyadan ishlangan sfinksning balandligi 20 metrdan ortiq bo‘lgan.
Sfinks Sfinks odamlarda qattiq qo‘rquv uyg‘otgan. Shuning uchun u «dahshat otasi» deb atalgan. Piramida va sfinks misrliklarga «fir’avnlar qudratli xudolardir», degan fikrni singdirishi lozim edi. Shaharda mahobatli ibodatxonalar ham qurilgan. Odamlarni xudo va fir’avnlar qudratiga ishontirish maqsadida ibodatxona oldida yoki ichkarisida fir’avnlarning odam bo‘yidan 5–6 marta katta keladigan haykallari qurilgan. Devor va ustunlarga esa ularning ulkan tasvirlari oy‘ib ishlangan.
Bobil shahri Bobil ham qadimgi shaharlardan biri. U bunyod etilgan hudud hozirgi Iroq davlati tarkibiga kiradi.
«Bobil» so‘zi «Xudoning darvozasi» degan ma’noni anglatadi. Shahar qadimgi Bobil davlatining poytaxti bo‘lgan. Davlat ham o‘z nomini shu shahar nomidan olgan. Shahar, ayniqsa, podsho Xammurapi davrida Osiyoning eng mashhur shahriga aylandi. Biroq, keyinchalik shahar tashqi hujumlar natijasida bir necha marta vayron etildi.
Navuxodonosor II hukmronligi davrida Bobil Osiyoning eng qudratli davlatlaridan biriga aylandi. Shahar markazida 7 qavatli, balandligi 90 metrli ibodatxona minorasi qurildi. Bobilliklar tasavvuricha, bu minora yerni osmon bilan tutashtirib turardi. Shaharning keyingi asrlardagi taqdiri fojiali kechdi. U dastlab Eron, keyinchalik esa makedoniyalik Aleksandr tomonidan bosib olingan.
Nineviya shahri Nineviya shahri ham dunyoning eng qadimgi shaharlaridan biri. Unga Dajla daryosi bo‘yida asos solindi. Bu shaharning ham o‘rni hozirgi Iroq davlati tarkibidadir. Shaharning savdo yo‘llari kesishgan joyda o‘rnashganligi uning gullab-yashnashiga sharoit yaratdi. Keyinchalik shahar qadimgi Ossuriya davlatining poytaxtiga aylantirildi. Ossuriya kuch-qudratga to‘lgan davrlarda «Jahonning poytaxti» deb ulug‘landi. Biroq, podsholarning tinimsiz olib borgan urushlari Ossuriyani holdan toydirdi. Nihoyat, miloddan avvalgi 612-yilda Bobil davlati uni tor-mor etdi. Nineviya esa yakson etildi.
Afina shahri Yunonistonda bunyod etilgan Afina shahri bilim va donolik ma’budasi Afina nomiga qo‘yilgan. Shahar aholisi Afinani o‘zlarining homiysi deb hisoblaganlar. Vaqtlar o‘tishi bilan Afina Yevropaning eng rivojlangan shahriga aylandi. Shaharda ilm-fan yuksak qadrlandi.
Afina shahri hozirgi Gretsiya (Yunoniston) davlatining poytaxtidir. Sparta shahri Qadimgi Yunonistonning hududida qurilgan Sparta shahri ham o‘z davrining yirik shaharlaridan biri edi. Spartani oqsoqollar kengashi boshqargan. Bu kengash a’zolari spartaliklarning yig‘ilishida saylangan. Sparta lashkari qo‘mondonlari ham kengash a’zoligiga kiritilgan. Kengash eng muhim ishlarni hal etgan. Aybdor kishilarni ham kengash sud qilgan.
Rim shahri Manbalarda qayd etilishicha, hozirgi Italiya davlatining poytaxti Rim shahriga miloddan avvalgi 753-yilda asos solindi. Keyinchalik shahar Rim davlatining poytaxtiga aylandi.