Amerikada 37 ming, O‘zbekistonda 200 ming, Dog‘istonda 1 million: olimpiada chempionlari dunyo bo‘ylab qanday taqdirlandi?
Tokioda o‘tkazilgan olimpiada o‘yinlari yakunlangach, unda sovrindor bo‘lgan 5 nafar o‘zbekistonlik sportchi munosib taqdirlandi. Ularga pul mukofoti, qimmatbaho mashina va uy sovg‘a qilindi. Xo‘sh, boshqa mamlakatlarda sportchilar qanday taqdirlandi?
Demak, o‘zbekistonlik atletlarning qanday taqdirlangani haqida yana bir bor eslaymiz. Oltin medal sohibi bo‘lgan Ulug‘bek Rashidov, Akbar Jo‘raev va Bahodir Jalolov davlat tomonidan va’da qilingan 200 ming dollar mukofotni olishdi. Bronza medali sohiblari Davlat Bobonov hamda Bekzod Abdurahmonovga 50 ming dollardan berildi.
Qo‘shimchasiga esa oltin medal olganlarga 80 ming dollardan qimmatroq turuvchi Tahoe, bronzachilarga esa 40 ming dollar atrofida turuvchi Trailblazer sovg‘a qilindi. Shuningdek, chempionlar Toshkent shahridan hovli, bronzachilar esa kvartira olishdi. O‘zbekiston 5 nafar sportchini taqdirlash uchun jami 1,5 million dollarga yaqin mablag‘ sarfladi.
Buni eng katta xarajat deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, bundan ancha ko‘p xarajat qilganlar ham topiladi.
Masalan, Xitoyda olimpiadada medal olgan har bir sportchiga mahalliy Hongqi limuzinlari berildi. Oltin medal olgan 38 sportchiga bu mashinalar sovg‘a qilingan bo‘lsa, kumush va bronzachilar bu ajoyib ulovni cheksiz muddatga foydalanish uchun olishdi. Xitoylik 88 atlet medal olganini inobatga olsak, mamlakat ularni yangi avloddagi robotlashtirilgan mashinasi bilan taqdirlashning o‘ziga 7 million dollardan ko‘proq sarflagan.
Shuningdek, xitoylik sportchilarga medalning darajasiga qarab 45 ming, 30 ming va 15 ming dollar atrofida mukofot to‘lanishi oldindan ma’lum edi. Xitoy delegatsiyasida eng yosh chempion bo‘lgan Kuan Xon Chan hali 14 yoshda. U o‘zi olgan 45 ming dollarni bemor onasini davolatishga sarflamoqchi ekanini aytdi. «Onam qanaqa kasal bo‘lganini bilmayman, lekin oilamizga uni davolatish uchun ko‘p pul kerakligini bilaman», deydi qizaloq.
Qozog‘istonlik Igor Son Tokio olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu uchun unga 75 ming dollar mukofot berildi. Sportchi bu pullarni kasallik bilan kurashayotgan ukasining qimmat operatsiyasiga sarflashini aytdi. «Mening asosiy vazifam ukamni oyoqqa qo‘yish. U hozir ota-onam bilan Koreyada davolanishda bo‘lib turibdi. Mukofotimni uning davolanishiga sarflayman», deydi Son.
Ma’lumot uchun, umumjamoa hisobida o‘z tarixidagi eng yomon natijani qayd etgan Qozog‘iston Tokioda 8ta medal qo‘lga kiritdi va ularning barchasi bronza bo‘ldi. Bu atletlar davlatdan 75 ming dollardan mukofot olishdi. Odatda Markaziy Osiyoda umumjamoa hisobida yetakchi bo‘ladigan qozoqlar ikki olimpiadadan buyon O‘zbekistondan ortda qolmoqda. Vaholanki, Qozog‘iston sportchilarga oltin medal uchun taklif qilingan mukofot pullari bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda edi – 250 ming dollar.
Bu borada O‘zbekiston ochiq ma’lumotlarga ko‘ra Singapur, Indoneziya, Qozog‘iston va Italiyadan keyingi beshinchi o‘rinda qayt etilgan. Indoneziya hukumati olimpiada chempionligi uchun 746 ming AQSh dollariga teng mukofot taklif qilgan. Bu mamlakat Tokioda faqat bitta oltinga ega chiqdi va badminton bo‘yicha chempion bo‘lgan juftlik bu pulni bo‘lib oladi.
Kanadada esa tartib boshqacha. Bu mamlakatda mukofot puli unchalik katta emas – 15 ming dollar. Lekin ayollar futbolida chempion bo‘lgan jamoaning har bir a’zosi mana shunchadan mukofot oldi. Italiyada oltin medalni hukumat 212 ming dollarga baholagandi va mamlakatning 10 nafar atleti oltin olib, hukumatni qimmatga tushiradigan bo‘ldi. Italiya sportchilarini taqdirlashga 9 million dollardan ko‘proq sarfladi va bu rasman eng yuqori xarajat.
Tokioda 17ta oltin olgan avstraliyalik sportchilarning mukofoti kamtarona – 15 ming dollar.
Norvegiyalik 2000 yilda tug‘ilgan Yakob Ingebrigsten qo‘sha-qo‘sha medallari qatoriga odatda afrikalik sportchilar yutadigan 1,5 km.ga yugurishdagi olimpiada oltinini ham qo‘shib qo‘ydi. U bilan birga yana 3 nafar norvegiyalik oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu mamlakat atletlari ikkitadan bronza va kumush olishdi. Lekin ular bu natijalar uchun ko‘pi bilan mamlakat qiroli va bosh vazirdan minnatdorchilik xati olishadi. Chunki Norvegiyada olimpiada sovrindorlarini mukofotlar ko‘zda tutilmagan. Ularga yuqori darajaga ko‘tarilgach, har yili 12 ming yevrodan stipendiya berib boriladi.
Dunyoning eng boy mamlakati AQSh olimpiada umumjamoa hisobida so‘nggi lahzalarda Xitoyni ortda qoldirib, birinchi bo‘ldi. Bu mamlakatda oltin uchun 37 ming dollar, kumush uchun 22 ming dollar, bronza uchun esa 15 ming dollardan olishadi. Jamoaviy sport turlarida har bir ishtirokchi (zaxirada qolib ketsa ham) shunchadan pul oladi. Amerika sportchilarini taqdirlashga 7,8 million dollar sarfladi.
Serbiyada oltin olgan har bir sportchiga 71 ming dollardan va’da qilingandi. Musobaqaning oxirgi oltin medali aynan mana shu mamlakat sportchilariga nasib qildi. Suv polosi bo‘yicha erkaklar jamoasi oltin olib, hukumatni qimmatga tushirdi. Chunki 13 sportchining har biri 71 ming dollardan olishdi.
Olimpiada uchun eng katta mukofotni rossiyalik erkin kurashchi Abdulrashid Sa’dullaev oldi. Dog‘istonlik yigit ketma-ket ikkinchi marta olimpiada chempioni bo‘ldi. Buning ustiga, Abdulrashid Rossiyaning yopilish marosimdagi bayroqdori bo‘lgan ilk dog‘istonlikka aylandi. Buning uchun sportchiga dog‘istonlik deputat Magomed Gadjiev 1 million dollar mukofot puli bergan. Bu haqda sportchi o‘z Instagram sahifasida yozdi.
Bu mukofot puli rus matbuotida keng muhokama qilinmoqda. Chunki Gadjiev daromadlar deklaratsiyasida o‘tgan yil 9,11 million rubl ishlab topganini keltirgan. Uning olimpiada chempioniga sovg‘asi esa 74 million rublga teng...
Do'stlaringiz bilan baham: |