Falsafiy haqiqat va uning mzonlari
Bilishning bosh vazifasi haqiqat izlashdir. Haqiqat masalasi butun bilish nazariyasining eng muhim vazifasidir. Faylasuflar orasida haqiqat va uning bilishdagi roli to‘g‘risida yagona fikr yo‘q.
Sub'ektiv idealizm uchun haqiqat sub'ektiv narsadir. Masalan, nimaiki foydali bo‘lsa u haqiqat deb da'vo qiluvchi pragmatizmda, yoki hamma e'tirof etgan, hamma uchun ahamiyatli bo‘lgan narsa haqiqatdir deb hisoblovchi konvensionalizm va neopozitivizmda ham haqiqat sub'ektiv narsadir. Materializm uchun haqiqat – bu tashqi dunyoning ongimizda adekvat, to‘g‘ri aks etishidir. Haqiqat, bu – bizning dunyo to‘g‘risidagi bilimlarimiz va tasavvurlarimizning dunyoning o‘ziga, ob'ektiv reallikka muvofiq kelishidir. Haqiqatni nohaqiqatdan, yanglishuvdan, yolg‘ondan farqlashtirish, ajratish uchun bizning bilimimiz ob'ektiv voqyelikka, uning yashash va rivojlanish qonunlariga qanchalik mos kelishini aniqlab olmoq kerak. Aristotel haqiqatning «klassik» konsepsiyasi muallifidir. Bu konsepsiya haqiqatni fikrning, bilimning voqyelikka mos kelishi deb, yolg‘onni esa fikrning real ahvolga mos kelmasligi deb talqin qiladi. U o‘zining «Metafizika» sida bunday deb yozadi: «Bor narsani yo‘q deyish yoki yo‘q narsani bor deyish yolg‘on gapirishdir; borni bor va yo‘qni yo‘q deyish esa haqiqatni gapirishdir»319. Hozirgi zamon falsafiy va ilmiy adabiyotida ob'ektiv haqiqat tushunchasi tez-tez uchrab turadi. Ob'ektiv haqiqat – bu bilimlarimizning shunday mazmuniki, u bir kishiga ham, butun insoniyatga ham bog‘liq emas. Haqiqatning ob'ektivligini u mavjud olamning in'ikosi bo‘lishi
belgilaydi.
Absolyut haqiqat – bu bilish ob'ekti haqidagi inkor etib bo‘lmaydigan to‘liq va tugal
bilimdir, nisbiy haqiqat esa – bilish predmeti to‘g‘risidagi noto‘liq va notugal bilimdir. Absolyut haqiqat to‘liq hajmdagi ob'ektiv haqiqatdan boshqa narsa emas, nisbiy haqiqat esa – notugal shakldagi, notuliq hajmdagi ob'ektiv haqiqatdir. Har bir nisbiy haqiqatda absolyut haqiqat jihati bor, chunki har qanday nisbiy haqiqat ob'ektivligi sababli, unda doimiy bilim jihati bor. 1913 yilda XX asrning eng yirik fizigi Nils Bor o‘zining mashhur to‘ldiruvchanlik prinsipini ta'riflab berdi. Bu prinsipga ko‘ra, haqiqatligi muayyan hodisalar guruhi uchun aniqlangan va tasdiqlangan bilim va nazariyalar yanada kengroq predmet sohasini qamrab olgan yangi, yanada chuqurroq bilim va nazariyalar paydo bo‘lishi bilan mutlaqo noto‘g‘ri deb uloqtirib tashlanmaydi, balki nisbiy haqiqat sifatida bu yangi nazariyalarning chegaraviy shakli yoki xususiy holati sifatida saqlanib qoladi. Klassik mexanika bilan nisbiylik nazariyasi, moddalar ximik tuzilishining klassik va hozirgi zamon nazariyasi va ko‘p boshqa nazariyalar o‘zaro ana shunday munosabatda bo‘ladi. Absolyut haqiqatni absolyutlashtirish dogmatizmga, nisbiy haqiqatni absolyutlashtirish
relyativizmga olib keladi. Relyativizm va dogmatizmning cheklanganligiga sabab ularda absolyut haqiqat bilan nisbiy haqiqat bir-biridan ajratib olinganligi va qarama-qarshi qilib qo‘yilganligidadir. Bizning bilimlarimiz ayni bir vaqtning o‘zida ham absolyut, ham nisbiydir. Egallagan bilimlarimiz va tajribamiz asosida biz bilib olgan va tasvirlay oladigan narsa, sodir bo‘lgan, inkor etib bo‘lmaydigan narsa bizning bilimlarimizning absolyut jihatini tashkil etadi. Lekin, shu bilan birga, biz har bir bosqichda hamma narsani ham bilavermaymiz. Bizning bilimlarimiz ayni bir vaqtning o‘zida uzluksiz kengayib va chuqurlashib boradi. Shu ma'noda ular absolyut emas, balki nisbiydir, shu boisdan absolyut haqiqatning o‘zi nisbiy haqiqatlar yig‘indisidan tarkib topishini e'tirof etmoq kerak. Rivojlanishning har bir bosqichida bilimlarimizning chegaralari vaqtinchadir, lekin, bilimlarimiz tobora to‘lib va chuqurlashib borgan sari biz absolyut haqiqatga yaqinlashib boramiz, ammo uni hyech qachon to‘la-to‘kis egallay va tushunchada ifodalay olmaymiz, chunki tabiatning o‘zi bilish ob'ekti sifatida kengligi jihatidan ham, chuqurligi jihatidan ham cheksizdir. Bilimlarimizning haqiqat yoki yolg‘onligini, ularning absolyutlik va nisbiylik darajasini konkret joy va vaqt sharoiti belgilab beradi. Joy va vaqt sharoiti almashinib, o‘zgarib turadigan omil ekanligi sababli bir sharoitda haqiqat bo‘lgan narsa o‘zgargan sharoitda yanglish yoki yolg‘on bo‘lib chiqadi. Joy va vaqt sharoitini har tomonlama hisobga olish talabi biluvchi sub'ektni dogmatik xatolardan ehtiyot qiladi. Joy va vaqt sharoitining o‘zgarishi yetilgan vazifalarni hal qilishga ijodiy yondashuvni zarur qilib qo‘yadi, zarur bo‘lib qolganda o‘rtaga qo‘yilgan maqsadga erishish taktikasi, metodi va usullarini o‘zgartira bilishni taqozo etadi. Shu boisdan ham bilishning u yoki bu shakllari, metodlari va usullarini absolyutlashtirish mumkin emas, eskirgan xulosalar va formulalarni o‘z vaqtida yangilari, o‘zgargan sharoitga mos keladiganlari bilan almashtirish zarur, chunki ayni bir xil qonuniyatlar turli tarixiy sharoitda turli natijalarga olib keladi. Agar haqiqatga jarayon deb qarab unga uning rivojlanishi nuqtai nazaridan yondashiladigan bo‘lsa, bu holda konkret haqiqatga abstrakt haqiqat qarama-qarshi qo‘yiladi.
Abstrakt haqiqat – bu to‘liq bo‘lmagan, rivojlanmagan, birtomonlama haqiqat, konkret
haqiqat esa, aksincha, - to‘liq, rivojlangan, ko‘ptomonlama haqiqat. Har qanday haqiqat, u bilish jarayonida rivojlanib borganligi sababli, abstraktlikni ham, konkretlikni ham o‘z ichiga oladi. Haqiqat o‘z rivojining keyingi bosqichiga nisbatan abstrakt va ilgarigi rivojlanish bosqichiga nisbatan konkretdir. Haqiqatga darhol erishib bo‘lmaydi; unga erishish bilishning qiyin, ko‘p bosqichli jarayonidir.
Dunyoni bilish – bu nafaqat nazariy, balki hayotiy, amaliy jarayondir. Falsafiy nuqtai nazardan qaraganda, insoniyatning amaliyoti – bu insoniyatning tabiatni ongli ravishda va
maqsadga muvofiq tarzda o‘zgartirishga qaratilgan faoliyatidir, bu insoniyatning ijtimoiytarixiy sharoitlar bilan birga qaralgan mehnat jarayonidir. Amaliyot hamisha ijtimoiy harakterda bo‘ladi, kishilar o‘rtasidagi aloqa va munosabatlarsiz amaliyot bo‘lishi mumkin emas. Amaliyot tarixiydir, u qurshab turgan tabiatni ham, insonning o‘zini ham, kishilarning turmush sharoitini ham o‘zgartirishdan iborat. Gnoseologik kategoriya sifatida amaliyot sub'ekt bilan ob'ekt o‘rtasidagi shunday munosabatni ifodalaydiki, bunda sub'ekt ob'ektni biron-bir jihatdan o‘zgartirish maqsadida unga ongli ravishda ta'sir ko‘rsatadi. Amaliy faoliyat jarayonida, ob'ektning o‘zgarishi ta'siri ostida sub'ekt ham o‘zgaradi, uning amaliy qobiliyati va malakasi chuqurlashadi, fikrlash doirasi kengayadi, ongi va xotirasi boyiydi, dunyoqarashi o‘zgaradi. Bilish jarayoni ijtimoiy-tarixiy amaliyot natijasida va vositasida sodir bo‘ladi. Kishilarning amaliy faoliyati o‘zi o‘zgartirishga qaratilgan ob'ektga va o‘zi erishmoqchi bo‘lgan maqsadga bog‘liq holda turli shakllarda namoyon bo‘ladi. Eng keng, falsafiy ma'noda, amaliy faoliyatdagi kishilarning ob'ektga nisbatan konkret-tarixiy birligi bo‘lgan jamiyat amaliyot sub'ekti bo‘lib chiqadi. Bunda ob'ektiv reallikning odamlar ta'sir o‘tkazadigan tomoni esa amaliyot ob'ekti bo‘ladi. Moddiy ishlab chiqarish va jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarning o‘zgarishi amaliyotning eng muhim shakllaridir. Amaliyot nazariy bilimdan yuqori turadi. U nafaqat umumiylik, balki bevosita voqyelik hislatiga ega. Amaliyotda asosiy qarama-qarshiliklar – ideal qarama-qarshilik (sub'ektiv reallik sifatida) va moddiy qarama-qarshilik (ob'ektiv reallik sifatida) – birga qo‘shilishadi. Amaliyot – bu voqyelikni insoniyat oldida turgan maqsadlarga muvofiq tarzda uzluksiz o‘zgartirish jarayonidir. Agar jamiyatda biron-bir amaliy ehtiyoj paydo bo‘lsa, bu bilish jarayoniga o‘nlab universitetlarga qaraganda ko‘proq asos bo‘ladi, chunki amaliyot ehtiyojlari
ilmiy bilishning o‘zini olg‘a siljitadi. Amaliyot bilish jarayoniga boshidan oxirigacha «amaliyot – nazariya, yana amaliyot – yana nazariya» tarzidagi formula bo‘yicha kirib borib uni boyitadi. Amaliyotdan ajralgan bilish bo‘lishi mumkin emas. Faqat amaliyotgina u yoki bu nazariyaning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini ko‘rsatib beradi. Amaliyot o‘zgarmas emas, fan yutuqlari tufayli u doimo takomillashib, boyib va rivojlanib boradi. Bilish va amaliyot bir-biridan ajralmasdir. Amaliyot
bilish haqiqatligining asosiy nuqtasi, harakatlantiruvchi kuchi, maqsadi va mezonidir.
Agar biz sezgilar vositasida hodisalar olamini aks ettirsak, sezgi bilan idrok etib bo‘lmaydigan mohiyatni aql bilan bilib olamiz. Aql bizning sezgi a'zolarimiz tashqi olamdan olgan axborotlarga asoslanib, hodisalar mohiyatini xiralashtiruvchi va yashiruvchi tashqi, tasodifiy holatlardan abstraktlashib hodisalar dunyosini tashqi, nomuhim xususiyatlar va aloqalardan xalos qiladi. Muhimni nomuhimdan farqlantira va ajrata olmaydigan sezgilardan farqli o‘laroq, aql hodisalardan hamma narsani emas, balki faqat eng muhimini, barqarorini, qonuniyatlisini oladi. Shuning uchun abstraksiyalar xissiy bilish uchun g‘oyat harakaterli bo‘lgan yorqinlik, bevositalik va yaqqollikdan mahrumdir. Ratsional, abstrakt-mantiqiy tafakkur hodisalar olamining qonuniyatli aloqalarini bilishga imkon beradi, bu esa insonga tashqi dunyoni bemalol tushunib olish va tevarak-atrofdagi voqyelik hodisalari va jarayonlaridan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish uchun zarurdir. Ratsional bilishning asosiy shakli tushunchadir. Tushuncha – bu tajriba ma'lumotlarini umumlashtirish natijasidir, dunyoni o‘rganish yakunidir. Tushunchalarning paydo bo‘lish jarayoni o‘rganilayotgan predmetning bir qator ikkinchi darajali alomatlari va xossalarini e'tiborga, hisobga olmaslik, ulardan chalg‘ishdir, abstraktlashishdir. Tushunchaga ta'rif berish – torroq tushunchani kengroq tushuncha ostiga qo‘yishdir. Masalan: olma - meva, fil - hayvon, Erkin - odam, terak - daraxt va hakozo. Tushunchalarning paydo bo‘lishi – bu biluvchi inson ongi faoliyatining oliy maxsulidir. Bilish jarayonida tushunchalarni ifodalabgina qolmasdan, balki ularni qo‘llay bilish ham kerak. Tushunchalarni qo‘shib biz
hukm shakllantiramiz, hukmlarni bir-biri bilan qo‘shib ulardan aqliy xulosa chiqaramiz.
Hukm tafakkurning shunday shakliki, unda inson narsani uning aloqalari va munosabatlarida ifodalaydi. Gnoseologik nuqtai nazardan, hukm – bu biron bir narsani tasdiqlash yoki inkor etish yo‘li bilan voqyelikni aks ettirish shaklidir. Shu boisdan hukm tasdiqlovchi («hozir yomg‘ir yog‘moqda» kabi) yoki inkor etuvchi («bugun yomg‘ir yog‘maydi» kabi) hukmlarga bo‘linadi. Agar biz ikki yoki bundan ko‘proq hukmni bir-biri bilan tenglashtirib, taqqoslab, solishtirib ko‘rsak, u holda biz yangi hukmga ega bo‘lishimiz, ya'ni aqliy xulosa chiqarishimiz mumkin. Aqliy xulosaning, mantiqiy natijaning chinakam to‘g‘ri bo‘lishi uchun ikki shart zarur. Birinchisi: mantiq ilmida asoslar deb atalgan dastlabki hukmlar haqiqiy bo‘lmog‘i, ya'ni voqyelikka mos kelmog‘i lozim. Ikkinchisi: boshlang‘ich asoslardan aqliy xulosa chiqarish jarayonining o‘zi mantiq ilmining qonunlariga muvofiq to‘g‘ri bo‘lmog‘i lozim. Mantiq ilmining asoschisi Aristotel sillogizmga klassik misol keltiradi: Hamma odamlar o‘ladi} asos Suqrot odam} asos Suqrot o‘ladi – aqliy xulosa Agar biz mantiq qonuniga amal qilsagu, lekin boshlang‘ich hukm haqiqiy bo‘lmasa, u holda sillogizm ham haqiqiy bo‘lmaydi, balki soxta bo‘ladi. Masalan: Suqrot – odam Hamma odamlar o‘lmaydi Suqrot o‘lmaydi – soxta aqliy xulosa
Insonning olamni bilish jarayoni uning sezgilari va ongi zo‘r berib ishlashini talab qilibgina qolmasdan, uning uzluksiz qizg‘in g‘ayrishuuriy faoliyat ko‘rsatishini ham taqozo etadi. Insonning g‘ayrishuuriy bilish faoliyati intuitiv bilish nomini oldi, intuitsiyaning o‘zi esa - bu bilish ob'ektining muayyan sharoitda boshqacha yo‘l bilan asoslab berish mumkin bo‘lmagan xossalarini bevosita, g‘ayrimantiqiy tarzda haqiqat deb bilishdir. Intuitsiya sezgi va aql harakatiga qarshi turmaydi, balki bilishning xissiy va ratsional jihatlari bilan birgalikda chiqib ularni to‘ldiradi. Inson biron-bir hodisani g‘ayrishuuriy tarzda oldindan sezgan oddiy, kundalik hayotda ham, olim bilib olinmagan jabhada uzoq vaqt adashib toliqib yurganidan keyin to‘satdan uning ko‘z o‘ngida yorishish, insayt sodir bo‘lib, shu asnoda ilmiy kashfiyot yuzaga keladigan ilmiy-tadqiqot faoliyatida ham intuitsiyaning roli juda kattadir. Akademik N.N.Moiseev hozirgi ilmiy bilishda intuitsiyaning roliga yuqori baho berib, mantiqiy va matematik bilish metodlari qanchalik mukammal bo‘lmasin, ular intuitsiya, tusmol, faraz, sezgirlik, yorishish o‘rnini bosolmaydi, deydi. Intuitsiya tasavvur bilan uzviy bog‘liqdir, chunki biz biror narsani tasavvur qilar ekanmiz shu tasavvur qilinayotgan obrazga ilgari bilib olingan ob'ektlar belgilarini, tomonlarini intuitiv tarzda nisbat beramiz. Tasavvur - xissiylik, mantiqiylik va intuitivlikning qotishmasidir, bunda tafakkur xissiy obrazlarni umumlashtiradi va ularga ma'no beradi. Bilishga yangi g‘oyalar kerak, ammo birgina empirik materialning o‘zi buning uchun aslo yetarli emas, rivojlangan intuitsiya, tasavvur, fantaziya kerak. Intuitsiya fenomeni uzoq o‘tmishdan boshlab o‘ziga e'tiborni tortib kelgan. Ved yaratuvchilari, Pifagor va uning izdoshlari, Aflotun va Aristotel o‘zlari bevosita bilish deb tushungan intuitsiya jumbog‘ini ochib berishga uringanlar. XVII asrda R.Dekart intellektual intuitsiya haqida ta'limot yaratadi. Dekartning fikricha, ilmiy bilish asosida yotgan boshlang‘ich g‘oyalarning haqiqatligi intuitiv tarzda anglab yetiladi, bilish sub'ektining aqli bilan bevosita aniqlab olinadi. Intuitiv bilimga o‘z-o‘zidan ravshanlik, aniqlik nisbat berilgan. Dekart intuitsiya inson aqlining tug‘ma qobiliyati, intuitivlik bilan ratsionallik bir-biri bilan bog‘lik, lekin intuitivlik birinchi o‘rinda turadi va bilishning oliy shaklidir deb hisoblagan. Intuitiv bilishning to‘satdan, yorishish yo‘li bilan paydo bo‘lishi, natijaning aniqligi, uni mavjud ma'lumotlardan chiqarib bo‘lmasligi, muammo yechimining to‘g‘riligiga ishonch va uni mantiqiy asoslash zarurligini tushunish xissi kabi o‘ziga xos belgilarini qayd etmoq lozim. Fanda ko‘pgina kashfiyotlar intuitiv tarzda amalga oshirilgan. Hozirgi zamon matematikasida yaxlit bir yo‘nalish: intuitsionizm mavjud. Unga nemis filosofi I.Kant, fransuz matematigi va faylasufi A.Puankare va gollandiyalik matematik L.Brauer asos solganlar. Geometriyada intuitsionizmni asoslab bergan Puankarening fikricha, bilish jarayonida ijod qilish intuitsiyani, g‘ayrishuuriy ishni albatta o‘z ichiga oladi. Bilish quyidagi bosqichlardan tarkib topadi: birinchi urinishda jo‘yali hyech nimaga erishib bo‘lmaydi, so‘ngra ozdirko‘pdir uzoqroq tanaffus boshlanadi, uning davomida g‘ayrishuuriy ish qilinadi, shundan keyin ongli ishning yangi bosqichi boshlanadi, u ham natijasizdek tuyuladi, lekin to‘satdan yorishish sodir bo‘ladi, hal qiluvchi fikr tug‘iladi, so‘nggi zaruriy bosqich - vazifaning olingan yechimini tekshirib ko‘rish. G‘ayrishuuriy intuitiv ish faqat undan oldin va undan keyin ongli ish bo‘lgan taqdirdagina samarali bo‘lishi mumkin. Puankare bilish natijalarini ularning aniq bo‘lib tuyulishiga va intuitiv aniqligiga qaramay, albatta tekshirib ko‘rish zarur deydi. Intuitiv yorishish, tusmollab bilish tegishli muammoni hal qilishga olib kelgan yo‘llarni insonning o‘zi aniq anglamagan holda o‘z-o‘zidan, bexosdan, to‘satdan amalga oshadi. Bunda turli kishilarda turli sharoitlarda intuitsiya ongdan turli darajada uzoqlashgan bo‘ladi. Intuitsiya olingan natijaning mazmuni, harakteri, o‘rganilayotgan hodisaning mohiyatiga qanchalik chuqur kirib borishi, sub'ekt uchun shaxsiy ahamiyati bo‘yicha o‘zining individual xususiyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga intuitsiya nafaqat hissiy bilishdan, nafaqat abstrakt mantiqiy bilishdan iborat. Unda bilishning shu ikkala jihati mavjud, lekin ular doirasidan tashqariga chiquvchi narsa ham borki, bu intuitsiyani shu shakllardan birontasiga ham mansub deb qarashga imkon bermaydi. Shuning uchun hozirgi zamon bilish nazariyasida intuitiv bilim hissiy bilishga ham, ratsional bilishga ham teng ahamiyatli bo‘lgan o‘rin egallaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |