G‘aznaviylar davlati tarixiga oid tarixiy manbalar
Ma’lumki, O‘zbekiston tarixining o‘rta asrlar davri tarixini yoritishda o‘sha davrda ijodiy faoliyat yuritgan muarrixlarimizning asarlari bebaho manbalardan hisoblanadi. G‘aznaviylar davlatining tarixiy davri O‘rta Osiyodagi Uyg‘onish davriga, ya’ni X-XI asrlarga to‘g‘ri keladi. Bu davrda ilm-fan, madaniyat ravnaqi kuzatilgan. Muqaddas zaminimizda bir qator buyuk allomalar etishib chiqqanlar va jahon sviilizatsiyasi tarixiga o‘zlarining bebaho hissalarini qo‘shganlar. O‘rta asrning qomuschilari Abu Ali Ibn Sino va Abu Rayhon Beruniyning ijodi ham shu G‘aznaviylar davriga to‘g‘ri keladi. XI asrda tarixshunoslik rivojlanishini ham alohida ta’kidlab o‘tish kerak. Ular jumlasiga Abu Nasr Utbiyning "Tarixi Yaminiy" asarini kiritish mumkin. Utbiy Mahmud G‘aznaviyni ko‘klarga ko‘tarib maqtab, otasi Sabuqteginning hayotidan ko‘plab voqealar keltiradi, ularni qiyoslab, o‘sha davr tarixiy voqealarini tasvirlaydi.1
G‘aznaviylar davrining eng yirik tarixchilaridan biri Said Gardiziy hisoblanadi. U "Zayn ul-axbor" tarixiy-didaktik asarning muallifidir. U 1048-1952 yillar orasida yozilgan. Gardiziy o‘z davrining tarixchi va tarixshunosi sifatida o‘z asarida oldin o‘tgan tarixchilarning asarlarini tahlil qiladi. Ular orasida Tabariy, Narshaxiy, Utbiy va boshqalar bor.
G‘aznaviylar davrining buyuk tarixchisi Abul Fazl Bayhaqiy (995-1077) 30 jildli fors-tojik tilidagi tarixiy asar muallifidir. Bu tarixiy asardan bizgacha Sulton Ma’sud podsholigi davri va o‘sha davr voqealari tasvirlangan bir necha titilgan, chala jildlar saqlanib qolgan, xolos. Ular "Ma’sud tarixi" yoki "Tarixi Bayhaqiy" deb ataladi1.
Akademik V.V.Bartold yozadi: "Abul- Fayz Muhammad Xusayn Bayhaqiyning asari musulmon tarixi ahamiyatida alohida o‘rin tutadi."2 Abul-Fayz davr taqozosi bilan tarixshunoslikda qadimdan shakllanib kelgan an’analar doirasidan chiqolmas edi. Biro shunga qaramay, u o‘sha davr xususida to‘laroq ma’lumot berishga harakat qilgan. "Mening niyatim odamlarga sulton Ma’sud haqida hikoya qilib berishdangina iborat emas, chunki ular bu voqealarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganlar va bilurlar. Mening maqsadim, munosib yilnoma bitish va ulug‘vor imoratni shunday yuksaklikka ko‘tarishki, toki u haqdagi xotiralar asrlar so‘ngida ham so‘nmasin. Yolg‘onga o‘hshash bir narsani bitish noo‘rin bo‘lur erdi»3.
Demak, o‘sha davrdagi mavjud tarixchilik uni qanoatlantirmagan va u odatdagi qonun qoidalarni buzib tarixchilikka bir qator yangiliklar kiritgan va bu uning asarini oldingi asarlaridan ancha yuqoriga ko‘tariladi. O‘zigacha bo‘lgan tarixshunoslarga baho berar ekan Bayhaqiy yozadi: "Boshqa yilnomalarda bunday qamrov yo‘q, chunki ular voqealar haqida jo‘n fikrlaydilar va juda kam qismi haqida ma’lumot beradilar. Kamina esa bu asarni bitar ekanman, tarixni to‘liq bayon qilmoqchiman toki yuz bergan hodisalardan hech qaysisi ochilmay qolmasin»1.
Bu bilan u nafaqat tarixchilik doirasini kengaytirib, unga yangi mazmun kiritdi, balki unga yangi shakl ham baxsh etdi.
Bayhaqiyning yuqoridan keltirilgan so‘zlaridan ko‘rinib turibdiki, u o‘sha davr qoidasiga ko‘ra yozish odat bo‘lmagan voqea hodisalarni ham mufassal yoritgan. SHuning uchun ham Bayhaqiyning tarixida voqea -hodisalarning oldingi tarixchilardagi kabi quruq aytib o‘tilishi yo‘q. Aksincha, asardagi unvonli mashhur zotlar ko‘z odimizda jonsiz qo‘g‘irchoqlar emas balki o‘z qiziqishlari hissiyotlari kamchiliklariga ega jonli tarixiy shaxslar bo‘lib gavdalanadi. Bayhaqiy tarixan etilgan yirik hodisalarga bevosita turtki va sabab bo‘luvchi bunday qaraganda arzimas mayda fakt va holatlarning ahamiyatini tushunadi.
«G‘aznaviylar devonidagi 25 yillik davlat xizmati muallifning ko‘plab tarixiy voqealarning aylantirdi. Uning qo‘lidan qanchalab diplomatik, elchilar bilan bo‘lgan maxfiy shifrlangan yozishmalar, noiblar va boshqa xufya va noxufyalar xonlari va beklarga yuboriladigan nomalarni oqqa ko‘chirar, maxfiy axborotlarni o‘zim echardim. Bu uning asarini xolis, ishonchli, obro‘li manbaga aylantirdi va unga keyingi asr tarixchilari ko‘p bora murojaat etishardi»,-deb yozadi A.Arends1. Ilgari muallifning nomini ko‘rsatmay ko‘chirma olishardi. Bugungi kunda Abul Fazl Bayhaqiyning asariga suyangan holda keyingi tarixchilar tomonidan yo‘l qo‘yilgan ko‘plab noaniqlik va xatolarni to‘g‘rilash mumkin.
Gap shundaki, Bayhaqiy bu hujjatlarning nusxalarini to‘plab borgan va ularni o‘z arxivida saqlagan. biroq, xizmati oxirlarida omadsizlikka uchradi, uyi talanib, arxiv tortib olinadi. Shu bois muallif bu haqda "Ma’sud tarixi" asari davomida qayta-qayta afsus chekadi. SHunga qaramay, oxir-oqibatda u ko‘p hujjatlarni tiklashga muvaffaq bo‘lgan va o‘z asarida foydalanganki, bu asar qimmaatini oshiradi. Asarning bizgacha uchdan birqismi etib kelgan, qolgan qismi ancha ilgari yo‘qolgan. Biroq, omon qolgan qismi uning bebaholigidan guvohlik beradi va tadqiqotchilar haqli ravishda uni mo‘g‘ullar davrining mashhur tarixchilari Aloiddin Ota Malik Juvayniyning "Tarixi jahon-kushoy" va Fazlulloh Rashididdinning "Jome’ at-tavorix" asari bilan bir qatorga qo‘yadilar.
Abul Fazl Bayhaqiy fors yoki dariy tilidagi tarixshunoslarning boshlovchisi emas. Bu tilda allaqachonlardan beri yozib kelishardi. Bu davrga kelib, tarixchilikning o‘ziga xos-qisqa aniq xolis ritorikasiz (jimjimadorliksiz) tili shakllangan edi. O‘rta SHarq mamlakatlaridagi tarixchilik, yuqorida ta’kidlaganimizdek, uzoq vaqt arablar hukmronligi boshlangandan keyin ham shohlar hayoti, ularning reja va yurishlarini yozib brishdan iborat bo‘lib qolgan edi. Xalq harakati esa (Narshahiyning Muqanna qo‘zg‘oloni haqidagi hikoyasini eslang) qanchalik keng tarkalmasin madaniy maishiy hayoti, buzilgan holda talqin etilardi. Xalqning madaniy maishiy hayoti ijtimoiy siyosiy ahvoli haqida deyarli yozilmasdi. Abul Fazl Bayhaqiy tarixchining vazifasini butunlay boshqacha tushuntirdi. SHu narsa uning asarini yuksaklikka ko‘tardi. Bayhaqiy asarining omon qolgan qismi Ma’sud podsholik qilgan davr tarixining eng nufuzli yorituvchi asaridir. Unda Saforiylar va Somoniylar davlatlari tarixiga oid, turkman urug‘larining saljuqiylar qo‘li ostiga birlashuviga oid qiziqarli ko‘plab ma’lumotlar bor. Bayhaqiyning asari ayniqsa, O‘rta Osiy xalqlari tarixini tiklash uchun katta ahamiyatga ega. Muallifning G‘aznaviylarning O‘rta Osiyo xonlari Xorazm, Turkmaniston bilan munosabatlari xususidagi ma’lumotlar ayniqsa muhimdir.
Mehnatkash dehqon va hunarmandlarning hayoti bevosita tasvirlanmasa-da, Bayhaqiy ular to‘g‘risida bebosh shohlar zulmi, o‘lponchi amaldorlar shavqatsizligini yoritish orqali bexato fikr yuritadi. O‘lponlar va qo‘shimcha og‘ir soliqlardan tashqari shoh saroyiga kata -katta sovg‘alar yuborilib turishi shart edi. Masalan, 625-1034 yili soliqlardan tashqari 4 million dirhamlik sovg‘a yig‘ib jo‘natildi.1
Abul Fazl Bayhaqiyning hayot yo‘li haqidagi ma’lumolar juda kam. Uning hamyurti adabiyotda ibn Funduk bilan ma’lum Abul Hasan ali Bayhaqiyning asari. Bu haqdaki asosiy manba hisoblanadi. "Ma’sud tarixi"dan keyin yuz yillardan so‘ng ma’lum (1167-1168) bo‘lgan bu asarda Abul-Fazl to‘g‘risidagi muallifga ma’lum barcha ma’lumotlar jamlangan. Biroq bu ma’lumotlar uzuq-yuluq va noaniq bo‘lgan. SHunga qaramay, undan "Ash-shayx Abul-Fazl Muhammad Husayn al kotib al Bayhaqiy" ning taxminan 994 yillarda Seyistonda tug‘ilgan, uning otasi Sulton Mahmudning yirik amaldori bo‘lgani va 470 yilning safar (1-77 yilning avgust-sentyabri) oyida vafot etganini bilib olish mumkin. "Ma’sud tarixi" so‘zboshidan ham ko‘rinib turibdiki, Abul -Fazl nafaqat qondosh xalqlar tarixi, balki islomiy falsafiy asoslari va fihqdan arabcha tarjimalar orqali, Arastu (Aristotel) g‘oyalari hamda Gippokrat tibbiyoti bilan ham tanish bo‘lgan. U 25 yoshlarida , ya’ni 411 -1021 yillar atrofida G‘azna davlat devoniga Abu Nasr Mishkan qo‘l ostiga ishga olinadi va Abu Nasrning o‘ng qo‘liga aylanadi. Abu Nasr Mishkan vafotidan so‘ng, devonga Abu Sahl Zavzaniy boshliq bo‘ladi. U Bayhaqiyni yoqtirmasdi. Bu kelishmovchilik va saroy nayranglari hamda Abul-Fazlning barcha siyosiy adashuvlari uni davlat xizmatidan ketishiga sabab bo‘ldi. O‘zining guvohlik berishicha, oradan 20 yil o‘tgach ham bu voqealar uni ta’kib qildi va u davlat xizmatiga boshqa qaytmadi1.
Ibn Fundukning ma’lumotlaridan, shuningdek muallifning o‘zi tarixiy asariga qanday nom berganini ham aniqlash qiyin. Ibn Funduq uni "Tarixi O’li Mahmud", "Mahmud sulolasi tarixi" deb atagan. Biroq bu kitobning asosiy nomi emas. A.K.Arends ruscha nashr etgan A.Bayhaqiyning "Tarixi Ma’sudiy" asari sharqshunoslar o‘rtasida ko‘proq "tarixi Bayhaqiy" nomi bilan mashhur. Biroq, bu unchalik muvaffaqiyatli chiqmagan, chunki uni ko‘pincha "Tarixi Bayhaq" ("Bayhaq o‘lkasi tarixi") bilan chalkashtirib yuborishadi.
Ibn Fundukning aytishicha ham Bayhaqiyning asari 30 jilddan iborat ekan. SHundan beshinchi, oltinchi, ettinchi, sakkizinchi, to‘qqizinchi jildlarining oxiri va o‘ninchi jildning bosh qismi saqlangan. Ular Mas’ud podshohligi davrini deyarli qamrab oladi. "Men bir necha o‘n taboqlarga jam bo‘ladigan ellik yillik tarixni bitayoturman"-degan edi muallif. Boshqa paytda muallif: "Mahmud Varroq" bitishni bas qildi, men shu davrdan (to‘rt yuz)to‘qqizinchi yildan "Tarix"imni yoza boshladim- degandi1.
SHunday qilib, Bayhaqiyning o‘zi nechta asarini G‘aznaviylar asoschisi Sabuktegindan emas, balki 409 (1019-1020) yildan, ya’ni Sulton Mahmud hukmronligining 21- yilidan boshlab yoza boshlaganining sababini bayon qilgan. CHunki, ungacha bo‘lgan davrni ikki tarixchi, Mahmudning saroy taixchisi Abu Nasr Muhammad Utbiy "Kitobu-l-Yaminiy" asarida 409-411 yillargacha bo‘lgan vokealarni bayon qilgan. Ikkinchisi, aftidan, yuqorida tilga olingan Mahmud Varroq. U "bir necha ming yilliklar tarixini yozgan" va 409 yilga kelib o‘z qalamini "tashlagan" buning oqibatida Abul Fazl o‘z "Tarix"ini yoza boshlagan. Demak muallif"Ma’sud tarixi"ni 1056 yil 10 iyulda yoki 1059 yilning aprelida boshlangan deydi A.K. Arends.1 A.K.Arendsning hisobicha, u hozirgi hisobda 11 bosma taboq asar yozishga ulgurgan. 1063 yillarda ham u yozayotgani ma’lum bo‘lsa-da,asarni qachon tugatgani ma’lum emas.
Muallifning boshqa manbalarga halol yondoshganini quyidagi dalillardan ham aytish mumkin. Jumladan, u shunday yozadi:"Abbosiy xalifalar xaqida yozishlaricha" …(513 bet) yoki "Men Abul-Fazl kuplab kitoblarni, ayniqsa rivoyatlarni ko‘rib chiqdim va ulardan foydalandim".(272-bet), yoki "tarixiy manbalarda aytiladiki…" va hokazo. Masalan, Xorazm haqidagi qiziqarli bobda u shunday yozadi:"SHu paytgacha uzoq vaqt men ustoz Abu Rayhon qo‘li bilan bitilgan kitobni ko‘rganim yo‘q erdi. Alar so‘zamollikda va xodisalar mohiyatini anglashda o‘ta mohir kishi erdilar… hech narsani bilmay bitmasdilar. Men bu narsalarni shu bois yozayotirmanki,toki "Tarix"imni yozishda naqadar ehtiyot bilan ish tutganim nomoyon bulg‘ay"(807 bet).2
Biz uchun Bayhaqiyning Beruniy kitoblarini ko‘rganligi xususidagi ma’lumotlari xam juda qimmatlidir."Ma’sud tarixi"ning barcha nushalarida Beruniyning bizgacha etib kelmagan bu asari "Mashohir Xvarizm"("Xorazmning taniqli kishilari") deb yozilgan. Bundan tashqari"Kitob tarix ayami-s-sulton Maxmud va axboriabix" ("Sulton Mahmud hayoti tarihi va uning otasi haqida xabarlar")va "Kitob al-musamara fi axbor Xvarizm" ("Xorazm to‘g‘risidagi xabarlar xususida suhbat") kabi nomlardan ham ma’lumki, bular shubhasiz Beruniyning bizgacha etib kelmagan o‘sha kitobining nomlanishlaridir1. Bizga boshqa narsa muhimroq: Agar Beruniy Xorazm tarixini arab tilida yozgan bo‘lsa, unda bu fikrni yaxshi bilan Abul-Fazl Bayhaqiy ushbu asardan yaxshi foydalangan. "Beruniy kitobini bundan ancha avval ko‘rgan edim… " deb yozgan muallif Sulton Mahmudning Xorazmni bosib olishigacha va keyingi, taxminan 1018 -1020 yillargacha bo‘lgan voqealar bayon qilingan yuqoridagi asar materiallaridan xotiraga kelganicha, keng foydalangan. Bundan tashqari, Bayhaqiyning aytishicha, u o‘rta fors tilidan ibn Muqaffa tarijima qilgan "Xuvot al-namog‘" va "Kutub siyar al-muluk Ajam" ("Eron shohlari hayoti haqidagi kitob") asarlaridan foydalangan.
A.K.Arendsning "Tarixi Bayhaqiy" asarining muallif matni tarixini jonlantirish va uning rivoji bosqichlarini aniqlash hozir zarur ma’lumotlar yo‘qligi bois, mumkin emas" degan so‘zlari to‘g‘ridir. Aftidan, asarning etishmayotgan jildlari kitob boyliklarimizga katta zarar keltirgan mug‘ullar bosqini davrida yo‘qolgan. Bu yo‘qolgan qismlardan parchalar mo‘g‘ullar qochib O‘rta Osiyodan SHimoli-g‘arbiy Hindistonga ketib qolgan Muhammad Avfiyning "Javome’u-l- hikoyot" kitobida ko‘proq saqlanib qolgan. A.K.Arendsning aytishicha, bu asarning bizning davrimizda sharqshunoslar o‘rganayotgan eng qadimgi qo‘lyozmalari XVII asrga mansubdir. Sharqshunos CH.Ryo Britaniya muzeyidagi XU1 asr qo‘lyozmalari sanalarini aniqlamoqda. "Tarixi Bayhaqiy"ning qo‘lyozma nusxalari ko‘p emas. Ularning bir qismi Evropaning turli kutubxonalarida, Eron, Turkiya, Misr va Hindistonda, ba’zilari xususiy - shaxsiy kutubxonalarda saqlanmoqda. Uch nusxasi Sankt-Peterburgda saqlanmoqda.1
G‘aznaviylar davrida ijod qilib, bu davr tarixi haqida muhim ma’lumotlar beruvchi asarlar yaratgan boshqa allomalar haqida to‘xtalib o‘tishni joiz topdik.
Utbiy. Utbiy (961-1022 yoki 1036 yy) aslida Eronning Ray shahridan bo‘lib, badavlat zodag‘on xonadoniga mansubdir. Ona tarafdan tog‘alari: Abu Ja’far al-Utbiy va Abdulhusayn Abdulla ibn Ahmad al-Utbiy, Somoniylardan Abdulmalik ibn Nuh (954-961 yy), Abu Solih Mansur (961-976yy) va Abulqosim Nuh II ibn Mansurning (976-997 yy) vaziri bo‘lishgan. Abu Nasr Muhammad Utbiy ham yuqori davlat lavozimida turgan. Masalan, u Somoniylarning Xurosondagi noibi Abu Ali ibn Simjur (989-998 yy), so‘ngra Ziyoriylardan Shams ul-Maoliy Qobus ibn Vushmagirning (978-1012 yy) shaxsiy kotibi, keyinchalik G‘aznaviylardan Sabuktakin (977-997 yy), Sulton Mahmud hamda Sulton Ma’sud (1031-1041 yy) saroyida xizmat qilgan2.
Manbalarda, xususan as-Saolibiy antologiyasida aytilishicha, al-Utbiy bir necha yirik asar yozgan. Lekin, ulardan faqat bittasi - "Tarixi Yaminiy" nomi bilan mashhur bo‘lgan tarixiy asargina saqlanib qolgan. Olimning yana bir asari - "Latoif al-kuttob"ning (Kotiblarning latif so‘zlari) faqat nomigina saqlangan, xolos.
"Tarixi Yaminiy" amir Sabuktakin hamda Sulton Mahmud zamonida G‘aznaviylar imperiyasi tarkibiga kirgan Afg‘oniston, Xuroson, Xorazm va qisman Movarounnahrning 975-1021 yillaridagi ijtimoiy-siyosiy tarixini bayon etadi. Asarda Qoraxoniylarning Movarounnahrni bosib olishi (992-996 yy) haqida keltirilgan ma’lumot benihoyat qimmatlidir.
"Tarixi YAminiy" o‘rta asr tarixshunosligiga xos og‘ir uslub - saj bilan yozilgan. Asarda hukmron feodal sinfning maqsad va manfaatlari himoya qilinadi, xususan Sulton Mahmud va uning yaqinlar ko‘klarga ko‘tarib maqtaladi. SHuning bilan birga olim beto‘xtov davom etgan feodal urushlar, feodal zulm, turli-tuman soliq va jarimalar tufayli xonavayron bo‘lgan mehnatkash xalqning og‘ir turmushiga ham ayrim o‘rinlarda ko‘z tashlab o‘tadi.
Mazkur asarning arabcha matni Dehli (1847 y), buloq (1874 y) va Lohur (1883 y) shaharlarida chop etilgan. Undan ayrim parchalar fransuz, nemis va ingliz tillarida (tarjimonlar K.Shefer, T. Nyoldeke, Elliot va Douson) chop etilgan. "Tarixi YAminiy"ning forscha tarjimalari ham bor: eng durusti Abu SHarif Nosih al-Jarbozaqoniy qalamiga mansub bo‘lib, 1856, 1955, 1966 yillari Eronda nashr etilgan. Asarning Reynolde tomonidan qilingan inglizcha tarjimasi ham bor (London, 1858)1.
Do'stlaringiz bilan baham: |