ISHNING UMUMIY TAVSIFI
Magistrlik dissertatsiyasi mavzusining asoslanishi va uning dolzarbligi. Suv tabiatning buyuk ehsoni, yerda hayotning asosi. Suv qishloq xo‘jaligi, elektroenergiya, tashkilotlar, transport va boshqa juda ko‘p sohalarning qon tomiri. Suv yerlarni sug‘ oradi va ekinlarga hayot bag‘ ishlaydi. Inson, hayvonot olami, o‘simliklar dunyosi suvsiz yashay olmaydi. Insoniyat uchun suvdan qadrli, suvdan aziz, suvdan muqaddas narsa yo‘q, suv oltindan ham qimmat ne’mat desak adashmaymiz. Xalqimizda suv bergan savob, degan hikmatli bir gap bor. Chunki suvning hayot uchun zarurligini bilib, kishilar uning azizligini shunday hikmatlarda ulug‘ lashgan.
Qadimgi zamon donishmandlari tabiat yaratgan barcha ne’matlarning hammasini ko‘zdan kechirib, inson uchun eng qimmatbaho boylik-suv degan xulosaga kelganlar. Yuqorida aytilganidek, suv hamma narsanig tarkibida uchraydi. Mashhur tabiatshunos olim, V.I. Vernadskiy “Tabiiy suv insonning butun hayotini yaratadi va qamrab oladi. Uning jamiyatda, tabiatda, turmushda, insonning mavjudligida tutgan o‘rnini shu darajada aniqlab beradigan birorta boshqa tabiiy jism bo‘lmasa kerak”,- deb yozgan edi. O‘zbek xalqi suv qadrini yer bilan o‘lchamaydilar. Aksincha, yer qadrini suv bilan o‘lchaydilar. Suv hayot-manbayi. Suvsiz yer bormi? Yer-xazina, suv oltin. Yuqoridagi maqollarda juda katta ma’no mujassam. Yer bo‘lsa-yu, suv bo‘lmasa, bunday ulug‘ xazinadan foydalanib bo‘lmaydi.
Demak, sharqda, jumladan, O‘zbekistonda suvning qishloq xo‘jaligida va insonlarning kundalik hayotida ahamiyati beqiyos. Shu sababli ham ona xalqimiz: “Suvsiz hayot bo‘lmas”, “Hosilning onasi-suv”, “Suv-yerning qon tomiri”, “Yer emas suv tug‘adi”, “Suv sensiz yashaydi, sen suvsiz yashay olmaysan” kabi ko‘plab maqollar ham yaratganki, bu maqollarda suvning barcha xususiyatlari yaqqol ifoda etilgan.
Mavzuning dolzarbligi. O‘zbek tili dehqonchilik leksik sistemasi (DLS) tarkibida yetakchi so‘zlardan biri bo‘lgan suv leksemasi va bu so‘z asosida yaratilgan qo‘sh, birikmali terminlar miqdoran ko‘pligi, qo‘llanishi jihatidan chegaralanmaganligi bilan alohida ajralib turadi. Bunday so‘zlarning o‘zbek tili lug‘ at tarkibida o‘z o‘rni, o‘z salmog‘i bor. Chunki suv insonning yashashi uchun hayot manbayi hisoblanadi. dehqonchilikda esa dehqonning ishi yer bilan , yerdan mo‘l hosil olish esa suv bilan belgilanadi. Shu sababli ham o‘zbek tili lug‘at boyligida bunday so‘zlarning ko‘pligi xalqimizning suvga bo‘lgan kundalik zarurati va hayotiy ehtiyoji, qolaversa, qishloq xo‘jaligining dehqonchilik tarmoqlarida xalqimizning asrlar bo‘yi ekinlarni sug‘orish va undan hosil olish jarayonida bir-biriga bo‘lgan aloqasi, muomalasi natijasidir. Shuning uchun bo‘lsa kerak, xalqimiz suv haqida juda ko‘plab maqollarni yaratganlar. Shunday ekan, professor E.Begmatov har bir tilda ba’zi so‘zlarning ko‘proq yoki kamroq bo‘lishi xususida quyidagicha yozadi: “Konkret biror tilda u yoki bu tip so‘zlarning bor bo‘lishi yoki aksincha kam bo‘lishi til egasi bo‘lgan xalqning obyektiv ehtiyojiga bog‘liq. Bunday ehtiyojni o‘sha xalq yashab turgan tabiiy muhit, iqtisodiy-ijtimoiy sharoit, madaniy va ma’naviy talablar belgilaydi”. Masalan, o‘zbek tilida dehqonchilik, suvchilik va boshqa xil kasb-kor bilan bog‘liq terminlar ko‘p. Uzoq shimolda yashovchi xalqlar tilida esa qor va sovuq bilan bog‘liq, bug‘uchilik va baliqchilik xo‘jaligi bilan aloqador terminlar ko‘p uchraydi.
Demak, O‘zbekistonning janubiy vohalari bo‘lgan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining issiq iqlimli sharoitida dehqonchilik qilish uchun, albatta, suv zarur. Insoniyat olamining, qolaversa, bobodehqonlarimizning dehqonchilikda ekin maydonlarini sug‘ orish jarayonida suv, unga aloqador bo‘lgan juda ko‘plab qo‘shma, birikmali, murakkab so‘zlarning yaratilishiga asos bo‘ldi.
Ushbu ishimiz o‘zbek tilidagi va u bilan bog‘liq suv leksemasining qo‘llanilishi, vazifasi, lug‘aviy-ma’noviy xususiyatlarini ilmiy-lisoniy jihatdan tadqiq etishga bag‘ishlangan bo‘lib, unda bu so‘zning paydo bo‘lishi, shakllanishi, qo‘llanishi, rang-barang ma’no xususiyatlari haqida so‘z yuritadi. Mazkur ishni yoritishda qadimgi va hozirgi, tarixiy-badiiy, etnografik-geografik, lisoniy yozma va og‘zaki manbalar, turkiy va noqardosh tillardagi ikki tilli lug‘atlar, sug‘orma dehqonchilikka oid kitoblar o‘rganib chiqildi. Janubiy Ozbekistonning Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarining shahar va qishloqlaridagi aholi nutqidan to‘plagan materiallarimiz asosida suv leksemasini va bu so‘z zamirida yaratilgan xalq maqollari, iboralari, hikmatli so‘zlari ham to‘planib, tartiblanib, ular to‘g‘- risida fikrlar yuritishga ham harakat qilindi.
Ma’lumki, o‘zbek tilidagi so‘zlarning ma’nolari, qo‘llanishi, tarkibi nihoyatda xilma-xil va rang-barangdir. Bu esa, ayniqsa, leksikaning ayrim yoki yakka holda olingan leksemalarga oid so‘zlar to‘g‘risida fikr yuritganda, yaqqolroq namoyon bo‘ladi. shuning uchun ham suv leksemasi, bu so‘z ishtirokida yasalgan so‘zlar, uning o‘zbek tilining lug‘at tarkibidagi o‘rnini misollar asosida berishga harakat qilindi. Umuman olganda, ushbu tadqiqot o‘zbek tili DLS da markaziy o‘rinda turuvchi lug‘aviy birliklardan biri bo‘lgan suv leksemasining fonetik, leksik, so‘z yasalishi, grammatik fazilatlarini o‘rganishga bag‘ishlangandir. Tadqiqotning asosiy maqsadi o‘zbek va jahon tilshunosligida suv leksemasi ishtirok etgan barqaror birikmalar, maqollar, matallar, rivoyatlar, iboralar va boshqa til birliklarini lingvomadaniy, etnolingvistik jihatdan keng tadqiq etish. Ularning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash, bir tizimga solish, mavzuviy guruhlarga ajratish. Suvning nafaqat insoniyatning kundalik hayotidagi, balki uning tilda ham naqadar mustahkam o‘rin egallaganligini ko‘rsatishdan iboratdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |