Mavzu:Bahrlar haqida ma`lumot
Hijolarning takroridan ruknlar hosil bo'lgani kabi, ruknlaming muayyan tarzda takrorlanib kelishi bahrlarni vujudga keltiradi. Masalan, foilotun rukni takroridan ramal deb ataluvchi bahr, mafoiylun rukni takroridan hazaj bahri, mustaf’ilun rukni takroridan rajaz bahri hosil bo'ladi. Buni soddaroq shaklda quyidagicha tushuntirish mumkin: Aruz deganda biror oliy o'quv yurtini tushunsak, bahr deganda undagi yo'nalishlar (fakultetlar)ni tasavvur qilaylik. Bilamizki, fakultetlarning o'z nomlari bor. Demak, bahrlar ham nomlanadi. Arab aruzida 19 bahr mavjud. Turkiy aruzda esa asosan ularning 11 tasi qo'llaniladi. Shu 11 bahming ichida 4 tasi nisbatan faol bahrlardan sanaladi. Ular ramal, hazaj, rajaz, mutaqorib bahrlaridir. Har bir fakultetning tayanch fanlari bo'lgani kabi, bahrlar ham o‘z ustunlariga, ya’ni ruknlariga ega. Bular asliy ruknlar hisoblanadi, tayanch fanlar o‘z ichida yana bo'limlarga bo'linganidek, har bir asliy rukn ham tarmoq ruknlarga bo'linadi. Bu haqda keyingi mavzularda batafsilroq suhbatlashamiz. Hozircha yuqorida aytib o'tilgan 4 bahrning ruknlari, ya'ni ustunlari qanday nomlanishini bilib olishimiz zarur.
Ramal bahri ruknining chizmasi quyidagichadir: - V - - (cho'ziq, qisqa, cho‘ziq, cho'ziq). Bu rukn foilotun deb ataladi. Bir nuqtaga e’tibor bering: fo - cho'ziq, i - qisqa, lo - cho'ziq, tun - cho'ziq. Demak, rukn nomi uning chizmasini o'zida aks ettirar ekan.
Shu tariqa qolgan 3 ta bahrning ruknlari nomlari bilan ham tanishib chiqsak, quyidagicha manzara hosil bo'ladi:
T/r
|
Bahrlar nomi
|
Asliy ruknlar nomi
|
Chizmadagi shakli
|
1
|
Ramal
|
Foilotun
|
-V - -
|
2
|
Hazaj
|
Mafoiylun
|
V - - -
|
3
|
Rajaz
|
Mustaf'ilun
|
- - V -
|
4
|
Mutaqorib
|
fauvlun
|
V - -
|
Ishq soldi xonumonim ichra o’t,
La’li otashnoki jonim ichra o’t.
Ish-q(i) sol-di xo-nu-mo-nim ich-ra o’t
- V - - - V - - - V -
La’-li o-tash-no-ki jo-nim ich-ra o’t.
- V - - - V - - - V -
E’tibor berilsa, ushbu chizma - V - - (foilotun) rukni bilan mos kelyapti. Foilotun rukni 1-misrada 3 marta, 2-misrada ham 3 marta takrorlangan, faqat 3-rukn – V – (cho’ziq, qisqa, cho’ziq) shaklida bo’lib, bu holatga keyinroq to’xtalamiz. Demak, ushbu bayt ramal bahrida yaratilgan. Ruknni “/” belgisi bilan ajratamiz:
- V - - / - V - - / - V –
- V - - / - V - - / - V -
Endi e’tiborimizni baytdagi ruknlarning miqdoriga qaratamiz. Ikkala misradagi ruknlar soni 6 tani tashkil etyapti. Arab tilida bu miqdor musaddas (oltilik) deyiladi. Demak, ushbu chizma ramal bahrining musaddas shakliga oid vaznga tegishli ekan. Ana endi ruknlarning bayt tarkibida qay holatda kelishini kuzatamiz, chunki bu bayt vaznni aniqlash va nomlashda juda muhim. Baytni tahlil qilganimizda uchinchi rukn to’liq foilotun, - V - - (cho'ziq, qisqa, cho'ziq, cho'ziq) emas, balki foilun, -V- (cho'ziq, qisqa, cho'ziq) shaklida ekanligiga guvoh bo'ldik. Bu holatni oxirgi hijo tashlab yuborilganligi uchun mahzuf (oxiri tashlangan) deb ataymiz. Mahzuf ham rukn hisoblanadi, lekin asliy rukn emas. Chunki u o'zgarishga uchragan. O‘zgarishga uchragan ruknlar aruzshunoslikda tarmoq ruknlar deb ataladi.
Manzarani umumlashtirib quyidagicha xulosa qilish mumkin:
ruknlar ramal bahriga tegishli;
ularning baytdagi soni oltita, ya'ni musaddas;
oxirgi hijo tashlab yuborilgan, ya'ni mahzuf
Do'stlaringiz bilan baham: |