BOLANI TA’LIMNING KEYINGI BOSQICHLARIGA TAYYORLASHDA MAKTABGACHA TA’LIMNING TUTGAN O‘RNI
Daliyeva Eliza Zokir qizi Nizomiy nomidagi TDPU Shahrisabz filiali Pedagogika fakulteti, 2-bosqich talabasi
Annotatsiya: Maktabgacha ta’lim muassasalarining ta’lim dasturlari va o’quv-tarbiyaviy rejalari, maktabgacha bo‘lgan davrda bola shaxsiga xos bo‘lgan muayyan xususiyatlar, maktabgacha ta’lim muassasalardagi pedagogik mahorat va har bir faoliyat turining to‘g‘ri tashkil etilishi.
Kalit so‘zlar: Ta’lim-tarbiya, bola qobiliyati, maktabgacha yosh davri, tarbiyalanuvchi, axloq, barkamollik, zamonaviy ta’lim.
Bugungi kunda har bir sohada ta’lim tizimini isloh qilishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Bu jarayonni amalga oshirishda esa tarbiya va o‘qitishni yaxlit ajralmas tizim deb qarash hamda uni amaliyotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan. Ma’lumki ta’lim-tarbiyaning katta qismi bolaga yoshligidan singdirib boriladi. Bolaga ta’lim-tarbiya berish, uni katta hayot yo‘liga tayyorlashning ilk bosqichlari aynan matabgacha ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi. Shu sababdan bugungi rivojlanib borayotgan davrda o‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasida maktabgacha ta'limning o‘rni beqiyos.
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunida maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’limning birinchi bo‘g‘ini sifatida e’tirof etiladi. Ushbu qonunning 11-moddasida maktabgacha ta’lim bolalarni jismoniy, ma’naviy, aqliy, axloqiy, estetik, xullas, har jihatdan ta’limning keyingi turida, ya’ni maktabda o‘qishga tayyorlashi lozimligi ta’kidlanadi. Shu sababli bugungi kunda maktabgacha talim tizimi oldiga qator vazifalar qo‘yilmoqda. Jumladan,
-maktabgacha ta’lim sohasidagi pedagogik muammolarni hal qilish;
-maktabgacha yoshdagi bolalarda ta’lim olish ehtiyojini, o‘qishga qiziqish, kitob o‘qish, maktabga borish hissiyotini shakllantirish;
-bolalar tarbiyasida mustaqil va erkin fikrlashga o‘rgatuvchi ilg‘or metodlarni qo‘llash;
-bolalarga yuksak odob, ma’naviy-axloqiy tushunchalarni milliy qadriyatlarimiz asosida o‘rgatish, milliy g‘urur, vatanparvarlik hissini shakllantirish;
-bolalarning tafakkurini rivojlantirish, o‘zining fikrini mustaqil va erkin ifodalash malakalarini shakllantirish, hamda ularning jismoniy va ruhiy sog‘ligini ta’minlash maktabgacha ta'lim tizimi oldidagi eng muhim vazifalar sirasiga kiradi.
Maktabgacha yoshdagi bolalarda bilim olish ehtiyojini, o‘qishga intilish mayllarini shakllantirib, ularni muntazam ravishda ta’lim jarayoniga tayyorlash bugungi kunning muhum talabi. Bolaga ta‘lim-tarbiya berish jarayonining dastlabki bosqichini o‘z ichiga qamrab oluvchi maktabgacha ta’lim yosh davri o‘z ahamiyatiga ko‘ra muhim davr bosqichi hisoblanadi. Aynan shu davrda bolada o‘z shaxsiy qobiliyatlarining shakllanishi yuz beradi. Insonning kelajagi, uning xulq-atvori, qobiliyati, dunyoqarashi ko‘p jihatdan bolalik rivojlanish davri va ta’lim jarayoni qanday bo‘lganligiga bog‘liqdir. Bularning barchasi bolalikning muhim mezonlarini, uning barkamol shaxs sifatida shakllanishidagi alohida rolini belgilaydi va maktabgacha ta’lim yoshidan boshlab ta’lim sifatini ta’minlash muammosini davlat ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantiradi.(1)
Ammo bugungi kunda maktabgacha ta’lim muassasalarining ta’lim dasturlari va o’quv-tarbiyaviy rejalariga qo’yilgan davlat talablarini takomillashtirish dolzarb masalaligicha qolmoqda. Aksariyat maktabgacha ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasi zamon talablariga javob bermaydi. Bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish ko‘rsatkichi hamon pastligicha qolmoqda.
Muhtaram Prezidentimizning 2016-yil 29-dekabrdagi “2017-2021-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori esa maktabgacha ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, uni zamon talablari darajasida qayta tashkil etish hamda bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish imkonini beradi. Ushbu Qaror 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan keng ko‘lamli kompleks tadbirlarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi. Unda bolalarni maktabga tayyorlash darajasini tubdan yaxshilash, ta’lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta’lim dasturlarini tatbiq etish, bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaratish kabi vazifalar belgilangan. Jumladan, maktabgacha ta’lim sifatini oshirish, bolalarni maktabga sifatli tayyorlashni tubdan yaxshilash chora-tadbirlariga alohida urg‘u beriladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunida: “Tegishli ma’lumoti, kasbiy tayyorgarligi, boy va yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan shaxslargina pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega” (3)– deb ta’kidlangan. Bu hujjat talablarini bajarish uchun pedagoglarda kasbiy mahoratni rivojlantirish muhim hisoblanadi. Ayni vaqtda pedagogning kasbiy mahorati ularda umumiy madaniyat va aql-zakovatning yuqori darajada rivojlanganligi, o‘qitish va tarbiyalash ishlari tajribasidan erkin va ustalik bilan foydalana bilishi, o‘quv-tarbiya ishlari metodikasini mukammal egallaganligi, mutaxassisligiga doir keng va chuqur bilim sohibi bo‘lishi kabilar bilan e’tirof etilmoqda.
Ta’lim-tarbiyaviy ishlarni muvaffaqiyatli amalga oshirilishi maktabgacha ta’lim muassasalardagi pedagogik mahorat va har bir faoliyat turini to‘g‘ri tashkil etishga bog‘liq. Shu o‘rinda aytish joizki, Abdulla Avloniy tarbiya jarayoni va tarbiyachiga alohida e’tibor berib: «Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir», degan edi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. B.R.Djurayeva, H.M.Tojiboyeva, G.M.Nazirova. Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarga ta’lim-tarbiya berishning zamonaviy tendensiyalari. O‘zPFITI nashriyoti, 2015-yil.
2. Dаvlеtshin M.G., Sh.Do‘stmuhаmеdоvа, M.Mаvlоnоv, S.To‘ychiyеvа “Yosh dаvrlаri vа pеdаgоgik psiхоlоgiya” o‘quv mеtоdik qo‘llаnmа. T.: 2004. 118 b.
3.Bаrkаmоl аvlоd – O‘zbеkistоn tаrаqqiyotining pоydеvоri// O‘zbеkistоn Rеspublikаsining “Tа’lim to‘g‘risidа”gi Qоnuni. 5-mоddа. T.: O‘zbеkistоn, 1997. B.21
4. www.uzedu.uz sayti
Do'stlaringiz bilan baham: |